STORITELLING zamonaviy auditoriya e’tiborini jalb qilishning yangi shakli

Bolalikda eshitgan ertagimiz bir umr yodimizda qoladi. Jon-qulog‘imiz bilan eshitgan ertak qahramonlariga o‘zimizni qiyoslaganmiz, ular orqali yaxshilik va yomonlik tushunchalari orasidagi farqni anglab yetganmiz. Chunki har bir ertak sodda, yodda qoladigan tilda yozilgan va hikoya xarakteriga ega bo‘lib, uni o‘qigan inson ertak qahramonlari olamiga sho‘ng‘iydi, ularning dardi, quvonchi va qayg‘usiga sherik bo‘lib yashaydi, yetishmagan orzulariga aynan ertak qahramonlari bilan birgalikda yetishadi.

 

So‘zimizni bejiz ertakdan boshlamadik. Chunki hozir yozuvchi va jurnalistlar o‘rtasida urf bo‘layotgan “storitelling” atamasi ingliz tilidan kirib kelgan bo‘lib, “hikoya qilish” ma’nosini anglatadi. Ammo hikoya qilish biror oddiy voqeani so‘zlab berish emas, balki o‘quvchini ana shu voqea ichida bo‘lishiga erishish demakdir. Chunki qachonki, voqea sizning hissiyotlaringizga ta’sir etsagina voqeaga munosabat bildirasiz, muammo yechimiga hissa qo‘shasiz. 

Storitelling asoschisi Devid Armstrong o‘zining “Managing by Storying Around: A New Method of Leadership” kitobida auditoriya va xodimlarga jonli voqealar orqali ta’sir etish usullarini sanab o‘tadi. 

Demak, storitelling, auditoriyaga axborotni to‘liq, sodda va tushunarli tilda yetkazishdir. Bugungi kunda rivojlanib borayotgan multimedia vositalari storitelling ahamiyatini yanada kuchaytirdi. 

Storitelling orqali qanday maqsadlarga erishish mumkin?

Avvalo storitellingdan foydalangan inson quyidagi maqsadlarga erishadi:

– o‘quvchi, tinglovchi, tomoshabinning ongostiga ta’sir ko‘rsata oladi;

– zarur axborotni birinchi urinishdayoq yetkazadi. O‘quvchi “Muallif o‘zi nima demoqchi?” degan savol bilan qiynalmaydi;

– fuqarolarda vatanparvarlik hissini kuchaytirish; 

– reklama materialida tovarning sotilishiga erishish (bir surtishda ajinlarni yo‘qotadigan kremlar, harakatsiz ozdiradigan dori vositalari aniq qahramon misolida berilishi).

Eng asosiysi, hikoya strukturasi to‘g‘ri tuzilgan va oddiy o‘quvchiga yaqin bo‘lishi lozim. 

Muvaffaqiyatli storitelling bir nechta qoidalarga asoslanadi.

Qisqalik. Sizning hikoyangiz o‘quvchi diqqatini uzog‘i bilan 10-15 daqiqa jalb etishi kifoya. Bu ayniqsa, multimediaviy storitellinglar uchun muhim. 

Hikoyangiz uchun auditoriyani qiziqtira oladigan yorqin qahramon zarur.

Hikoyadagi voqea tugallangan bo‘lishi lozim. Storitellingda xulosani ochiq qoldirish yaramaydi. O‘quvchi voqea nima bilan tugashini o‘ylab o‘tirmay, o‘z savollariga javob olishi zarur.

Matn qiziqarli bo‘lishi va o‘quvchini davomini o‘qishga qiziqtirishi kerak.

Muallif hikoya orqali o‘z fikrini o‘quvchi ongiga sezdirmasdan singdirib, hikoya so‘ngida o‘quvchini ma’lum bir harakatlarga undashi lozim.

Auditoriya hissiyotlariga ta’sir o‘tkazish storitelling vazifasidir.

Matn aniq maqsadli auditoriyaga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.

Agarda storitelling bosma OAVda berilsa, unda fotosuratdan, internetda esa multimedia imkoniyatlaridan keng foydalanish kerak.

MULTIMEDIAVIY STORITELLING

Multimediaviy storitelling bugun jahon jurnalistikasining yetakchi janriga aylanib ulgurdi. Hattoki AQShning Berkli shahridagi Kaliforniya universiteti jurnalistika fakultetida Digital Storytelling, ya’ni raqamli storitelling asosiy fanlar sirasiga kiritildi. Multimediaviy storitelling video, foto, grafika va audioinformatsiyani o‘z ichiga oladi. Albatta, ularni bir joyga jamlash va bir mantiqiy chiziq bo‘ylab hikoya tuzish orqali o‘quvchi hissiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatish mumkin. 

Storitellingda o‘quvchi hikoyaning o‘zi uchun qiziqarli qismini ko‘rish, o‘qish va eshitish imkoniga ega bo‘ladi. Shuning uchun har bir qism unga tugallangan axborotni bera olishi lozim. Bunday jurnalistik storitelling o‘z ichiga nafaqat asosiy ma’lumotlarni, balki mavzuga oid statistik ma’lumotlar, boshqa resurslarga havolalarni ham qamrab olib, o‘quvchining mavzuga yanada chuqurroq kirib borishiga imkon beradi. 

 

MULTIMEDIAVIY STORITELLINGGA NIMALAR KIRMAYDI?

Har qanday veb-sahifa multimediaviy saytlardir. Ularga matn, audio va video joylashtirish mumkin. Ularda interaktiv grafika ham aks etadi. Ammo mazkur saytlarga joylashtiriladigan voqealar, yangiliklar ko‘pincha faqat grafika yoki fotosurat bilan bezatiladi. Saytda ularning har biri, ya’ni matn, audio yoki video mustaqil mazmun kasb etadi. Multimediaviy storitellingda esa har bir ko‘rinish, ya’ni video, matn, fotosurat, audio va grafika bitta hikoyaga integrallashgan bo‘ladi. 

 

MULTIMEDIAVIY HIKOYANI YARATISH QIYINMI?

Multimediaviy storitelling jurnalistdan universallik va zamonaviy texnika vositalarini yaxshi tushunishni talab etadi. Agar siz videoga tushirib, uni montaj qila olsangiz, audioroliklar yozsangiz, yaxshigina matn yozib, suratga tushirsangiz, demak, siz konvergent jurnalistikada ishlay olasiz. Xo‘sh, nimadan boshlash zarur? Avvalo, biror mavzuni tanlab, avvalo, dastlabki ma’lumotlarni yig‘ishga kirishing. Ular audio, video, fotosurat va raqamlar ko‘rinishida bo‘lishi zarur. Birinchi bosqichda jurnalistik material strukturasini chizib chiqing. Albatta, materialning har bir qismi boshqasi bilan mantiqiy bog‘langan bo‘lishi lozim. Masalan, siz maishiy chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish mavzusini tanlagan bo‘lsangiz, avvalo, chiqindining bir turiga e’tiboringizni qarating. Agar chiqindidan aziyat chekayotgan aholi punkti va u yerda yashovchi qahramonni topsangiz, yana ham yaxshi. Bevosita aholi punktining boshqaruv organlari, fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashga va sanitariya-gigienaga mas’ul shaxslar, chiqindini chiqarishga mas’ul idoralar, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxona mas’ullaridan audio va video formatda intervyular olish, aholi punktidan bir kunda qancha va nechta turdagi chiqindi chiqishi, ularni qayta ishlashdagi muammolar (masalan, qog‘oz, shisha, polietilen qayta ishlanadi, qolganlari umumiy chiqindixonaga tashlanadi), chiqindining aholi sog‘lig‘i va atrof-muhitga zarari xususidagi statistik ma’lumotlar yig‘ilgach, hikoyangizni mantiqiy qismlarga ajratib chiqing:

nega bu mavzu muhim (tarixi va bugungi kuni);

hikoya joyi (tarixi va muammoga aloqadorligi);

hikoya qahramonlari va ularning mavzu bilan bog‘liq muammolari;

mutaxassislarning fikrlari;

mavzu doirasidagi boshqa ma’lumotlar (infografika, grafika shaklida).

Ana shu tamoyil bo‘yicha to‘plagan materiallaringizni joylashtirsangiz, ular chiziqsiz formatga hamda alohida mustaqil ma’noga ega bo‘ladi. Storitelling bosh sahifasi esa asosiy surat va hikoyaning turli qismlariga havolalarni o‘z ichiga oladi. Shundan so‘ng hikoyangizni qismlarga ajrating.

— video, fotosuratli, audio, grafikali va matn. Hikoyangizning qaysi qismi videoformatda, qaysisi audio va suratlarda yaxshiroq aks etishini o‘ylab ko‘ring. Animatsiyalashgan grafikalar aynan solishtirma xarakterga ega bo‘ladi va o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortadi. Sizning hikoyangizga xarita zarurmi? Zarur bo‘lsa, interaktiv xaritadan foydalansangiz, o‘quvchiga hikoyangiz aynan aholi punktining qaysi nuqtasida rivojlanayotganini yaqqol ko‘rsatishga xizmat qiladi. Storitellingda matn siz axborotni video, audio yoki fotosurat orqali bera olmaydigan joyda qo‘llash uchun zarurdir. Jurnalistik materialingizning har bir qismi bir-birini to‘ldirishi lozim. Multimediaviy storitellingning asosiy jihati uning interfaolligidir. Interfaollikni quyidagi servislar orqali amalga oshirish mumkin:

https://juxtapose.knightlab.com — ikkita qiyosiy — “oldin” va “keyin” fotosuratni solishtirish imkonini beradi. 

http://storymap.knightlab.com —Interaktiv xaritani yaratish uchun qulay servis. wirewax.com yoki thinglink.com servislari esa o‘z navbatida interaktiv video yoki fotoni yaratish imkonini beradi. 

ZooBurst — ushbu servis orqali sizda 3D pop-up formatdagi raqamli kitobangizni yaratish imkoni mavjud. Servis ma’lumotlar bazasida 10 000 dan ortiq bepul tasvirlar va boshqa materiallar bor. ZooBurst foydalanuvchilari giperhavoladan foydalangan holda o‘z kitobchalari bilan ulashishlari mumkin. 

StoryBird  bir-ikki daqiqa ichida raqamli vizual hikoyalarni yaratish imkonini beruvchi bepul resurs. Butun dunyo animator va illyustratorlari ijodidan fydalangan holda hikoyangizni yorqinroq, ko‘rimliroq qilish mumkin. 

Multimediaviy storitellingni yaratish asoslarini o‘rganish jurnalistlarga nafaqat yangi texnologiyalarni o‘rganish, balki o‘z materialiga global tarmoq orqali butun jahondagi barcha qiziquvchilar e’tiborini jalb etish imkoni hamdir.

 

Nargis QOSIMOVA

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + six =