Navniholni egmang!

Erta bahor. Tabiat uyg‘onmoqda. Barcha o‘simliklardan eng barvaqt sho‘x va betakror mitti boychechak bosh ko‘taradi, husni ko‘zni quvnatadi. Lekin ko‘klamga xos beqaror ob-havo — sovuq yo sel ularni savalab nobud etadi. Nozik gulg‘unchalar esa qayta tiklanmaydi…

 

 “ZO‘R” TV tijorat telekanalida namoyish etilayotgan “Indigo” ko‘rsatuvida ham tabiatning beshafqat qonuni namoyon bo‘layotgandek, nazarimda. To‘g‘ri, mazkur ko‘rsatuv yosh iqtidor egalarini kashf etish, ularni ommaga tanitib, ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida efirga uzatilayotgandir. Biroq g‘oya mualliflari tomonidan inobatga olinmagan ayrim xato va kamchiliklar oqibatida endigina iqtidorini namoyon etayotgan, o‘zligini shakllantirayotgan aksar ishtirokchilar ruhini cho‘ktirib, o‘rni kelganda o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda, desak to‘g‘ri gapni aytgan bo‘lamiz. Chunki pedagog bo‘lganim uchunmi, ushbu ko‘rsatuvda iqtidorli yoshlarni kashf etib, ularni elga tanitishdan ko‘ra iste’dodlarni saralash, “kim zo‘r?” taomilida bellashish kuchliroqdek tuyildi menga. Ishtirokchilarning yosh tafovuti, qobiliyati, namoyon etayotgan yo‘nalishlar turliligi, yashash joyidagi shart-sharoitlari ham hisobga olinmay baholanmoqda, “tanlanmoqda”. 

Hakamlarning aksari san’atkor, aktyor va sportchilar. Vaholanki, ko‘rsatuvda matematika, raqs, til bo‘yicha bellashayotganlar talaygina. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sohaga aloqador bo‘lmagan hakamlar  tomonidan ishtirokchilarni adolat mezoni asosida tanlash mumkinmikan?! 

Bir misol keltirsam: ko‘rsatuvning 29 oktyabrdagi sonida sakkiz yoshli va o‘n uch yoshli ikki ishtirokchi matematika fani bo‘yicha bellashdi. Biroq oradagi tafovut hisobga olinmadi.

Aksar hollarda esa chekkaroq viloyatlardan turli shart-sharoitga qaramay o‘z qobiliyatini tarbiyalab, rivojlantirib kelayotgan ishtirokchilar qolib, barcha shart-sharoitlarga ega muhitda ulg‘ayayotganlarga yon bosiladi. Yo‘nalishlar turliligining inobatga olinmasligi esa baridan-da o‘tib tushadi. 

Tanlov talabigi ko‘ra, eng zo‘r bir nafar ishtirokchi hakamlar tomonidan, yana biri ijtimoiy tarmoqlarda ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Deylik, ko‘rsatuvning bir sonida 5-6 ta bola ishtirok etsa, ularning ikki nafari tanlab olinsa, qolganlari tushkun, xafa kayfiyatda uni tark etishadi. Shu o‘rinda bir mantiqli savol tug‘iladi: iqtidorni tanlash mumkinmikan o‘zi?! 

Bir-birini takrorlamas qobiliyati, iste’dodi bilan ishtirok etayotgan qatnashchilarni ko‘rib, haqiqatda ularning “indigo”ligiga shubha qilmaysiz. Biri oyog‘ida kubik-rubikni yig‘sa, biri ulardan rasm yarata oladi. Boshqa birovi yozuv-chizuvsiz, hech qanday kalkulyatorsiz istalgan ko‘paytiruv amallarini bajara oladi. Ikki yoshli bolakay esa kirill alifbosidagi so‘zlarni bemalol o‘qib, sonlar va matematik figuralarni aytib, barchani lol qoldirdi. Ishtirokchilarning deyarli barchasi shunday hayratomuz va aql bovar qilmas talantga ega.  Biroq bu ko‘rsatuvni ko‘rish mobaynida guvohi bo‘lyapmanki, tanlovda yuqori bosqichga o‘ta olmagan kichik yoshli qobiliyat egalarining o‘ziga bo‘lgan ishonchi dovulda qolgan niholdek egilib sinyapti. Hakamlarda “meni tanlang” qabilidagi iltijoli nigohlari qolib ketyapti. Ularning bu holatini ko‘rib, o‘tolmagan ishtirokchilarning ertangi kuni nima bo‘ladi, bunga kim javob beradi, deya o‘ylanasan kishi.

 

Yagona taklifim: ko‘rsatuvning bosh maqsadi yosh iqtidor egalarini tanlash emas, ularning qobiliyatini namoyish etish bo‘lsagina, o‘z faoliyatini davom ettirsin. Yo‘qsa, navnihollarni sindirib, qalbiga ozor yetkazmasin. Yaxshisi, FAOLIYaTINI TO‘XTATSIN!

 

Shahnoza SHOABDURAHIMOVA,

pedagog

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + eleven =