O‘ZBEKISTON — ROSSIYA: Jurnalistlar hamkorligi mustahkamlanadi

O‘zbekiston — Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda izchil rivojlanib va mustahkamlanib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim omil bo‘lmoqda.

 

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir ikki yuzdan ziyod hujjat qabul qilingan. 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ularning eng muhimlaridir. Mamlakatlar BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston va Rossiya vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlardir. Prezidentimizning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakati tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi. 

Xususan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning shu yil 19-20 oktyabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish kelishib olindi. Shuningdek, turli sohalarga oid loyihalarni amalga oshirish yuzasidan yigirmaga yaqin hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining ushbu uchrashuvi oliy darajadagi muntazam muloqotlarning mantiqiy davomidir. O‘zaro ishonch va konstruktivlikka asoslangan siyosiy muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarning uzoq muddatli istiqboli va muhim yo‘nalishlariga zamin yaratmoqda.

O‘zbekiston bilan Rossiyaning fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, turizm, OAV sohalaridagi hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi ijodiy sheriklik so‘nggi ikki yilda yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Rossiya jurnalistlarining mamlakatimizga, o‘zbekistonlik OAV vakillarining Rossiyaga amaliy tashriflarining tashkil etilayotgani shundan dalolat.

Rossiya OAV xalqaro maydonda ham katta salohiyatga ega. Ushbu mamlakat media tuzilmalari bilan aloqalarning mustahkamlanayotgani jurnalistlarimizning mahorati yanada oshishiga xizmat qiladi.

Rossiya Jurnalistlar uyushmasining tashkil etilganiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan Moskva shahrida katta tantanalar tashkil etildi. Rossiya Jurnalistlar uyushmasi — mamlakat media olamida katta nufuzga ega tashkilotning 100 mingdan ortiq a’zosi bor.

Yubiley munosabati bilan Moskvaga dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatlar jurnalistlar tashkiloti rahbarlari taklif etildi. Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov ham ishtirok etdi.

Yubiley tadbirlari doirasida Rossiya Jurnalistlar uyushmasi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi.

— O‘zbekiston va Rossiya Jurnalistlar uyushmalari o‘rtasida tuzilgan jurnalistika sohasida hamkorlik bo‘yicha bitimdan ko‘zda tutilgan maqsad do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov. — Kelishuv doirasida jurnalistlar uchun media turlar, OAV sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha axboriy safarlar tashkil qilinadi, birgalikda media forumlar o‘tkaziladi, mamlakatlarning yirik OAV o‘rtasida o‘zaro bordi-keldilar, hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. O‘zbek jurnalistlarining Rossiyaning yirik OAVda malaka oshirishi, taniqli rossiyalik jurnalistlarning mamlakatimizda mahorat darslari  tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu bitimda belgilangan vazifalar o‘zbek OAV va jurnalistlar faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etishga xizmat qiladi.

Jobir XO‘JAQULOV

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 8 =