“Vazmin qariya” yoki “hovliqma o'smir”

Avvalo, “Hurriyat”ning 2020 yil 29 yanvar sonida telejurnalist Gulmira Musajanova bilan jurnalist Feruza Rahimova uyushtirgan suhbat uchun gazeta tahririyati jamoasini tabriklayman. Suhbatda Gulmira nafaqat televidenie muxbiri sifatida, balki vaqtli matbuot nashrlari xodimlarining dardini yurakdan chuqur his etib, ularning muammolari echimi bilan butun jamiyat shug'ullanishi lozimligi haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirgan.

Shuningdek, gazetaning 12 fevral sonida chop etilgan filologiya fanlari nomzodi Yulduz OrtiqovaningInternet matbuot o'rnini bosmaydisarlavhali maqolasi ham e'tiborimni tortdi. Unda vaqtli matbuot nashrlari jamoasini qiynayotgan dolzarb mavzu qalamga olingan. Internet vaqtli matbuot nashrlarining o'rnini bosa olmasligini ishonch­­li misollar bilan, mashhur kishilarning fikrlarini keltirib isbotlaydi.

Tahlil qilish imkoni yo'q

Radioda eshitamiz, televizorda ham eshitib, ham ko'ramiz, internetda bugun yangilik, deb berilayotgan xabarni uning muallifining o'zi ertasiga inkor etib turibdi (o'tgan yil iyul oyida bir davlat rahbarini vafot etdi, deb jar solib, ertasiga uzr so'rashgani bunga misol). Bunday xabarlarni tahlil qilish imkoni yo'q. Bugungi xabar ertaga eskiradi va internet sahifasidan olib tashlanadi. Gazeta va jurnal esa yillar davomida saqlanadi.

Qolaversa, bugun ko'pchilik yoshlar asosiy vaqtini internetda, xususan, turli ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazishmoqda. Buning qanday yomon tomoni bor, deyishingiz mumkin. Yomon tomoni shundaki, statistik ma'lumotlarga ko'ra, internet saytlardagi 49 foiz kompyuter o'yinlari zo'ravonlik va yovuzlikni targ'ib qiladi. So'nggi yillarda terroristik tashkilotlar g'oyalarini targ'ib-tashviq qilishga qaratilgan veb-saytlar soni ham bir necha barobar oshgan. Shunday ekan, o'smir-yoshlarni ma'naviy ongida bo'shliq qoldirmaslik, ularni foydali mashg'ulotlarga jalb etish dolzarb vazifa bo'lib turibdi.

Axborotni saqlaydigan vosita

Bir tanishim ommaviy axborot vositalariga ta'rif berar ekan, shunday deydi:

– Ta'sirchanlik va ommaviylik jihatidan televidenie birinchi o'rinda turadi. Eng qulayi esa radio. Boshqa ish bilan band bo'lsangiz ham uni eshitaverasiz. Eng tezkori — internet. Undagi axborot sanoqli soniyalarda butun dunyo bo'ylab tarqaladi. Matbuot esa axborotni eng uzoq saqlaydigan vosita. Televidenie yoki radioda ko'rsatuv va eshittirishlar bir-ikki marta takror berilishi mumkin. Lekin gazeta-jurnalni istagan paytingizda qayta-qayta o'qish imkoniyatingiz bor.

— Internet jurnalistikasining ustunlik jihatini ham tan olishimiz kerak, — deydi “Oltin qalam” mukofoti sovrindori Abdunabi Abdiyev. — Masalan, tezkorlikda unga yetadigani yo'q. Biroq, tahlilning yo'qligi, borining ham o'ta sayoz va xomligi, axborotning ishonchlilik darajasi kamligi va tez o'zgaruvchanligi, yangilik yetkazishdagi shoshma-shosharlik, mohiyatga emas, shaklga bog'lanib qolish uni “vazmin qariya oldidagi hovliqma o'smir”ga o'xshatib qo'yishi ham bor gap. Bugun aytaylik, o'tgan asrning yigirmanchi-o'ttizinchi yillaridagi voqealarni tarixchilarimiz qaerdan tiklashayapti? Hech shubhasiz, gazeta sahifalaridan! Misol uchun, “Oltin qalam” xalqaro tanlovining Bosh Milliy mukofotiga eng birinchi bo'lib sazovor bo'lgan “Qashqadaryo” gazetasining salkam 95 yillik tarixi bor. Uning turgan-bitgani — solnoma. Yuz yildan so'ng internet nashrdagi axborot saqlanib turishiga kim kafolat beradi?!

Mavsum davom etayapti, ammo…

Ko'pgina mutasaddi shaxslar, korxona, tashkilot va o'quv yurtlarining rahbarlari matbuot milliy manfaatlar himoyachisi, u jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, ommani ijtimoiy faollikka undovchi kuchligini, yoshlarning huquqiy ongini oshirib, huquqiy madaniyatini yuksaltiruvchi vosita ekanligini esdan chiqarib qo'yishdi. Huquqiy madaniyatli kishi esa qonunlarni bilibgina qolmay, ularga og'ishmay amal qiladi, itoat etadi. Aslida erkinlik ham, mus­taqillik ham huquqni anglashdan boshlanadi. Demak, bugungi kunda jamiyatning har bir a'zosi o'z huquqi, burchi va mas'uliyatini puxta bilmas ekan, islohot, yangilanish haqidagi barcha so'zlarimiz besamar ketaveradi. Milliy g'oya targ'iboti ham aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshadi.

Bu mutolaa emasmi?

Darvoqe, xulosa o'rnida yana bir gap. Mutolaa haqida bugun ko'p gapirayapmiz. Tanlov g'olibi bo'lgan faol kitobxonlarga hatto avtomobil sovg'a qilinayapti.  Kitobxonlikni targ'ib etish borasida katta-katta loyihalar, aksiyalar, tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo… Shuning barobarida bir oddiygina haqiqatni unutib qo'ymoqdamiz. Axir kitobxonlik bilan bir qatorda gazetxonlik va jurnalxonlik ham mutolaa shakllaridan hisoblanadi-ku!.. Nega endi kitobxonlikni targ'ib eta turib, gazetxonlik va jurnalxonlikdan yiroqlashishimiz kerak?! Nega bugun obuna haqida gapirishni jinoyatday talqin qiladiganlar ko'payib qoldi? Nega endi obunani targ'ib etgan odamga “majburiy obunami?!”, deya ayyuhannos solib, vaqtli matbuot vakillarining yoqasidan olguvchilar ko'paydi? Axir  gazetalarni o'qimagan insonni jamiyatga nafi tega oladigan mutaxassis, deb ayta olamizmi? Yo'q, albatta!

Bugungi kunda yurtimizda ma'naviyat va mafkura masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va dunyoqarashini kengaytirish, chetdan bo'ladigan turli mafkuraviy tahdidlarga munosib javob bera oladigan ma'naviy komil avlodni tarbiyalashga dolzarb masala sifatida ahamiyat berilayotgan bir paytda matbuot nashrlarining iqtisodiy ahvoliga befarq qarab, bu har bir tahririyatning “shaxsiy muammosi” deb yondashish noto'g'ri. Chunki matbuot — millat ma'naviyatiga daxldor soha. Shunday ekan, nashrlarning obunasiga va ularning o'quvchilari qo'liga yetib borishiga barcha rahbar xodimlar, shu­ningdek, ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotiga mutasaddi bo'lgan kishilar mas'ullik sezsalar, nur ustiga a'lo nur bo'lardi…

Norbo'ta G'oziyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − nine =