DAVR TALABIGA HAMOHANG KITOB

Xalqimizda «To‘yga to‘yona bilan» degan hikmat bor. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz Mustaqillik kunining chorak asrlik tantanalari arafasida sotsiologiya fanlari nomzodi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Toshpo‘lat Matiboevning yigirma beshta maqoladan iborat «Ijtimoiy hamkorlik – millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash vositasi» kitobi chop etildi.

 

Publitsistik chiqishlarida muallif Vatanimiz istiqlol yillarida erishgan olamshumul yutuqlarni, dunyo ahlini hayratga solgan keng ko‘lamli muvaffaqiyatlarni shu yurtning faol fuqarosi va ijodkori sifatida faxr-iftixor bilan qalamga oladi, ularning mohiyatini, ildizlarini ochib berishga intiladi. T.Matiboev mehnatkash elimizning kechagi kunini buguniga qiyoslash, ibratli xulosalar chiqarish orqali yoshlarimizning yuksak ma’naviyatli, vatanparvar, yurtining qadriga yetadigan intellektual avlod bo‘lib shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Ayni paytda maqolalarda O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda ijtimoiy hamkorlikning muhim vosita ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Quyida yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning mazkur kitob haqidagi mulohazalari bilan tanishasiz.

Mamlakatimizda mustaqilligimizning ilk yillaridanoq Prezidentimiz Islom 

Karimov tashabbusi bilan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat fondlari, erkin ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada zarur huquqiy asoslar yaratilmoqda, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. 

Davlatimiz rahbari tomonidan 2010 yilda parlamentga taqdim etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi» asosida keyingi yillarda «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida», «Ekologik nazorat to‘g‘risida», «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida», «Parlament nazorati to‘g‘risida» kabi yangi qonunlar qabul qilindi.

Xususan, 2015 yil 1 yanvardan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirgani nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Binobarin, mazkur Qonun normalari asosida ushbu institutlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari va ajratiladigan mablag‘lar hajmi tubdan oshdi. 

Bu, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zlariga ajratilgan ijtimoiy buyurtmalar doirasida davlat boshqaruvi va ijro organlari bilan ijtimoiy sheriklikda joylarda amalga oshiradigan tizimli ishlari ko‘lamini tubdan kengaytirmoqda.

Aytish joizki, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun davlatimiz konstitutsiyaviy qurilishining «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini ro‘yobga chiqarishning yaqqol ifodasi, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda demokratik yangilashda fuqarolik jamiyati institutlari, NNT rolining muhim omil sifatida yana bir bor amalda e’tirof etilishidir. Ushbu Qonun hozirgi kunda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi amaliy muloqotning mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qonunda belgilab qo‘yilgan normalarning amaliyotga tatbiq etilishi fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari uchun birdek foyda keltiradi. Zotan, fuqarolik jamiyati institutlarining mavjud muammolarni hal qilishda davlat subsidiyalari, davlat grantlaridan tashqari, ijtimoiy sheriklik sub’ektlarining o‘z mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb etish, ko‘ngillilar mehnati yordamida turli ijtimoiy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari yanada ortmoqda.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, xalqimiz azaldan jamoat ishlari, ko‘pning manfaati bilan bog‘liq masalalarni kengashib, taklif-mulohazalar asosida hal qilib kelgan. Ijtimoiy sheriklikning qonuniy asoslari mustahkamlanishi asrlar davomida shakllangan ana shu ezgu qadriyat zamonaviy me’yorlar bilan yanada boyishi, rivojlanishiga qulay shart-sharoit tug‘dirdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotida ijtimoiy hamkorlikni, ya’ni NNT hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rolini yanada kuchaytirish fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratlashtirish va mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi jarayonida hal qiluvchi omildir. Nega deganda, ijtimoiy sheriklik jamiyatni ich-ichidan chuqur o‘rganishda, ijtimoiy masalalarni hal qilishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqib, samarali amalga oshirishda, bu borada jamoatchilik nazorati kuchayishida dolzarb ahamiyatga ega. 

Ushbu kitobga taniqli publitsist va sotsiolog olim Toshpo‘lat Matiboevning ana shu  singari nihoyatda muhim masalalar har tomonlama teran tahlil etilgan turkum maqolalari jamlangan. Shuningdek, muallifning Vatanimiz mustaqillik yillarida erishgan ulkan yutuqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-marifiy taraqqiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan bir qator chiqishlari ham to‘plamdan joy olgan. 

Sotsiologiya fanlari nomzodi T.Matiboev «O‘zbekistonda ijtimoiy hamkorlik tizimi: shakllanishi, rivojlanishi va istiqbollari» (T.: «Akademnashr», 2014.), «Ijtimoiy hamkorlik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurilishining muhim omili» (T.: «Yangi asr avlodi», 2012), shuningdek, R.Matiboeva bilan hammualliflikdagi «Jaholat xuruji» (T.: «Akademnashr», 2013.), A.Xolbekov bilan hammualliflikdagi «Ijtimoiy adolat va demokratiya: barqaror taraqqiyot yo‘lida» (T.: «Yangi asr avlodi», 2004) kabi kitoblar muallifi.

Bundan tashqari, u davriy matbuotda muntazam e’lon qilinayotgan «O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda ijtimoiy hamkorlikning amal qilishi», «Ijtimoiy hamkorlikning mahalla faoliyati va yoshlar ta’lim-tarbiyasini yuksaltirish orqali mustahkamlanishi», «O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining demokratlashuvi jarayonida ijtimoiy hamkorlik tizimini shakllantirish omillari» singari dolzarb publitsistik maqolalari bilan yurtimiz ilmiy-ma’rifiy jamoatchiligi e’tiborini qozongan.

Olimning yangi to‘plamini diqqat bilan o‘qib chiqdim. Mustaqilligimizning chorak asrlik to‘yiga bag‘ishlangan ushbu kitobga muallif maqolalarni mavzuga mos ravishda va chuqur mas’uliyat bilan tanlab olgani ko‘rinib turibdi. Muallif ijodiga xos xususiyat shuki, u o‘z publitsistik chiqishlarida raqamlarni qalashtirib tashlashdan ko‘ra chuqur va jiddiy ilmiy tahlil va mushohadali talqinni afzal ko‘radi. To‘plamga kiritilgan maqolalarda ham bunday o‘ziga xoslik yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, «Eski jamiyatni tanqid qilish oson, lekin yangi jamiyat qurish qiyin va mashaqqatli jarayon». O‘ylaymanki, jamiyatimizda kechayotgan ana shu murakkab va mas’uliyatli jarayonlarda T.Matiboevning «Ijtimoiy hamkorlik – millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash vositasi» risolasi zarur va foydali manba bo‘lib qoladi.

Eng muhimi, bu kitob xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz ma’naviy dunyosini boyitishda, mustaqil hayotga dadil kirib kelayotgan yosh avlod vakillarining vaqtida oq-qorani tanib olishi, vatanparvar va xalqparvar bo‘lib yetishishi, farzandlarimizning Vatanimizga muhabbat va sadoqat ruhida kamol topishi borasida muayyan ijobiy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman.

 

Akmal SAIDOV,

yuridik fanlar doktori, professor

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 2 =