«YANGIYO`L»GA YANGI YO‘L TILAB

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining “Yangiyo`l” gazetasi 1930 yil 7 martdan chop etila boshlangan. Ko‘rinib turibdiki, tahririyat ko‘p yillik tajriba va o‘z an’analariga ega. Gazeta ayni paytda A3, sakkiz sahifadan iborat bichimda chop etilmoqda. Odatda to‘rtinchi, beshinchi sahifalari TV dasturlariga bag‘ishlanadi. Ushbu nashrni kuzatar ekanmiz, “Dolzarb mavzu”, “Nigoh”, “Ogohlik — davr talabi” kabi ruknlar ostida ogohlikka chaqiruvchi bir qancha materiallar e’lon qilinganidan bir  o‘quvchi sifatida ko‘nglimiz to‘ladi.

 Gazetaning 2015 yil 41-sonidan joy olgan Jo‘rabek Jangirovning “Temir o‘yinchoq”ning nag‘malari yoxud mening ham “Sotka”m bo‘lsaydi” nomli maqolasida uyali aloqa vositasining salbiy ta’siri haqida batafsil mulohaza yuritilgan. Muallif o‘z maqolasini ko‘ngilsiz voqea bilan boshlagani bejiz emas. Negaki, bugungi yoshlarning aksariyati unga qattiq bog‘lanib qolmoqda. Maqolada uyali aloqa vositasi bilan bog‘liq muammolarni qamrab olishga harakat qilingan. Mutaxassislarning mavzuga taalluqli fikrlari bilan to‘ldirilgan. Bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun 16 yoshga to‘lmaganlar uchun maxsus tarif rejalar, xizmatlar ishlab chiqish taklifi bildirilgani ayni muddao.

Bugun axborot texnologiyalarning rivojlanishi ma’naviy tahdidlarning ko‘payishiga yo‘l ochmoqda. Internet yaratayotgan imkoniyatlardan “unumli” foydalanayotgan diniy ekstremistik va terroristik kuchlarning kiberterrorchilikni amalga oshirayotgani ham sir emas. Bilamizki, global tarmoq foydalanuvchilarining aksariyatini yoshlar tashkil qiladi. Internet orqali amalga oshiriladigan elektron qo‘poruvchilik (ya’ni kiberterrorchilik) tuzog‘iga tushib qolmasligi uchun ota-ona, jamoatchilik tomonidan yosh avlodni doimiy nazorat qilib borishga har qancha harakat qilinmasin, bunday hollar uchrab turibdi. Gazetaning o‘tgan yilgi 4 sentyabr sonida chop etilgan Saodat Nazaralievaning “Kiberterrorchilardan hushyor bo‘ling” maqolasida shunga oid mulohazalar yuritilgan.

Bizga xavf solayotgan “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlaridan biri bugun bolalar sevib o‘ynaydigan, vahshiylikni targ‘ib qiladigan kompyuter o‘yinlaridir. Bir qarashda shunchaki o‘yindek tuyuladigan, ammo shu zaylda davom etaversa, salbiy illatlarga almashib qolishi mumkin bo‘lgan xavf-xatardan ota-ona doim ogoh bo‘lishi kerak. Bu tahlikali vaziyat nafaqat ota-onalar, balki jamoatchilik, jumladan, OAV zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shuni chuqur his qilgan holda gazetaning 2015 yil 40-sonida O‘tkir Bek muallifligida “Bolangiz qaerda?” nomli maqola chop etilgan. Unda muallif kompyuter o‘yinlarining bolalarga ham jismoniy, ham ma’naviy, ham psixologik ta’siri haqida so‘z yuritgan.

Shuningdek, “Oxiri voy kasallik” (OITS), “Ozon — sog‘liqqa posbon” (Ozon qatlamining yemirilib ketayotgani haqida), “Terrorizm va diniy ekstremizm — bashariyat dushmani” kabi maqolalarda insoniyatga xavf solayotgan muammolar tilga olingan, ushbu dolzarb mavzular yuzasidan batafsil mulohaza yuritishga harakat qilingan.

Muammo aniq, ammo uni qanday ifoda etish kerak? Shunisi muhim. Bugun o‘quvchini bir xil uslubdagi maqolalar bilan qiziqtira olmaysiz. Zamonaviy gazetxonga har tomonlama mukammal material kerak. Mushtariyda hamisha tanlash imkoni bor.

Auditoriyani jalb qilishda shakl alohida ahamiyatga ega. Bir qarashda ko‘zni charchatadigan shrift, eskicha dizayndan foydalanish endilikda maqsadga muvofiq kelmaydi. Misol uchun, mazkur gazetaning ayrim sahifalaridagi materiallarni joylashtirishda uch-to‘rt xil shriftdan foydalanilgani dizayn talablarini buzgan. Jumladan, gazetaning o‘tgan yilgi 35-soni birinchi sahifasida maqolalar matnining katta-kichik to‘rt xil shriftda yozilgani ham shunday nuqsonlardan biri bo‘lib, o‘quvchini zeriktiradi. Yoki o‘sha yilning 46-soni sakkizinchi sahifasidagi maqolalarda besh xil shrift ko‘zga tashlanadi. Bu e’tiborni chalg‘itadi, albatta. O‘ta mayda harfda berilgan materialni  mutolaa qilish sog‘liq uchun zararli ekani ham barchaga ma’lum. Gazeta uchun standart shrift 9 kegel, 1,5 interval ekanligini hisobga olib ish yuritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Jurnalistikada sarlavhaga nisbatan “yarim maqola” atamasi ishlatiladi. Unda o‘quvchilarni jalb qiluvchi kuch bo‘lishi kerak. Bunday sarlavhalarni topish ham mahorat. Biz so‘z yuritayotgan nashrda sarlavhalarning aksariyati darak gap shaklida. Ta’siri ham shunga yarasha. Masalan, “Tantanali va bayramona o‘tkazildi”, “Soxta tadbirkor jazolandi” (2015 yil 50-son), “Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangrab yangi o‘quv yili boshlanganidan darak berdi”, “Bayrog‘imizga bag‘ishlangan tadbir” (2015 yil 46-son) kabi mushtariyda biror-bir kayfiyat uyg‘otmaydigan sarlavhalar qo‘llanilgan. Ayrim o‘rinlarda sarlavhadan keyin nuqta qo‘yilgan. Bu qo‘pol uslubiy xatodir.

Jurnalistning quroli so‘zdir. Tilimizdagi har bir so‘zning ma’nosini, qay o‘rinda ishlatishni bilish va to‘g‘ri qo‘llay olish kasbimizning asosini tashkil qiladi. “Yangiyo`l” gazetasi sahifalarida tahrirga muhtoj jumlalar, so‘z qo‘llash bilan bog‘liq xatolar ham uchraydi. Masalan, gazetaning 2015 yil 35-sonida “Chinakam go‘zallik koshonasi” nomli maqola e’lon qilingan. U shunday boshlanadi: “Siz suratda ko‘rib turgan mohir sartarosh Sayyora Abdullaeva shogirdlari bilan yuksak mahorat bilan “ijod” qilmoqda”. Bu gap uslubiy jihatdan xato. “Mahoratli sartarosh Sayyora Abdullaeva shogirdlariga kasb sirlarini o‘rgatmoqda”, deyilsa to‘g‘ri bo‘lardi. Navbatdagi jumlani ham tahrir qilishga urinib ko‘ramiz: “Hozirgi kunda tumanimizda 20 dan ortiq maishiy savdo komplekslari faoliyat olib bormoqda. Go‘zallik salonida ayollar uchun bir necha faoliyat turlari bor”. Birinchi gapda faoliyat so‘zi to‘g‘ri ishlatilgan, ammo ikkinchi gapda takrorlangan bu so‘z o‘rniga “xizmatlar” so‘zi ishlatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Birinchi gap bilan ikkinchisi orasida bog‘liqlik ham uzilgan. 

Gazetaning 2015 yil 39-sonida chop etilgan “Ibn Sino va it” nomli materialni olib ko‘raylik. Sarlavhaning o‘zidanoq o‘quvchining ixlosi qaytadi. Matnda mazmunan bog‘liqlik uzilgani esa umumiy mazmunga ta’sir etib, mavhumlikni keltirib chiqargan. Ya’ni unda Ibn Sinoning donoligi, hatto bemor ayollar bilan yuzma-yuz kelmay turib ham davolashi, xalifalar qilgan hazilni tezda anglab olgani haqidagi hikoya keltirilgan. Ammo xulosada bu haqda umuman gapirilmay, ilm olish borasida umumiy tarzda so‘z yuritilgan. Yana bir maqolaga etiboringizni qaratmoqchimiz: gazetaning 2015 yil 42-sonida e’lon qilingan “Zahri qotil — umr zavoli” sarlavhali maqolada shunday jumlalar bor: “Giyohvandlik u yoki bu giyohvand yoki giyohvand moddasini suiiste’mol qilish (o‘zi va atrofidagilarga zarar keltirib qo‘llash) natijasida yuzaga keladigan kasallikdir”. Bu jumlani qanday tushunish mumkin? “Giyohvand yoki giyohvand moddasini suiiste’mol qilish” birikmasidagi giyohvandni narkotik modda qabul qiluvchi inson, giyohvand moddasini esa giyohvand modda deb qabul qilamiz. Ammo suiiste’mol qilish deganda nima tushuniladi? Mansabni, ishonchni suiiste’mol qilish mumkindir, biroq giyohvand yoki giyohvand moddani suiiste’mol qilish mumkinmikan? Balki iste’mol so‘zi suiiste’molga almashib qolgandir. Gazetaning 2015 yil 25-sentyabr sonida chop etilgan “Ta’zim va tashakkur sizlarga!” nomli maqolada ham shu kabi tushunarsiz jumla mavjud: “Ana shu nihol kuni kelib daraxt bo‘lib meva soladi. Uning mevasi shundaki yetuk, barkamol insonga aylanishidir va albatta kishilarga keltirgan foydasi bilan qadrlanadi”. Bu jumlada mantiqan o‘ylanganda bolaning kelajakdagi kamoli haqida so‘z bormoqda. Ammo jumlaning bu qadar chalkash tuzilgani va gazeta jamoasining e’tiborsizligi o‘quvchi dilini xira qiladi. Bu holat gazetxonni mutolaadan uzoqlashtiradi. Maqola sarlavhasidagi gap qurilishi ham til qoidalariga zid.

Fikrimizcha, gazeta sahifalarida iloji boricha turli mavzularda mulohazalar e’lon qilinishi kerak. Ketma-ket ikkita songa bir xil mavzudagi maqolalarni berish ham auditoriyani zeriktiradi. Biz so‘z yuritayotgan nashrning ayrim sahifalarida bir xil mavzuda, hatto ikkitadan maqola chop etilganini kuzatdik. Masalan, 2015 yil 46-sonida e’lon qilingan “…yo hayot, yo mamot… masalasi”, “Tarbiya hamisha muhim” maqolalarida yoshlar tarbiyasi haqida fikr yuritilgan. Yoki gazetaning yana bir sonida (2015 yil 36-son) “Terrorizm va diniy ekstremizm — bashariyat dushmani” va “Agar ogoh sensen, shoh sensen…” materiallarida diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari haqida so‘z boradi. Yana bir misol: 2015 yil 23 oktyabr sonidagi bir sahifada yonma-yon e’lon qilingan “Til — millat faxri” va “Til — millat ko‘zgusi” nomli maqolalarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar, tilning naqadar muqaddas ekani haqida takroriy fikrlar yozilgan. Balki bu gazeta jamoasining o‘ziga xos uslubidir?! Lekin, nima bo‘lgan taqdirda ham, gazeta sahifasini o‘ta nazokat bilan, bir-birini takrorlamaydigan, aksincha, to‘ldiradigan rang-barang mavzulardan iborat materiallar, suratlar bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Jurnalistikada turli janrlar mavjud. Xususan, ocherk, lavha, feleton, reportaj, esse, maqola va hokazo. Gazeta sahifalarining aksariyat qismini xabar janriga oid materiallar egallaydi. “Tadbir bo‘lib o‘tdi, shular ishtirok etdi, mana bu kishi so‘zga chiqdi” qolipiga qurilgan materiallar kishini zeriktiradi. Voqelikni jonliroq ifoda etish, mushtariyda voqea joyida o‘tirgandek tasavvur uyg‘ota olishga intilish kerak.

Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi, deymiz-qo‘yamiz. Aslida, OAV savodxonlikni kuchaytirishga xizmat qilishi kerak emasmi? “Yangiyo`l” gazetasi ijodiy jamoasi bundan buyon ana shu yo‘lda dadil borishiga ishonamiz. 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − eight =