Olam sahniga aylangan shahar
San’at ellarni bir-biriga bog‘lovchi rishta. Musiqa ohangida faqat ezgulik, tinchlik tarannum etiladi. Yurtimizda 1997 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali misolida ko‘rish mumkin.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — Mustaqilligimizning 28 yilligi tantanalari arafasida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘n ikkinchi marta o‘tkaziladi.
Ha, bu yil Samarqandning yuragi bo‘lmish Registon ansambli o‘n ikkinchi bor olam sahniga aylanadi. O‘n ikkinchi bor barcha qit’a san’atkorlariyu san’atshunoslari ana shu sahnada jam bo‘ladi. Festival qatnashchilarining soni yil sayin ortib borayotgani, san’at bayrami tantanalari sun’iy yo‘ldosh orqali to‘g‘ridan–to‘g‘ri xorijiy yurtlarga uzatilayotgani, matbuotda keng yoritilayotgani ushbu anjumanning nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat bermaydimi? “Sharq taronalari” musiqa festivalining YuNYeSKO xalqaro madaniy tadbirlari doirasiga kiritilgani ham uning nufuzidan dalolat beradi.
Festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. 18 ta ishchi guruhi shakllantirilib, har bir guruhga bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan. Samarqand davlat chet tillar institutida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali shtabi tashkil etildi. Festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan 14 ta sahna va maydonlarda tayyorgarlik ishlari avjida.
Ayni paytda festival tadbirlariga viloyatning xonanda va sozandalar jamoalarini jalb etish maqsadida madaniyat va san’at muassasalarida faoliyat yuritayotgan, oliy o‘quv yurti va ixtisoslashtirilgan san’at maktabida tahsil olayotgan 40 nafar qobiliyatli xonanda va sozandalarni saralash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, yurtimiz musiqa madaniyati, “Sharq taronalari” festivali tarixiga oid yangi ekspozitsiyalar yaratish borasida ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Registon maydonida milliy cholg‘u asboblari va san’at ahliga oid tarixiy liboslar ko‘rgazmalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada ham hozirlik ishlari boshlab yuborilgan.
SAMARQAND – ERTAKLAR SHAHRI
Qadimshunos olim Amriddin Berdimurodov “Qadimiy So‘g‘diyonaning poytaxti bo‘lgan Samarqand necha bor urushlar, qirg‘inbarotlar girdobida qolgan. Sohibqiron Amir Temur Samarqandni o‘z davlatining poytaxti etib tanlaganida ham u xaroba holda edi. Mo‘g‘ullar istilosi tufayli kunpayakun shaharni tiklashdan ko‘ra yangi Samarqandni bunyod etishni afzal bilgan Sohibqiron, tom ma’noda qadimgi shaharsozlik madaniyatini qayta tiriltirdi, unga yangicha jilo, nafas bag‘ishladi”, deya ta’kidlaydi. Darhaqiqat, Samarqand Amir Temur davrida gullab-yashnadi, bir-biridan go‘zal obidalar, Jome masjidi, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Go‘ri Amir, Shohizinda maqbaralari, shahar ichi va tevaragida 12 ta bir-birini to‘ldirgan jannatiy bog‘lar barpo etildi. Dunyoning turli burchaklaridan keluvchilarning qadami uzilmaydigan gavjum go‘shaga aylandi. Davrlar o‘tib, eski bosqinlar takrorlandi. Qizil imperiya davrida Samarqand yana tanazzulga yuz tutdi. Ming shukrki, Istiqlol tufayli shaharning qadimiy qiyofasi, asliyati zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirilgan holda tiklandi. E’tirof etilmoqdaki, Samarqand Temuriylar davrida qanday shuhrat qozongan, gullab-yashnagan bo‘lsa, mustaqillik yillarida ham ana shunday dovrug‘ qozondi, olamni qayta mahliyo aylay boshladi. Samarqandni ta’riflash, unga munosib so‘z aytish shoirlar, donishlar, sayyohlar uchun yana urfga aylandi. Asrlar osha tillardan tillarga, dillardan dillarga o‘tib kelayotgan go‘zal ta’riflar, yoqimli tashbehlar, maroqli hikmatlar, e’tiroflar shodasi boyiy boshladi.
XORIJLIKLAR NAZARIDA
Keling, qadim va hamisha navqiron Samarqand haqida xorijlik mehmonlarning ko‘ngil so‘zlariga quloq tutaylik:
Xaruma Koshima xonim,
“Sharq taronalari” birinchi xalqaro musiqa festivali hay’ati raisi, Tokio universiteti professori:
— Samarqandning go‘zalligi, ayniqsa, qadimiy obidalar va ular tegrasida mustaqillik davrida amalga oshirilgan uyg‘un tarzdagi obodonchiliklar meni o‘ziga maftun etdi. Shaharning nafosati, odamlarining samimiyati festival ruhida aks etib turganligini aytmaysizmi. Samarqanddan boshqa biror shaharda san’at bayramining bu qadar mukammal va betakror o‘tishiga ishonish qiyin.
Basset Selins xonim (Frantsiya):
— Samarqand nafaqat ko‘hna yodgorliklari, balki zamonaviy inshootlari bilan ham chiroy ochibdi. O‘zimni ko‘xna Sharqning sehrli olamiga tushib qolgandek his qildim.
Xan Myun Mi (Janubiy Koreya):
— Dunyoda yulduzsifat shaharlar barmoq bilan sanarli. Samarqand ularning eng yorqini va nurafshonidir. Chunki, u ma’rifat, madaniyat va ezgulik beshigi sifatida mashhur.
Po‘lat Bulbul o‘g‘li (Ozarboyjon):
— Ko‘zlarimga ishonmayman, Samarqandmi bu, yo ertaklar shahri. Ochig‘i, yaqin orada bunday hayratga tushmaganman. Samarqand nazarimda yosharib ketibdi, me’moriy obidalari asliga qaytgandek. O‘z o‘tmishi, buguni, ertasi uchun qayg‘urayotgan mamlakat, albatta, obod bo‘ladi.
Samarqand haqida bunday ta’riflarni eshitish g‘oyatda maroqli. Ayni paytda samarqandliklar uchun katta mas’uliyat ham. Demoqchimizki, bu fayzli shaharni obod saqlash, shuhratiga shuhrat qo‘shish har birimizning burchimiz.
Orif XOLIQULOV,
“Hurriyat” muxbiri.