She'ri uchun jazolangan shoir

1857 yil Parij shahrida eng shov-shuvli sudlardan biri bo'lib o'tmoqda. Bu sudda fransuz va dunyo adabiyotining taniqli shoiri, tanqidchisi, simvolizm asoschilaridan biri – ilk daf'a “la'natlangan shoir” deya atalgan Sharl Pyer Bodlerning “Yovuzlik chechaklari” kitobidagi isyonkor she'rlari uchun jazo hukmi o'qilayotgandi. Kitobdagi she'rlari nihoyatda keskin va realistik ruhda bo'lishiga qaramay, Bodler o'zini himoya qilishga urinmasdi. Bu she'rlarga bo'lgan ta'nalarga qarshi turmaslikning sababi esa iddao etilganidek dinga qarshi chiqish emas, ijtimoiy qadriyatlarni tahqir etganida edi… Sudga chaqirilgan Bodler “shoirni she'ri sabab sud qilmoq, aktyorni o'ynagan roldagi jinoyati uchun jazolamoq bilan barobar”, deya javob qaytaradi.

Shoir sud qilindi, o'sha zamon fransuz qonunlari bo'yicha jazolandi. Biroq shoir­ni jazoga tortgan ushbu kitob butun dunyo kitobxonlari mehrini qozondi. Shuhrat bilan sharaflandi. Asrlardan asrlarga o'tuvchi mumtoz asarga aylandi.

Sharl Bodler dunyoga kelganda otasi Fransua Bodler 62 yoshda, onasi esa bor-yo'g'i 27 yoshda edi. Fransua Bodler rassomlik bilan mash­g'ul bo'lgani uchun o'g'lini tez-tez san'at galeriyasi va muzeylarga olib borar, rassom do'stlari ila tanishtirar ekan unda ham tasviriy san'at va ijodga havasni shakllantirardi.

Olti yoshida otasidan ayrilgan Sharlning butun hayoti va ijodiga salbiy ta'sir qilgan hodisa esa onasining “xiyonati” — erining vafotidan so'ng general Osip bilan oila qurgani bo'ldi. Bu turmush uning butun hayotiga va yozganlariga o'z ta'sirini o'tkazgan.

She'rlari ilk marotaba 22 yoshida chop qilingan shoirning dunyoga mashhur bo'lishida, o'z adabiy laboratoriyasini yaratishida muhim davr 1840 yillar boshi va 1850 yillar oxiri bo'ldi. O'z adabiy faoliyatini esa fransuz rassomi Jak Lui David asarlari haqida tanqidiy maqolalar yozishdan boshlaydi.

Uning eng mashhur asari “Yovuzlik chechaklari” to'plamidir. Bu kitob Yevropa modernizmining boshlanishi sifatida tan olingan. Bodlerning she'rlarida hayot-o'lim, yovuzlik, kambag'allik va ochlik, ma'shum jinoyatlarning hukmronligidan xalos qilish bosh mezon hisoblanadi.

Dunyo azaldan shunday qurilgan va uni o'zgartirmoq mumkin emas. Yovuzlik insonning hamisha hamrohi. Bodlerning adabiy qahramonlari buni chuqur his qiladi. Asosiy masala esa shoirning bunga munosabati qanday bo'lishidadir. Shoirning dunyodagi va o'zidagi yovuzliklarga qarshi ruhda yozilgan she'rlari juda ko'p. Bu she'rlarda u zulmatdan azob chekdi.

Fransua Rene de Shatobriyaning fikricha yovuzlik dunyo “xasta”ligidir va bu xastalikdan adabiyot yaratib bo'lmaydi. Bodler esa yovuzlikdan ham go'zallik yaratmoq mumkinligini anglaydi. So'ngra bu “xastalik” unda muqimlashib, tuzalmas holga keladi, ijodining birdan-bir mavzusiga aylanadi.

Bu she'rlarda shoir manfiyda musbat, o'limda go'zallik, gunohda lazzat borligini aytadi va buni o'zgacha bir go'zal shaklda tasvirlaydi. Bodler yovuzlikning insonni o'ziga tortuvchi go'zalligini ko'rsatadi. To'plamning nomi ham bu g'oyadan yaralgan bo'lib — yovuzlik chechaklari — ya'ni, uning go'zalligi. Gunoh va yovuzlikning bergan zavqi juda oz. Unda sevinch va dahshat, lazzat va nafrat kabi hislar qorishadi va odamlarni ohanrabodek o'ziga tortadi. U maktublarida bu she'rlarga butun yuragini, sevgisini, nafratini, ishonchini bag'ishlaganini yozadi. Samimiyat va halollik, har narsaning asli kabi — mubolag'asiz tasviri faqat “Yovuzlik chechaklari”dagi she'rlari uchungina emas, Bodlerning butun ijodi uchun asos hisoblanadi.

Kitob “Qayg'u va yo'lboshchi”, “Parij lavhalari”, “Sharob”, “Yovuzlik chechaklari”, “E'tiroz” va “O'lim” nomli olti bo'limdan iborat. Bu balki ichki bog'langan yagona poetik to'plamdir, she'rlarning birontasini olib tashlash butun kitobga ta'sir ko'rsatadi. She'rlarning asosiy mavzusi azob, yo'qotish, umidsizlik bilan bog'liq.

Bu kitobdan keyin bir necha asarlarini chop qildirdi, biroq hech qaysi biri “Yovuzlik chechaklari” kabi nazarga tushmagan va shuhrat qozonmagan. Bodler uchun muhim hodisalardan biri ma'naviy do'sti atagan Edgar Allan Poning ijodi bilan tanish bo'lishidir. Umri davomida Poning ijodiga bo'lgan qiziqishi yo'qolmagan, uning asarlarini fransuz tiliga tarjima qiladi.

Bodler bir muddat Bryusselda yashaydi va u yerda og'ir xastalikka chalinadi. U tanosil kasaliga yo'liqqani to'g'risida biron so'z yozmagan. Onasi Sharlni Parijga olib ketadi va muolajani shu yerda davom ettiradi. Shoir 1867 yilning avgustida 46 yoshida vafot etadi. Bodler butun hayoti davomida nafrat bilan qaragan, uni onasidan ayirgan odam — o'gay otasi Osip yoniga dafn qilinadi.

Rus tilidan Rahmat Bobojon

tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 10 =