Jurnalist qalami bilan…

Nafaqadagi bir jurnalist sifatida teleko‘rsatuvlarni, gazeta jurnallarni baholi-qudrat ko‘zatib boraman. Bugungi jurnalistikamizda jur’atli qalamkashlar negadir ko‘rinmayapti desam, men ko‘rishga yoki o‘qishga ulgurmagan o‘sha dolzarb mavzularni tadqiq etgan maqola mualliflari kechirsinlar. Agar yetuk jurnalistlarimiz ko‘payayotgan bo‘lsa, nur ustiga nur. Ammo zamon bir joyda turmaydi,odamlarning bag‘riga  shamol tegib qoladigan kunlar ham kelib qolar, vaqtni o‘tkazmay, ko‘nglim buyurgan mavzular haqida yozayin, deb vaqtni boy berdik.

 

 Sho‘ro hukumati sahnadan tushgandan keyin rus va boshqa xalqlar yozuvchilarining, jurnalistlarining sovet zamonida yozilib, sandiqning tagiga tashlab qo‘yilgan asarlari birin-ketin potirlab chop etila boshladi. Bizning yozuvchi va jurnalistlarimiz esa, jumladan, o‘zim ham mum tishlab o‘tirdik. Allohga shukur, Alixonto‘ra Sog‘uniy degan bir alloma, sovet jamiyatining ashaddiy tanqidchisi o‘zining “Turkiston qayg‘usi”, “Tarixi Muhammadiy” va boshqa asarlarini yozib ketgan ekan. Allomaning o‘sha “Turkiston qayg‘usi” kitobini qay holda yozganini menga aytib berishdi. Bu kitob haqida yozib tugallangunga qadar muallifning o‘zi-yu, qo‘lidagi shamchiroq va yerto‘ladagi un yashigi “bilar” ekan, xolos. Sog‘uniy domla qo‘lyozmasini yashik tagidan chuqur kavlab o‘sha joyda saqlarkanlar… Qani, mana shunday matonatli yana  bir qalam sohibi bormikan?! Yoki Sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” tarjima etilgan paytini eslaylik. Bu asar tarjimasi ayni sho‘ro hokimiyatining zabtiga olgan, inson huquqlari kamsitilishi oddiy mehnatkashga berayotgan bir burda noni evaziga uning butun kuch-quvvatini, ustlaridan butifoslar sochib sog‘ligini so‘rib olayotgan davriga to‘g‘ri keladi. Eng e’tiborlisi, Alixonto‘ra Sog‘uniy bu yodgorlikni yurak qo‘rini berib tarjima qilishdan tashqari, shuningdek, “Temur tuzuklari” aslida o‘zbek turkiysida, Amir Temurning o‘z qo‘li bilan yozilganini ham isbotlab berdi. Bu haqida Alixontura Sog‘uniy shunday yozadi: “Biz ko‘rgan arabcha, forscha, turkcha kitoblarda Temur ustida har turli so‘zni yozadilar. Ularning qaysi birlari uni boshiga ko‘tarib maqtasalar, ba’zilari uni yerga uradilar. Yigirma yetti poytaxtli yerni o‘ziga bo‘ysundirgan lashkarboshi mazkur kitobda o‘zining butun qilgan ishlarini qisqacha harbiy-siyosiy yosollarini qurib ko‘rsatib, uni “Temur tuzuklari” deb atamishdir. Aslida esa bu kitob Temurning o‘z qalami bilan o‘zbekcha yozilgan bo‘lsa ham, bunga uning merosxo‘rlari ega bo‘la olmaganlar. Eshitishimizcha, bu kitobning asl nusxasi London kutubxonasida saqlanarmish. Toshkent Diniy nazorati kitobxonasida bundan bir nusxa borligini anglab, uni ko‘rishga qattiq qiziqdim. Qarasam, u oltin kitob asli o‘zbek tilidan forschaga ko‘chirilgach, o‘z ma’nosini yo‘qotmagan bo‘lsa ham, o‘zbeklik haybatidan ajramish edi. Buni o‘qigach, Navoiyning “Muhokamatul lug‘atayn” kitobida aytgan so‘zini eslab, unga rahmatlar o‘qidim. Navoiy bu kitobida o‘zbek olimlari o‘z tillarini qoldirib, forsi adabiyotlariga berilganliklari uchun qattiq norozilik bildiradi. O‘zbek tilining har to‘g‘rida forsi tilidan ortiqligini ko‘rsatib, o‘zbekchadan bir yuz og‘iz so‘z keltiradi. Bularga forsi shoirlari o‘z tillarida tarjima topolmaydilar, deydi.

Men bu so‘zning to‘g‘riligini ilgaridan bilgan bo‘lsam ham, ayniqsa bu kitobni tarjima qilib chiqqanimdan so‘ngra ko‘nglimda hech gumonim qolmadi. Chunki, bu kitobning asl nusxasidagi bir necha og‘iz o‘zbekcha so‘zlarga forsida uning tarjimasi topilmagach, u so‘zlarni tarjimon shul bo‘yicha qoldirishga majbur bo‘lmishdir.

O‘quvchilarga anglatish uchun bulardan ba’zilarini bu o‘rinda ko‘rsatib o‘tamiz.

Chori bulchor – urushga to‘plash;

Sovariy – hadya;

Suyurg‘ol – maosh, yer-mulk;

Qobu – payt;

Joldu – in’om;

Chopul – hujum;

Chopqulash – qilichbozlik.

Bundan boshqa askar yosollarida qo‘llanish tubandagi so‘zlarning ko‘prog‘i tarjimaga sig‘magach, o‘zlarini qoldirmishdir. Masalan, qo‘l (urush chog‘ida askar saflarining eng o‘rtalig‘i), barong‘or (askar saflarining o‘ng qo‘li), jarong‘or (askar saflarining so‘l qo‘li), qirovul (askar saflarining oldidagi bahodirlar to‘pi), shoqovul (urush maydonida ehtiyot to‘pi), chindovul (urush saflarining orqa qo‘riqchi to‘pi).

Bulardan boshqa ham tarjima bo‘lmag‘on so‘zlari ko‘pdir.

Endi men bu kitobni boshdan-oyoq ko‘rib chiqqanimda buning asli o‘zbekcha bo‘lib, Temurning o‘z so‘zi ekanligini aniq bildim. Oz bo‘lsa ham xalq uchun mendin xolis bir xizmat bo‘larmikin, umrim kesilgandan so‘ngra keyingilarga o‘zimdan esdalik bo‘lib qolarmikin, degan umid bilan har kim tushunarli qilib, forsi tilidan yana o‘zbek tiliga tarjima qildim. Yot yerga o‘lja tushib ketgan asarimizni o‘z eliga ko‘chirib keltirdim”(“Guliston” jurnali, 1967 yil, 1-son).

Endi shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘sha paytda Alixonto‘ra Sog‘uniy jasoratiga hamohang yana bir qur dovyurak yozuvchi va jurnalistlar yuz ko‘rsatishdiki, ularni unutib bo‘lmaydi. Urush ko‘rgan, turmushning achchiq-chuchuklarini totib, oxirida haqiqat yo‘lida ish qilishdan boshqa hamma narsa ikki pulga qimmat ekaniga iqror bo‘lgan harbiy yozuvchi, “Guliston” jurnalining bosh muharriri Ibrohim Rahim va tahririyatning bir qancha qalam sohiblari ana shunday fidoyi kishilar bo‘lib chiqishdi. Ahir yuz yildan ortiq davr mobaynida “bosqinchi”, “zolim”, “kallalardan minora yasagan qonxo‘r” deya tavsif berib kelingan odamni bir kunda oqlashning o‘zi bo‘ladimi?! Shohidlarning guvohlik berishlaricha jurnalning har soni chiqqanida, tahririyatga “zambarak”ning o‘qi otilar edi. Telefonda Markazkomdagi mas’ul xodimning: “Bu zormanda qachon tugaydi” degan dahshatli ovozi kelganda, tahririyatda suv quygandek jimlik hukmron bo‘lar edi. Hamma bir-birlariga ovoz egasining kimligini aytmoqchi bo‘lgandek, im qoqishardi. 

“Temur tuzuklari”ning oxirgi qismi jurnalning sentyabr sonida tugallanishi lozim edi. Ammo Markazkomdagi mas’ul xodimning har gal do‘q-po‘pisa bilan: “Bas qilinglar, o‘shani, to‘ydirib yubordinglar!” degan qo‘ng‘iroqlari tufayli “Temur tuzuklari” oynomada to‘laligicha bosilmay to‘xtab qoldi.

Bundan ikki yil oldin Alixonto‘ra Sog‘uniyning 130 yilligi nishonlandi. Tadbir qarindosh-urug‘lar, shogirdlar, muxlislar ishtirokida o‘tdi. Ammo bu allomaning xotira kunlari keng jamoatchilik ishtirokida, rasmiy ravishda shu kungacha ham biron marta bo‘lsin, o‘tkazilgani yo‘q. Uning kitoblari juda kam nusxada chop etiladi. Tarjimalariga esa ikkinchi mualliflar uchqashtiriladi. Bundan tashqari uning hayoti va faoliyati, asarlari haqida keng miqyosida tadqiqotlar, targ‘ibot ishlari olib borish zarur bo‘lgan bir paytda u haqda yozilgan maqola va asarlarning chop etilishida sansalorliklar yuz bermoqda. Ularni yozgan mualliflar kitoblarini o‘z hisoblaridan chop etishga majbur bo‘lmoqdalar. Bunday munosabatlarning tub sabablarini hech kim bilmaydi va bilganlar aytmaydi. Tashqaridagi mish-mishlardan esa shunday gaplarni eshitamiz: “Nima emish, Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘z paytida sovet davlati xavfsizlik organlari bilan hamkorlik qilgan emish”. Ha, rost! Alixonto‘ra Sog‘uniy bevosita Stalin bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, ammo uning odamlari bilan ko‘rishib, hamkorlik qilgan. Bu hamkorlikning ham ma’lum sabablari bo‘lgan. Buning ustiga ushbu hamkorlik bevosita sovetlarning tashabbusi bilan yuz bergan. Bu haqda ko‘pgina tarixiy va badiiy adabiyotlarda yozilgan. Ammo allomaning sovetlar bilan maxfiy ravishda hamkorlik qilgani hozirgacha ma’lum emas. Agar bu haqda qandaydir “hujjatlar” sobiq DHKning qaysidir puchmoqlarida yotgan bo‘lsa, ular soxta va buyurtma bilan tayyorlangani shubhasizdir. Chunki Alixonto‘ra Sog‘uniyning e’tiqodi bilan zolim, bosqinchi hukumatga yollanish aqldan tashqaridir. Juda qiziq bir hol. Yuqorida Alixontura Sog‘uniyni kimlardir sovetlar bilan hamkorlikda ayblab kelishini aytdik. Aslida sovetlar bilan chin ma’nodagi hamkorlikni yuz minglab o‘zbek kommunistlari, jumladan, yozuvchi va jurnalistlar armiyasi amalga oshirmadimi?! Har birimiz sho‘ro bergan amal kursilarida, o‘sha amal kursisi joylashgan xonalarning poygaklarida o‘tirib olib, tuzumning siyosatini tashviq va targ‘ib qilmadikmi?! Ha, to‘g‘ri aytasiz, bu endi boshqa masala… 

Shunday qilib, biz jurnalistlarning oltinga teng vaqtlari necha zamonlardan buyon xirmondagi somonday shamolga sovurilmoqda. 

Jurnalist kim o‘zi? 

U falon joyda bog‘cha qurildi, piston joydagi yo‘lga afalt yotqizildi, bu haqda falonchi amaldor bunday dedi, pismadonchisi unday dedi, deb daftar, qalam ko‘tarib yuradigan kishimi? Aslo! Jurnalist xalqning yuragi, xalqning tilagidir. Tarixda haqiqiy yozarlar har doim xalq orasida turishgan. Uning ko‘nglida kechayotgan orzu-umidlarni, tortayotgan mashaqqatlarini qalamga olganlar. Sovet davri jurnalistlarini aytmayman, Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham jurnalistlarimizning faoliyatlari hamon o‘sha eski andoza doirasida kechdi. Bugun jurnalistlarning bu holga tushib qolish sabablari xususida gapirar ekanmiz, aybni avvalo o‘zimizdan, muteligimizdan qidirishimiz kerak.

Jurnalistlarning qalamlari “o‘tmaslashib”, loqayd bo‘lib qolishlariga ichki qo‘rquvdan tashqari yana bir sabab borki, uni hal etish bu sohada ko‘p masalalarning yechimini belgilaydi. Bu jurnalistlarga to‘lanadigan qalam haqi. Gazetada ishlab turmush tebratishga yetar-etmas pul topish uchun birinchidan, bosh muharrir talab qilgan maqolani yozishi, biron-bir tanqidiy maqolaga qo‘l urmasligi va nihoyat reklama beruvchilarning orqalaridan yurishi, shuningdek, bir yilda hech bo‘lmasa 100 ta obunachi topish lozim bo‘ladi. Ko‘rib turibsizki, jurnalist bu ishlardan bo‘shab biron-bir o‘qishli maqola yozishga vaqt ham topolmasligini sezib qolamiz va unga anchayin malomat qilayotganimizni ham his etamiz.

Yaqinda bir paytlar deyarli sakkiz yuz ming nusxada chop etilgan, bugun esa adadi uzog‘i bilan uch ming nusxaga yetadigan gazetalardan birining xodimlari teleekrandan turib “respublikada faloncha maktab bor. Nega ular bizning gazetamizga obuna bo‘lishmaydi?” deya iddao qilishganini eshitdim. Bunday iddao bilan gapirish noto‘g‘ri. Bugun har kim o‘zi xohlagan nashrni, o‘zi istagan kitobni o‘qiydi, ko‘ngli tusagan saytga kiradi. Gazetani birov o‘qimaydigan, o‘qib bo‘lmaydigan holatga keltirib qo‘ygan ekansiz, endi uni faqat o‘zingiz va mualliflaringiz o‘qisin! Gazeta va jurnal, kitob, avvalo, ma’naviy, ma’rifiy fikr tarqatuvchi vosita bo‘lish bilan birga, mahsulot hamdir. Buyog‘i endi o‘sha fikringizni bozor ko‘tarsa sotasiz, aks holda kasod bo‘lasiz. Bugun bizning oldi-qochdi safsata sotadigan sariq matbuotdan tashqari (aslida ma’naviy jihatdan ular ham), o‘zlarini jiddiy tutib turgan gazeta jurnallarimiz aksariyatining bozori kasod. Ularni yuqorida aytganimizdek, o‘z jurnalistlarining yelib-yugurishlari va mas’ul idoralarning joylarda majburan obuna qilish xaqidagi topshiriqlarigina ushlab turibdi. Shular bo‘lmasa, to‘kilib qolishadi. Axir bo‘sh qop tepasidan ximarib ushlab turilmasa tik turadimi?!… 

Ma’lumki, Prezidentimiz 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan markazda va joylarda xalqdan tushayotgan shikoyat va arizalarni yuzlab xodimlar saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib o‘rganishmoqda. Ularning ko‘plari aytish mumkinki, natija ham beryapti. 

Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda jurnalistlar, umuman, OAV uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shuni nazarda tutgan holda, jurnalistlarimiz jamiyat va davlat hayotiga yanada faol qatnashishlari lozim bo‘ladi. Ana shundagina, biz yana yo‘qotgan mavqeimizni tiklab, el-yurt oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. 

Yoqubjon XO‘JAMBERDIEV

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 11 =