LOQAYDLIK ZAMBARAGI QARSHISIDA
Loqaydlik degan bir bedavo illat borki, u keltirayotgan ziyon tufayli ko‘plab ko‘ngillarga ozor yetadi. Ko‘plab hayotlar barbod bo‘ladi. Ayni kunda giyohvandlik, OITS, ichkilikbozlik kabi odamzodning kushandasi bo‘lgan illatlar nimadan kelib chiqmoqda? Shubhasiz, buning sabab va omillari ko‘p, inchunun, oila, atrof-muhit kabi. Ammo bularning bosh sababi eng avvalo ota-onaning farzand tarbiyasi, uning yurish-turishiga e’tiborsizligi yoki beparvoligi tufaylidir, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
To‘qlikka sho‘xlik, oilada nazoratning yo‘qligi vajidan ayrim yoshlar yuqoridagi singari illatlarga chalinib, oxir-oqibatda ba’zi oilalar parokanda bo‘lib ketayotir. Xudo ko‘rsatmasin, mana shunday befarqlik oqibatida ayrim yoshlar esa nafaqat jamiyat va davlat uchun, balki insoniyat uchun zararli, yot oqimlar, diniy ekstremistik guruhlarga qo‘shilib qolayotgan hollar ham uchrayapti. Bularni ko‘rib yuraging achishmay iloji yo‘q. Zero, bunday loqaydlik va beparvolikning to‘lovi shunchalar qimmatki, uni faqat inson umri, nomus-ori, hayoti bilangina o‘lchash mumkin bo‘ladi.
Afsuski, bolalari kelajagi bilan qiziqmagan, ularning taqdiriga yillar davomida loqayd bo‘lgan ota-onalar g‘isht qolipdan ko‘chib, poezd ketib bo‘lgandan keyin ming marta attang, deb boshni changallab o‘tirishadi. Ammo, qani endi, bundan biror-bir naf bo‘lsa. Holbuki, xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz bo‘lsin, oila kattalari avval-boshdanoq ularning qadam olishini kuzatib, kerak joyda tanbeh berib, bu yo‘ldan qaytarishi joiz edi. Agarki ota-ona ogoh bo‘lib ko‘zining oqu qorasini maktab, kollej yoki ko‘chada kimlar bilan do‘stlashayotganini, darsdan keyin nima mashg‘ulot bilan bandligi-yu, qayoqqa borayotganini so‘rab-surishtirib, tergab turganida, vaqtida nazorat qilganida, shubhasiz, bunday noxushliklarning oldi olingan bo‘lardi.
Bir oilani bilaman. Ota-ona mahallaning oldi, obro‘li kishilari edi. Birin-ketin dunyoga kelgan farzandlarini hech kimdan kam qilmasdan, istagan narsasini muhayyo etib, oq yuvib-oq tarab o‘stirishdi. Ota-onaning doimiy tirikchilik tashvishlari, ish bilan bandligi tufaylimi yoki to‘qlikka sho‘xlikmi, ishqilib, to‘ng‘ich o‘g‘il hali balog‘at yoshiga yetmasdan tarbiyasi yomon bolalarga qo‘shilib qoldi. Qo‘shnilardan birining uyiga o‘g‘irlikka tushib, qamalib ketdi. Keyingi o‘g‘il esa ichkilikka berilgani sababli tayinli bir kasb-korga ega bo‘lolmadi. Uylanganda ham bu hol davom etavergach, oila barbod bo‘ldi.
Farzanding yaxshi bo‘lsa, hayot jannat, aksincha bo‘lsa, hayot do‘zax, deganlari to‘g‘ri ekan. Noqobil farzandlar bois, qolaversa, o‘zining oilaga e’tiborsizligidan siqilgan, el oldida uyatga qolgan ota qon bosimi xastaligiga chalinib, yotib qoldi. Guvohi bo‘lganimizdek, mas’uliyatsizlik, loqaydlik hukm surgan oilada farzandlarning bebosh, bemehr bo‘lib o‘sishi, oxir-oqibatda ota-onani kuydirishi ajablanarli hol emas. Shuningdek, loqayd kimsa rahbarlik qiladigan idorada ishlarning orqaga ketishi, tibbiyot maskanida esa bemorlarning hayoti xavf ostida qolishi turgan gap. Bundan kelib chiqadiki, loqaydlikning miqyosi va darajasining ham, u keltirayotgan zararning o‘lchov-me’yorini ham o‘lchashning imkoni yo‘q. Faqat bir haqiqat shuki, loqaydlikning katta-kichigi, muhim yoki nomuhimi bo‘lmaydi.
Ahli donishlardan birining loqaydlik haqidagi fikri shunday: “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq — ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”.
Bugun dunyo ham, insonlar ham tamoman o‘zgarib ketdi. Globallashuv inson zotini ne ko‘ylarga solmayapti? Kechagina yurt, ota-ona bag‘rida yurgan, ko‘ngli orzu-havaslarga to‘la qanchadan-qancha navqiron yigitlar o‘z taqdirlariga loqaydliklari bois chet elda pul topaman deb, qullik iskanjasiga tushib o‘tiribdi. Farzandlarini mo‘may pul topish ilinjida yot yurtga jo‘natib yuborib, keyin esa ulardan pul olish tugul, hatto bir dom-darak va mujda eshitishga mushtoq bo‘lib, qon yig‘lab o‘tirgan ota-onalarni ham ko‘rayapmiz. Holbuki, bu ota-onalar bolalari taqdiriga befarq bo‘lmasdan, vaqtida bu yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri maslahat berganlarida shunday ko‘yga tushmas edi. Boriga qanoat qilmasdan erini chet elga kuzatib qo‘yib, keyin afsus chekib o‘tirgan xotin-qizlarning holini ayting.
— Turmush o‘rtog‘im quruvchi edi, — deydi B. ismli ayol ko‘zda yosh bilan. — Mana, Rossiyaga ish qidirib ketganiga besh yilcha bo‘lib qoldi. Aslida ayb o‘zimda. Qo‘lda gulday hunaring bor, o‘zimizda ham senga yarasha ish topiladi, hech qayoqqa bormaysan, deb turib olsam bo‘larkan. Ochig‘i, ikki yilcha ro‘zg‘orga ozroq pul yuborib, biroz qarashib ham turdi. So‘ngra esa kutilmaganda butunlay dom-daraksiz ketdi. Mana, bir necha yildan beri yosh bolalar va ro‘zg‘orni tebratish yuki o‘zimning yelkamda. Nima qilishimni bilmayman, juda qiynalib ketdim. U kishim esa eshitishimcha, o‘sha yoqda bir ayolga uylanvolib, yallo qilib yurganmish…
Ming qatla shukr, Vatanimiz yildan-yilga ravnaq topmoqda, qayoqqa qaramang, obodlik, bunyodkorlikni ko‘rasiz. Mehnat qilgan, intilgan kishilar aslo kam bo‘lmayapti. Kecha amalga oshirishimiz mushkul tuyulgan ishlarni bugun bemalol bajarayapmiz. Yashashimizdan, turmushimizdan nolishga mutlaqo asos yo‘q. Bularning barchasi avvalambor, Vatanning tinch-osoyishtaligi, el farovonligi sharofatidandir.
Ammo jahonning ayrim nuqtalarida bunday osoyishtalik, rivojlanishni emas, aksincha, to‘s-to‘polon va notinchlik hukm surayotganini ko‘ramiz. Buzg‘unchi, terrorchi to‘dalar tomonidan sodir etilayotgan bosqinchilik, vayronkor va vahshiyona xatti-harakatlar sababli ming-minglab odamlar birgina jonini qutqarish ilinjida Vatanidan, xonumonidan ayrilib, qochoqqa aylandi. Ayniqsa, Suriyada yuz bergan talato‘plar har birimizni hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Ma’lumki, 2014 yil yozida Iroq hududidagi “al-Qoida” terroristik guruhi bo‘linmalari va Suriyada hukumatga qarshi urush olib borayotgan ekstremistik guruh qo‘shilib, “Iroq va Shom Islom davlati”(IShID) tuzilganini e’lon qilgan edi. Attangki, ular o‘tgan fursat davomida din niqobi ostida insonlikka mutlaqo zid bo‘lgan ko‘plab xunrezliklarni amalga oshirdilar.
Ayni paytda ular orasida “chet elga ishga ketdim”, deb yurtdan chiqib ketib, aslida Iroq yoki Shomda, yoinki -dunyoning boshqa qaysidir olovli nuqtasida terrorchi jangarilarga qo‘shilib, begunoh insonlarni qirayotgan, nafaqat boshqalarni, hatto o‘zining ham gulday umrini xazon qilgan xoinlar ham borligidan xabardormiz. Bunday qabih kimsalarning paydo bo‘lishi ham ota-ona, umuman, oiladagilarning loqaydligi yoki befarqligi oqibati emasmi?
Agar ota-ona ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, vaqtida qaytarganda, ular bunday ayanchli taqdirga ro‘para bo‘lmasmidi? Inson siyog‘idan ayrilib, zombiga aylangan, o‘sha o‘lkalardagi keksayu yoshni hech bir kiprik qoqmasdan otib tashlayotgan, uylarni, machitu ibodatxonalarni, ming-ming yillik tarixiy yodgorliklarni kultepaga aylantirayotgan bunday kaslarga odamlik hayf. Ularning kirdikorlarini kun-kunora internetda, televizorda ko‘rib, bu ham inson loqaydligining achchiq bir mevasi ekaniga imon keltirasan. Albatta, bunday noxush holatlar bugun hammamizni yana bir bor hushyorlik va ogohlikka chaqirishi lozim.
Davr jamiyatimizning har a’zosidan, har bir yoshdan faollik, hushyorlikni talab qilmoqda. Ayniqsa, aytganimizdek, bunda ota-ona va maktab, kollej-litsey o‘qituvchilarining roli muhim. Bolaga maktabda yaxshi ta’lim-tarbiya berilmasa, uni zo‘rg‘a tugatib, kasb-hunar kollejiga borgan o‘quvchi bu yerda ham yana bir loqayd o‘qituvchining qo‘liga tushib qolsa nima bo‘ladi? Bunday hol shogirdning darsga kirish o‘rniga ko‘chama-ko‘cha sanqib yurishiga yoki yomon bolalarga qo‘shilib ketishiga olib kelmaydi, deb kim kafolat beradi? Ko‘chada bir-birining yoqasidan olib turgan bolalarni ko‘rganda, menga aloqasi yo‘q, deb tomoshabin bo‘lib turmaylik. Ular sizning, mening, bizning bolamiz. Arzimagan loqaydlik ortidan katta noxushliklar yuzaga kelishi va uning oqibatlarini chuqur o‘ylab ko‘rish fursati yetdi.
Abdumajid AZIMOV