Ruhiyat tetikligi — har qanday dardga davo

Bugungi globallashgan dunyoda inson salomatligiga ziyon yetkazadigan omillar ko'p. Bunday paytda tajribali shifokorning maslahati, tavsiyalariga ehtiyoj seziladi. Samarqand viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i, mohir shifokor Davronbek Jumaniyazov ham soha bilimdonlaridan. Uning quyidagi fikrlari o'z sog'lig'iga befarq bo'lmagan har bir kishiga asqotadi, deb o'ylaymiz.

— Hayot nuqul g'alabadan iborat emas. Ba'zan mag'lub bo'lish mumkinligini unutmaslik kerak. To'g'ri, mag'lubiyat alami inson ruhiyatida salbiy iz qoldiradi. Qachonlardir kishini zo'riqtirgan sharoit yoki vijdonini jarohatlagan “o'q”ning asorati kun kelib, ta'sir ko'rsatishi ehtimoldan xoli emas. Ong ostidagi ongsizlikda yotgan o'sha “o'q” qoldiqlari, ruhiy jarohatlar (xotira kasalligi)ni keltirib chiqarish ehtimoli bor. Shuning uchun nevroz, psixopatiya, psixoz kabi ruhiy dunyosi shikastlangan bemorlarni davolash shifokordan katta mas'uliyat talab qiladi. Kasallikni — erkinligi tushovlangan, bukilgan hayot deydilar. Bemorga ruhiy sokin sharoit yaratib bergan shifokorgina unga yordam bera oladi. Kasalga chalingan odamni davolash uchun shifokor psixolog-ruhshunos bo'lishi lozim. Uning mehribonlikka, g'amxo'rlikka to'la so'zi va e'tibori kasallik qilichidan o'tkirroq va ustun bo'lishi kerak. Bunda shifo­kor bemor bilan erkin, samimiy muomala qilishi va uning ishonchini qozonishi katta ahamiyatga ega. Buyuk alloma, tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino bemorlar­ni musiqa, yoqimli qo'shiqlar va jozibali raqslar yordamida ham davolaganligi haqida ma'lumotlar bor.

Mutaxassislar fikricha, insonning “meniki” tuyg'usi “bizniki” tuyg'usidan 20 mar­ta kuchliroqdir. Demak, uning “men”iga e'tiborni kuchaytirish darkor. Ong ostidagi ongsizlik (anglab-anglamaslik) faoliyati har turli jarayonlardan – uyqu, tush ko'rish, har xil gollyutsinatsiyalar, instinktlar (refleks), ilhom, intuitsiya (kuchli sezgi) va boshqalardan iborat. Bularning ba'zilari faol, boshqalari sust yoki pinhoniydir.

Avstriyalik vrach va psixolog Zigmund Freydning fikricha, ijod (kashf) va kuchli sezgi faol ongsizlikdir. Bilish jarayonida onglilik bilan birga ongsizlik ham ishtirok etadi. U shunday misol keltiradi: 27 yashar A.Ignatyevning Parijda cho'yan panjarali hovlisi bor, bu uy uni ilgari ham ko'rganday hayratga solardi, unga juda tanish tuyulardi. Rossiyaga, ota uyiga qaytgach, bu haqda onasiga aytadi. Ma'lum bo'lishicha, bolaligida ota-onasi bilan Fransiyaga safar qilganda shu uyda yashagan ekan. U ushbu safarni unutgan, biroq ko'rgan uyining ramzi miyasida saqlanib qolgan.

Aytishlaricha, buyuk olim D.Mendeleev kimyoviy moddalar davriy jadvalini hamda O'zbekiston riyoziyot maktabi asoschisi va rivojlantiruvchilaridan biri akademik T.Jo'rayev ham bir necha mate­matik masalalarni dastlab tushida kashf etgan. Bunday misollar ko'p. Demak, ijodning kelib chiqishi (genezisi) ongning mahsuloti bo'lsa-da, ongsizlik, ya'ni anglab-anglamaslik paytida, to'satdan ro'y berishi ham mumkin ekan.

Ilohiyotchi nemis faylasufi E.Kant in­son o'z aqli, ilm o'rganishi bilan nari borsa iqtidorli bo'lishi mumkin, haqiqiy ilmiy kashfiyot ulug' insonlarga xos degan edi. Freyd izdoshlari esa ijod (kash­fiyot) tamomila insonning ongsiz, ya'ni miyaning uyqudagi faoliyatiga tegishli, deb hisoblashadi.

She'riyat mulkining sul­toni Alisher Navoiy bir baytida insonni so'z hayvondan ajratdi, bundan ortiq gavhari shariflik yo'q, deydi yoki “Oldiga kelganni yemoq hayvonning ishi, og'ziga kelganni demoq nodonning ishi” baytida ham inson ongi barqaror bo'lishi lozimligini aytadi. Psixologiya fanidan ma'lumki, ixtiyoriy faoliyatimizni idora etuv­chi miya po'stlog'i ichida instinktiv, ya'ni g'ayriixtiyoriy faoliyatlar markazla­ri ham bor. Ular aynan hayvonlarnikiga o'xshab ketadi. Oraliq miyaga mansub talamus va gipotalamus sog'lom odamlarda miya po'stlog'i tomonidan nazoratlanadi, tergalib turiladi, o'zboshimchalik qilishga yo'l bermaydi. Agar miya po'stlog'i bu funksiyadan judo bo'lsa, inson vujudida to'ntarish yuz beradi, shaxs sifatida inqirozga uchraydi. Yeb to'ymaydigan, turli mayllari avj olgan, qahr-g'azabini bosa olmaydigan kimsaga aylanadi.

Shifokorlar orasida bemorning kasallik tashxisini aniqlashda intuitsiya va instinkt bormi-yo'qmi, degan bahs-munozaralar mavjud. Ba'zilar instinkt va intuitsiyani tug'ma deb hisoblaydilar. Diagnostika (tashxis) asosini analiz va sintez, instinkt faoliyati asosini esa shartsiz reflekslar tizimi bo'lgan xulq-atvorning tug'ma shakli tashkil qiladi. Ins­tinkt bilan in­tuitsiya o'rtasida hech qanday umumiylik yo'q. Intuitsiyani ilohiy qobiliyat va amaliyotdan ajralgan, mantiqqa to'g'ri kelmaydigan bilish shakli, deb qarash ilmiy tomondan noto'g'ridir. Tajribali, bilimdon vrach ayrim vaqtlarda to'g'ri tashxisni qo'yishda bir fikrga bamisoli to'satdan kelganday bo'ladi. Bunday fikrlash jarayoni intuitsiya deb qabul qilingan. Bu jarayonda vaqt jihatdan tezkor hal qilish sodir bo'ladi. Unda ilgari to'plangan tajribadan foydalanish orqali muammo yechiladi.

Tibbiyot sohasidagi uzoq yillik tajribamdan ma'lum bo'lyaptiki, diagnostika bo'yicha mohir shifokorlar, asosan, boy tajribali, tabiiy aqlli, o'z ustida tinmay ishlaydigan, chuqur ilmli hamkasblarimiz orasida ko'proq uchraydi.

Inson ruhiyatini azoblayotgan dard-qayg'u, iztiroblar yoki behad quvonchlar paytida, masalan, ilhom kelish davridagi holatni ijodkorlar yaxshi biladi. Chunki dil dardi va quvonchi ongsizlik holatida ko'p xislatlarni yuzaga chiqaradi. Inson uyqusida tush ko'rishi anglamaslik faoliyatining ruhiy holatlaridan biridir. Imom G'azzoliyning ta'riflashicha, “Ruh insondagi idrok qiluvchi va biluvchi latiflikdir”. Shifokorlar esa har bir kasallikda ruhiy buzilish jarayoni yuz berishini unutmagan holda, avvalo, tashxisni to'g'ri qo'yib, bemorlarga yaxshi muomalada bo'lishi lozim. Ana shunda bemorning tuzalishi oson kechadi.

Orif Xoliqulov

yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × four =