Qöşrabot bilan “heç kim”ning işi yöq
Xalqimizda şunday gap bor: “Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi”. Samarqand viloyati, Qöşrabot tumani markazidan 70-85 kilometr uzoqda joylaşgan “Jonbuloq” mahalla fuqarolar yiğiniga qaraşli Jonbuloq, Mijğon, Qoraboğ, Böronbuloq, Kökqovğa va boşqa qişloqlarda 320 dan ziyod xonadon bölsa, aholisi 2200 dan köproqni taşkil qiladi. Şu kungaça hamqişloqlar bilan tinç-totuv yaşab kelayotuvdik, nima böldiyu adirliklarni “ega”li qiliş taraddudiga tuşib qolgan tuman hokimligi aholining tinçini buzdi…
Qöşrabot tumani, asosan, toğ yon-bağirlari, adirliklar, daştliklardan iborat. Boşoqli don ekinlari köproq lalmi yerlarga ekiladi. Şu bois, aholining katta qismi işsiz, tirikçiligi, asosan, çorva bilan. Qora qozoni ham oiladagi qora va uşoq mollar hisobiga qaynab turadi. Biroq keyingi paytlarda şu tanti, oqköngil xalqning içiga çiroq yoqsa yorişmay qoldi.
Aslida, tuman hokimiligi mutasaddilarining vazifasi aholi turmuş tarzi, yaşaş şaroitini yaxşilaş bilan muntazam şuğullaniş kerak. Ularning birdan bir vazifasi şu emasmi özi? Lekin mutasaddilar qaçon dala qişloqlarga kelib, odamlardan hol söraganini heç kim eşitmagan, eslolmaydi.
Şu kunlarda qişloq yerlarini fermer xöjaliklariga bölib berilgani odamlarning biroz ğazabini qözğatdi. Endilikda har bir fermer xöjaligi 500-600 gektarlik yer “ega”si, uyoqqa ötsang ham naridan yur deydi, buyoqqa ötsang ham yaqin kelma deydi. Qişloq ahli hovlisidagi çorvasini ötlatgani dalaga olib çiqolmay qoldi. Mabodo, moli fermerlarga tegişli dalaga kirib qolsa bormi, yer “ega”lari mollarni haydab ketib, ikki-uç kunlab qölbola qilingan tomga “qamab” qöyayapti. Oç-nahor qolgan çorva mollarining holini körib, tilsiz jonivorlarga ozor beriş musulmonçilikka töğri kelarmikin, desangiz hurmatli fermerlarimiz R.Oçilov, S.Ösarov, A.Islomov, M.Ismoilov, Ş.Rajabov, O.Töyçiyev va “Gulandom ona” xöjaligi iş yurituvçisi Maqsud ismli kimsalar buni tuşunişni ham istaşmayapti.
Töğrida, bu daştlikdagi qişloqlarda na bir korxona, na bir kiçik sex bor, oçgan bilan yuritişga şaroit yöq. Odamlar işsiz, endi rözğorini nima bilan tebratadi? Buni tuman hokimi heç öylarmikin… Axir, aholi hovlisidagi çorva mollarini, qöy-eçkilarini, hatto, buzoqlarini ham boqadigan joy topa olmay qoldi. Sarosimaga tuşgan odamlar hokimlikka borib, fermer xöjaliklariga yerni, heç bölmaganda, qişloqlardan 3-5 kilometr uzoqroq joydan berişlarini talab qilişdi. Javob esa bitta: “Eplasang molingni uyingda boq, yöqsa…”
Ana sizga tuman hokimligi mutasaddilarining aholiga bölgan munosabati. Deylik, Jonbuloq qişloğiga qaraşli 20574,6 gektar yer maydon bor, bu yerlarning 75 foizi toğu toşlardan iborat. Qolgan 25 foizi lalmi va yaylov yerlar. Aynan, şu lalmi yerlar fermerlarga bölib berilgan. Yölingiz tuşsa, bir qiziqib razm soling-a, “men ega” deyayotgan fermer yerlaridagi öt-ölanlar qurib-qaqşab yotibdi, qarov yöqligiga özingiz guvoh bölasiz. Ey, sadqai yer deysiz-da. Endi aholi dodini kimga aytsin? Qayerga borsin?
Tuman hokimligiga jönatilgan sörovnomalarga heç kim javob bermaydi. Tan oliş kerak, hokimlik vakillari mahalla hududida fermer xöjaliklarini taşkil etişgaç, darrov aholi bilan uçraşdi, taşviqot-tarğibot işlarini olib borişdi. Öşanda odamlar çorva mollarini boqiş uçun qişloq atrofidan joy ajratib berişlarini sörab, hatto iltimos ham qilişdi. Biroq “Kerak bölsa molingni hovlingda boq! Şaxsiy molingni fermer dalasining uvatiga ham tuşirmaysan! Töğri yöldan haydab borib, haydab qaytasan!” — degan öta qatʼiy va jiddiy javobni olişdi. Endi buyruqni bajarmasin-çi, moli qolib, özini ham qamab qöyişdan toymaydi bu janoblar!
Bizni öylantirgani, nahotki Qöşrabotdagi mutasaddilar muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 19 martdagi “Çorvaçilik tarmoğini yanada rivojlantiriş va qöllab-quvvatlaş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarorini darrov esdan çiqarişdi. Qarorning 6-bandi 2-xatboşisida: “Çorvaçilik bilan şuğullaniş istagida bölgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetiştiriş uçun har bir şartli boş çorva moli uçun 0,5 gektardan tuman hokimligi zaxirasidagi böş, lalmi va yaylov uçastkalaridan haqiqiy daromad manbaiga aylantiriş şarti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga berilişi mumkin” degan qismini, hatto öqib ham körişmagan körinadi. Yöq-sa, qaror ijrosini bajarmaslikdan biroz hayiqişarmidi?..
Prezidentimizning 2017 yil 16 martdagi “Çorvaçilikda iqtisodiy islohotlarni çuqurlaştirişga doir qöşimça çora-tadbirlar töğrisida”gi qarori ilovasida aytilgan aholining turmuş tarzini yanada yaxşilaş maqsadida çorva mollarini avval boqib kelgan maydonlaridan yer ajratilgan holda boqilişini taşkillaştiriş töğrisidagi körsatmaga esa bizning Qöşrabotda nega amal qilişmaydi? Eng yomoni, buning bari aholida norozilik kayfiyatini kuçaytirişga sabab bölayapti. Prezidentimiz har bir gapida aholini rozi qilaylik, deyapti-yu tumanda esa…
Bir muammoni boşlasang ikkinçisi yetalaşib kelaveradi özi. Gapning indallosini aytganda, mahallamiz hududini markaz bilan boğlovçi yöl şu paytgaça taʼmirlanmagan. Ayniqsa, yozda çang, qişda loy keçib bolalar boğçaga, ey uzr, boğçaning özi yöq, maktabga borişga qiynalişmoqda. Odamlar tuman markazidan oziq-ovqat mahsulotlari olib keliş uçun, albatta, eski rezin etigini kiyib olişi kerak. Yöq-sa, yozdagi çang ham, qişdagi loy ham belgaça çiqadi.
Bizning qişloqlarimiz toğlar orasidagi adirliklarda joylaşgan, eski ilon izi yöldan ixçamgina toşli-şağalli yöl qilsa böladi. Ammo buni öylaydigan, taʼmirlaydigan insonparvar rahbar ham kerak-da. Hududda Jilovdor ota ziyoratgohi bor, uzoq-yaqindan odamlar kelib turişadi. Tabiati ham sölim. Tuman mutasaddilari, agar istaşsa, bemalol içki turizmni rivojlantirişlari uçun juda qulay joy böladi. Biroq yana şu muammo, yölning xarobligi…
Agar vaziyat şu zaylda davom etaversa, kelgusida tuman markazi bilan qişloqlar örtasida aloqa butunlay uzilib qolişi ehtimoldan xoli emas. Ayniqsa, mahallamiz tuman markazidan ança uzoq bölganligi bois, dardga çalingan biror bemorni tuman Markaziy şifoxonasiga olib boriş ham muşkul. Bunday payt, bemorning yaqin qarindoşlarining ham jon-jonida oğriq turişi tayin.
Hududga avtobus qatnovi yölga qöyilsa, mahalliy byudjetga yaxşigina tuşum, aholiga esa qulaylik bölardi. Arzimagan işni bitiriş uçun tuman markaziga borib keliş aholiga nihoyatda katta qiyinçilik tuğdirayapti. Şu kungaça yölni sozlaş töğrisida bildirgan takliflarimiz, iltimosnomalarimiz samara bermadi. Mutasaddi taşkilotlarning topgan bahonasi doim bir xil: “Yöl belgilari örnatilmagan, yölning himoya tösiqlari joylarda yöq. Mumkin emas”, bu nima degani? Axir qişloq oqsoqoli borib, yöl belgisini, tösiğini örnatib bersinmi?! Şu sohada işlayotgan rahbarlar nima yumuş bilan band özi?
Vaholanki, Prezidentimiz Samarqand viloyat Kengaşi sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga tayinlangan Erkin Turdimovga Qöşrabot tumani “Jöş ota” MFY raisi Olim aka Nosirovning murojaatini alohida örganişini tayinlagandi. Qöşrabotdan Jöşgaça bölgan 45 kilometrlik yölning holatidan xabardor ekanligini aytgandi. Uning nihoyatda serqatnovligi sabab, ikki tabaqali beton qoplamali yöl quriş zarurligini taʼkidlab, bu işga darhol kirişişga topşiriq bergan edi. Mana oradan 2,5 yildan köproq vaqt ötdi. Ammo Qöşrabot–Jöş yöliga beton qoplaş u yoqda tursin, hatto asfalt yotqizilmadi.
Eng yomoni, bu yöldan Nurotadagi “Çaşma” ziyoratgohiga boradigan qançadan-qança çet ellik va mahalliy sayyohlar ötişadi…
Afsus, joylarda yuqoridan berilgan topşiriq viloyat rahbariyati tomonidan ham bajarilmasa, quyi hokimlik vakillaridan nimani ham kutiş mumkin?.. Keyingi paytlarda baʼzi rahbarlar ijtimoiy tarmoqlarda millat qadriyatiga tegişli, hayo ilmiga payvand ayollar haqida fikr bildirgani, albatta, noörin böldi, demoqçi emasman, ammo bu olimu ulamolar poyoniga yetkazib aytadigan gap edi. Bu bilan heç bir rahbar işçan, xalq manfaatlarini öylaydigan qilib özini körsatolmaydi. Ularning birinçi galdagi vazifasi Prezidentimiz aytganlaridek, xalqni rozi qilişdir. Şu sabab, ijtimoiy tarmoqda jurnalist Rözimboy Hasan rahbarning özbek ayollariga nisbatan bildirgan fikrlariga javoban şunday fikr debdi: “Rahbarda fahm-farosat bölişi kerak! Aytadigan gapini yetti öylab, söng aytgani yaxşi. Aks holda millat ayollari uçun haqorat bölgan gapni gapirib “qovun” tuşiraveradi”. Amalda viloyat aholisining hokimlik mutasaddilari faoliyatidan noroziligi kun sayin oşib borayotgani sir emas.
Ha, nima ham derdik, özlari şaxsiy maşinasida şaharma-şahar kezişadi, aholiga qulaylik yarataylik, deyilsa darrov mablağ yöqligini rökaç qilişadi. Odamlar hayron, yöl qurilişi, taʼmirlanişiga davlat tomonidan ajratilayotgan katta-katta mablağlar Qöşrabotga tegişli emasmi?..
Statistik maʼlumotlarga köra, ayni paytda mamlakatimizda 80 ming kilometrlik içki yöllarni taʼmirlaş rejalaştirilgani maʼlum. Bizning yölimiz ögaymi? Yo içki yöllar röyxatiga kirmaydimi? Unda buyoği qanday böldi? Na ötda bormiz, na suvda. Endi bu biz uçun orzu bölib qolaveradimi?..
Özim xalq deputatlari Qöşrabot tuman Kengaşi deputati sifatida faoliyat yuritar ekanman, saylovçilarimdan tuşayotgan eng köp murojaat bu — mobil aloqa tizimiga oid ekanini ham eslatay. Bizning hududda faqat “Öztelekom” AK “ÖzMobayl” filialining SDMA standartidagi antennasi işlaydi. Biroq bu antenna orqali töğridan-töğri internet tizimiga ulanişning sira iloji yöq. Şu sabab, odamlar 99 kodli mobil aloqa tizimini örnatib berişlarini söraşadi. Hatto, tuman rahbariyatiga ham ketma-ket murojaatlar qilişdi. Bunga ham rahbarlarning javobi bor: “Hozirça yangi apparat yöq, kelsa, albatta, örnatamiz”. Qoyil, “bor dedim tutildim, yöq dedim qutuldim”, degani şu bölsa kerak-da…
Hududda uçta umumiy örta taʼlim maktabi, bitta qişloq vraçlik punkti mavjud. Internet tarmoğini-ku asta-asta tilga ham olmay qöyişayapti, bu yerda, hatto şahar telefonlari ham birda işlab, birda işlamaydi. Bu ketişda raqamli texnologiyalar tizimiga qaçon töliq ötamiz?
Aksiga olganday, bu yil pandemiya sabab maktab öquvçilari, talabalar, öqituvçilar onlayn darslarni köriş, tinglaş borasida faqat orzu qilişmoqda.
Deputatlik faoliyatim jarayonida aholidan tuşayotgan sörovnomalarning yana bir qismi maktabgaça taʼlim muassasasi oçiş töğrisida bölayotgani ham bor gap. Ammo mahalla hududida 70 dan 100 nafargaça 3 yoşdan 6 yoşgaça boğça yoşidagi bolalar bölişiga qaramay, taşkil etişga harakat yöq. Tumandagi Maktabgaça taʼlim bölimi mutasaddilari “oç qornim, tinç quloğim” qabilida iş yuritişayapti. Bularni sörab-suriştiradiganlar ham bormi?..
Qiziq, hatto mahallamizda bironta soliq tölaydigan, rasman taşkil etilgan dökon ham yöq ekan. Ol-a, egasizlik ham şunçalik böladimi? Axir ular ham davlatga soliq tölaşi, sotayotgan mahsulotning sertifikati bölişi kerak-ku! Agar oziq-ovqat mahsuloti sifatsiz bölsa, bundan qança odamlar aziyat çekadi? “Qölbola” dökonimiz mudiri hujjati bölmagaç, unda javobgarlik hissi ham bölmaydi-da. Ammo bemalol savdo qilaveradi…
Eng yomoni, karantin kuçaygan paytda mahallaga keltirilgan birinçi ehtiyojga molik mollarni tuşirib oladigan va aholiga tarqatadigan dökon bölmagani bois, taşqarida qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini, karantin talablarini buzib, aholi bir-birini ur-yiqit qilib, tala-tala qilişdi. Mahallamiz raisining karantin qoidalariga rioya qiliş töğrisidagi talabiga birov eʼtibor ham qaratmadi.
Yana bir gap, aholi ehtiyojining katta qismini har duşanba kuni Mijğon va Kökqovğa qişloqlarida bölib ötayotgan norasmiy bozorlar qondiradi. Har duşanba kuni tadbirkoru savdogarlar, ança yuqori narxlarda bölsa-da, aholiga turli xil oziq-ovqat, kiyim-keçak va xöjalik mollarini olib kelib sotişadi. Bu yaxşi, albatta. Heç yöqdan köra, bor-da. Ammo sotilayotgan mollarning sifat darajasini, sanitariya-gigiyena talablarga mosligini tekşiradigan Sanitariya epidemiologik osoyiştalik markazi xodimlari, mahalliy byudjetga soliq tuşumlarini amalga oşiradigan tuman soliq idorasi, hatto bunday bozorlarning mavjudligini ham bilişmasa kerak, yoki…
Bu maskandagi ona tabiat tuhfasi bölmiş — baland-baland toğlar bağri sirli-sinoatli. Bu fikrimni toşlarga öyib yozilgan turli bitiklar, rasmlar, yozuvlar, yovdan himoya qilgan “Toş qörğon”, “Qiz qörğon”, “Qirq qiz qörğoni” hamda “Sögal toş” şifoxonasi yaqqol tasdiqlaydi.
Tuman Kengaşi deputati sifatida bu tarixiy joylarning sir-sinoatini örganadigan olimlarni, ekoturizm vakillarini rasman mahallamizga taklif qilgan bölardim. Ehtimol, bu manbalarda tariximizdan sözlovçi yorqin sahifalar bekinib yotgandir. Bu sir-sinoatlarni örganadigan vaqt keldi, deb öylayman.
Omon HAYITOV,
Xalq deputatlari Qöşrabot tuman Kengaşi deputati
