Eksport salohiyati – ertamiz poydevori

Ma'lumki, shu yilning 30 may kuni Urganch shahrida O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirlari darajasida o'tkazilgan qo'shma komissiyaning birinchi yig'ilishida o'zaro kelishuv qarori imzolangandi.

Ushbu qarorning amaliyotga tatbiq etilishini ta'minlash maqsadida joriy yilning 26 iyunida Moskva shahrida “O'zRTXB” AJ, “Trastbank” XAB va “Transkapitalbank” OAJ o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Tomonlarning kelishuviga muvofiq pul mablag'lari aylanmasi evaziga tovar ayriboshlashda import va eksport hajmini oshirish, har ikki mamlakat bozorini tanqis tovarlar bilan boyitish, eng muhimi, o'zaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash ko'zda tutilgandi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 11 sentyabrida O'zbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi binosida “Eksport yo'nalishida tuzilgan birja bitimlari bo'yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish”ga bag'ishlangan qo'shma majlis bo'lib o'tdi.

Anjumanda O'zbekiston Respublikasi tovar xom ashyo birjasi, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bank, Rossiya fedaratsiyasida faoliyat yurituvchi “Transkapitalbank” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Sankt-Peterburg Xalqaro tovar xom ashyo birja”si, Rossiya eksport markazi hamda Tatariston Respublikasining O'zbekistondagi vakolatxonasi, shuning­dek, O'zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari vakillari, rossiyalik va o'zbekistonlik tadbirkorlar qatnashdi. Tadbir doirasida jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi.

Imzolangan mazkur hujjat birja savdolari orqali amalga oshiriladigan tashqi savdo operatsiyalarini o'zaro hamfikrlik asosida so'nggi texnologiyalar yordamida tezkor va sifatli bo'lishini ta'minlaydi. O'tkaziladigan hisob-kitoblarni optimallashtirishda banklarning qo'shimcha vositalardan foydalanish imkonini beradi. Tranz­aksiya va hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonini soddalashtiradi.

O'zbekistonda iqtisodiyot, sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirish, uning sifat va samaradorligini xal­q­aro standartlar darajasiga tenglashtirish, tovar ayriboshlashda tenglik ustunligini ta'minlashda o'zaro hamkorlik, chet el investitsiyasini olib kirish va maqsadli foydalanish muhim ahamiyatga ega. Mamlakat aholisining farovonligini ta'minlash yo'lida ijtimoiy yuksalish sari qo'yilgan odim, albatta, o'zining ijobiy natijasini beradi.

Har ikki tomon uchun manfaatli bo'lgan o'zaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo hajmlarini kengaytirish, eksport qilinadigan tovarlar majmuini oshirish ushbu anjumanning bosh maqsadi etib belgilandi.

Tadbir avvalida “O'zRTXB” AJ bosh­qaruvi raisi Faroxiddin Ibragimov mehmonlarga aksiyadorlik jamiyatining mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida tutgan o'rni va tovar ayriboshlashda manfaatli aloqalarni amalga oshirishda sotib oluvchi va sotuvchi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda o'ta zamonaviy texnologiyalar mavjud ekanini aytdi. Taqdimotda mehmonlar birja faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi, har bir savdo platformasining o'ziga xos xususiyatlari va tashqi savdo maydonchalarining ishlash mexanizmlari batafsil ko'rsatildi. UZEXning videoroligi namoyish etildi. Shu o'rinda, Faroxiddin Ibragimov o'zaro bitim har ikki tomon uchun qulay hamda manfaatli bo'ladigan hamkorlikning keng ko'lamda rivoj topishiga umid bildirdi.

Anjumanda ta'kidlanganidek, ikki mamlakat rahbarlarining katta e'tibori va ko'magi bilan O'zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o'rtasidagi teng huquqli do'stona hamkorlik barcha sohalarda, shu jumladan, savdo-iqtisodiy munosabatlar hamda birjalar va banklararo aloqalarda ham jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda.

Erishilgan kelishuvlar, avvalambor, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi tovar aylanmasi hajmlarini takomillashtirishda birja mexanizmlaridan keng foydalangan holda ikki mamlakatning eksportga yo'naltiriladigan mahsulotlarining sifatini oshirish va yangi tovar ayriboshlashda bozorlarni o'zlashtirishga qaratiladi.

Bugunga kelib “O'zRTXB” AJning xorijiy mizojlari uchun “Trastbank” XABning “Transkapitalbank” OAJda ochilgan korrespondentlik hisob varaqalari orqali hisob-kitoblarni dollar, Yevro va Rossiya rublida amalga oshirish bo'yicha yagona mexanizm ishlab chiqilgan va joriy etilgan.

Elena Shirinskaya,

“Transkapitalbank” OAJ boshqaruvi raisi o'rinbosari:

— Men mamnuniyat bilan aytishim mumkin, bizning ochiq aksiadorlik jamiyati Markaziy Osiy mamlakatlari bilan o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'ygan. Hozirgacha Qozog'iston tengesi, Tojikiston somoniysi va Qirg'iziston somini Rossiya rubliga yoki ularning xohishiga qarab xorij valyutasiga ayriboshlash amalga oshirilmoqda. Yaqin kelajakda O'zbekiston so'mini ham konvertatsiya qilish rejamizga kiritilgan.

Bundan tashqari, Mongoliyada, O'rumchida ham hamkorlik aloqalari o'rnatildi. Afg'oniston bilan kelishuv bitimi bor. Bankimizning imkoniyati katta. Ma'lumot uchun aytishim mumkin, “Transkapitalbank” OAJ Rossiya Federatsiyasining TOP-30 bank­lari ro'yxatiga kiritilgan. Joriy aktivlar — 4 milliard AQSh dollari, kapitali — 330 million AQSh dollaridan iborat.

“Transkapitalbank” OAJning asosiy yo'nalishlari kichik va o'rta biznesni kreditlash, ipoteka kreditlari (har ikki yo'nalishda Rossiya Federatsiyasi banklarining TOP-15ligiga kiritilgan) hamda YeOII/MDH/ShHT moliyaviy institutlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

Umuman olganda, 2019 yilning sakkiz oyi mobaynida “O'zRTXB” AJda qiymati 100.0 milion AQSh dollaridan ortiq eksport bitimlari tuzilgan bo'lib, ushbu ko'rsatkich 2018 yilning sakkiz oyiga solishtirilganda 30 foizga ko'pdir. Eksport qilingan mahsulotlar tuzilmasida yetakchi o'rinni, ya'ni bozorning 49 foizini paxta tolasi, polietilenning ulushi 30 foizni, neft mahsulotlari 14 foizni va suyultirilgan gaz 7 foizni tashkil etadi. Respublika birjasi eksportining qolgan qismi polipropilen, paxta yog'i va shroti ulushlariga to'g'ri keladi.

Tadbir doirasida birja savdolarida ishtirok etish maqsadida kiritiladigan garov mablag'larini kreditlash orqali ikki mamlakat tadbirkorlarining tashqi savdo faoliyatini qo'llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar bo'yicha batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida tegishli tashkilot vakillari va xorijiy mehmonlar jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

Yusuf Xudoyqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + 3 =