CHIN YURTIDA CHIN G‘ALABA

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz xotin-qizlari badiiy gimnastika, yengil atletika, suzish sport turlarida olimpiada musobaqalarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallaganini yaxshi bilamiz. 19 yoshli Yodgoroy Mirzaeva esa mamlakatimiz  boksi tarixida ilk marotaba yozgi olimpiada o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

 Ushbu g‘alaba joriy yilning 28 mart — 3 aprel kunlari Xitoyning Kuinan shahrida boks bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya qo‘shma litsenzion chempionatida qo‘lga kiritildi. Yodgoroy Mirzaeva vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, sportning boks turida yozgi  olimpiada o‘yinlariga chiqqan birinchi ayol sportchi bo‘lib tarixga kirdi. U Kuinan ringlarida finalgacha barcha raqibalarini yengib olimpiada talablarini bajardi (Musobaqa reglamentiga ko‘ra finalga yo‘l olgan bokschilarga Rio  «chiptalari» taqdim etilgan). O‘zbek qizining qayd etgan natijasi bilan barchamiz har qancha faxrlansak arziydi. Chunonchi, Kuinanda to‘rt yillikning muhim sport bayramida ishtirok etish uchun ikki qit’aning eng sara charm qo‘lqop ustalari jam bo‘lishgan edi. Vakilamiz g‘alaba yo‘lida indoneziyalik Biatriks Suguroni,  Shimoliy Koreya vakilasi Ri Xuang Minni, Xitoy Taypeyi bokschisi Lin Yu Tinni mag‘lub etib, katta muvaffaqiyatga erishdi. Yakunda u turning kumush medali bilan taqdirlandi.

Yodgoroy 1996 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 10 yoshidan buyon sportning boks turi bilan shug‘ullanib keladi. Shu kunga qadar ayollar o‘rtasida ikki karra mamlakat chempioni bo‘lgan. Ayni paytda qahramonimiz Samarqand davlat universitetida tahsil olmoqda. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda Samarqand viloyatida ayollar sporti jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Yodgoroy singari professional sportchi qizlarning qishloq hududlarida yetishib chiqayotgani quvonarlidir. Bu albatta, mamlakatimizda xotin-qizlar sportini qo‘llab-quvvatlashga berilayotgan e’tibor samarasidir.

Kuinan ringlari yigitlarimizga ham ancha muvaffaqiyat olib keldi. Jumladan, Hasanboy Do‘smatov 49 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda, Shahobiddin Zoirov 52 kilogrammgacha vaznda, Shaxram G‘iyosov 69 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda, Elshod Rasulov 81 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida, Rustam To‘laganov 91 kilogrammgacha og‘irlikda va Bahodir Jalolov esa 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan bokschilar bellashuvida finalgacha barcha raqiblarini yengib, olimpiada qatnashchilari safidan joy olishdi. Ular oldilariga qo‘ygan vazifani to‘la bajargan bo‘lsalar-da, oltin medal uchun kurashlarda bor imkoniyatlarini ishga solishdi. Finalda ringga chiqqan bokschilarimizdan faqat Bahodir Jalolov kumush medal bilan cheklandi xolos. Qolgan besh nafar charm qo‘lqop ustalarimiz turnirning bosh sovrini bilan yurtga qaytishdi.

Ikki qit’aning jami 35 davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi beshta oltin, ikkita kumush va bitta bronza medallari bilan birinchi, mezbon — Xitoy terma jamoasi ikkinchi, Qozog‘iston vakillari esa uchinchi o‘rinni egallashdi. Ta’kidlash kerakki, Xitoyda mezbon mamlakat atletlarini, sportning qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar yengish, ortda qoldirish juda qiyin ish. Ayniqsa, yakkakurash sport turlarida nafaqat osiyoda balki jahonda ham xitoyliklar yetakchi hisoblanadi. Buni ular olimpiada musobaqalari, jahon va qit’a chempionatlarida bir necha karra isbotlashgan. Shunday bo‘lsa-da, yurtimiz bokschilari ulardan aslo qolishmasliklarini namoyon etishdi. 

Avval xabar berganimizdek, 2015 yili Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida atletlarimizdan uch nafari —  Murodjon Ahmadaliev, Elnur Abduraimov, Fazliddin G‘oipnazarov va Bektemir Meliqo‘ziev olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishgan.

Rio-de-Janeyro ringlarida erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda vakillarimiz 10 ta vazn toifasida va ayollar boksida esa bitta vaznda chiqishadi. Shu paytga qadar o‘tkazilgan to‘rt yillikning muhim sport musobaqasida O‘zbekiston bokschilari faqat bir marotaba 10 ta vazn tofasida ishtirok etishgan. Bu gal esa ular 11 ta vaznda yo‘llanmalarni qo‘lga kiritib, tarixni yangilashdi.

XXXI yozgi olimpiada o‘yinlarining boshlanishiga ham to‘rt oydan kam vaqt qoldi. Ayni paytda dunyo sportchilari ushbu nufuzli musobaqaga qatnashish uchun  bahslarga qizg‘in kirishgan. Mamlakatimiz sportchilari hisobidagi yo‘llanmalar soni 60 taga yetdi. Ular boks bo‘yicha 11 ta, yengil atletikada  8 ta, baydarka va kanoeda eshkak eshishda 5 ta,  og‘ir atletikada 5 ta, sport kurashlarida  3 ta, suzish bo‘yicha 2 ta, taekvondo (WTF) yo‘nalishida 1 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan. Qolgan 25 ta litsenziya esa  paralimpiyachilarimiz hisobiga to‘g‘ri keladi.

2012 yildagi  London olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 64 ta sportchi bilan ishtirok etgan edi. Musobaqalar boshlanishiga to‘rt oy vaqt borligini e’tiborga olsak, bu safar sportchilar soni ancha oshishi mumkin. Ammo olimpiadaga qatnashuvchilar sonining ortishi sportchilarimizning yuqori medallar uchun kurashishlariga kafolat bo‘la olmaydi. Esingizda bo‘lsa, London olimpiadasida sportchilarimiz eng past natijani qayd etishgan edi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi barcha sport federatsiyalari oldiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish va olimpiadaga sportchilarni mukammal tayyorlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalarni qo‘ydi. Ushbu vazifalarni mukammal ado etgan ayrim sport federatsiyalari bugungi kunga kelib talabni bajardi. Boks federatsiyasi tomonidan olib borilgan yuqori darajadagi tashkiliy ishlar natijasida esa bokschilar qolgan sport turlari vakillaridan yaxshi natija qayd etishdi.

 Jobir XO‘JAQULOV,

«Hurriyat» muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =