Shahar hokimining o'rniga hisobchi javob beradi…

Kuni kecha tahririyatimizga Farg'ona shahar hokimligidan №5191-07-22 raqamli xat keldi. Bizni ajablantirgani, xafa qilgani shundaki, shahar hokimi Hamid Habibidinov ommaviy axborot vositalari aholi va hokimiyatlar o'rtasidagi aloqalarni o'rnatish va mustahkamlashda muhim ko'prik vazifasini o'tayotganini unutib qo'ygan ko'rinadi.

Albatta, turli jabhalarda olib borilayotgan yangi­liklar va hayotbaxsh qarorlarning haqqoniy va xolis yetkazilishida gazetalarning o'rni beqiyos. Har qanday jamiyatda rahbarning madaniyatlilik darajasi, aql-zakovati va ja­moada tutgan o'rni uning bilim darajasi bilan belgilanadi. Farg'ona shahar hokimi o'zini ancha “baland” tutadiganlardan ekan shekilli, tahririyatimiz tomonidan yo'llangan xatga javobni hokimlik bosh hisobchisi S.Isamitdinova yo'llabdi.

Eng qizig'i, xatda na mantiq,  na bir jo'yali fikr bor. Nahotki Farg'onadek o'z nufuziga ega shaharning hokimi nomiga yuborilgan xatlarga uning hisobchisi javob qaytarsa? Qani bu yerda mantiq? Shundan ko'rinadiki, hisobchi ehtimol, shahar hokimi ham o'zlarining vakolatiga nimalar kirishini bilmas. Yanglishmasak, bosh hisobchi vazifasi hokimlik ishchi-xodimlarining ish haqini hisoblash, buxgalteriya hisob-kitoblarini olib borishdan iborat. Qolaversa, biz xatni Farg'ona shahar hokimi nomiga yozgan edik, ammo H.Habibidinov respublika matbuot nashrlariga panja orasidan qarab, o'z imzosi bilan javob yo'llanishiga aqli yetmabdi. Demak, u davlatimiz olib borayotgan bugungi ochiqlik siyosatni bilmaydi yoki bilsa-da o'zini bilmaslikka oladi, mensimaydi.

Keling, hokimlik bosh hisobchisi tomonidan bizga yo'llangan javob xatidagi ba'zi jumlalarni e'tiboringizga havola qilsak: “…majburan obuna tashkil etish qonunga zid ekanligini inobatga olgan holda, shahar hokimligi apparat xodimlariga gazetangiz bo'yicha tegishli ma'lumotlar yetkazilib targ'ibot ishlari olib borildi”. Xat jumlasidagi xatolar, savodning g'ovlagani o'z yo'liga, ammo Farg'ona shahar hokimi va hokimlik mutasaddilari muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mat­­­bu­ot­­­da e'lon qilingan nutqlaridan mutlaqo bexabarmilar? Davlatimiz rahbari o'z nutqlarida: “…Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o'qituvchi va domlalari o'zlari uchun zarur bo'lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o'qimasligi bilan maqtanadigan bo'ldilar…”, degan edi.

Nahotki hokim ijro hoki­miyati idora rahbari emas, bir qush qo'nmas xo'jalikda ishlasa? U yerga gazeta yetib bormasa? Agar javob xatini to'liq o'qiganingizda edi, siz ham shunday fikrga borardingiz, ishonavering.

Bosh hisobchi tomonidan tahririyatga yo'llangan javob xatidan ham ma'lum, Farg'ona shahar hokimligida ilm-ma'rifat, savodxonlikka va ijro intizomiga umuman bepisandlarcha munosabat shakllanganga o'xshaydi. Yo'qsa, ular bu mantiqsiz xat orqali nimani isbotlamoqchi bo'lganini o'zlari ham bilishmasalar kerak. Barchaga ma'lum bo'lgani shuki, rasmiy vakolatli idoralarga jo'natiladigan javob xatlariga bosh hisobchining imzosi qo'yilishi o'ta nojoiz hisoblanadi. Hokim bo'lmasa, uning o'rinbosarlari yo'qmidi, degan o'y keladi beixtiyor!

Shu o'rinda, bir voqea: ancha yillar oldin xizmat safari bilan Qo'qon shahar obodonlashtirish bo'limida bo'lgandik. Bo'lim g'aznachisi xonasida suhbatlashib tursak, xonaga ikki nafar, egnidagi kiyimining  abgori chiqib ketgan, qo'liga belkurak va supurgi tutgan ishchilar kirib kelishdi. Ular g'aznachidan maoshini olgani kelishganini aytishdi. Shunda g'aznachi ulardan ism-familiyalarini so'radi.

Shunda ulardan biri: “Familiyam? Bilmayman, a, o'rtog'im biladi”, dedi sherigiga yuzlanib. Sherigi ham xuddi shu gapni takrorladi. Hazilga usta kishilar ekan, axir, odam qanday qilib o'z familiyasini bilmasligi mumkin, dedim, u kishi: “Yo'q, ular hazillash­mayapti, bizda bunaqa xodimlar ham bor. Lekin ular beminnat  xizmati bilan shahar obodonchiligiga katta hissa qo'shadi, halol odamlar. Ular doimo rahbariyat va bizlarning nazoratimizda”, deb aytgan edi. Buni qarangki, oradan ancha yil o'tganidan keyin bu voqeani yana eslatuvchilar topildi.

Yoki Farg'ona shahar hokimi bizga “hazil” qilmoqchi bo'ldimikan?..

Hikmatulloh QODIROV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + seventeen =