ALLOMAI ZAMON

Shayx Muhammadjon mullo Rustam o‘g‘li Qo‘qondiy (Mavlaviy hoji Hindistoniy)  1892 milodiy yilda Qo‘qon muzofotiga qarashli  Chorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning ota-onalari ham ilmli, ma’rifatli kishilar bo‘lib, farzandlarining yoshlikdanoq ilm olishiga jiddiy e’tibor bergan.

 

O‘n to‘rt yoshida savodxon va hofizi Qur’on bo‘lib yetishgan Muhammadjon Qo‘qon va Buxoro madrasalarida, so‘ngra Balx va Mozori Sharifda ustozlardan saboq oladi. So‘ngra ulug‘ ustozlaridan biri qozi Mirmuhammad o‘avs domlaning tavsiyalari bilan ilmini davom ettirish uchun Hindistonga safar qiladi. Bu mamlakatning Ajmir shahridagi «Usmoniya» madrasasida  sakkiz yil o‘qib, eng oliy shahodatnomani qo‘lga kiritadi.

Ilm talabida, izlanishda bo‘lib, o‘n besh yil ota-onalari bilan ko‘risholmaydi. Hindistonda o‘qib yurgan kezlari ittifoqo poezdda haj safariga yo‘l olgan otalari bilan uchrashib qoladi va haj ziyoratida u kishiga hamrohlik qiladi. Ota-bola birga bu ulug‘ ibodatni to‘kis ado etib bo‘lganidan keyin, taqdir ekan, otalari Hijozda vafot etadi. Padari buzrukvoridan ajrab qolgan Muhammadjon Hindistonga qaytadi va yana bir yil  o‘qib, madrasani tamomlaydi. So‘ngra otasining vasiyatiga binoan volidasini ziyorat qilish uchun ona yurti Qo‘qonga qarab ravona bo‘ladi. Ne-ne mashaqqatlar bilan Qo‘qondagi hovlisiga kelsa, onalari ham dunyodan o‘tgan ekan. Keyinchalik bu voqeani eslab: «Man volidamdan o‘n yetti yoshda judo bo‘lg‘on ekanman. Shundan keyin man ko‘rolmadim, man kelg‘onimga pushaymon yedim. Dilimda volidamg‘a xizmat qilolmag‘onligimning hasrati to Qiyomat qoldi. Bu joyda go‘yo musofirga o‘xshab qoldim», deb afsus-nadomat chekadi.

Hindistonda o‘qib kelganligi va zabardast olim bo‘lgani uchun domlani «Hoji Hindistoniy», «Mavlaviy Hindistoniy», «Hoji domullo», «Hazrati Mavlaviy» nomlari bilan hurmatlashadi. Qo‘qonda tug‘ilgani uchun u kishiga Qo‘qondiy nisbasi ham berilgan. Uning yurtiga qaytib kelgandan keyingi hayoti murakkab bir vaziyatda o‘tadi. Domla o‘ttiz olti yoshga kirgan (1929 yil) vaqtda mamlakatda ocharchilik boshlangan, dindorlarga zug‘um o‘tkazilayotgan bir davr edi. U kishi shu sanada ikki bolali bir beva ayolga uylanadi. Undan keyin tashvishli kunlari boshlanadi. 1942 yili urushga ketguniga qadar “mullo”, “xorijiy davlatlarda o‘qigan” kabi ayblovlar bilan ikki marta qamalib chiqadi. Jon saqlash va fitnalardan yiroq bo‘lish maqsadida ahli ayollari bilan tez-tez boshqa joylarga ko‘chib turadi. 1942 yili urushga ketib, 1943 yil jarohatlangach, mehnat lageriga xizmatga yuboriladi. 1946 yilda Qo‘qonga qaytib keladi.

Urushdan keyin dinga biroz erkinlik berilib, masjidlar ochilgandek edi. O‘sha paytlar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Toshkentda joylashgan bo‘lib, butun mintaqada diniy ishlar shu yerdan boshqarilar edi. Muhammadjon domla 1946 yili shu idoraning muftiysi Eshon Boboxonovga ish so‘rab murojaat etganida u kishini xizmat qilish uchun Tojikistonga yuborishadi. Domlaning yashashga uy-joyi bo‘lmagani uchun Tojikiston qozisi u kishini Mavlono Charxiy mozorotiga mutavalliy vazifasiga jo‘natadi. Tojikistondagi hayoti shu tariqa boshlangach, domlani 1949 yili Xoja Ya’qub masjidiga imomlikka o‘tkazishadi. Bu yerda  u kishini yigirma besh yilga qamashadi. Allohning irodasi bilan  to‘rt yilu uch oyda ozodlikka chiqadi.

Domla 1954-1955 yillarda Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar bo‘limida ishlab, arab tilidagi kitoblarni forsiyga o‘girish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ana shu yillardan keyingina  domlaning hayotida biroz erkinlik boshlanadi. U zot umrining oxiriga qadar yuzlab  yoshlarga diniy ilmlarning deyarli barcha sohalaridan, mantiq, adabiyot va she’rshunoslikdan  saboq bergan. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa respublikalardan olimlar va shoirlar u kishining ziyoratiga borib, suhbatlaridan bahramand bo‘lgan. 

Domla musulmonlarning har xil oqimlarga, tafriqa bo‘linishlariga keskin qarshilik qilgan. Yurtimizda ahli sunnat val-jamoat aqidasi, Imom A’zam mazhabi, Naqshbandiya tariqati paydo bo‘lishi uchun bor ilmi va kuch-quvvatini sarflagan. Bugungi kunda u kishining O‘rta Osiyodagi yuzlab shogirdlari ham ustoz izidan borib, diniy barqarorlik va osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda islom niqobi ostidagi noo‘rin «jihod»lardan tashvish chekyapmiz. Chunki, «jihod» degan tushunchani noto‘g‘ri talqin qilganlar bor. Ammo e’tibor bersak, Hindistoniy domla o‘sha paytlardayoq dunyodagi ma’nosiz jihodlarni, jumladan, Afg‘onistondagi urushni ham qattiq tanqid qilgan.

Hindistoniy juda ko‘plab diniy asarlarga sharhlar yozgan. Biroq uning eng salmoqli ishi o‘zbek tilidagi olti jilddan iborat Qur’oni karimning tafsiri bo‘lgan. Hindistoniy ushbu kitob «talaba yoshlar va bu muqaddas kitobni tushunishda qiyinchilikka uchrayotgan oddiy kishilar uchun yozdim», deb ta’kidlaganlar. Xalq orasida “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy” deb ataladigan 1000 sahifaga yaqin bu kitob 2006 yili oz nusxada “Movarounnahr” nashriyotida chop etildi.

Biz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yaxshi kitoblarni chop etish va kitobxonlikni targ‘ib qilish takliflarini qo‘llab-quvvatlagan holda, shuningdek, kitobxonlarimizning diniy savodxonligini oshirish hamda sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashni nazarda tutib, “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy”ning ikkinchi nashrini chop etishni mo‘ljalladik. Kitob ko‘p olimlarning nazaridan o‘tdi. Sharhu izohlar bilan yanada boyitildi. Bugungi kunda Hoji domlaning shogird va muxlislaridan bo‘lgan, mufassir va peshqadam olimlarimizdan biri Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Hoji domlaning “tafsir”lariga mufti hazrat Usmonxon Alimov bilan birga mas’ul muharrir bo‘ldi va yozgan taqrizlarida jumladan shunday deydi: “…allomai zamon bo‘lmish bu zotning murakkab bir vaqtlarda Qur’oni karim tarjimasiga ham vaqt topib, yozib qoldirgan bu asari biz shogird va muxlislariga ko‘zga surtib o‘qigulik tabarruk bir yodgorlikdir. …Ushbu tarjimaning imkon qadar tez chop etilib, ixlosmand xalqimiz qo‘liga yetib borishida yaratgandan tavfiq tilayman.”

Hoji Muhammadjon Qo‘qondiy (Hindistoniy) 1989 yil oxirlarida yuz yosh bilan yuzlashib olamdan o‘tdi. Alloh o‘tgan barcha aziz-avliyolarimizning ruhini shod, vatanimizni obod aylasin!

Sayfiddin 

SAYFULLOH,

filologiya fanlari nomzodi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =