SHOIRLIK — KETMON BOZORIMI?

Anchadan beri ko‘rishmagan ikki oshna uchrashib qoldi.

 

— Nimalar bilan mashg‘ulsan, do‘stim?

— Bekorchiman. 

— Ie, nimaga? Ish yo‘qmi?

— Bor, kaminaga mosi yo‘q. O‘zing bilasan, savod ham haminqadar… Mundayroq yumushlarga bo‘yin tob bermaydi.

— Unda she’r yoz!

— Qo‘ysang-chi! She’r yozish uchun, haligi… qobiliyat deganday… 

— Bo‘lmasa, qo‘shiq ayt! Hozir artist bo‘lish uchun qobiliyat ham, ovoz ham kerak emas, hammasini kompyuter bajaradi. Mashhur bo‘lasan… 

Bu gaplar sirtdan latifaga o‘xshaydi-yu, aslida buning hech qanday kulgili joyi yo‘q. Uni eshitib o‘ylanib qoldim. 

Mana, oldimda yosh ijodkorlardan bir nechtasining turli nashriyotlarda chop etilgan kitoblari turibdi. Gapning ochig‘i, ularni dastlab katta umid, hatto ozgina hayajon bilan o‘qiy boshladim. Kim biladi, balki bu ko‘rimsizgina, oddiy varaqlar orasida ulkan kashfiyotlar, tesha tegmagan tashbehlar, kutilmagan gaplar bordir. Ammo… Afsuski, ilk sahifalardanoq umidlarim puchga chiqdi. Mana bu satrlarga e’tibor qiling.

Ko‘nglingdan (?) joy berganing uchun,

Qarzdorman sendan hamma vaqt.

Senga hamma hammasi uchun,

Kattaqo‘rg‘on, ming bora rahmat!

Yoki:

Ulug‘roq xoki undan(?), 

Kechirilmas, aldamas(?).

Endi non tuz bilanmas,

Tuproq bilan ich qasam(?).

Yana:

Bor qayg‘uni bizlarga bering,

Siz salomat bo‘ling hamma vaqt.

Sizni bizga bergani uchun,

Xudoyimga behisob rahmat(?)!

(Munisa Rasulova. “Qizg‘aldoqqa aylangim keldi” “Tafakkur” nashriyoti. Toshkent, 2013 yil.)

Odatda zo‘r she’r o‘qiganda odam ko‘ngil dardlariga malham topadi, zavqlanadi, kerak bo‘lsa, dunyoqarashi kengayadi. Biroq, muallif ham, uning to‘plamini chiqarishga bosh qo‘shgan do‘stlarimiz ham meni ma’zur tutsinlar, mazkur satrlarni o‘qib oddiy tilaklar, pala-partish gaplarni qofiyaga solib, uni ming nusxada chiqarish shartmidi, degan achchiq gap o‘tdi xayolimdan. 

Satrlardagi mantiqsizlikni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Singlim Munisa! Kattaqo‘rg‘on sizga ko‘nglidan emas, balki bag‘ridan joy bergan bo‘lsa kerak, negaki, “ko‘ngil” degan so‘z insonga nisbatan ishlatiladi, shahar, qishloq yoki avtobusga nisbatan emas. Buning ustiga ikki misrada naq uch marta “hamma” so‘zini ishlatgansiz. Ikkinchi to‘rt qatorda esa gap pima haqida ketayotgani hatto noma’lum. Jumlalar to‘mtoq. “Non-tuz bilan emas, tuproq bilan qasam ich”, deb kimga murojaat qilyapsiz? Bunisiyam noma’lum. Buning ustiga xalqimizda azaldan “non ursin” deb qasam ichiladi, “tuproq ursin” deb aytilmaydi. Uchinchi to‘rtlikning oxirgi misrasi ham g‘aliz. Xudoga odatda shukur qilinadi, rahmat aytilmaydi.

Endi boshqa bir to‘plamdan joy olgan Vatan haqidagi “she’r”larga qarang:

Ochiq nasibamsan(?), ey ona Vatan,

O‘lmas qasidamsan, ey ona Vatan!

Yoki,

Qachonki dildan sevinsam,

Chin ko‘ngildan quvonaman(?).

Xalqim birdamligin ko‘rsam,

Bu dunyoga parvonaman(?).

(Amirjon Doniyorov. “Anorbuloq ilhomlari”.  “Turon zamin ziyo” nashriyoti. Toshkent, 2015.)

Vatan haqida o‘xshatishlar bisyor. Ammo uni “nasibamsan” deyish to‘g‘rimikin? Nasiba rizq, qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsak, iste’mol qilinadigan, foydalaniladigan narsa degani. Nahotki, Vatan shunday bo‘lsa?! Balki muallif Vatan menga rizq berdi demoqchidir. Unda “ochiq nasibamsan” degani nima? Endi ikkinchi to‘rtlikdagi mantiqsizlikni qarang. “Dildan sevinish” bilan “ko‘ngildan quvonish” bir xil holatni anglatmaydimi? Yoki muallifning dili boshqayu, ko‘ngli boshqachami? So‘nggi misralardagi quroq fikrlar barchasidan oshib tushdi. Xalqnning birdamligi bilan dunyoga parvona bo‘lishning bir-biriga qanday aloqasi yoki bog‘liqligi borligini bilolmadim. 

Shu o‘rinda bir mulohaza. Istiqlol tufayli yurtimizda tub burilish davri boshlanganiga salkam chorak asr bo‘lyapti. O‘zbekiston dunyoga qadam qo‘ymoqda. Bu jarayon qalam ahliga ham cheksiz g‘urur, zavqu shavq bag‘ishlab, go‘zal asarlar yaratilmoqda. Ammo tan olib aytish joizki, so‘nggi yillarda Vatan haqida yozish “moda”ga aylanib borayotgandek go‘yo. Yaxshi she’r, mag‘zi to‘q jumlalar bo‘lsa-ku bosh ustiga. Afsuski, shunday muqaddas mavzu haqida bitilgan “asar”larda aksariyat hollarda bir xil fikrlar, aytilaverib siyqasi chiqqan o‘xshatishlar ko‘p uchramoqda. “o‘ururimsan, sururimsan, bog‘laring bor, tog‘laring bor, minorlaring, chinorlaring bor, bag‘ringda o‘sdim, tuprog‘ing ko‘zimga to‘tiyo, buyuk ajdodlarim yotgan joy, seni sevaman yurtim, dunyoda yagonasan” va hokazo. Ishonmasangiz, so‘nggi yillarda Vatan haqida bitilgan she’rlardan hohlaganingizni olib o‘qing. Mana, masalan:

Vatan nima. Vatan mening qishlog‘im,

Bunda yashar do‘stim, yaqin yirog‘im.

Unib o‘sdim, o‘ynab uning bag‘rida,

Shirin suvin ichib, sutu qaymog‘in.

(Sobir Usmonov. “Vatan tafti”. “Mumtoz so‘z” nashriyoti. Toshkent, 2014 yil). 

Yoki:

Osmoning sof, musaffo,

Har qarich yer misli zar.

Bu zaminda yurtimiz

Egalari ulg‘ayar.

Bo‘lgin dunyoga doston,

O‘zbekiston, O‘zbekiston.

(Qahhor Nurmuhammedov. “Yaxshi noming qolsin”. “Navro‘z” nashriyoti. Toshkent, 2014 yil).

Yana:

Jondan aziz ko‘raman seni,

Tuprog‘ingni ko‘zimga surtgum.

Ko‘z tegmasin senga, Vatanim,

O‘lsam, sening bag‘ringda o‘lgum.

(Jamshid Mahmudov. “Sog‘inib yashayman”. “Sharq” nashriyot matbaa Aktsiyadorlik kompaniyasi  Bosh tahririyati. Toshkent, 2011 yil).

To‘g‘ri, Vatan haqida yozish kerak. Ammo hech kim aytmagan, hech qaerda uchramagan, kashfiyot darajasidagi fikr bo‘lsa. Yuqoridagi misralarda esa yana o‘sha gap. Vatanning bag‘rida ulg‘ayib o‘sish, uning har qarichi bebaho ekanligi, tuprog‘ini ko‘zga surtish kerakligi, unda yaqin qarindoshlar yashashi, dovrug‘i dunyoga doston bo‘lishi, yurtimga ko‘z tegmasin deyish she’r bo‘ladigan yangilik yoxud kashfiyot darajasidagi fikr emas. Shu bilan birga bu kabi qoralamalar badiiylik ham kasb etish darajasida emas. Hamma biladigan oddiy haqiqat. Uni she’rga solish “dushanbadan keyin seshanba keladi” deganday gap. Bunday sayoz fikrlar, yumshoq qilib aytganda, kitobxonning didini o‘tmaslashtiradi, xolos. Muhammad Yusuf yozgan edi:

Lochin netar ko‘kda ko‘zi o‘tmasa,

Sindir qalamingni, so‘zi o‘tmasa,

Vatan desa o‘pkang to‘lib ketmasa,

She’r yozishga balo bormi, birodar.

Yana bir gap. Yuqoridagi mualliflarning aksariyati nazarimda 18-25 yosh oralig‘idagi ijodkorlar. Ularni ham tushunish mumkin. Ha, nima bo‘pti, falonchining kitobi chiqibdi, deb tezroq el og‘ziga tushgisi, tengqurlariga maqtanib kitobini ko‘rsatgisi kelgandir. Ammo bir narsani unutmaslik lozim. Qo‘lga qalam olib qog‘oz qoralashdan oldin o‘zingizga savol bering. Xo‘sh, o‘quvchiga nima demoqchisiz? Siz aytmoqchi bo‘lgan gapni sizdan ilgariroq boshqalar qoyillatib aytib qo‘ymaganmikin?! Aytadigan fikringiz originalligiga, o‘quvchining diqqatini torta olishiga, so‘zingizning  salmog‘iga o‘zingiz ishonasizmi?

Masalaning yana bir og‘riqli nuqtasi ham bor. Bular-ku hali oq bilan qoraning uncha farqiga bormagan yoshlar ekan, xo‘sh, ularning kitobiga muharrirlik qilayotgan ayrim nashriyot mutasaddilari nimani tahrir qilyaptilar! Qaerga qarayaptilar?! Nahotki, muallifni yonlariga chaqirib, uning xatolarini birgalikda tuzatish shunchalik qiyin bo‘lsa? Darvoqe, mazkur maqolani tayyorlash jarayonida bir hamkasbimdan fikr so‘rasam, u keyingi uch yil ichida ellikdan ortiq kitobga muharrirlik qilganini aytdi. Men u qo‘l urgan kitoblarning ayrimlari bilan tanishdim. Afsuski, ular orasida yuqoridagi singari to‘plamlar 80 foizni tashkil etdi. 

Shu o‘rinda atoqli so‘z san’atkori, benazir ustoz Abdulla Qodiriyning quyidagi so‘zlari xayoldan o‘tdi: “Yaxshi bilish kerakkim, qalam — o‘qlog‘i, matbuot — ketmon bozori emas. Yo‘sunsiz ravishda xotirg‘a kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydir. So‘z — qolip, fikr uning ichiga quyilg‘an g‘isht bo‘lsin. Ko‘pchilik xumdonidan pishib chiqg‘ach, yangi hayot ayvonig‘a asos bo‘lib yotsin…”

o‘afur o‘ulomdan “yaxshi she’r yozish uchun nima qilish kerak?” deb so‘rashganida, u kishi hazil aralash “Avval qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvmoq kerak” degan ekan. 

Keyingi paytlarda paydo bo‘layotgan yuqoridagi singari maza-matrasiz “ash’oru” “majmua”lar esa, bizning fikrimizcha, ko‘p o‘qimaslik, tor fikrlashning mahsulidir. Negaki, hazrat Navoiy bobomiz qayd etganlaridek, 500 misra mag‘zi to‘q she’r o‘qigan kishi jillaqursa 5 misra yaxshi she’r yoza olishi kerak. Vaholanki, ulug‘ shoir 5 ming misra she’rni yod bilganlar. Ammo o‘qiganda ham topib, saralab, mutolaa qilib o‘qimoq lozim. Chiroyli, yaltiroq muqovasiga havas qilib, duch kelgan kitobni o‘qiyverish saviyani pasaytiradi, xolos.

Qolaversa, yosh ijodkorlar uchun hozirda o‘nlab nazariy qo‘llanmalar, she’r texnikasi haqida kitoblar mavjud. Loaqal taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurovning 2014 yilda Samarqandda chop etilgan “She’r texnikasi va poetikasi” nomli risolasini oling. Olim she’rga shunday izoh beradi: “She’riyat asosida lirikaning qonuniyati yotar ekan, demak, unda hissiyot va fikr qorishiq yashaydi. Obrazli qilib aytganimizda, hissiyot — ona, fikr — ota, ulardan dunyoga kelgan farzand esa she’rdir…” 

Cevgi-muhabbat mavzuidagi bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash, o‘ta sayoz va bachkana bitiklarni-ku, aytmay qo‘ya qolay. Ular kishining ensasini qotiradi, xolos. E’tibor qiling:

Jonim, seni juda sevaman,

Xohlasang, xohlamasang uylanaman.

Buyog‘i bitta mulla, uch so‘m pul,

So‘ng akang senga bir umr qul. 

Naqarot:

Jonim, seni juda sevaman,

Xohlasang, xohlamasang uylanaman. (10-12 marta)

Bu “go‘zal asar” yaqinda xususiy radiokanallarning biridan yangradi. Ana sizga saviya! Go‘zal xohlasa, xohlamasa uylanadigan bo‘lsang, uylanaver. Shu gapni kuyga solib, qo‘shiq qilib, radiodan do‘mbira qilib chalish shartmi?! Agar bu qo‘shiq kulgi ustalarining qo‘liga tushsa juda ajoyib askiya, payrov bo‘lishi shubhasiz. Menimcha, bu “misra”lar tahlil qilishga ham arzimaydi. 

Haqiqiy shoir ma’naviyatsizlik, ruhiy qashshoqlikka qarshi kurashuvchi zotdir. Chunki u hamisha xalqning jigar-bag‘ridan bunyod bo‘lguchi zurriyot, o‘tmish va bugun o‘rtasidagi ko‘prik, el qalbining ertangi kunga yetguvchi sadosi bo‘lib qolaveradi. Shoir qaysi zamonda, qaysi yurtda yashamasin, birinchi galda o‘z qalbining holatini ayon etadi. Agarda bu holat minglarning, millionlarning qalbi, dardi, armonlariga esh bo‘lsa, shoir nidosi umumbashariy nidoga aylanadi. Shoirlik hamma zamonda ham qismat bo‘lgan.

Ammo bir haqiqat ayonki, ilk kitobi chiqqan mualliflarning hammasi ham bunday qismatga duchor bo‘lavermaydi. Shuning uchun, bizning fikrimizcha, qandaydir manfaat yoki shunchaki obro‘ uchun yozayotganlar yaxshisi boshqa sohada o‘zlarini sinab ko‘rganlari ma’qul… 

 

Yor MUXAMMAD

Samarqand

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + eighteen =