MAKTABGACHA TA’LIM: MUAMMO, MUNOSABAT, IMKONIYAT

Bola tarbiyasida azaliy qadriyatlarimiz bor, bu-ku yaxshi, pirovardida kun sayin o‘zgarib borayotgan zamon talablari bilan ham hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Imoratning mustahkam bo‘lishi poydevorga bog‘liq, degan eski aqidaga ko‘ra, farzandlarimizni go‘dak yoshidan har tomonlama parvarishlab voyaga yetkazish qanchalik muhimligini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Buning uchun ota-onaga ko‘makchi bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rnini hammamiz yaxshi anglaymiz. Biroq tizimdagi ko‘plab muassasalarda yig‘ilib qolgan muammolar ushbu vazifani bajarishga xalaqit bera boshlagan edi.

   

– Bolam Chilonzor tumanidagi 407-maktabgacha ta’lim muassasasiga boradi, – deydi shu hududda yashovchi Gulmira Mo‘minova. – Bu yerdagi shart-sharoitdan ham, munosabatdan ham qoniqmayman. Jihozlar eskirib ketgan, bino, isitish tizimi ta’mirtalab. Har qanday ehtiyoj ota-onalardan yig‘ib olingan mablag‘ evaziga qondirib kelinyapti. Buyam mayli, suyagi qotmagan murg‘ak bolalarimiz kunini quyosh nuri tushmaydigan, zax tortib ketgan xonalarda o‘tkazishini tasavvur qilavering. Xonalar qishki mavsumga o‘tilgandagina biroz isiydi (bolalar bog‘chalarida isitish tizimlarini alohida ajratib, binoning o‘zidan o‘chirib-yoqishning ilojini topishsa, farzandlarimiz salomatligidan biroz ko‘nglimiz to‘q bo‘lardi). Eng qizig‘i, yonma-yon bo‘lgan rus va o‘zbek guruhlaridagi shart-sharoit ikki xil. O‘g‘lim boradigan o‘zbek guruhiga ajratilgan xonaga kirsam, u yerdagi ahvoldan ko‘nglim cho‘kadi. Eski, qiyshayib ketgan stollarda ovqatlanishadi, shu yerda mashg‘ulotlar o‘tiladi. Rus guruhidagi xona jihozlari har holda ancha tuzuk. To‘lovi bir xil bo‘laturib, nega yaratilgan sharoit ikki xilligiga hayronmiz. Buyam ota-onalarning yordami-imkoniyatidan kelib chiqib yaratilgan sharoitdir, balki… 

Bu bir onaning birgina maktabgacha ta’lim muassasasi ahvolidan atroflicha  bergan ma’lumoti, xolos. Afsuski, ko‘plab muassasalarda xuddi shunday manzaraga duch kelish va xuddi shu kabi shikoyatlarni eshitish mumkin. Tizimda to‘planib qolgan qator muammolar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham qayd etilgan. Jumladan, unda muassasalarning moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermasligi, tizimda faoliyat yuritayotgan aksariyat kadrlar o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, bu bolalarni maktab ta’limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermasligi ta’kidlanadi. 

Darhaqiqat, maktabgacha ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasi bejiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmadi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu boradagi ishlar har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirilmasa, butun ta’lim tizimida sifat o‘zgarishiga erishish, ta’limning uzluksizligini ta’minlash oson kechmaydi. Xo‘sh, yangi tashkil etilgan vazirlik ishni nimadan boshladi va rejalar qanday?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni vazirlik oldiga qator vazifalarni qo‘ydi, – deydi Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Gulchehra Yo‘ldosheva. – Bu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqishdan tortib, ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta’lim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan, nodavlat sektorida joriy etishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarni ta’minlash, tarbiyalanuvchilarni ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlantirishni ta’minlash uchun munosib sharoitlar yaratish, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda ularning hayoti va sog‘ligini himoya qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish singari muhim masalalarni maqsad qilganmiz. Farmonda ta’kidlanganidek, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olish o‘ttiz foizni tashkil etadi. Ushbu foizni ko‘tarish maqsadida respublika hududlarida alternativ (muqobil) maktabgacha ta’lim berish shakllari, jumladan, qisqa muddatli guruhlar joriy etilgan. Bunga asosan 5-7 yoshli bolalar jalb qilingan bo‘lib, shu kunga qadar ularda 2700 nafardan ziyod bola ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, faoliyat yuritmayotgan, noqonuniy begonalashtirilgan (boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berib yuborilgan) maktabgacha ta’lim muassasasi binolarini vazirlik tizimiga qaytarish, shuningdek, faoliyat ko‘rsatayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida yopiq guruhlarni ochish natijasida tizimga qamrab olinmagan bolalarning aksariyatini ta’limga jalb qilish ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqichda maktabga tayyorlov guruhi, ya’ni 6-7 yoshdagi bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan…

Ayni paytda ko‘pchilikni davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligidagi muassasalarni tashkil etishning maqsad va vazifalari, ularning boshqa MTMlardan farqi qiziqtirmoqda. Suhbatdoshimiz ushbu savolga quyidagicha javob berdi:

– Avvalambor barcha – davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, qisqa muddatli guruhlar, davlat xususiy sherikchiligi asosida yuritilayotgan maktabgacha ta’limning asosiy vazifasi, bu – bolaga sifatli ta’lim-tarbiya berishdan iborat. Respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarni muassasalarga bosqichma-bosqich qamrab olishni ta’minlash uchun ularga soliq imtiyozlari va preferentsiyalar berish, byudjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, ta’lim-tarbiyaning muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish borasida ham bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan, hozirgi kunda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari binolarini davlat sherikchiligi asosida jismoniy shaxslarga shartnoma asosida berish orqali yopiq guruhlar, maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etila boshlandi.  Ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir masala — endilikda guruhlarda 25 nafardan ortiq bola qabul qilinmaydi, bu jarayon to‘xtatildi. Yangi yildan boshlab esa sinov tariqasida Toshkent shahrining bir necha tumanlarida onlayn qabul tizimi joriy qilinadi. Bunda ota-onalar «Yagona darcha»ga murojaat qilib, o‘z farzandlarini muassasalarga joylashtirish ishini hal qilishlari mumkin. 

Ma’lumki, joriy yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda farzandlarimizni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali  va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarning ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish ko‘zda tutiladi. Mazkur qarorga muvofiq hozirgi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan tarbiyachilarga kvotalar ajratilib, ular suhbat asosida oliy o‘quv yurtlarining maxsus sirtqi yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilindi. Shu bilan bir qatorda, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini zamon talablari darajasiga ko‘tarish, ta’lim-tarbiya ishlari samaradorligi va kadrlar salohiyatini oshirish, tizimni takomillashtirish borasida YUNISEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda dastlabki seminar tashkil etilib, unda vazirlikning bir yillik ish rejasi, me’yoriy hujjatlari va yangi zamonaviy ta’lim-tarbiya dasturi xususida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, tizimdagi amaliyotchi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi shakllantirildi. Endilikda ular tajriba almashish maqsadida Koreya Respublikasi, shuningdek, qadriyatlari milliy an’analarimizga yaqin bo‘lgan boshqa xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga chiqishadi…

Tizimdagi ushbu xayrli ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan boshlangan edi.  Unda 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2.2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Darvoqe, maktabgacha ta’lim tizimida boshlangan bugungi islohotlardan nafaqat ota-ona, davlatimizning ham umidi katta…

 

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =