Bosma nashrlarning ertasi bormi?

Yaxshi eslaymiz. Chunki bunga juda ko'p bo'lgani yo'q. Bunga qadim zamonlar emas, yaqin tariximiz shohid. O'tgan bo'lsa, 30 yil yo undan bir-ikki yil kam yo ko'pdir. Muhimi, odamlar gazeta-jurnal o'qir edi. Mutolaani yaxshi ko'rar edi. Gazeta jurnal sotadigan kioskalar oldida bugun arzon tuxum sotadigan do'konchaga turnaqator odam yig'ilgandek, matbuot nashrlari uchun ham navbatda turilardi. Shu boisdan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Yosh leninchi” — (hozirda chop etilmayotgan “Yoshlar ovozi”), “Toshkent oqshomi”, “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush”, “Saodat” kabi nashrlar deyarli har bir xonadonga kirib borardi. Adadini so'rasangiz, millionga yaqinlashardi. Xo'sh, bugun-chi? Yashirishga hojat qolmadi: bir maxzun, bir og'ir ahvolga tushib qoldi aksariyat nashrlar.

Endi bir o'ylab ko'raylik, nega odamlar gazeta-jurnallardan uzoqlashdi? Axir, matbuot jamiyatning ko'zgusi, ma'naviyat sarchashmasi emasmidi? Yo ushbu “ko'zgu”da xalq dardi, tashvishlari aks etmay qoldimi? Matbuot yolg'on cho'pchaklarni aytaverib, hammaning e'tiboridan qoldimi? Internet, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga kirib kelib, bosma nashrlar o'rnini butkul egalladimi? Yoxud, endi ba'zi birovlar fol ochayotganidek chindan ham bosma nashrlarga ehtiyoj qolmadimi?

Bu ko'pdan-ko'p tizginsiz savollarga javob topishning o'zi bo'lmaydi. Chunki bu savollarning aksariyatida javoblar ham ozmi-ko'pmi bordek.

Ammo… nazarimizda sabablar bitta-ikkita emas. Eng katta sabab­lardan biri shundaki, maktab o'quvchilariga, oliy ta'lim o'choqlari talabalariga o'z nashrlarining borishiga o'tgan 25 yil davomida birov e'tibor qilmay qo'ygani bois, istaymizmi yo'qmi, matbuotni o'qimaydigan avlodni paydo qildik.

Axir, bundan 30-40 yil burun har bir sinfda nechta bola o'qisa, shuncha bola “G'uncha”, “Gulxan”, “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”)ni olar edi-ku.

Oliy ta'limda o'qib yurgan yoshlarning qo'lidan gazeta-jurnal tushmas edi-ku.

Bugun ming afsuski, mamlakatimizdagi har bir maktabga yuqoridagi nashrlar, sinflarni qo'ying, har bir maktabga aqalli 1 nusxa bormayotgani achinarli hol. Yo'qsa, nufuzli bolalar nashrlari bugun 2-3 ming nusxada chop etilarmidi?!

Gazeta-jurnallarning obuna narxi esa juda baland, shu bois, kam nusxada chiqishga mahkum. Aytaylik, hozir 2-3 ming nusxada chop etilayotgan “Gulxan”ning yillik obuna narxi yuz ming so'm bo'lsa, mabodo u bir million nusxada chop etilsa, qancha bo'lardi? Shubhasiz, obuna bahosi 10-15 ming so'm atrofida bo'lardimi, bizningcha shunday.

Demak, bu jihatlarni ham endi o'ylab ko'radigan vaqt keldi.

Bejiz davlatimiz rahbari shu yil O'qituvchi va murabbiylar kuni bayramidagi nutqlarida matbuot nashrlarining o'rni haqida ham to'xtalmadi. Jumladan, Prezidentimiz shunday dedi: “Muallim va o'qituvchilarning bilimi va malakasini oshirish haqida gapirganda, bugun jamiyatimizda dolzarb bo'lib turgan yana bir masalaga to'xtalib o'tish zarur, deb o'ylayman.

Ayting-chi, o'qituvchi o'z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo'shimcha metodik yordamni qaerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo'llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.

Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o'qituvchi va domlalari o'zlari uchun zarur bo'lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi”.

Demak, matbuot kerak. Millionlab odamlar hali ham o'qishni istaydi. Faqat… sohaga e'tibor, g'amxo'rlik zarur.

Ammo bulardan ham avval, matbuotga munosabatni o'zgartirish hammasidan ham dolzarb­roqdir, desak xato bo'lmasa kerak.

Bugun joylarda shunday “ob-havo” shakllandiki, katta-kichik rahbarlarga, sud-huquq idoralari vakillariga matbuotda aytilgan gap shunchaki “ermak” yoxud e'tibor qaratmasa ham bo'laveradigan cho'pchak misoldek. Aslida, jamiyat ko'zgusi bo'lgan OAVlarida ko'tarilgan muammo, tanqidiy chiqishlar zudlik bilan o'rganib chiqilishi, lozim darajada javob qaytarilishi – qonun talabi emasmi?! Ammo… Lekin… Biroq…

Yana shuni aytish joizki, ayrim viloyat hokimlari o'z nashrlariga haddan ziyod “mehribon”dirlarki, obuna mavsumida viloyatdagi jamiki tashkilot, korxonalarni majburiy ravishda o'z viloyat gazetasiga obuna qilishga yo'naltiradi. Ayting, bu viloyat gazetasi shuncha zo'r, o'qimishli ekanmi?

Qayoqda, hokimlikdagilar muassisligidagi gazetani hatto varaqlab ham ko'rishmasa kerak. Bo'lmasa, undagi g'ij-g'ij savodsizlik, pala-partishlikka chidash mumkin emas. Lekin qarabsizki, 30-40 ming nusxa obuna muhayyo: respublikaning markaziy nashrlari hisob­langan gazetalar esa chalajon: 2-3 mingga yetar-etmas ahvolda. Mamlakat bo'ylab tarqatiladigan gazeta – 2 ming nusxa chiqar ekanu, viloyat gazetasi – 40 ming adadda emish?

Joylarda bunday maynavozchiliklarga bu yil barham berilishi, odamlar, tashkilot va korxonalar o'zlari istagan nashrlarga obuna bo'lishlariga ko'proq e'tibor qaratilsa, ma'qul bo'lardi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va omma­viy kommunikatsiyalar agentligida yaqinda bo'lgan anjumanda aytilganidek, ming taassufki, ba'zi hokimliklar bo'lsa, o'z gazetalariga umuman e'tibor qaratishmaydi. Bu holatni ham oqlab bo'lmaydi, albatta. Quyidagi ma'lumotlarga bir e'tibor qiling-a:

O'tkazilgan o'rganishlar 2020 yil 1 sentyabr holatiga ko'ra, aksar viloyat, shahar va tuman hokimliklari muassisligidagi gazetalarning adadi 1000 nusxagayam bormasligi ko'zga tashlandi.

Masalan, Qoraqalpog'iston Respublikasidagi “Kegeyli turmыsы” gazetasi (Kegeyli tumani hokimligi) 21 nusxada, “To'rtko'lnoma” gazetasi (To'rtko'l tumani hokimligi) 90 nusxada, “Taqыtas xabarlari” gazetasi (Taxiatosh tumani xabarlari) 100 nusxada chop etilmoqda.

Buxoro viloyatidagi “Galaosiyo ovozi” gazetasi esa (Buxoro tumani hokimligi) 100 nusxada, “Qorako'l sadosi” gazetasi (Qorako'l tumani hokimligi) 170 nusxada chiqadi.

Jizzax viloyatidagi “Zarbdor” gazetasi (Zarbdor tumani hokimligi) 370 nusxada chiqsa, “Do'stlik hayoti” gazetasi (Do'stlik tumani hokimligi) 453 nusxada nashr etilayotgan ekan.

Namangan viloyatidagi “Norin ovozi” gazetasi (Norin tumani hokimligi) 250 nusxada, “Kosonsoynoma” gazetasi (Kosonsoy tumani hokimligi) 400 nusxada;

Sirdaryo viloyatidagi “Sharafli yo'l” gazetasi (Cardoba tumani hokimligi) 80 nusxada, “Mirzaobod” gazetasi (Mirzaobod tumani hokimligi) 250 nusxada, “Guliston yangiliklari” gazetasi (Guliston shahar hokimligi) 400 nusxada;

Toshkent viloyatidagi “Angrenskaya pravda” gazetasi (Angren shahar hokimligi) 409 nusxada, “Bostandыq dausы” gazetasi (Bo'stonliq tumani hokimligi) 455 nusxada;

Farg'ona viloyatidagi “Bag'dod hayoti” gazetasi (Bag'dod tumani hokimligi) 28 nusxada, “Znamya truda” gazetasi (Qo'qon shahar hokimligi) 60 nusxada, “Yaypan ovozi” gazetasi (O'zbekiston tumani hokimligi) 348 nusxada, “Qo'qon sadosi” gazetasi (Qo'qon shahar hokimligi) 360 nusxada;

Xorazm viloyatidagi “Bog'ot sadosi” gazetasi (Bog'ot tumani hokimligi) 260 nusxada, “Shovot istiqboli” gazetasi (Shovot tumani hokimligi) 300 nusxada, “Yangibozor ko'zgusi” gazetasi (Yangibozor tumani hokimligi) 310 nusxada, “Hazoraspnoma” (Hazorasp tumani hokimligi) va “Xiva tongi” (Xiva shahar va Xiva tumani hokimliklari) gazetalari 500 nusxada;

Qashqadaryo viloyatidagi “Naxshab” (Qarshi tumani va Qarshi shahar hokimliklari) va “Muborak hayoti” (Muborak tumani hokimligi) gazetalari 300 nusxada, “Yakkabog' ovozi” gazetasi (Yakkabog' tumani hokimligi) 343 nusxada, “Nishon tongi” gazetasi (Nishon tumani hokimligi) 350 nusxada, “Kesh” gazetasi (Shahrisabz tumani hokimligi) 480 nusxada, “Qamashi” gazetasi (Qamashi tumani hokimligi) bor-yo'g'i 500 nusxada chop etilmoqda.

Gazetalarning bunday kam adadda chop etilishi tahririyatlarni moliyaviy jihatdan tang ahvolga tushirib qo'ydi. Jumladan, xodimlarga ish haqi, ijara to'lovi, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bosmaxona xarajatlarini qoplash imkoniyatlari yo'q hisobi.

Vaholanki, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida ommaviy axborot vositasining chiqarilishini ta'minlash – muassisning majburiyatlaridan biri sifatida belgilab qo'yilgan.

Demak, ayrim viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan o'z muassisliklaridagi gazetalar oldidagi qonun bilan belgilangan majburiyatlari amalda bajarilmayapti.

So'nggi ma'lumotlarga tayanadigan bo'lsak, viloyat, tuman va shahar hokimliklari muassisligidagi 23 ta gazetalar bugungi kelib o'z faoliyatini to'xtatgan.

Yuqorida aytganimizdek, bir paytlar adadi 1 millionga yetgan respublika nashrlari “O'zbekiston ovozi”ni olasizmi yo katta bir partiya nashri bo'lgan “Adolat”, yoki “Jamiyat”, “Oila va jamiyat”, “Fan va turmush” yoxud “Guliston”ga qaraysizki, bugun ahvol guliston emas. Ming nusxa, 1,5 yo 2 mingga yetar-etmas adadda chop etilmoqda. Tahririyatlarda ijodiy jamoa tarqoq, har jihatdan “to'kilay” deb turibdi.

Donishmandlardan biri “Kitob o'qimasdan ham kun o'tkazish mumkin, ammo yashab bo'lmaydi”, degan ekan. Juda hikmatli gap. Axir, odam bolasi bu dunyoga faqat yeb-ichish, kiyinish, yallo qilish uchun kelmaydi. Uning chinakam inson bo'lib yashashi uchun esa bugun ham internet, telefon kabi texnik vositalardan tashqari, kitob ham, gazeta-jurnal ham kerak. Ularsiz – haqiqiy hayot yo'q.

Zero, pul, mol-dunyosini yo'qotgan kishi, uni kun kelib topishi mumkin. O'zligini yo'qotgan odam esa aslo baraka topmaydi. Nafaqat har bir maktab, idora va korxonalar, ta'lim muassasalariga, balki har bir xonadonga ziyo chashmalari – gazeta-jurnallar kirib borishi – orzu bo'lib qolmoqda. Ishonchimiz komil, xalqimizning matbuotga mehri, muhabbati butunlay yo'qolib ketmagan. Buning uchun birinchi galda hokimliklar, har bir tashkilot, korxona mutasaddilari, ulardan oldin vazirlik, qo'mita, agentliklar, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, xalq ta'limi va boshqa vazirliklar, qo'yingki barcha idoralar mutasaddilarining OAVlariga bo'lgan munosabati, e'tibori keskin ijobiy tomonga o'zgarmasa, iliq natijani kutish befoyda.

Axir, Yurtboshimiz o'z nutqlarida bosma nashrga munosabatni, uning hayotiy ehtiyoj ekanligini bejiz uqtirmadi.

Tan olish kerakki, gazeta va jurnallar ham o'zgaryapti. Harqalay, bundan 4 yil avvalgi bir xil qolipdagi nashrlar emas. Har bir gazeta-jurnalda o'qiydigan nimadir bor. Endigi vazifa esa matbuotning erkin, ochiq va xolis xalq minbariga aylanishida. O'quvchini befarq qoldirmaydigan gazeta, jurnal chop etish – davr talabi. Ammo ko'pchilikda hozir shunday munosabat shakllangan: “E, gazetalarmi, o'qiydigan hech narsa yo'q!” yoki “Baribir, o'sha eski gaplarni yozadi-da”. E, tanqidchi birodar, o'zi umringda oxirgi marta qachon va qaysi gazetani o'qib ko'rding, deb so'rang, shunda ham bo'sh kelmaydi: “Bilaman-da!”

Bizning ham bilganimiz shuki, ko'nglimizda sobit ishonch bor. Chunki yurtimizda har bir soha rivoj topyapti. O'tgan yillarda yo'l qo'­yilgan, e'tibordan chetda qolgan sohalarga jonbaxsh etilmoqda. Davlatimiz rahbarining irodasi – xalqimizning xohish-irodasi bilan hamohang. Shunday ekan, bosma nashrlarning ertasi borligiga ishonch bor!

A. PARDAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 1 =