BILIM KOMILLIKKA YETAKLAYDI
Jamiyatda fuqarolarning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini bilishi, burchlariga qat’iy rioya etishi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga, adolat va ijtimoiy barqarorlikning qaror topishiga xizmat qiladi.
Chunonchi, O‘zbekistonda inson omili va uning manfaatlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib bormoqda. Huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish orqali yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yanada yaxshilash, ularning milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga ko‘maklashish maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Bu borada yurtimizda davlat hamda jamoat tashkilotlarining bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilayotgani diqqatga molik. Nodavlat-notijorat tashkilotlarining mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda qaratilgan qator loyihalari moliyalashtirilyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi muntazam sur’atda NNTlar o‘rtasida yoshlarga o‘z huquq va burchlarini o‘rganish hamda mehnatga munosabatini shakllantirish, ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qator grant tanlovlarini e’lon qilib kelmoqda. Mazkur tanlovlarda g‘olib deb topilgan NNTlar davlat granti asosida moliyalashtirilmoqda.
Fond tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Yoshlar tarbiyasi va huquqiy madaniyatini shakllantirish mavzusidagi loyihalardan birini «Hurriyat» gazetasi yil davomida amalga oshirib kelyapti.
Aytish kerakki, “Huquqiy ong yuksakligi — komillik kafolati” nomdagi ushbu loyiha yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Parkent tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tdi. Unda mustaqillik yillarida ta’lim sohasidagi islohotlar samaralari hamda ko‘plab yoshlarning erishayotgan yutuqlari e’tirof etildi. Tadbirning asosiy masalasi esa yosh avlodning huquqiy ongini yuksalishi xususida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, jamoatchilik vakillari hamda “Hurriyat” gazetasining ma’sul xodimlari mulohaza qildilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Karimov yoshlarning ilm olishlari va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, deputat hali farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
– Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda ularni giyohvandlik, axloqsizlik, chetdan kirib kelayotgan turli zararli ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat”ning tahdid va xatarlaridan asrash masalalari – doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda, — dedi u. — Chunki hozirgi murakkab davrda milliy qadriyatlarimizga yot g‘oyalar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli xurujlar tobora kuchaymoqda. Ayniqsa, bu kabi xurujlarning internet tarmog‘ida ortishi yanada xatarli ekanini ta’kidlash joiz. Aksariyat yoshlar o‘z maqsadlari uchun internet tarmog‘idan foydalanmoqda. Bu esa barchamizni ayniqsa, yosh avlod vakillarini yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Davlatimiz rahbari “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, “ma’naviyatga qarshi qaratilgan har qanday tahdid o‘z-o‘zidan mamlakat xavfsizligini, uning milliy manfaatlarini, sog‘lom avlod kelajagini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy xatarlardan biriga aylanishi va oxir-oqibatda jamiyatni inqirozga olib kelishi mumkin”. Shuning uchun har bir fuqaro hushyor bo‘lishi va har qanday axborotni chuqur tahlil qila olishi lozim. Buning uchun esa keraklicha bilim va saviya talab etiladi. Agar mana shu ko‘nikmalar shakllansagina kishi vatanparvar va har tomonlama yetuk inson bo‘lib yetishadi. Bu esa kelgusida har bir shaxsdan qonunlar asosida kafolatlangan huquqlaridan amalda foydalana olishi, eng muhimi, haq-huquqlarini to‘liq ta’minlanish imkonini beradi. Zotan, huquqini bilgan kishi yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan xolislik adolat nuqtai nazaridan qaraydi. Yaxshi-yomonni ajrata oladi. Uni hech kim to‘g‘ri yo‘ldan adashtira olmaydi.
Shuningdek tadbirda yoshlarimizga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan ayrim kollej, litsey o‘quvchilari, talabalar yetarlicha foydalanmayotgani, vaqtini bekorga o‘tkazayotgani, natijada, ayrim noxushliklar kuzatilayotgani xususida ham so‘z yuritildi. Yoshlar tarbiyasi ularning odob-axloqi, bilim olishi o‘ta muhim masala. Bundan hech qim o‘zini chetga olishi mumkin emas. Mahalla-ko‘y, ota-onalar va o‘qituvchilarning yaqin hamkorligi barcha muammolarni bartaraf eta oladi.
Darhaqiqat, yoshlar tarbiyasi, bilimi, huquqiy madaniyati qancha yuksak bo‘lsa, kelgusi hayotining poydevori ham shunday mustahkam bo‘ladi. Chunki ilm insonni har qanday to‘sig‘u g‘ovlardan olib o‘tadi.
Uchrashuv chog‘ida Parkent tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan 20 nafari yillik bepul obuna qilingani haqida tahririyatning diplomi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Tadbirdan so‘ng kollejda huquqiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida kollej direktori vazifasini bajaruvchi Azizbek Husanovni suhbatga tortdik.
– Yoshlar bilan, ayniqsa, o‘spirin yoshdagilar bilan ishlashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Chunki bu davrda ular voyaga yetib, dunyoga o‘zgacha nigoh bilan qaraydi. Aynan shu paytda kelajak poydevorini yaratadi. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish esa biz kabi ustozlar va ota-onalar oldidagi eng muhim vazifa. Bu jarayonda o‘z haq-huquqlarini anglashi esa ularni kelajakda to‘g‘ri yo‘ldan borish imkonini beradi. Yosh avlodning huquqiy, siyosiy bilim va madaniyati qanchalik yuksalib borsa, davlat va jamiyat ham shunga yarasha taraqqiy etaveradi. Shuning uchun talabalarimizni huquqiy ongini oshirish masalasi doimiy e’tiborimizda bo‘lib, darslardan tashqari turli uchrashuvlar tashkil etib kelayotirmiz. Bu kabi jonli muloqotlar ularning huquqiy madaniyatini shakllanishida muhim o‘rin tutmoqda. Qolaversa, kollejlar o‘rtasida turli huquqiy yo‘nalishdagi tanlovlarning tashkil etilgani talabalarning bu sohaga bo‘lgan qiziqishini orttirmoqda. O‘tgan yilda talabalarimiz “Siz qonunni bilasizmi?” tanlovida respublika bosqichiga ikkinchi o‘rinni olishdi.
Chindanda bugun ta’lim sohasidagi turli ko‘rik tanlovlar, fan olimpiadalari hamda imtiyozli stependiyalar kabi rag‘batlarning joriy etilgani yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirib, ularning ilmiy salohiyatini oshirmoqda. Bu esa ularning jahon fan olimpiadalarida munosib o‘rin egallashiga omil bo‘layotir. Bularning barchasi yurtimizda ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor va yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.
– Gohida ko‘zni g‘ubor bosib, oldidagi ne’matlar qadrini bilmay qolarkan, kishi. Bunday paytda ustozu kattalarning o‘gitlari biz kabi yoshlarga asqotmoqda, – deydi kollejning 2-kurs talabasi Gavhar Nishonova. – Mana shunday uchrashuvlarda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, tengdoshlarimizning erishayotgan yutuqlari xususida ko‘p aytilardi. Lekin bu bizga xuddi uzoqdagi voqealardek tuyulardi. Biroq kuzatishlar natijasida ularning gaplari bejiz emasligini, yon-atrofdagi tengqurlarimizning erishayotgan yutuqlaridan tushunib yetdim. Astoydil harakat qilsang, hammasiga erishish mumkin. Buning uchun kollejimizda barcha sharoitlar bor. Qolaversa, harakatingni qo‘llab-quvvatlovchi ustozlarning ko‘pligi kishini yanada ruhlantiradi. O‘ylab qarasam, bizdan faqat o‘qish va harakat kerak, xolos. Qolgan yutuqlarning o‘zi kelaverarkan. Shunday ekan, nega o‘qimasligimiz, berilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanmasligimiz kerak? Bu bizga berilgan huquq-ku. Undan to‘g‘ri foydalanish bizning burchimizdir. Buni barcha tengdoshlarimiz to‘g‘ri tushunmog‘i o‘z vaqtida anglamog‘i darkor.
Xulosa shuki, aholi, ayniqsa, yigit-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, siyosiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga bugunning eng muhim vazifalaridan biri sifatida qaralayotgan ekan, mana shunday uchrashuvlarning katta nafi tegishi shubhasiz.
Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriyat” muxbiri