Korrupsiyaning o'q ildizi

Aslida korrupsiya bugunning voqeligi emas. Avval ham kimlardir qandaydir manfaatdorlik evaziga oldi-berdi qilgan, turli yo'llar bilan davlat yoki jamoat mulkini o'marib, pulini o'zlashtirgan. Har doim ham lavozimga ishga olishda xolis, halol yo'l tutilmagan yoki taqdirlashda ham uning kasbiy bilimi, qobiliyati, tajribasi, shaxsiy fazilatlariga qarab yondashilmagan.

Ochig'i, nazarimda laganbardorlik, oshna-og'aynigarchilikni kasb qilib olgan, shuning orqasidan mavqe-martabaga erishgan, xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatdorligi yo'lida foydalanib nafsiga erk berib, nuqul boylik to'plashga ruju qo'yganlardan xoli soha bugungi kunda ham yo'qday tuyiladi. Faqat biri bosh­qasidan ko'lami, darajasi bilan farqlanishi mumkindir.

Shu boisdan ham korrupsiya balosi ko'zda tutilgan islohotlarni jadal amalga oshirishda jiddiy to'siq bo'layotgani davlatimiz rahbari tomonidan ko'p yig'ilishlarda tilga olinmoqda. Jumladan, 31 avgust kuni mamlakat Mustaqilligining 29 yilligiga bag'ish­langan tantanali marosimda Yurtboshimiz so'zlagan nutqida ham “Taraqqiyot kushandasi bo'lmish illatkorrupsiyaga qarshi mamlakatimizda keng ko'lamda kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilmaKorrup­siyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz bu masalaning dolzarbligi va doimiy e'tiborimizda bo'lishidan dalolat beradi”, deya alohida ta'kidlagandi.

“Transparency International” xalqaro tashkiloti e'lon qilgan korrupsiyaga qarshi 100 balli reytingida O'zbekiston 180 ta davlat va hududlar ichida 25 ball bilan jahonda 153-o'rin egallagani ham davlatimiz rahbarining kuyunchakligi, amaliy sa'y-harakatlari bejiz emasligidan dalolat beradi.

Xo'sh, korrupsiya nega bu qadar urchidi? U qanday muhit va ko'rinishlarda yuzaga keladi?

Ma'lumki, sobiq ittifoq davridayoq korrupsiya avj olgandi. Deylik, mamlakatimizda paxta yakkahokimligi davrida yig'im-terimi mavsumi frontga qiyoslanardi. Bu “front”ga maktab o'quvchilari, oliy ta'lim dargohlari talabalaridan tortib, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilarigacha safarbar etilardi.

Sog'ligi dala ishlariga to'g'ri kelmasligini aytganlar tibbiyot xodimlari ko'rigidan o'tardi. Ko'pincha haqiqiy kasalmand qolib, orqasida tirgagi bor, ammo to'rt muchasi sog'lomlar “spravka”si bor bo'lib qolardi. Ba'zilarning amaldor otasi rektorga bitta qo'ng'iroq qilsa, kifoya edi. Aslida bu ham korrupsiyaning bir ko'rinishi. Chunki o'sha o'quvchi yoki talaba tanbal, ishyoqmas, birovlarning hisobiga kun ko'radigan bo'lib voyaga yetadi.

Ming afsuski, jarayonlarga yuqoridagi taxlit yondashish mustaqillikka erishilganidan so'ng ham ancha yillar davom etdi.

Buni qarangki, bir gal Buxorodagi nufuzli oliy ta'lim muassasasida prorektor bo'lib ishlaydigan do'stimiz: “Rektorimiz bir mavsumda kamida “ko'k”dan 200-300 ming topadi. Endi rahbar shunday bo'lgach biz chekkada turarmidik. Ey, buyog'ini so'rasang, farrosh ham o'qishga bola kiritadi”, degani esimda.

Yuqorida keltirilgan misollardan ham ko'rinib turibdiki, bunday “saboqlar”, ming afsuski, jamiyatni rostakam tanazulga yetaklab boradi. Qaysi sohani olmang, korrupsiya! Shu o'rinda ulug' mutafakkir Abdulla Avloniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, deganida jamiyatda yuz berayotgan salbiy holatlarga oid teran gap ayt­gan.

Uzoqqa bormaylik, mamlakatimizda dastlab karantin e'lon qilingan kunlar edi. “Dori-darmon” mas'uliyati cheklangan jamiyati menenjerining xonasida o'tirgandik. Suhbatimiz ustiga bir tuman tibbiyot birlashmasining bosh shifokori kirib keldi. Menenjerdan o'zi bilan olib ketish uchun kerakli tibbiyot vositalari, darmon dorilarini so'radi.

— Ularning bori taqsimlangan, sizga qarashli dorixonadan kelishib, tegishlisini olib ketishgandi, — dedi menenjer. Shunda bosh hakim janoblari:

— Hammasidan xabarim bor. Olinganlarni bo'limlarimizga tarqatgandik. Qaytarib olsak gap-so'z ko'payadi. Ochig'ini aytsam, hozir “katta” so'rayapti, bo'lsa yo'q demang, o'sha gap-da… — dedi.

Shu payt bosh shifokorning qo'l telefoni jiringladi. Uzr so'rab qabulxonaga chiqdi. Eshik qiya ochiq qolgani bois bosh shifokorning “tushunarli”, gap orasida “topshirig'ingiz bo'yicha dori-darmon”ga kelgandim”, “hozir “est” qilamiz” degan so'zlari eshitilib turardi…

Korrupsiya, korrupsiya deymizu, ba'zan o'zimizdan ham ortmay qolayapmiz. Boyni boy, kambag'alni kambag'al deyilaversa korrupsiyani hali-beri tugata olmasak kerak.

Eng yomoni, katta-kichik tizimlarda tanish-bilishchilik, oshna-og'aynichilik singari illatlarning barham topmayotgani bir bo'lsa, davlatning katta-katta mab­lag'laridan turli usullarda o'z foydasiga hal qilish, joyi kelganda bitta imzo chekishning “narxi” bor ekanligi korrupsiya naqadar chuqur ildiz otganidan dalolat beradi.

Bir qarasang, o'sha loyiha bajarilgan. Aytaylik, falon kilometrlik yo'l qurilgan, muddatida bo'lmasa ham cho'zilib-cho'zilib bajarilgan. Loyiha qiymatidan ham oshib ketmagan. Lekin bundan bir yil avval qurilgan bu yo'ldan nega yurib bo'lmaydi? Nega hatto bundan 30-40 yillar burun qurilgan yo'llar sobit, mustahkam turibdi-yu, yangi yo'llarimiz tez o'pirilib, o'ydim-chuqur bo'lib qolayapti. O'ydim-chuqurligidan suv yig'iladi, hatto u chuqurlarda o'rdak boqish mumkin bo'ladi.

Chunki, loyiha — soxta, unga ishlatilgan qurilish materiallari sifatsiz.

* * *

Mulkni xususiylashtirish jarayoni korrupsiya ildiziga nihoyatda hayotbaxsh ozuqa bag'ishladi. Dastlab, bir hayotiy dalil keltiraman.

Buxoro viloyat hokimligi muassisligidagi gazetalarga bosh muharrir bo'lganim uchun aksariyat viloyat tadbirlarida qatnashardim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hukumat rahbari lavozimida ishlagan paytida Buxoro viloyati faollari yig'ilishida ishtirok etib, aytgan gaplaridan ta'sirlanib “Uni siz ham uchratgansiz” sarlavhali maqola yozdim. Qu­yida “Buxoronoma”ning 2007 yil 28 mart sonida “Ma'naviyat qirralari: mulohaza, munosabat” rukni, “Gap ma'naviyatdan yiroq, loqayd yashash hayot tarziga aylangan kimsa(lar) haqida bormoqda” sarlavhali mazkur maqolamdan mavzuga taalluqli bir parchani aynan keltiraman:

“Loqaydlik!.. Bu illatning o'zagi qaerda? Belgilari qanday namoyon bo'ladi? Asoratlari nechog'li og'ir kechadi? Loqayd kimsa hamma narsaga nisbatan ham loqaydmi? Yo'q! U o'ziga aloqasi bo'lmagan, naf ko'rmaydigan, aralashsa zarari tegadigan, huzur-hadovati buziladigan holatlarga nisbatan loqayd, ko'zi “ko'r”, qulog'i “kar”. “Menga nima” qabilida, sirtdan tomoshabin tarzida ish tutadi. O'ziga kelganda esa buning tamomila aksi. Nafi   tegadigan imkoniyatdan mumkin qadar ko'proq foydalanib qolishga urinadi. Barmog'ingizni tutqizsangiz, qo'l tugul, yelkagacha sug'urib oladi…

…Respublika Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev o'tgan shanba kuni viloyat hokimligida bo'lib o'tgan faollar yig'ilishida qatnashib, Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan paytida o'zi duch kelgan, ertangi kun, yurt taqdiriga befarq qarolmaydigan, vatanparvar har qanday kishi qalbini larzaga keltiradigan o'ta achchiq bir haqiqatni ochiq, nihoyatda kuyunib gapirgani sabab beixtiyor ko'nglimdan yuqoridagi mulohazalar kechdi. Mulk­­ni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishga mutasaddi, yuqorida e'tirof etganimiz kabi manfaatparast rahbarlar tomonidan Poyariq tumanidagi paxta zavodi 10 million (!) so'mga sotib yuborilgan. Bu oldi-sotdi kelgusida qanchalik qiyinchiliklarni keltirib chiqarishini va nihoyatda qimmatga tushishini anglagan, oqibatda iqtisodiyotga behisob darajada zarar yetishidan qattiq tashvish­langan, jarayonni to'xtatishga uringan viloyat hokimiga yuqorida turgan janoblar o'shanda “Bu ishga hokimlarning aralashishga haqqi yo'q!” qabilida javob berishgan.

— Hozir Poyariqda paxta zavodi yo'q,—dedi Bosh vazir.— Zavod qurish uchun esa 6 milliard so'm mablag' kerak. Byudjetdan bir tuman uchun buncha mablag'ni ajratishning hozircha imkoni yo'q.

Xullas, ma'lum bo'lishicha, ishlab turgan zavodning barcha uskunalari shu holicha “shalanda”larga yuklanib qo'shni mamlakatga eltib o'rnatilgan. Tilga olingan “mulkni davlat tasarrufidan chiqarish” evaziga ehtimol kimlarningdir cho'ntagiga bir necha yuz ming “ko'k”idan tushgandir. Aks holda, yelkasida kallasi bor, hisob-kitobdan jinday xabardor banda ham butun boshli zavodni atigi 10 milllion so'mga pullab yuborarmidi? Holbuki, xususiylashtirish jarayonlari boshida o'ta aqlli, bilimdon, foyda bilan zararning farqiga juda yaxshi boradigan kishilar turishgan.

Taassuflar bo'lsinki, bunday misollar yagona emas. Shunga o'xshash “xususiylashtirish”lar boshqa viloyatlarda ham yuz bermaganmi?!”

Chindan ham mamlakat ko'lamida bunday talon-toroj qilib yuborilgan korxonalar, binolar qancha? Ulardagi qimmatbaho dastgohlar, mashina-mexanizmlar-chi? Ming-minglab qoramollar parvarishlanayotgan fermalaru turli rusumdagi texnikalarga ega mashina-mexanizmlar parklari, xo'jaliklarning zamonaviy idoralari-yu dala shiyponlari-chi?

Mulkchilik shakli o'zgarishi, “buz-buz”­lar, “gumdon qilishlar” zamirida hujjatlar risoladagiday tuzilgani holda bir necha yuz million so'mlab qiymatga ega binolar arzimagan chaqaga narxlanib, pullab yuborilgan. Ming-minglab ishchilarning tirikchiligini ta'minlayotgan korxonalar sun'iy ravishda bankrotlik holatiga keltirilib, bino va qimmatbaho dastgohlari, uskunalarini jazman xaridorlar arzongarovga sotib olib, binolarni to'yxonalar, savdo do'konlariga aylantirib, dastgohlarini xususiy korxonalariga o'rnatib mo'may daromad manbaiga aylantirdilar.

Mazkur jarayonlarda kimlarning, qanday kelishuvlari, maqsad-muddaolari, tomonlarning qanday manfaatlari yotganligini jinday fahmu farosati bor odam hech qanday izohsiz juda yaxshi tushunadi.

* * *

Respublika tashkilotlarining rahbarlari yoki xodimlari ish yuzasidan viloyatlarga xizmat safariga chiqishlari tabiiy jarayon va ularga mehmon maqomida qaralishi azaliy udumga aylangan. Shuningdek, ular joylashish­lari uchun mehmonxonaga “lyuks” yoki bir kishilik (uning mavqeiga qarab) xona buyurtma berilib, tayyoragoh yoki temir yo'l vokzalida kutib olinadi, safarning samarali o'tishi uchun tashkiliy-amaliy choralar ko'riladi.

To'g'ri, mehmonni kutish, uning yashashi xususida qayg'urish, hurmatini o'rinlatish, odamgarchilik yuzasidan taomlantirish, munosib kuzatish milliy mentalitetimizga xos an'ana. Xizmat safariga keladiganlar orasida birovga og'irini tushirmaydiganlari, xolis ish tutadiganlari, nazari to'qlari ko'p va aslida ham shunday bo'lishi lozim.

Mahalliy amaldor faoliyatiga qora tortilgan axborot yozib ketilsa o'tirgan kursidan ayrilishi yoki qandaydir kirdikorining misi chiqishidan qo'rqib, shu kabi tashrif buyurgan kimgadir o'rinbosarini hamroh qilib boshiga g'alva orttirgan qaysidir bosh­liqning holiga tushmaslikni o'ylab nuqul unga “paxta” qo'yadi, orqasidan “lagan” ko'tarib yuradi. Buning ustiga viloyat rahbari ham “sohangdan bir gap chiqadigan bo'lsa jonigni olib, qoning­­ni ichaman” qabilida oldindan ogohlantirgan.

Ayrim xizmat safariga kelganlar oqshomlari qaysidir nomdor restoranda alohida kabinadagi yumshoq kursiga yastanib “menyu”ga nazar tashlab og'ziga kelganini buyurganini ko'rib ensangiz qotadi. Mezbon uning to'lovini o'ylab ichidan qirindi o'tsa-da sirtida jilmayib, yaltoqlanib mehmonning ko'ngli tusaganini muhayyo qildiradi. Qancha noz-ne'matu taomlar dasturxonda qolib ketadi. Bunday bitta “ujin”ning puliga oddiy xonadon bir oy qora qozonini qaynatishi hech gapmas. Hatto Muqimiy bobomiz ta'riflagan fe'l­­li ba'zi birlarining mehmonxona, yeb-­ichishini ko'tarishdan tashqari cho'ntaklariga “konvert” solinib, safarlari qariganida qo'llariga qaytish chiptasi va “mozorbosti” paketlar tutqiziladi.

Xo'sh, endi xolisona ayting-chi? Bu sarf-xarajatlar qaysi hisobdan qilinadi? Bilishimcha, birorta mahalliy tashkilot smetasida bunday to'lovlar uchun mablag' ko'zda tutilmagan. Demak, hammasi rahbar zimmasida. Insof bilan aytganda, aksariyat rahbarning bir oylik ish haqi bitta mehmonni yuqoridagi taxlit kutib-jo'natishga yetmasa kerak. Ba'zan oy davomida ikki-uch marta ana shunday mezbonlik chekiga tushsa-chi? Oilasi, o'zining tirikchiligi qaysi hisobdan kechadi? Bunday keldi-ketdilar qanday asoratlarni keltirib chiqaradi? Mazkur savollarga mantiqan javob izlash va tegishli xulosa qilish har kimning o'z idrokiga havola.

Lekin eng achinarlisi, ular poytaxtga qayt­gach, mezbonlar tomonidan to'langan mehmonxona, poezd yoki avia chiptalarini xizmat safarlari hisobotlariga qo'shib taqdim etadi. Natijada mazkur to'lovlar tegishli tashkilot, yanada aniqrog'i davlat hisobidan ularga qaytariladi. Shu tariqa uning qaytib ketishi, mehmonxonada yashashi, kunlik yeb-ichishi o'zi uchun tekinga tushgani holda yana cho'ntagiga mo'maygina aqcha ham kiradi.

Yana bir muhim jihati, shu taxlit kutish, quyuq ziyofatlaru jo'natishlar tufayli ko'pincha mehmon bilan mezbon o'rtasida ishonch, yaqinlik paydo bo'lishi, shaxsiy maqsad-muddaolar taqozo etgan taqdirda o'zaro manfaatli “oldi-berdi” qilinishiga ham zamin yaratishi mumkin. Munosabat quyuqlashib borsa biri pushti-panohga aylanib, ikkinchisining yuqori ko'tarilishiga rahnamolik qilishi yoki qavatiga olishi ham hech gap­mas.

* * *

Ochig'i, dunyoda korrupsiyadan butunlay xoli mamlakat yo'q ekan. Bu fikr tasdig'ini Transparency International xalqaro tashkilotining reytingida birinchi o'rinda turadigan Yangi Zelandiya 100 ball­dan 89 ball olganligida ham ko'rish mumkin. Negaki, “oldi-berdi”dan ikki tomon ham manfaatdor. “Oluvchi”ga tekin luqma unadi, “beruvchi” esa evaziga qandaydir muddaosi yechimiga erishadi. Katta-katta pul ko'chirmalari orqali amalga oshiriladigan jarayonlarda ham mablag'ni tasarruf etuvchi bilan mijoz o'zaro kelishadi. Shu sababli ularning kirdikorini fosh etish amrimahol.

Nazarimizda, korrupsiyaning o'q ildizi va uning shakl-shamoyiliga keskin zarba berish uchun:

1) Jamiyatda qonun ustuvorligini, korrupsioner kim bo'lishi, qanday lavozimda faoliyat yuritganidan qat'i nazar jazo muqarrarligini;

2) Jazoni keskin kuchaytirishni (amalda ko'pincha milliardlarni o'margan shaxs qo'lga tushib ishi sudga o'tkazilgan taqdirda sudya “ko'rilishi” evaziga unga nisbatan tegishli moddaning jazo nisbatan yengil bandini qo'llash imkoniyatiga ega. Mahkum “yo'lini qilib” hukmda belgilangan jazo muddatining muayyan qismini o'tab ozodlikka chiqishi hech gapmas);

3) Oqlangan shaxsga moddiy va ma'naviy zarar to'lovini uni asossiz ayblagan tergovchiga qaratish va albatta tegishli chora ko'rishni (shunda tergovchining mas'uliyati ortadi. Tergovchi davlat xizmatchisi hisoblanishi sababli amalda zarar byudjetdan beriladi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan shu yil 30 iyunda o'tgan odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo'ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangani, o'tgan yilning o'zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6, 7 milliard so'mlik moddiy va ma'naviy zarar to'lab berilgani fakti keltirilgan edi. Qarang, xatoni kim qilganu tovoni kimning hisobidan. Bordi-yu ayblov hukmi chiqarilgan shaxs oqlansa, zararni qoplash sudyaga qaratilsa, qonunga zid jazoga tortilishlar kamayishiga erishilardi);

4) Sudda korrupsiya ishlarining ko'rilishida OAV xodimlarining ishtiroki ta'minlanishi;

5) Fuqaro haq-huquqi himoya qilinishini va huquqni muhofaza qiluvchi, soliq va boshqa nazorat organlari xodimlarining xizmat vakolatlari doirasidan chiqmasligini;

6) Byudjet hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarga daxldor moliyaviy jarayonlarning jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishiga erishish, shaffofligi va oshkoraligini amalda ta'minlash taqozo etiladi.

Qolaversa, Transparency International xalqaro tashkiloti reytingida korrupsiyani keskin kamaytirshga erishgan Yangi Zelandiya, Daniya, Finlyandiya, Singapur, Shvetsiya, Shveysariya, Norvegiya, Kanada, Germaniya, hatto sobiq Ittifoq respub­likalari bo'lgan Estoniya, Litva singari davlatlar tajribasini o'rganish va amalda qo'llash zarur.

* * *

Sog'lom fikrli, g'ururli, vijdoni toza, vatanparvarlik to'yg'usi ustuvor fuqaro jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq qarolmaydi, taraqqiyot yo'liga g'ov bo'layotgan illatlar tezroq bartaraf etilishini, mamlakati tobora ravnaq topishini, kelajak avlodlar yanada farovon yashashlari, beg'ubor orzulari, ulug' maqsalariga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib borilishini istaydi. Imkon qadar ularning ro'yobga chiqishiga o'z hissasini qo'shadi. Mazkur maqola ham ana shu ezgu niyatda bitildi.

Ammo bu illatdan tamomila qutulish uchun ancha “qovun pishig'i” borga o'xshaydi. Kunlar shu zayl davom etsa, yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kuch-quvvat bersin endi, deyishdan boshqa ilojimiz yo'q.

Jahongir Ismoilov,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 14 =