O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI
huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-
quvvatlash Jamoat fondining 2015 yildagi faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi
HISOBOTI
2015 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi faoliyati va uni rivojlantirish Dasturi, Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining ish rejasiga muvofiq, demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va jamiyatni erkinlashtirishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil va tizimli ishlar amalga oshirildi.
1. Fondning hisobot davridagi faoliyatiga sharh
Fond mablag‘larini taqsimlash tartibiga muvofiq, Davlat byudjetidan ajratiladigan har yilgi mablag‘larning hajmlarini belgilash va samarali taqsimlash maqsadida, NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatlarini, hamda loyiha va dasturlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha keng jamoatchilikning, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fikr-mulohozalari va takliflari chuqur o‘rganildi.
Ularning natijasida Parlament komissiyasining NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjet so‘rovnomasi shakllantirildi va Davlat byudjeti loyihasiga kiritilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari loyihasini ko‘rib chiqish, muhokama qilish va tasdiqlash jarayonlarida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun belgilanadigan mablag‘ miqdori to‘g‘risidagi Parlament komissiyasining taqdimnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 4 dekabrda qabul qilingan PQ-2270-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hajmi 10 milliard so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hajmi 2008 yilga nisbatan salkam 5 barobarga oshdi.
Qonunchilik normalariga, hamda Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 6 – sonli qaroriga muvofiq, mablag‘lar quyidagicha taqsimlandi:
– davlat grantlariga — 4 milliard 750 million so‘m yoki jami mablag‘ning 47,5 foiz;
– davlat ijtimoiy buyurtmalariga — 2 milliard so‘m yoki jami mablag‘ning 20,0 foiz;
– davlat subsidiyalariga — 3 milliard 250 million so‘m yoki jami mablag‘ning 32,5 foiz.
2015 yilda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining loyiha va dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqsimlangan mablag‘larning umumiy miqdori 2010 yilga nisbatan 2,2 barobarga, davlat grantlari — 4,3 barobarga, davlat ijtimoiy buyurtmalari 2,9 barobarga, davlat subsidiyalari — 1,2 barobarga o‘sdi.
Hisobot davrida Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 6-sonli qarori bilan tasdiqlangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Unga ko‘ra, davlat subsidiyalari ajratishning, davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsad, vazifalari va shartlari tasdiqlandi. Davlat granti tanlovlari mavzulari, ularning asosiy yo‘nalishlari, tanlovlar o‘tkazish muddatlari va ularga ajratilgan mablag‘lar miqdorlari tasdiqlandi.
1.1. Tanlovlarni tashkil etish, dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash.
Hisobot davrida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish uchun bitta hamda davlat grantlarini ajratish uchun 6 ta tanlov, jami 7 ta tanlov o‘tkazildi.
Davlat grantlari ajratilishi va ularning natijalari. Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 6-sonli Qarori bilan Jamoat fondining hisobot yilidagi davlat granti tanlovlari o‘tkazishning tasdiqlangan rejasi to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlandi.
Xususan, Davlat grantlari quyidagilarga yo‘naltirildi:
1. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga NNTni keng jalb qilish» mavzusidagi 1-tanlovga 210 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 239 ta loyihalar taqdim etildi. Uning natijalari bilan 75 ta loyiha 1 milliard 100 million so‘mga qo‘llab-quvvatlandi.
2. «Davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirilishi, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini mustaqil OAVlarida yoritishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash» mavzusidagi 2-tanlovga 88 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 105 ta loyihalar taqdim etildi. Uning natijalari bilan 60 ta loyiha 900,0 million so‘mga moliyalashtirildi.
3. «Fuqarolik jamiyati institutlarini jismonan sog‘lom va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash» mavzusidagi 3-tanlovga 320 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etib, ular tomonidan 362 ta loyiha taqdim etildi. Natijada 42 ta loyiha 1,0 milliard so‘mga yo‘naltirildi. Alohida ta’kidlash joizki, mazkur tanlovda g‘olib bo‘lgan loyihalarning har biriga 25,0 million so‘mgacha mablag‘lar ajratildi.
4. «Atrof-muhitni muhofaza qilishda, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda aholi, nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirish» mavzusidagi 4-tanlovga 136 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 173 ta loyihalar taqdim etildi. Uning natijalariga ko‘ra, 40 ta loyiha 950 million so‘mga moliyalashtirildi.
5. «Aholining huquqiy bilimlari, huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish» mavzusidagi tanlovga 185 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 207 ta loyihalar taqdim etildi. Uning natijalariga ko‘ra, 34 ta loyiha 800 million so‘mga qo‘llab-quvvatlandi.
6. Hisobot davrida «O‘zbekiston xalqlarining madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish, mustaqillik yillarida respublikamiz ijtimoiy hayotining turli sohalarida erishilgan yutuqlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalarini qo‘llab-quvvatlash»ga qaratilgan amaliy ishlar davom ettirildi.
Mazkur yo‘nalishdagi qo‘shimcha tanlovga 92 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlaridan 115 ta loyiha taqdim etildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, Parlament komissiyasi qaroriga asosan 28 ta loyiha 694,7 million so‘mga moliyalashtirildi.
Hisobot yilida 66 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan davlat granti 6 ta tanlovida jami bo‘lib 1031 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari 1201 ta loyiha bilan ishtirok etdilar. Ulardan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik deb topilgan 279 ta loyiha umumiy qiymati 5 milliard 444 million so‘mga moliyalashtirildi.
Qayd etish joizki, hisobot davrida davlat granti tanlovi ishtirokchilarining va taqdim etilgan loyihalarning soni 2014 yilga nisbatan 2 barobarga o‘sdi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, faqatgina keyingi besh yilning o‘zida davlat granti tanlovlariga ishtirok etayotgan NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari soni 2,6 barobarga, ular tomonidan taqdim etilgan loyihalar soni 2,4 barobarga, g‘olib bo‘lgan loyihalarning soni 2,3 barobarga, ularga davlat granti shaklida ajratilgan mablag‘lar miqdori 5 barobarga oshdi. Bir loyihaga ajratilgan davlat granti summasi 25 million so‘mga yoki 2009 yilga nisbatan o‘rtacha 4,2 barobarga oshdi.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida keksalarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va ularga ko‘mak berilishini kuchaytirish, faxriylar hamda keksa yoshdagi kishilarga tibbiy yordam ko‘rsatilishi darajasi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Keksa avlodning salomatligini mustahkamlash, ularning oila, jamiyat va yoshlar tarbiyasidagi roli va nufuzini kuchaytirish, keksalarning turmush tarzi va bo‘sh vaqtlarini tashkil etish tizimini yangi darajaga ko‘tarish, muloqot markazlari, qiziqishlar bo‘yicha klublar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratib berish ishlari qo‘llab-quvvatlandi.
Grant loyihalarini amalga oshirishga 1 100 kishi va 1 730 nafar ko‘ngillilar jalb etildi. Loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan xodimlarning oylik maoshiga 1 milliard 083 million so‘m sarflandi. Bundan tashqari, jami 1 114 million so‘mlik 1 205 ta turli jihozlar bilan NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari moddiy-texnik jihatdan mustahkamlandi. Shundan, 801 million 141 ming so‘mlik texnik jihozlar, 312 million 886 ming so‘mlik ishlab chiqarish jihozlari va mebel sotib olindi. Loyihalarni amalga oshirish jarayonida o‘tkazilgan tadbirlar 1 367 marotaba bosma va elektron OAVda keng yoritildi.
1.2. Davlat ijtimoiy buyurtmalarining joylashtirilishi va ularning natijalari.
«Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasi va davlat organlarining talabnomalariga muvofiq tashkil etilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovlariga 25 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari 55 ta loyihani taqdim etdi. Tanlov asosida uchta yo‘nalishda 15 ta loyiha davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida 2,0 milliard so‘mga qo‘llab-quvvatlandi. Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlangan loyihalarga qo‘shimcha ravishda 48,0 million so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi.
1. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturining 21-bandida belgilangan maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, 460 million so‘m miqdorda ijtimoiy buyurtmalar joylashtirildi. Natijada O‘zbekiston Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy», «Mehr-shafqat va salomatlik», «Ekosan» fondlari tomonidan 7000 nafar keksalarga, 1000 dan ortiq urush va mehnat faxriylariga, nogironlarga eshitish apparatlari, aravachalar, harakatlanish vositalari va boshqalarni taqdim etgan holda ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish jarayonida 2000 ta to‘plam – yotoq jihozlari, shaxsiy gigiena vositalari, kiyim-kechak, poyabzal va boshqalar bilan ta’minlandi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tarixiy-madaniy joylar, muzeylar, ko‘rgazmalarga tashrif buyurgan holda 100 dan ortiq turli madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi.
Xo‘jayli (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Qo‘qon (Farg‘ona viloyati), Zomin (Jizzax viloyati) tumanlaridagi «Muruvvat» uylarida muqobil energiya manbalari joriy etildi. Shu bilan birga 800 dan ortiq keksalar va nogironlarning turmush sifati va darajasini oshirishga ko‘mak berildi. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturining 50-bandiga muvofiq, ijtimoiy buyurtmalarni ijro etish davomida keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni oshirish, yoshlarni keksa avlodga nisbatan chuqur hurmat, qadrlash va g‘amxo‘rlik qilish ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yoritishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu maqsadlarga 380 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi va 5 ta ijtimoiy buyurtma amalga oshirildi.
2. Jismonan sog‘lom va barkamol o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga ko‘maklashish ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirishning eng muhim yo‘nalishiga aylandi. Mazkur yo‘nalishda 3 ta ijtimoiy buyurtma amalga oshirilmoqda.
Natijada sharq yakkakurashi chempionatlarida 1000 ga yaqin, yoshlarning xalqaro musobaqalarda 10 nafar sportchining ishtiroki qo‘llab-quvvatlandi. 200 dan ortiq nogiron bolalarni ijtimoiy reabilitatsiyalash maqsadida 40 nomdagi
130 ta zamonaviy jihozlar va sport uskunalari xarid qilindi.
600 dan ortiq iste’dodli, iqtidorli yigit va qizlar ilmiy faoliyatga jalb etildi, yoshlarning ilmiy-texnik, ijodiy va intellektual salohiyatini, ijtimoiy faolligini rivojlantirishga, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi, 150 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga molik axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi loyihalari ishlab chiqildi va joriy etildi.
3. Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati asoslarini, millatlararo va madaniyatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘nalishida umumiy qiymati 600,0 million so‘mga teng 3 ta ijtimoiy buyurtma amalga oshirildi.
Ijtimoiy buyurtmalar doirasida O‘zbekistonda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy voqealar haqida o‘zbek, rus va ingliz tillarida internet tarmog‘ida 3000 dan ortiq axborot-tahliliy materiallar tayyorlandi.
Faol fuqarolik pozitsiyasi va yuksak professional mahoratni namoyon etgan jurnalistlar mehnatini e’tirof etish va munosib baholash bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirildi. Butunjahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlab jurnalistika sohasida «Oltin qalam» X Milliy mukofoti xalqaro tanlovi o‘tkazildi. O‘zbekistondagi 130 millat va elat hayoti, jamiyatdagi fuqarolar tinchligi va millatlararo totuvlikni yoritib beradigan «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» kitob-albomini tayyorlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
1.3. Davlat subsidiyalarining ajratilishi va ularning natijalari.
2015 yilda davlat subsidiyasi oluvchi 6 nafar tashkilotlar – FJShMQMI, O‘zNNTMA, EOAVMA, O‘zbekiston ekologik harakati, O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va AA qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasining faoliyat dasturlari 3 milliard 250 million so‘mga qo‘llab-quvvatlandi. Davlat subsidiyasi shaklida qo‘shimcha ravishda 26,4 million so‘m ajratildi.
Davlat subsidiyasi mablag‘lari oluvchilari tomonidan 1700 ga yaqin tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 2,4 million kishi ishtirok etdi. Shu jumladan 20 ga yaqin xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. Markazda va joylarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, davlat, hududiy, tarmoq va boshqa ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik sub’ektlari harakatlarini birlashtirishga qaratilgan anjumanlar, seminar-treninglar, davra suhbatlari, aktsiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etildi.
50 dan ortiq qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, 1800 ta axborot-tahliliy materiallar tayyorlandi, ulardan 1000 dan ortig‘i bosma OAVda chop etildi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarning amalga oshirilishi va fuqarolik jamiyatining shakllanishi jarayonlarining borishini yoritishga qaratilgan 1000 dan ortiq media mahsulotlar tele-radio efirga uzatildi.
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqilligiga bag‘ishlangan «Eng ulug‘, eng aziz», «Yilning eng yaxshi jurnalisti», «Yilning eng faol jurnalisti» mavzulardagi tanlovlar, Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali hamda jurnalistlarning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan boshqa qator tadbirlar tashkil etildi. Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan «Ozod yurt to‘lqinlari», «Jurnalistlar bahori — 2015» media-festivallari, «Mening yurtim – mening faxrim» aktsiyalari o‘tkazildi. Umuman, hisobot yilida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining joylardagi eng muhim sotsial va ijtimoiy ahamiyatli vazifalarni bajarishdagi o‘rni, ularning jamiyat hayotini demokratlashtirishdagi roli, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sherikligi yanada kuchaydi.
2. NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani, iqtisodiy va huquqiy kafolatlarni takomillashtirish, ularning erkin va mustaqil rivojlanishiga ko‘maklashildi.
O‘tgan 2015 yilning 1 yanvaridan e’tiboran «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining 2015 yil 13 mayda qabul qilingan 132-III/PK-15–III-sonli qo‘shma qarori bilan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining va Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining Nizomlari yangi tahrirda tasdiqlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 7 nafar deputati, Senatning 5 nafar a’zosi, davlat organlarining 3 nafar vakili, shuningdek, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 8 nafar rahbarlaridan iborat bo‘lgan Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining yangi tarkibi shakllantirildi. «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun normalariga muvofiq NNT, mustaqil OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini huquqiy jihatdan mustahkamlash hamda takomillashtirishga qaratilgan 6 ta hujjat yangi tahrirda qabul qilindi.
Natijada «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunning 19, 20 va 21-moddalarida belgilangan davlat subsidiyalarini, grantlarini ajratish va ijtimoiy buyurtmalarni taqdim etishning tartibi va shartlari belgilandi. «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunning 16 va 18-moddalari talablaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyalarining faoliyatiga uslubiy rahbarlikni ta’minlash uchun ularning namunaviy Reglamenti ishlab chiqildi va Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlandi.
3. Jamoat fondi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ta’minlandi.
Mazkur yo‘nalishda OAV – televidenie, radio, internet, bosma OAV va boshqalar bilan faol ish olib borildi. Milliy mexanizmning faoliyati 5300 martadan ortiq davlat va nodavlat elektron OAVda yoritildi. Davlat grantlarini ajratish bo‘yicha tanlovlarga oid e’lonlar 5251 marta turli tele-radiokanallar orqali efirga uzatildi. Markaziy bosma OAVda Fond va Parlament komissiyasining faoliyati haqida 166 taga yaqin maqola chop etildi.
Parlament komissiyasi va Jamoat fondining faoliyati «Xalq so‘zi», «Narodnoe slovo», «Pravda Vostoka», «Uzbekistan Today», «Jamiyat», «Mohiyat», «Hurriyat» gazetalari, shuningdek, siyosiy partiyalarning markaziy matbuot nashrlarida keng yoritildi.
Hisobot davrida Parlament komissiyasining 14 ta yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda «uchinchi sektor»ga sub’ektlarning faoliyatiga doir 54 dan ortiq dolzarb masala ko‘rib chiqildi va muhokamalarning tahlili elektron hamda bosma OAVda keng yoritildi.
Ta’kidlash kerakki, hisobot davrida 2014 yildagi singari tanlovlar muddatini uzaytirish holatlari yuz bermadi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Diyor”, “Madaniyat va ma’rifat” telekanallari, O‘zbekiston elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi axborot markazi, “Mening yurtim”, “Uzreport”, viloyatlar telekanallari va qator radiokanallar orqali video va radioroliklar 10 ming marotabadan ortiq efirga uzatildi. “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, “Jamiyat”, “Hurriyat”, “Mohiyat” va boshqa qator markaziy va hududiy bosma nashrlarda, internet saytlarda, jami 300 dan ortiq nashrlarda tanlov e’lonlari chop etildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rahbar hamda faollarining xabardorligini oshirishga, joylarda ijtimoiy sheriklik tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jamoat fondi tomonidan “Ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishdagi asosiy talablar” (Osnovnыe trebovaniya pri sostavlenii i realizatsii sotsialno znachimыx proektov) uslubiy qo‘llanmasi tayyorlandi. Mazkur qo‘llanma barcha tadbirlarda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari vakillari va faollariga tarqatildi. Uning elektron nusxasi Jamoat fondining www.fundngo.uz saytiga rus va o‘zbek tillarida joylashtirildi. Jamoat fondining 8 yillik faoliyatida birinchi marta, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri topshirig‘i bilan Palataning 150 nafar deputati bevosita NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlariga davlat grantlari tanlovlari borasida aholi, NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari xabardorligini oshirish va ularning faol ishtirokini ta’minlash masalalariga to‘liq jalb etildi.
4. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Qonunchiligiga asosan, Fond tegishli idoralarga mos ravishda oylik, choraklik va yillik hisobotlarni taqdim etib kelmoqda.
Fond o‘zining 2015 yildagi faoliyatini hamda mol-mulkdan foydalanishni oshkoralik va ochiq-oydinlik printsiplari asosida amalga oshirdi. O‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Senatiga, Hisob palatasiga, Parlament komissiyasiga, Moliya vazirligiga, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarga, soliq va statistika organlariga jami 14 ta tashkilotga hisobotlar taqdim etdi.
Parlament komissiyasining 2015 yil 23 apreldagi 7-sonli qaroriga hamda Fond Nizomiga muvofiq 3 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat Taftish komissiyasi yangi tarkibda tuzildi va fondning 2014 yildagi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshiruvdan o‘tkazildi. Taftish komissiyasining hisoboti Parlament komissiyasining 2015 yil 12 maydagi yig‘ilishida eshitildi.
5. 2015 yil uchun yillik moliyaviy hisoboti (buxgalteriya balansi)
O‘zbekiston Respublikasi «Jamoat fondlari to‘g‘risida»gi qonunga asosan Jamoat fondining hisoboti muntazam ravishda Parlament komissiyasining yig‘ilishlarida muhokama qilib boriladi va OAVlarda chop etiladi. Xususan, Jamoat fondining 2014 yil yakunlari bo‘yicha yillik hisoboti «Jamiyat» gazetasining 2015 yil 29 maydagi 21-sonida, «Mohiyat» gazetasining 2015 yil 25 iyundagi 25-sonida chop etildi.
Fondning ustav vazifasiga asosan 2015 yilning aprel oyida “OSIYO-AUDIT” auditorlik tashkiloti (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan 2008 yil 29 fevralidagi audit huquqi uchun №00124-raqamli litsenziya berilgan) “Fond faoliyatining 2014 yil yakunlari” bo‘yicha tashqi auditorlik tekshiruvini o‘tkazdi. Auditorlik tashkiloti tomonidan olingan ijobiy xulosa Parlament komissiyasining 2015 yil 12 maydagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 4 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3592-sonli Formoni bilan Hisob palatasiga “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etilgan maqsadli davlat jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalarning mablag‘lari to‘liq tushishi, ulardan maqsadli, oqilona va samarali foydalanilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirish” vazifasi yuklatilgan.
Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2015 yil 13 oktyabrdagi R-41-sonli farmoyishi bilan Fondning 2014 yil moliyaviy-xo‘jalik faoliyati hamda soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Joriy yilning sentyabr – oktyabr oylarida 2014 yil va 2015 yilning 9 oyi uchun davlat subsidiyalari doirasida 6 ta subsidiarlarning hisobotlari tinglandi.
Hisobot davrida 927 ga yaqin davlat ko‘magi oluvchilarining choraklik, yarim yillik, yillik va yakuniy moliyaviy, hamda tahliliy hisobotlari o‘rganib chiqildi, 200 dan ortiq xarajatlar smetalarini to‘g‘ri tuzishga ko‘maklashildi.
2015 yil 31 dekabr holatiga 139 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan 592,6 million so‘mlik mablag‘lar, jumladan, 273,7 million so‘mlik davlat subsidiyasi mablag‘lari, 102,3 million so‘mlik ijtimoiy buyurtma, 216,6 million so‘mlik davlat granti mablag‘larining qaytarilishi ta’minlandi.
Hisobot davrida Jamoat fondining operatsion xarajatlari 2,3 million so‘mni, ma’muriy xarajatlari 65,5 million so‘mni tashkil etdi. 2015 yilda Jamoat fondi moliyaviy faoliyatidan 64,7 million so‘m daromad oldi.
Jamoat fondi hisobiga ixtiyoriy xayriyalar tushmadi.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi
Ijro devoni