Oydinda yurgan odamlar

Har yili mehnat ta’tilida ota yurtim Buxoro tomon yo‘l olaman. Va har gal, albatta, talay yangilik meni qarshi oladi. O‘tgan yili viloyatdagi eng chekka qishloqlarda ham “Toza hudud” shiori ostida harakatlanayotgan “Maxsustrans” xizmati mashinalarini ko‘rib hayron qolgandim. Bir paytlar Kuynaro‘t kanali xas-xashak, go‘ng, turli jonzotlar jasadi bilan to‘lib oqardi. Xayrli tashabbus tufayli bugun qishloq ahli chiqindisini idishlarga solib, mashina kelishini kutadi. Kanal suvi ham toza, ko‘chalar ham obod.

Bu galgi o‘zgarish va yangilanishlar o‘zgacha. Keling, bir chekkadan boshlaylik. Shofirkon tumanida Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon ziyoratgohi bor. Hazrat Abdulxoliq o‘ijduvoniyning to‘rtinchi xalifasi bo‘lmish Xo‘ja Orif haqida Mahdumi A’zam Dahbediyning “Maqomoti Xo‘ja Abdulxoliq o‘ijduvoniy” asarida shunday deyiladi: “Xo‘ja Xizr Hazrat Abdulxoliq huzurlariga kelardilar. Shu paytda Hazratning hamma shogirdlarini uyqu bosardi. Suhbat tugab, Xo‘ja Xizr ketganlaridan so‘ng shogirdlari beixtiyor uyqudan uyg‘onardi. Shogirdlar orasida eng yoshi hisoblangan Xo‘ja Muhammad ar-Revgariy Xo‘ja Xizr suhbatlaridan bahramand bo‘lay deb, ko‘zlariga tuz sepdilar va og‘riqning qattiqligidan u kishiga uyqu g‘alaba qilolmadi. Suhbatdan bahramand bo‘ldilar. Bu holni ko‘rib Xo‘ja Xizr dedilar: “Siz Orif bo‘lgaysiz, inshoalloh!” Xo‘ja Xizr nafaslarining barokotidan butun dunyoga Xo‘ja Orif nomi bilan mashhur bo‘ldilar.”
Ana shu zotning manzili bo‘lgan mazkur ziyoratgoh 1998 yil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, tashkilot maqomini oldi. Besh-olti yil oldin hududda “Mohitobon bog‘i” barpo etilib, zamonaviy ma’muriy bino qurildi. Biroq uzoq-yaqindan ziyoratga keluvchi sayyohlar hordiq chiqarishlari uchun mehmonxona ham, hatto tayinli avtoturargoh ham yo‘q edi. Mana endi ikki-uch oydan so‘ng Shofirkon tomonlarga yo‘lingiz tushsa, u yerlarni taniyolmasligingiz aniq. Sababi, ayni kunlarda tuman markazi, qadamjo va uning atrofida keng ko‘lamda qurilish-obodonlashtirish ishlari ketmoqda. Barcha qulayliklarga ega zamonaviy mehmonxona qad ko‘tarmoqda. Mashhur “Yetti pir”ning biri — Mohitobon ziyoratgohi joylashgan Shofirkon tumani ham yaqin kunda go‘zal turistik manzillardan biriga aylanishi shubhasiz.
“Jamoatchilik nazorati” maskani peshlavhasi o‘rnatilgan ixcham uylarga ko‘zimiz tushadi. Biroq negadir aksariyati yopiq. Taksichining so‘zlaridan so‘ng masala biroz oydinlashgandek bo‘ladi: “Bizning qishloqlar ham shahringizdan qolishmayapti, singlim. Zamonaviy do‘konu tamaddixonalar deysizmi, namunali uylar yoki xususiy shifoxonalar — endi bizda ham bor. Mana bu uychalarni ko‘ryapsizmi, qisqa fursat ichida tumanimizdagi barcha mahallalarga o‘rnatildi. Ularning asosiy vazifasi sizu bizni qo‘riqlash, farzandlarimizni jinoyat ko‘chalaridan asrash. Ularning berkligiga hayron bo‘lmang, kechki mahal yana bir aylaning, hammasini ish ustida ko‘rasiz…”
Huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi bu maskanlar, asosan, tunda faoliyat yuritadi. Suhbatga yo‘lovchilardan biri — yoshi ulug‘ onaxon qo‘shildi: “Shu maskanlarning qurilgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da, bolam. Ilgarilari qishloqda o‘g‘ri chiqibdi, degan gapni eshitsak, to‘yu-hasham u yoqda tursin, qarindosh-urug‘nikiga ham borishga ikkilanardik. Ikki-uch yil ilgari ko‘pchilikning qo‘ylari, qoramollari yo‘qolganini eshitganimizdan so‘ng yurak oldirib qo‘ygandik. Shukr, bugun ancha xotirjammiz. Nazorat bor. Ko‘chada mast-alastni uchratmaysiz.”
Gap-gap bilan manzilga yetganimizni ham bilmay qolibmiz.
Jazirama dastidan polizlardagi ayrim ko‘chatlar qovjirabdi. Biroq hovlimizga yondosh qo‘shnining issiqxonasida hosil gurkirab o‘smoqda. Yoqutdek qizargan pomidorlar ko‘zni olaman deydi. Yarim yil oldin tashlandiq yotgan bu yerda biror nima o‘sishi dargumon edi. Bank krediti va mehnat evaziga toshloqdan polizga aylangan yer bugun butun qishloqni pomidor bilan ta’minlayotganiga qoyil…
Darvoqe, bular men qisqa fursat ichida eshitgan va ko‘rganlarim. Hali bilmaganlarim qancha!..    

Go‘zal TURSUNPO‘LATOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + six =