JAHON PAXTA BOZORI: MEDIAMAKONDAGI G‘ARAZLIKLAR

Har sohada bo‘lgani kabi axborot olamida ham xabarlar mavsumini kuzatish mumkin. E’tibor berganmisiz, har yilning kuz oylari boshlanishi bilan O‘zbekiston va dunyo OAVning asosan o‘zbek o‘quvchilariga atalgan nashrlari paxta terimini yoritish bilan band bo‘ladi. Kim qanday, qaysi alfozda?..

 

 2013 yil…

Jahonga mashhur xonandalardan biri O‘zbekistonda rejalashtirilgan kontsertini bekor qildi. O‘shanda ham kuz oylari edi. O‘zbekiston paxtasini voyaga yetmagan bolalar terishi haqidagi tasdig‘ini topmagan ma’lumotlar sabab xonanda O‘zbekistonga kelib qo‘shiq kuylashdan bosh tortdi. Tabiiyki, O‘zbekistonga tish qayrab turganlar uchun bu ayni muddao bo‘ldi. O‘sha vaqtdagi xalqaro matbuotda chop etilgan maqolalarda O‘zbekiston yana qoralandi, tanqid qilindi, xonandaning kontsertni bekor qilgani olqishlandi. Garchi bunga yetarli asos bo‘lmasa-da…

Shu o‘rinda bolaligim yodimga tushdi… Toshkentda tug‘ilib, shu yerda o‘qib, voyaga yetdim. Safarga chiqmagunimcha paxta dalasini ko‘rmaganim rost. Maktab va litseydagi tabiiy fanlar, xususan, mehnat darslari ayrim hollarda ochiq havoda o‘tilardi. Maktab hovlisida gullarning turini, xususiyatlarini, daraxt va jonzotlar olamini o‘rganardik. Kun kelib bog‘ tashkil qildik, bu bog‘ning atrofini ko‘kalamzorlashtirish, unga ishlov berish ham o‘zimizning gardanimizda edi. Sinfxonada bir-biri bilan chiqisha olmaganlar ham umumiy mehnatga kelganida ahil-inoq bo‘lib qolardi. Ko‘p qavatli uyda yashaganim, chopiq qilish tugul, ketmon ushlashni ham bilmaganim uchun ana shu bog‘ atrofidagi obodonlashtirish ishlari meni uy ishlariga o‘rgatgan. Katta hayotga qadam qo‘yib, litseyda o‘qishni boshlaganimda ham yerga ishlov berishdagi o‘sha vaqtda orttirilgan bilimlar menga asqotdi. 

Savol tug‘iladi: mehnat darsidan daladagi qurt-qumursqa, o‘simliklar, boring, ana, paxta xususiyatlarini o‘rganish uchun borgan bolalar — paxta tergan bo‘lib qoladimi? Terdi ham deylik… Xo‘sh? Bugun xorij OAVning inson huquqlarini toptash, majburiy mehnatga jalb etish haqidagi bo‘rttirmalari sabab bolalar dala atrofidan shunchaki o‘tolmaydigan ham bo‘ldi! 

Talabalar-chi? Qishloq xo‘jaligi, texnika sohasida o‘qiyotgan talaba paxta dalasini ko‘rmay mutaxassis bo‘lishi mumkinmi? Xorij OAVning fikricha, mumkin. Dalaga qadam bosmasa bo‘ldi! Paxta, yer va chigitning xususiyatlarini auditoriyada o‘tirib ham o‘rganish mumkin. Uni termagan, mehnatini his etmagan odamdan qanday mutaxassis chiqadi?! Zo‘r mutaxassis chiqadi, paxta termasa (!) bo‘ldi. Axir buni xorijlik vallomatlar aytyapti… 

Navbat kattalarga…

Paxta terimiga davlat tashkilotlari xodimlari jalb qilinyapti ham deylik. Xo‘sh, o‘quvchi termasa, talaba termasa yoki davlat tashkilotlarining ko‘ngillilari termasa — paxtani kim terishi kerak? U o‘qituvchi, shifokor yoki fermer yollagan ishchimi, farqi yo‘q — davlat terilgan paxtaning pulini to‘layapti! Oziq-ovqat bilan ta’minlayapti! Paxta dalalarida mehnat qilayotganlarga sovg‘a-salom, tashakkurnomalar, pul mukofotlari, madaniy hordiq chiqarishlari uchun kontsert dasturlari…

Xo‘sh, yana nima qilish kerak? Nima qilsak, qulog‘imiz tinch bo‘ladi?! Paxtani termasakmi yoki ekmasak? 

Statistik ma’lumotlarga murojaat etsak…

O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularning aksariyati o‘quvchi va talaba. O‘zbekiston hukumati o‘quvchi va talabalarning paxta dalalariga chiqishini allaqachon man etgan. Talaba, garchi qishloq xo‘jaligi sohasida o‘qisa ham, terim vaqti paxta dalasiga bora olmaydi. Aholining qolgan 40 foizini esa o‘rta yoshdagilar va keksalar tashkil etadi. Ana shu 40 foizdan chamasi 15–20 foizi keksalar. Demak, 20 foiz aholi kuchiga tayanishga to‘g‘ri kelyapti… Bundan 90 foizi uyushgan, jamiyatda o‘z o‘rnini topganlar. Oldimizda esa bir yo‘l qolyapti. O‘quvchi va talabalarga tegmaymiz, keksalarga hurmat ko‘rsatib, o‘sha 20 foiz ichidan ko‘ngillilarni paxta dalasiga jalb etamiz… Endi o‘ylab ko‘ring, O‘zbekiston kimning kuchiga, kimning mehnatiga tayansin? Axir paxtamizni chetdan birov kelib terib bermaydi-ku! 

O‘zbekistonni paxta boqadi, degan jo‘n fikr bugun o‘zini oqlamay qo‘ygani barchaga ma’lum! Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston paxtasining dunyo bozoriga chiqishi, bozorda xaridorgir bo‘lishi mamlakat iqtisodiyotiga foyda bo‘lsa borki, zarar emas. 

Keling, shu o‘rinda tarixga murojaat etsak. 1990 yilda O‘zbekistondagi yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish sobiq Ittifoqdagi 15 ta respublika orasida 12-o‘rinda turardi. Milliy daromad ishlab chiqarish Ittifoqdagi ko‘rsatkichning 50 foizini, xalq iste’mollari mollari ishlab chiqarish 40 foizni tashkil qilgan. O‘sha davrlarda qolgan mahsulotlar O‘zbekistondan tashib chiqib ketilgan paxta o‘rniga boshqa mamlakatlardan olib kelingan. Olib chiqib ketilgan mahsulot bilan bizga keltirilgani orasidagi kamomad 898 million rublga teng bo‘lgan. Buning oqibatida respublika aholisi iste’mol qiladigan go‘sht, sut mahsulotlari va tuxum o‘rtacha Sovet Ittifoqi aholisiga nisbatan 50 foizni tashkil qilgan. 75 foiz o‘zbekistonliklarning iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojlari boshqa respublikalardan mahsulot yetkazib berish hisobiga to‘ldirilgan. Aholining aksariyati oyiga atigi 70 rubl daromad olgan. O‘shanda respublikadagi bolalar o‘limi ko‘rsatkichi dunyodagi yuqori o‘rinlardan birini egallagan. 

Eng qizig‘i shundaki, paxtani eksport qilishdan tushgan barcha valyuta mablag‘lari Moskvada qolardi. Yillar davomida o‘zi ekkan, yetishtirgan va ikki bukilib tergan paxtasidan o‘zi emin-erkin foydalana olmagan O‘zbekiston xalqi aybdor ham deb topildi. Buni tarix “Paxta ishi” voqealari bilan yaxshi eslaydi. 

80-yillarda O‘zbekiston aholisi qancha edi? Hozirgining yarmi — 16 million atrofida. O‘shanda O‘zbekistondan markazga 6 million tonnadan ortiq paxta yetkazib berilardi. Ta’lim dargohlarida o‘qish jarayoni to‘xtar, davlat tashkilotlari, korxona va muassasalarning asosiy e’tibori yig‘im-terimga qaratilardi. Paxta o‘zimizda qolarmidi? Yo‘q, 6 million tonna paxtani yiqqan o‘zbekning o‘zi to‘shakka, issiq kiyimga zor qolardi! 

Keksa avlod yaxshi xotirlaydi. Paxta terimi o‘sha vaqtlar deyarli 4 oy — 25 dekabrga qadar davom etardi. Hatto yangi yilni qahraton sovuqda, muzlab yotgan paxta chanoqlari orasida qarshilaganlar ham talaygina… 

Bugun-chi? Bugungi kunni o‘sha vaqtlar bilan tenglashtirishga vijdonan haqlimizmi? Ayni damda O‘zbekistonning aholisi qariyb 32 millionga yetgan. Paxta dalalaridan terilayotgan mahsulot esa 3 million tonnani ham tashkil etmayapti. Yig‘im-terim mavsumi bir yarim oy davom etyapti, xolos. Paxtamiz esa o‘zimizda qolyapti, istasak sotamiz, istasak to‘shak qilamiz… Endi ham nolishga haqlimizmi? 

Xo‘sh, bugun o‘zbekistonliklar majburiy mehnatga jalb etilyapti, deb jar solayotgan, asli o‘zbek, o‘zbekistonlik bo‘la turib oldiga tashlangan chaqa uchun tap tortmay Vataniga tosh otayotganlar o‘sha davrlarda qaerda edi?!

6 million tonna paxta topshirib, evaziga jazo olayotgan dehqon, terimchilar taqdiri ularni qiziqtirganmi? Kunu tun paxta dardi bilan yashagan, uyidagi tomorqasiga ham paxta ekkan, “plan”ni topshirishni eng oliy vazifasi deb bilganlarning taqdiri-chi, ular bilan qiziqqanmi? Bizningcha, yo‘q! 

Yaqinda “BBC” axborot agentligi O‘zbekistondagi nashr axborotiga tayanib, Toshkent  — Andijon — Toshkent poezd qatnovlari bekor qilingani, poezdlar paxta terimiga “mardikor” tashish uchun safarbar etilganini yozadi. 

E’lon qilingan maqola matniga e’tibor bering…

“…Bir asr oldin, 1916 yilda o‘zbekistonliklar Chor Rossiyasi tomonidan Rossiyaga mardikorlik qilishga majburan olib ketilgandi. Bu majburlashlar xalq qo‘zg‘olonlariga sabab bo‘lgan.

Tarixchilar o‘sha davrda xalq orasida majburiy mehnatni gapirish taqiqlanganligini aytishadi. Shunday bo‘lsa-da, odamlar ushbu zulmni qo‘shiqlar to‘qish orqali aks ettirgan.

Mardikorlar ro‘yxatida 566-raqam bilan qayd etilib, Andijonning Oqyor guzaridan mardikorlikka safarbar etilgan 31 yoshli Xudoyberdi Qoraboev “Do‘ngaligim” she’ri muallifi bo‘lgan. She’r o‘sha vaqti o‘zbeklarning milliy qo‘shig‘iga aylangan”, deb yozarkan “BBC” yuqorida nomi keltirilgan she’rni ilova qiladi va bugun O‘zbekistonda majburiy mehnat qanday ekani yuzasidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga savol bilan yuzlanadi. 

“Qalampir.uz” tahririyati holatni o‘rganish uchun Toshkent vokzaliga yo‘l oldi. Toshkent — Andijon — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha chiptalar 57 ming so‘mdan 185 ming so‘mgacha baholangan bo‘lib, sotuv hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda. “Joy yo‘q, kuting” degan javobni olmadik har holda. Bundan ko‘rinib turibdiki, majburiy mehnatga jalb etish, paxtani deb ish joylarini tashlab ketish kabi holatlarining aksariyati bo‘rttirma va shunchaki o‘ylab topilgan navbatdagi g‘iybatlardan o‘zga narsa emas!

“BBC”ning yozganlarini o‘qib shu fikrga keldim… 1916 yilda Rossiya o‘rmonlariga majburiy mehnatga jalb etilgan o‘zbeklar kim uchun ishlagan edi. O‘zbek bolasi paxta dalasini ko‘rib ulg‘aygan, o‘rmonda daraxt to‘ntarib emas! Birovning hashamatli saroyini isitishga o‘tin yetkazib berish uchun sog‘lig‘i, oilasi, Vatanidan ayrilib, izg‘irinda daraxt kesib, o‘tin tashishga olib ketilgan yigitlarning o‘sha davrlarda chekkan azoblarini bugun o‘z Vatanida, paxta dalasida mehnat qilayotgan o‘g‘lonlar bilan solishtirish qanchalik to‘g‘ri? Muhimi, shu – mehnat ham, rohat ham o‘zimizniki!  

Xalqaro OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini qahramon ko‘rsatib, majburiy mehnatga qarshi chiqib, paxta terimini ham majburiy mehnatga mengzayotganlarning fikricha, paxtani kim terishi kerak?

Bolalar tersa — voyaga yetmagan deyishadi! Talaba tersa — o‘qishi qolib, dalada yuribdi… Kattalar tersa — majburiy mehnat! Muammo haqida gapirishdan osoni yo‘q, lekin uning yechimini ham ko‘rsatish kerakmi? 

Yig‘im-terim mavsumi va unga ommaviy jalb qilinish haqida gap ketganda, bu holat faqat O‘zbekistonda kuzatilmasligini ham unutmaslik darkor. Rossiyada ommaviy kartoshka terimi, Braziliya va Kolumbiyada qahva terimi, Shimoliy Kavkaz o‘lkalarida mandarin, Shri-Lankada choy bargi terimlari hamon bor. Paxta terimiga kelsak, AQSh, Xitoy va Pokistonda ham odamlar ommaviy paxta terimiga jalb etiladi. 

To‘g‘ri, rivojlangan mamlakatlar tajribasi biroz boshqacha. Yig‘im-terim ishlari bilan shug‘ullanuvchi va mavsumga qarab turli dalalarda mehnat qiluvchilar uchun yollanma ishchilar shirkatlari tuzilgan bo‘lib, ular yotoq va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi. Hosilning har kilogrami uchun pul ham oladi. Qaysi mavsumda, qaysi dalada mehnat qilganiga qarab mehnat daftarchasiga davriy mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar qayd etiladi. Qarabsizki, terimchi oddiy ko‘ngilli emas, rasman ishchiga aylanadi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda ham bunday shirkatlar va dala ishlariga jalb etiladigan mavsumiy ishchilar bormi? Umid qilamizki, tez orada buning ham yechimi topiladi. Muammo yo‘q emas, bor. Faqat ular haqida yotig‘i bilan, yechimini ko‘rsatib, shunchaki uvvos solmay, tushuntirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Har holda hech bir mamlakat o‘zining ertangi taqdiriga befarq emas. 

So‘zimiz so‘ngida O‘zbekistondagi paxta terimi asosiy mavzusiga aylantirgan OAVdan masalaga panja ortidan qarab, ko‘r-ko‘rona qoralashni maqsad qilmay, vaziyatga xolis baho berishlarini so‘ragan bo‘lar edik.


Qamariddin SHAYXOV, 

jurnalist, “Qalampir.uz” sayti rahbari

 

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − eighteen =