Hayotga yangicha qarash. AT Xalq banki o'z mijozlari uchun jahon talablariga mos bo'lgan qulayliklarni yaratmoqda

O'zbekistonning yangi tarixida barcha sohalar qatori mamlakat iqtisodiyotining lokomotivi hisoblanmish banklar faoliyatini tubdan isloh qilish, ularning barqaror rivojlanishi va samarali faoliyat olib borishini ta'minlash uchun keng imkoniyat yaratilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, banklar faoliyatida bir qator o'zgarishlar yuz berdi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki ham mijozlar uchun dunyo talablariga mos bo'lgan qulayliklarni yaratmoqda. Ayni paytda mazkur muassasa bank xizmatlari va operatsiyalarini bajaruvchi universal moliya muassasasiga aylandi. Buning samarasini yaratilayotgan yangi ish o'rinlari, mahsulot turining ortishi va byudjetga tushum ko'payganida ham ko'rish mumkin. Mijozlarga xizmat ko'rsatuvchi “Front ofis” hamda Chakana xizmatlar bo'limi tashkil etildi. Endi mijoz ortiqcha ovoragarchiliksiz, ko'p vaqt sarflamasdan bank xizmatlaridan foydalana oladi.

Birgina “Front ofis” bo'limi yuridik shaxslarga taalluqli barcha operatsiyalarni: hisob raqam, plastik hamda korporativ karta ochish, kreditlar, eksport-import masalasi, “Mobil bank” hamda “Internet banking” xizmatlari, to'lov topshiriqnomalariga asosan mablag'larni o'tkazish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Tadbirkorlar uchun ham qator qulayliklar yaratildi. Eksport-import amaliyotlaridagi “SVIFT” xarajatlari hamda boshqa foiz stavkalari kamaytirildi. Shu bilan birga, davlat dasturlari asosida tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Chakana xizmatlar bo'limining tashkil etilishi esa jismoniy shaxslarga sifatli xizmat ko'rsatib, ortiqcha vaqt sarfi hamda ovoragarchiliklarga chek qo'yadi. Unda mijozlarga tajribali xodimlar plastik karta ochish, omonatlarni joylashtirish, xalqaro pul o'tkazmalari, jamg'arib boriladigan pensiya, kredit xizmatlari, kommunal to'lovlar qabul qilish borasida yordam ko'rsatiladi. Bank filiallarida dastlabki ma'lumotlar beradigan maslahatchi “Resepshn” xizmatining yo'lga qo'yilgani ham mijozlarni qoniqtirib, bu orqali tez va sifatli xizmat ko'rsatishga erishilmoqda.

Hozirgi vaqtda bank xizmatlaridan foydalanuvchi mijozlar soni 16 milliondan oshdi. Interaktiv bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni esa 28 775 tani tashkil qiladi. Bankning jami kapitali avvalgi yillarga nisbatan 262 foizga ortib, 2 trillion 118 milliard so'mni, jami aktivlari 285 foiz ko'payib, 15 trillion 343 milliard so'mni, jami kredit qo'yilmalari esa 402 foiz ortib, 9 trillion 476 milliard so'mni tashkil etdi.

Xalq banki mamlakat miqyosida ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan hamda aholini moliyaviy qo'llab-quvvatlash tizimi hisoblangan pensiya va nafaqalar tarqatish bilan ham shug'ullanadi. Har oy yurtimizdagi 8,958 ta mahallada 3,0 mln.dan ortiq fuqaroning pensiya va nafaqalari yetkazib beriladi. Shu bilan birga, muassasa jamg'arib boriladigan pensiya ta'minoti tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar hamda korxonalarga 12 253 393 ta hisob-varaqlar ochish kabi xizmat turlari ko'rsatgan.

Bugungi kunda Xalq banki tomonidan mijozlarga har tomonlama sifatli xizmat ko'rsatish, xizmatlarni xalqaro standartlarga moslashtirishga harakat qilinmoqda. Mijozlar talabi va xohish-istaklarini inobatga olib, xizmat sifati standartlari ishlab chiqilgan: resepshn xodimi, xodimlarning ish joyi, xodimlar tashqi ko'rinishi, ofislar shinam va ozodaligi, telefon orqali muloqot, hujjatlarni rasmiylashtirish, mijozlarga xizmat ko'rsatish, korporativ xizmat yozishmalari kabi standartlar mavjud bo'lib, ular bo'yicha o'quv metodik qo'llanmalar tayyorlandi. Ularning asosiy vazifa va parametrlari belgilab qo'yildi.

Joriy yilda ilk marotaba bank­da moliyaviy hisobot xalqaro standartlarining 9-standarti amaliyotga tatbiq etildi. Xalq banki joriy yilning 7 iyulida ISO 9001: 2015 Xalqaro standartlari bo'yicha muvofiqlik sertifikatini qo'lga kiritdi. Bankning darajasi bir pog'onaga ko'tarilib, “Fitch” xalqaro agentligining VV-/V barqaror reyting ko'rsatkichiga ega bo'ldi.

Yana bir muhim yangilik — aksiya­dorlik tijorat Xalq banki bosh­qaruvining 2019 yil 2 avgustdagi 93/2-sonli qarori hamda AT Xalq banki Kengashining 2019 yil 5 avgustdagi 27-sonli yig'ilish bayoniga asosan muassasaning yangi logotipi va korporativ rangi tasdiqlandi.

— Ushbu yangi logotip Sohibqiron Amir Temur uzugidan andoza olgan holda ishlab chiqilgan. Asosiy logotipda unsurlar kuchi, davlatning qudrati va xalqimiz hayotiga xizmat qilishga intilish birlashtirilgan, — deydi Bank boshqaruvi rai­si o'rinbosari Baxtiyor Atamuradov. — Logotipdagi oltin rang boylik va ishonchlilikni, yashil rang esa bankning barqarorligi va shiddat bilan o'sayotganini ang­latadi. Bugungi kunda muassasamiz O'zbekiston bank tizimining muhim bo'g'ini hisoblanadi. Uning tarkibida 198 ta filial, 30 ta mini-bank va 900 ga yaqin jamg'arma va maxsus kassalar faoliyat ko'rsatmoqa. Muassasamizda jismoniy shaxslarga yanada sifatliroq xizmat ko'rsatish maqsadida mikroqarz, yuqori foizli omonatlar, nafaqa-overdrafti, kobrending, kobeyjing va kredit kartalari kabi bir qator yangi mahsulotlar joriy etilmoqda. Shuning­dek, “XALQ MOBILE” mobil ilovasi jismoniy shaxslarga bank ofislariga tashrif buyurmasdan masofadan turib, turli bank amaliyotlarini amalga oshirish imkonini beradi.

Darhaqiqat, Xalq banki islohotlar pillapoyasida dadil odimlamoqda. Yaqinda muassasa o'z mijozlari, jismoniy shaxslarga mikrokreditlar ajratishda yana bir qulaylikni amalda qo'llay boshladi: ortiqcha qog'ozbozlikdan voz kechib, mijozga birgina pasporti orqali mikroqarzlar ajratmoqda. Bu ibrat bo'larli faoliyat. Xo'sh, bunga qanday erishildi va nimalar sabab bo'ldi?

— Bu, avvalo, davlatimiz rahbarining banklar xalqqa yaqin bo'lishi kerak, deya oldimizga qo'yayotgan talablariga asosan, bundan tashqari, mijozlarimizga qulaylik yaratish maqsadida boshlangan xayrli ishdir, — deya so'zini davom ettiradi B.Atamuradov. — Albatta, bunday yangicha tartib boshqa banklarga ham o'rnak bo'lishi va “Bank — mijoz uchun” tamoyili amalda to'la tasdig'ini topishi uchun bir imkoniyatdir. Muassasamizning uch milliondan ortiq pensioner-mijozlari bor. Ularga ixtiyoriy ravishda plastik kartasida qolgan qoldiq summaga to'rt foizli foiz stavkalarini qo'shib beryapmiz. Bular hali dastlabki qadamlar. Foizlarni keyinchalik yana ko'paytirish ko'zda tutilmoqda.

Darvoqe, Xalq bankini universal tijorat “raqamli bank”ka bos­qichma-bosqich transformatsiya qilish maqsadida “IABS-7” takomillashtirilgan dasturiy ta'minot tizimini joriy qilish ustida ish olib borilmoqda. Ya'ni, salohiyatli qarz oluvchilarga kredit ajratishda murakkablashgan mexanizmdan voz kechilib, kreditlar ajratish muddatlarini qisqartirish imkonini beruvchi skoring modellari ishlab chiqilgan. Ushbu modelni ishga tushirish bo'yicha Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi va Ichki ishlar vazirligining ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilish jarayoni davom etmoqda. Buning natijasida tuman, shahar va viloyatlardagi kredit komissiyalari tugatiladi, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beriladi.

Ha, bank va mijoz o'rtasidagi munosabatlar soddalashtirilib, qulayliklar ko'payayotgani har ikki tomonning manfaatiga xizmat qiladi. Shulardan biri bankning milliy valyutadagi plastik kartalariga kunning istalgan vaqtida Rossiyadan turib, “Kontakt” va “Yunistrim” tizimlari orqali mablag'larni yuborish imkoniyatining yaratilganidir. Hududlarda 302 ta zamonaviy “Bank xizmatlari ofislari” tashkil etish rejalashtirilgan bo'lib, ayni paytda 29 tasi ishga tushirilgan. Ushbu ofislarda 8 nafargacha universal xodim mijozlarga kompleks xizmat ko'rsatmoqda. Bu esa xizmat ko'rsatish vaqtini 5 barobar qisqarishiga olib keladi. Yil yakuniga qadar bunday ofislar sonini 44 taga yetkazish ko'zda tutilmoqda.

Muxtasar aytganda, Xalq banki mamlakat iqtisodiyotining har bir jabhasida samarali faoliyat olib borishi uchun bugungi kunda yetarli darajada kuch va salohiyatga ega muassasadir.

X.Ahmadjonova.

Xizmatlar litsenziyalangan.

Reklama huquqi asosida.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =