Dilda istak so‘nmasa

Temur aka bilan dastlab “Tong yulduzi”, keyinchalik “Gulxan” jurnalida birga ishladik. Temur aka jamoamizga tezda singishib ketdi. Nafaqat o‘ziga, mualliflarga ham o‘ta talabchan edi. Hikoyasimi, she’rimi, ertagimi — barchasini astoydil tahrir qilar, bolalarga tushunarli va qiziqarli bo‘lishiga intilardi. Mualliflar ham “Temurvoy, eti — sizniki, suyagi — bizniki. Ishonamizki, ism sharifimizga qalam urmaysiz”, deb hazillashardilar. Surhondaryodan — Hamid Badalov, Namangandan — Robiddin Ishoqov, Andijondan Muqimjon Niyozov, Muqimjon Qodirov, Odil Abdurahmon, Samarqanddan Meli Boboqulovning asarlari ana shu tariqa chop etilardi.

Fantast yozuvchi Hojiakbar Shayhov, folklorshunos olim Malik Murodov yozgan narsalarini boshqa tahririyatlarga olib borishdan avval Temur akaning nazaridan o‘tkazib olishardi. “Gulxan” o‘sha paytlarda bolalar adabiyotining chinakam minbariga aylandi. Muzayyana Alaviya, To‘xtasin Jalolov, o‘ayratiy, Shuhrat, Asqad Muxtor, Hakim Nazir, Mirmuhsin ham tez-tez tahririyatga kelib turardi. Aytmoqchi, o‘sha paytda “Gulxan” qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan, rahbari Temur Ubaydullo bo‘lgan “Yosh qalamkash” to‘garagining dovrug‘i ham keng tarqalgan edi. “Gulxan”da bo‘limga ishga o‘tgan kunimning ertasiga “Binokor” xokkey jamoasi faoliyat yuritadigan “Alpomish” sport saroyidagi muz ustida figurali uchish sektsiyasidan maqola yozishga yuborishdi. Dilorom Ibrohimova degan qizcha va uning murabbiyi bilan suhbatlashib keldim. Keyin lavha yozdim. Lekin sarlavha topolmadim.
– Jurnalistning asl mahorati chiroyli sarlavha topa bilishida, – kuldilar Temur aka lavhani o‘qigach. – Yomon yozmabsan. Sal qalam tegizdim, xolos. Uzr, – dedilar qo‘lyozmani menga uzatib.
Mashinkalangan matn lolaqizg‘aldoq bo‘lib ketgandi. O‘zim ham loladay qizarib ketdim.
– Sen qizarma, birinchisiga yomon emas, – dedi Temur aka, – kel unga yaxshi niyat bilan “Dilda istak so‘nmasa” deb sarlavha qo‘yamiz. Bu sening ham, qahramoningning ham orzusi haqida. Sarlavha menga ham, jurnalda bosilgach, ustozlarga ham ma’qul bo‘ldi. Shu-shu biror narsa yozsam, chiroyli sarlavha topishga harakat qilaman, ko‘z oldimda ustozning sinovchan nigohi turadi.
Temur aka “Toshkent oqshomi”da tajribali jurnalistlar Solih Yoqubov, Mahmud Komiljonov, Abdulla Po‘latov bilan yelkama-elka turib gazetaning o‘quvchisi ko‘payishiga o‘z xissasini qo‘shdi. Sahifalarida uning taniqli jamoat arboblari, mashhur kishilar bilan diltortar gurunglarini gazetxonlar orziqib kutardi. Temur Ubaydullo tashkil qilgan “Bir asar tarixi” ruknida eng yaxshi romanlar, dramalar, qo‘shiqlar, kartinalarning yaralish tarixi juda qiziqarli ta’riflanardi. Keyinchalik ular “Sarg‘aymagan sahifalar”, “Yulduzli marjonlarim” kitoblaridan o‘rin oldi. Ijodkorning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni sohibi bo‘ldi
Temur akaga ishboshilik layoqati respublika faxriylarining “Nuroniy” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan chog‘larida juda qo‘l keldi. Bu yerda nafaqadagi jurnalistlar bilan aloqani mustahkamladi.
Dilbar she’rlari, dostonlari bilan muxlislar qalbini rom etgan adib keyinchalik nasrga qo‘l urdi. Yillar orttirgan tajriba, yo‘llar ko‘rsatgan hayotiy voqealar asar bo‘lib qog‘ozga to‘kildi. U “Pastlab uchgan turnalar” nomi bilan o‘quvchi qo‘liga yetib bordi. Har biri o‘ziga xos tasvir ham, bayon ham bir-biriga o‘xshamasa-da, mantiqan bir-birini to‘ldirgan. Lo‘nda aytganda, asardan asarga adibning qalami charxlanib, muallif odamlar taqdirini teran mahorat bilan ochib beradi.
“Gulxan” jurnalining 1976 yil iyun soni o‘n uch yoshlilarga bag‘ishlandi. Xodimlarning barchasiga vazifalar bo‘lib berildi. Temur akaga Said Ahmaddan o‘n uch yoshlilar haqida yaxshi hikoya undirib kelish topshirildi. O‘sha kundan Temur aka domlani uyiga tanda qo‘yib oldi.
Bu yoqda To‘lqin aka, “Hikoyani qachon olib kelasan”, deb qo‘ymaydi. Iloji yo‘q. Ertasiga Temur aka yana Said Ahmad eshigini taqillatib bordi. Ostonada yana o‘sha “xira” bolani ko‘rib domla rosmana xunob bo‘ladi:
– Yana senmi? Sen prosto yelim emas, super yelim ekansan! Bo‘pti, ertaga uyushmaga bor. Bir amallarman! deydi.
Shunday qilib, Temur aka Said Ahmaddan “O‘n uch yoshimda o‘n uch xil orzum bor edi” ajoyib maqolani undirib keldi. Maqola maxsus sonda e’lon qilingach, Said Ahmad Narimon akaga telefon qilibdi: “Juda yaxshi ish bo‘ldi. Bahonada bolaligimni bir eslab oldim. O‘sha yelim bolaga rahmat. Dehqontabiat, do‘lvorgina bola ekan, ko‘zdan qochirmanglar!”.

Muhabbat HAMIDOVA
jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 1 =