Mahorat maktabi

Toshkentdagi “Matbuotchilar uyi”da Harakatlar strategiyasini yoritishda ommaviy axborot vositalarining roliga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi. “Hurriyat” mustaqil gazetasi tahririyati tomonidan O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti  talabalari uchun tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda amaliyotchi jurnalistlar ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va mazkur dasturiy hujjat asosida qabul qilingan davlat dasturining maqsad va vazifalari, ahamiyati va berayotgan yuksak samaralarini ommaga keng tushuntirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani yuksaltirish, mamlakatimiz davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini vujudga keltirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berish jurnalistdan yuksak mahorat, katta mas’uliyat va izchil faollik talab qiladi.

Bu borada “Hurriyat” gazetasi tahririyati tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Harakatlar strategiyasi — yuksalish strategiyasi” mavzuidagi loyiha bo‘yicha gazetada o‘tgan davr mobaynida o‘nlab maqola, suhbat, reportaj va intervyular chop etildi. Ularda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari xususida nafaqat jurnalistlar, balki tahririyat atrofiga birlashgan keng mualliflar va ekspertlar guruhi, jumladan, taniqli olimlar, mutaxassislar, yosh qalamkashlar, talabalar o‘z fikr-mulohazalarini ochiq-oydin, batafsil bayon etgan. O‘tkir muammolar tahliliy va tanqidiy ko‘tarilgan, amaliy takliflar ilgari surilgan dolzarb mavzulardagi materiallar gazetxonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bunda gazeta mualliflari o‘rtasida tashkil etilgan “Harakatlar strategiyasi: taraqqiyot va demokratiya poydevori” mavzuidagi eng yaxshi materiallar tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tanlovda, yosh jurnalistlar, jumladan, talabalar ham ishtirok etayotgani e’tiborga molik.

Seminar-treningda talabalarga Harakatlar strategiyasini yoritishning o‘ziga xos jihatlari, Harakatlar strategiyasiga oid materiallarda til va mahorat masalalari, Harakatlar strategiyasi va jurnalist surishtiruvi kabi mavzularda batafsil ma’lumot berildi. Yosh jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldilar.

Sholaziz SHOXIDOYEV

“Hurriyat” muxbiri

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =