Nizomiddin MAHMUDOV: «Til – millatning hamiyati»
“Qança tilni bilsangiz şunça yaxşi. Biroq odam nafaqat, öz ona tilida sözlaydi, balki öz tilida xayol suradi, öz tilida tuş köradi va öz tilida yiğlaydi”, degan edi maşhur yozuvçilarimizdan biri. Taniqli olim, ÖzFA Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov bilan suhbatda til uçun qanday kuraşiladi, özbek tilining dunyo tillari orasidagi maqomi, şevadagi sözlarning örni, tilning buzilişi va yöqolişiga qarşi olib borilayotgan harakatlar haqidagi masalalarga eʼtibor qaratdik.
— Nizomiddin aka, maʼlumki, qadimda özbek tili atamasi bölmagan. U yillar davomida turkiy til, çiğatoy tili tarzida qöllangan. Özbek tilining qadimiyligi, tarixiyligi haqida fikrlaringizni bilmoqçi edik. Bugungi kun haqiqatlari tarixiy haqiqatlar bilan qay darajada uyğun deb öylaysiz?
— Özbek tili turkiy tillar oilasiga kiradigan eng katta tillardan bittasi hisoblanadi. Turkiy tilni va şuning barobarida Özbek tilining manbalarini, ibtidosini eramizdan oldingi birinçi asrlarga olib borib taqaşadi. Demak, ana öşa davrdan buyon bu til turkiy til sifatida va uning içida özbek tili ham taraqqiy qilib, rivojlanib kelayapti.
Bu tilning eng rivojlangan davri bu XV asr, hazrat Navoiy yaşab ijod qilgan davr sanaladi. Navoiy bobomiz özbek tilining yozma durdonalari zaminlarini yaratganini alohida taʼkidlaşimiz zarur.
Endi turkiy til turkiy deb, çiğatoy deb va boşqa köplab atamalar bilan atalgan.
Lekin bu Yevropaning köriş közi. Çiğatoy ulusi bor edi va öşa yerlarda tarqalgan til bevosita çiğatoy tili, deb atalgan. Çiğatoy tili deyilganda nomini hisobga olmasangiz, aslida bunda özbek tili nazarda tutilgan. Va bu notöğri nomlanganligi haqida bizning mutaxassislarimiz juda köp aytişgan. Alişer Navoiyning tilini hatto çiğatoy tili, deb aytişadi. Bu qançalik töğri yoki notöğriligi endi boşqa masala. Lekin Navoiy davri özbek tilining eng taraqqiy topgan va adabiy anʼanalari rivoj topgan davridir. Özbek tilining yozma anʼanalari Navoiydan keyin ham boşqa şoir-yozuvçilar tomonidan muntazam rivojlantirib kelingan.
— Jadidçi bobolarimizdan Abdurauf Fitrat özining “Tilimiz” maqolasida “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkça”, deb fikr yuritadi. Tilimizning baxtiyu, baxtsizligini siz nimalarda körasiz? Uning boşqa tillardan, aynan turkiy tillar orasida afzallik va ustunlik jihatlari nimada, deb bilasiz?
— Yuqorida aytganimdek, özbek tili til sifatida juda katta til. Prezidentimiz Özbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan qilgan maʼruzalarida “Bugun jahonda 50 millionga yaqin odamlar özbek tilida gaplaşadilar. Bu özbek tilining yirik tillarga aylanayotganini körsatadi” deb gapirdi.
Turk tilida 80-90 million odam gaplaşadi, deyiladi. Turk tili özbek tili bilan soliştirilganda, turk tilida turkiy tillarning faqat öğuz lahjasida gaplaşiladi. U tilning mağzi, mazmuni hammasi faqat öğuz lahjasida. Özbek tilining ildizlari ularga qaraganda kengroq va baquvvatroq. Tilimiz qarluq, öğuz, çigil, uyğur va hokazo şevalarni özida jamuljam etgan bir til hisoblanadi. Şu uçun ham tilimizning zalvori va gözalligi haqida juda katta-katta olimlar hayrat bilan tadqiqotlar olib borişgan, gapirişgan. Maks Miller degan germaniyalik olim turkiy tillarni örgangandan keyin “Bu turkiy tillar şu qadar mukammalki, eşitganingda, gapirganingda xuddi olimlar hayʼati ötirib, reja bilan yaratgandek tuyiladi” deydi. Va bu til şu qadar katta til bölgani uçun ham bu tilda yaratilgan asarlar dunyoning istalgan burçagida hammani hayratga solib kelayapti.
— Sobiq Şörolar hukmronligi davrida tilimiz boşqa til va anʼanalar taʼsiri, tazyiqi ostida qolib ketgan. Bu davrda tilimizning rivojlanişi qanday keçgan?
— Ha, tilimiz uzoq payt boşqa bosqinlardan keyin ançayin nopisandlik, poymol qiliş kabi taʼsirlar ostida böldi. 1868 yilda Rusiya mamlakati bu yerga bostirib kelgan bölsa, şu davrdan boşlab, dastlab örganiş paydo bölgan, keyin zuğumlar boşlandi.
Sobiq şöro davrida Özbek tilining taraqqiyoti uçun, rasmiy doiradagi faoliyati uçun tösiq qöyilgan. Lekin özbek tili Navoiy davridan boşlab, to Fitrat, Qodiriy, Çölponlar davrida ham rivojlanişdan töxtamagan. Sovet davrida ham özbek tilining rasmiy doiralarda qöllanilişi çeklangan. Masalan, işga kiriş uçun ariza yoziş yoki ötkazilgan majlis bayonlarini albatta, boşqa tillarda yoziş kabi qoidalar bölgan. Lekin şunga qaramasdan Özbek tili badiyat olamida özining rivojlaniş imkonlarini körsatgan til hisoblanadi. Endi Özbek tili 1989 yili Davlat tili maqomini olgunga qadar yuqoridagi kabi işlar bölib ötgan. 1989 yil 21 oktyabrda Özbek tiliga Davlat tili maqomining berilişi, tilimiz taraqqiyoti uçun, xalqimiz taraqqiyoti uçun, millatning millat bölişi uçun alohida tarixiy hodisa böldi.
— Özbek tiliga Davlat tili maqomining berilişi haqidagi qonunning qabul qilinişida bevosita iştirok etgan ekansiz. Ayting-çi, bu tarixiy hodisa qanday sodir bölgan, nimalarga eʼtibor qaratilgan edi?
— Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev Özbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligiga bağişlangan marosimda “Özbek tiliga Davlat tili maqomining berilişi Özbekistonning mustaqillik sari qöygan amaliy, rost qadami edi” dedilar. Haqiqatan olib qaralsa, mamlakatimiz hali mustaqillikka erişmay turib, Özbek tiliga Davlat tili maqomining berilişi mustaqillik sari yuriş deb qaralgan. Ha, bu Qonunning qabul qilinişida men bevosita iştirok qilganman. Hatto, dastlab Davlat tili haqidagi qonun emas, “Özbekistondagi tillar haqida loyiha” eʼlon qilingan. Va bu Davlat tili haqidagi tuşunçaga u qadar urğu bermasdan, Özbekistondagi til siyosati, tillarga munosabat aks etgan qonun loyihasi edi. Bu öz-özidan qoğozda qolib ketgan. Öşa paytda “Izvestiya” gazetasida “Yazыkax narodov SSSR” degan qonun loyihasi ham eʼlon qilingan edi. Lekin bu qonun loyihasiga heç kim munosabat ham bildirmagan va bu çetga çiqib qolib ketgan. Davlat tili haqidagi qonun 1989 yilda qabul qilinganda öşa yerda “Millatlararo aloqa tili rus tilidir” degan modda ham bor edi. Davlat tili özbek tili-yu, lekin millatlararo aloqa tili rus tili deyilgan. Nima uçun özbek tili Davlat tili bölgandan keyin insonlar örtasidagi aloqa tili ham şu tilning özi bölmaydimi, axir?! Öşanga öxşaş kamçiliklar bölgan, lekin u paytda davlatimiz mustaqil emas, hali Ittifoq bor edi, şuning uçun ham bu narsalar öz kuçini körsatgan.
1989 yilda Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan bölsa, 1995 yilda yangi tahrirda qabul qilindi. Haligi “millatlararo aloqa tili” degan tuşunçalar olib taşlandi, ança takomillaşdi. Lekin haliyam Davlat tili haqidagi Qonunning takomillaşişi kerak bölgan joylari ança-munça bor. Şuning uçun ham Prezidentimiz yuqorida biz tilga olgan nutqida alohida “Takomillaştirilgan, yangi tahrirdagi qonunni tayyorlaşni jadallaştiriş kerak”, dedilar. Albatta, Davlat tili haqidagi qonunning yangi tahriri ustida iş olib borilyapti va bir loyiha tayyorlangan, tegişli instansiyalarga berilgan, yaqinda tasdiqlanib qolsa kerak.
— Yaxşi bilamizki, bir paytlar Til uçun kuraşlar qizğin davom etgan. Bu kuraşlarda, albatta şoir va yozuvçilar ildam bölişgan. Ayting-çi, bugun u qanday davom etmoqda? Özi, umuman, til uçun kuraş qanday bölmoği kerak?
— Til uçun kuraş, uni boyitiş, maqomini kötariş uçun harakatlar Navoiy davrida ham bölgan. Navoiy davrida Husayn Boyqaro turkiy tilni “Saroy tili” deb farmon çiqargan. Va bu albatta, Navoiyning qattiq saʼy-harakati, qattiq kirişuvi bilan bölgan. Bugun biror-bir şoiryozuvçi tilning katta qudrat ekanligini esdan çiqarayotgani yöq. Buni har joyda aytayapti. Ammo til masalasida bizda juda yengil qaraşlar bor. “Taşqarida anovi söz notöğri yozilibdi, mana bu söz notöğri yozilibdi”, imlo xatosi bor, tarzida aytadi. Bu til uçun kuraş böla olmaydi. Til uçun kuraş ong uçun kuraş bölişi kerak. Taşqaridagi törtta yozuvni töğirlagan bilan til til bölib qolmaydi. Çunki bizda köproq taşqi belgilarga eʼtibor qilinadi. Bu töğri emas. Aslida mohiyatga qaraş kerak-ku, axir.
— Til haqidagi masalaga nima uçun bu qadar köp eʼtibor beriş kerak? Xalqaro miqyosda bu masalalarga qanday eʼtibor qaratiladi?
— Birlaşgan Millatlar taşkilotining YUNESKO degan bir tuzilmasi bor. YUNESKOning Kaitiro Matsuura degan yapon millatiga mansub direktori bölgan. Albatta, YUNESKOning vakolatiga kiradigan masalalardan bittasi — tillar masalasi. Matsuura tillar masalasini şunday çiroyli şarhlaganki, “Tillar har bir til egasini özini körsatadigan, özini mohiyatini, mağzini körsatadigan vosita. Bola tuğilganida uning ongi – şuuriga ona tili orqali joylanadigan vositalar boşqa tillarni örganganda ham çiqib ketmaydi. Ona tili qoldirgan iz bolaning şuurida turadi. Va şuning uçun yer yuzidagi tillarning har birini asraş, har biriga mehribonlik körsatiş zarur”, degan edi.
YUNESKOning tarkibida “Milliy geografiya” degan bir taşkilot ham bor. Şu taşkilotning 2012 yildagi hisob-kitoblariga köra yer yuzida 6969 ta til bor ekan. Şu 7000 ga yaqin tilning katta qismi juda tez yöqolib borayotgan ekan. Kattadir-kiçikdir, tilning yöqolib borişi bu başariyat uçun katta yöqotişdir. Çunki til bu şunçaki aloqa vositasi emas. Bizda haligaça ham “Til bu — aloqa vositasi va hokazo, hokazo”, degan gaplar yuradi. Aslida tilga dunyoni biliş, dunyoni idrok qiliş, dunyoni his qiliş, tafakkurni uşlab turadigan, tafakkurni şakllantiradigan vosita sifatida qaraş kerak.
— Dunyo tilşunosligida insonning tilga munosabatlarini tadqiq etuvçi qanday amaliy harakatlar, tajribalar olib borilgan?
— Tadanabu Sunudo degan yapon olimi bölgan. Özi fiziolog, medik va til va ong bilan şuğullangan olim. Uning ötgan asrning 70-yillaridagi bir tajribasini keltirişadi. Govard Bravin degan bir ingliz jurnalisti uning tajribasi haqida maqola eʼlon qilgan. Yunesko jurnali rusça, inglizça va hokazo tillarda çiqadi. 1982 yilda Govard Bravinning “Rodnoy yazыk i mozg” (“Ona tili va miya”) maqolasi çiqqan. Şu yerda Tadanabu Sunudoning eksperimentini keltiradiki, odamlar taşqi dunyoni millatiga köra, tiliga köra qanday bir-biridan farqli köradi? Şunda zamonaviy asbob-uskunalar bilan boş miyadagi tegişli markazlarga tegişli uskunalar örnatgan holda bir guruh yapon va bir guruh yevropalik odamlar, yaʼni ğarb va şarq odamlariga musiqa, nutq, daraxtlarning şovullaşini, suvlarning şildiraşi eşittirilgan va hokazo. Şunda ğarblik miyaning öng yarim şaridagi markazlar bilan tovuşni, axborotni qabul qilgan, şarqlik esa çap yarim şari bilan qabul qilar ekan. Bu juda ğalati tuyiladi, tovuş bir, holatlar bir, lekin şarq boşqa va ğarb boşqa markaz bilan qabul qilmoqda. Bu ona tili bilan boğliqmikan, yöqmi ekan, degan bir savol qöyadi-da, yana eksperiment qiladi. Endi 7-8 yoşgaça va 4-5 yoşgaça Yaponiyada yaşab Yevropaga çiqib ketib, tili boşqa tilda şakllangan yaponlarni sinovdan ötkazadi va soliştiradi. Soliştirsa, 7-8 yoşdagi yaponda tafakkur tarzi allaqaçon şakllangan, 4-5 yoşda çiqib ketganlarda esa sal şakllanmagan bölgan. Demak, 7-8 yoşda çiqib ketganlarda yaponça tafakkur tarzi qolgan, 4-5 yoşda çiqib ketganida esa yöq bölib ketgan, yaʼni uning tafakkur tarzi xuddi ğarbniki bilan bir xil körinişda bölgan. Va xulosaga keladiki, men bularning hammasini boşqaradigan narsa, ona tili ekanligini angladim, tasavvur qildim, deydi.
— Til bu faqat unda gapirişimiz bilan emas, eşitişimiz, köriş kabi sezgi organlarimiz bilan ham boğliq, demoqçisiz, töğrimi?
— Albatta. Şu uçun ham jöja masalan, çiqaradigan tovuşi bizning özbek tili vakillarining quloğiga “jip-jip” bölib eşitiladi. Ruslar esa buni “sip-sip” tarzida eşitadi va şuning uçun ham siplyonok deydi. Inglizlar esa “çik-çik” deb eşitadi va “Çikken” deb ataydi. Bu kabi misollar juda köp. Şuning özi körsatadiki, til bu faqat aloqa vositasi emas, til bu dunyoni köriş, eşitiş, idrok qiliş vositasi hamdir. Yana qaytarib aytaman, köçadagi törtta xato dahşatli kamçilik emas, agar ongda xato ketadigan bölsa, bundan ayançli xatarning özi yöq.
Donişmand Konfutsiyning bir gapi bor: “Sen istalgan bir xalqning aytadigan qöşiğini, gapiradigan çiroyli sözlarini menga olib kelgin, men bu xalqni qanday oson idora qiliş mumkinligini aytaman” deydi. Va tilning özida Vatan desangiz Vatan, Millat desangiz Millat, Xalq desangi Xalq – hammasini asraşga qaratilgan holatlar bor. Til bu – milliy hamiyat. Odamning hamiyatiga qançalik qattiq tegilsa, tilning hamiyatiga ham şu qadar tegiş mumkin. Fransuz adibi Anatoliy Frans şunday deydi: “Köp tilni biliş, bitta qulfga tuşadigan bir neça kalitga ega böliş bilan baravar” deydi. Şu tarzda dunyoni töliq anglaş imkoni böladi.
— Tilimizda arab, fors, rus va boşqa tillardan kirgan sözlar nihoyatda köp. Endi esa ingliz tilidan kirgan sözlar bemalol isteʼmolda. Baʼzi ziyolilar boşqa tillardan söz kirib kelişi tilning boyişiga xizmat qiladi, deyişadi. Keyingi yillarda özbek tilining rivojlanişini, boyişini va yoki aksinça holatlarni nimalarda köriş mumkin?
— Navoiyning söz oldidagi, til oldidagi, adabiyot oldidagi xizmatlari beqiyos. Navoiy minglab arab, fors tilidagi sözlarni öziniki qildi, bu tilga olib kirdi. Şuning özi juda katta xizmat. Boşqa tildan bizning tilga söz ötişi ijobiy hodisa sifatida baholanmaydi, aksinça, ğaşlik uyğotadi. Navoiy quloğiga tuşgan, u paytda şeva emas endi, uruğlardagi sözlarni adabiy tilga olib kirdi. Navoiyda turkiy sözlar bilan, arabiy yo forsiy sözlarning özaro sintezini köriş mumkin. Aytiş kerakki, butun dunyo islom madaniyati ostida yaşadi. Islomiy madaniyat qirğizga keyinroq kirib keldi, Oltoyga kirib kelmadi, bizga esa islomiy madaniyat bilan birga arab tili ham kirib keldi. Öşa paytda fan, madaniyat arab tilida böldi, öz madaniyatimizning ildizlari baquvvat bölgani uçungina u ham özini salomat saqlab qola oldi. Lekin taraqqiyot öşa sof turkiy sözlarni saqlab qolgan Oltoy zaminida, islom madaniyatini, arab tilini öziga singdirgan zaminga qaraganda kambağalroq. Oltoyda ham rusça sözlar va rusça tafakkur tarzi keng seziladi, lekin Oltoyda til taraqqiyoti töxtagan. Özbek tilida “kitob”, “fan”, “adabiyot” – hammasi arabça sözlar. Töğri, Behbudiy, Fitratlar arabça, forsça sözlarning özbek tiliga juda köp kirib kelişini yozğiriş bilan aytişadi. “Men bularni öylaganda yaraning özagiga barmoğimni bosganday böldim” deb yozadi Fitrat. Biroq bu sözlarning kirib kelganligi tilni boyitgan, xolos. Biroq tillarning rivoji şubhasiz, boşqa tillardan sözlar kirib kelişi evaziga röy beradi. Va tilimizning rango-rangligi, jozibasini öşa tillardan kirib kelgan sözlarsiz tasavvur qilib ham bölmaydi.
— Yevropa tillaridan kirib kelgan sözlar-çi, ular bugun yoppasiga tilimizda “davru davron” suryapti. Bular ham tilning buzilişiga, qöpolroq aytsak, aynişiga olib kelmaydimi?
— Bugun globallaşgan dunyoda masalan, “Yöq, ingliz tilidan söz kirmasin”, deb devor qurib bölmaydi. Deylik yaponlar, tilini boşqa millatlarga qaraganda juda qattiq turib asraydigan xalq. Boya aytganimizday faqat ziyolisi yoki şoir-yozuvçisi emas, butun xalqi tilini asraş uçun qatʼiy harakat qilişadi. Hatto, özlari yozişadiki, boşqa millatlarda avtobusda ketayotgan ikkita ayol ob-havodan gaplaşişadi, avtobusda ketayotgan yapon uy bekalari esa faqat va faqat til haqida suhbatlaşişadi. Yapon tilida çetdan kirgan sözlarni “gayraygu” deydi. Deylik, til uçun qattiq kuraşuvçi Yaponiyada bugungi kunda kompyuter texnologiyasi bilan boğliq sözlarning 99 foizini inglizça sözlar taşkil qiladi. Yaponiyaday mamlakatda, köryapsizmi?! Biz esa 3-4 ta söz ingliz tilidan kirsa, ğarbça böldi, deb yozğiramiz. Taraqqiyot tendensiyasi bu. Bugun iqtisod bilan boğliq, texnika bilan boğliq qançadan-qança sözlar kirayapti. Taşqaridan kirayotgan söz, albatta, öz tuşunçasi bilan birga kirib keladi. Endi albatta, kirib kelayotgan sözlar özbek tilining ohangiga, özbek tilining fonetik tovuş qurilişiga uyğunlaştirilsa yana ham yaxşi bölardi. Uyğunlaştirib olinganlari ham bor, lekin ular köp emas. Masalan, “qömita”, “suğurta” sözlari fransuzçaning özbekçalaştirilgan variantlari hisoblanadi.
— Özbek tilida şunday atamalar paydo bölyaptiki, ular faqat va faqat tilni sunʼiylaştirişga xizmat qilayapti. “Kutubxona – axborot resurs markazi, mahalla – mahalla fuqarolar yiğini” kabi, yaʼni xalq aytişiga qulay, özlari ataydigan atamalar emas, sunʼiy, baçkana atamalar paydo bölayapti. Bu kabi holatlar tilimizning tabiiy holatini buzib, ança-munça sözlarni yöqolişiga olib kelmaydimi?
— Bundan 15-20 yil burun yangilik, yangi sözlar yaratiş degan bir narsaga harakat böldi. Masalan, turklar “Kompyuter”ni “Bilga sayyor”, “Telegraf”ni “Bilga geçar” deydi. Butun dunyo “Kompyuter” deb tursa, nima keragi bor bunday sözlarni tilga yelimlab yopiştirişni. Turk tilida “uyduruqça” degan tuşunça bor. Men Turkiyada bir yil dars berganman. Bir qism ziyoli “uyduruqça” sözlarga tarafdori, bir qism ziyoli bunga qarşi. Endi “bilga sayyor”lari sal-pal özini oqlaydi. Biroq toqat qilib bölmaydigan uyduruqça sözlari bor. Menda “Turk tilining yangi sözlari” degan bir yarim ming sözdan iborat kitob bor. Futbol töpi, basketbol töpi kabilarni “Al töpi”, “Oyoq töpi” qilib luğat yaratgan. Endi bugun dunyo faqat bir-biridan olib yaşaydigan dunyo bu. Ötgan asrning yigirmançi yillarida “velosiped – jin arava, traktor – ötamoç, paroxod – suv ayğiri” tarzida işlatilgan. Bugun esa odamlarning umumiy tafakkur tarzi kengaydi. Odamlar oyga çiqyapti, bular heç narsa emas-ku, velosiped yo traktor nima bölibdi?!
Keçaginda bittasi “fuqaro”ni faqir degani deb yozdi, uni “bek”, “turğun” deb özgartiriş kerak, qabilida ayrim gazetalarda maqolalar eʼlon qilindi. Bular endi heç kurakda turmaydigan sözlar-da. Masalan, “grajdan” “şaharlik” degan maʼnoni anglatadi. Bugun axir örislar ham faqat şaharlikni “grajdan” demaydi-ku. “Şofyor” fransuzçadan olingan bölib, öt yoquvçi degan maʼnoni anglatadi. Ilk yaratilganda maşinalar öt yoqib, buğ çiqarib yurğazilgan. Bugun heç kim öt yoqib maşina yurğizayotgani yöq, nimaga öt yoquvçi deyapsan, deb birov xafa bölayotgani ham yöq-ku. Axir hozirda haydovçidan köra şofyor sözi köproq isteʼmolda yuribdi.
Taniqli yozuvçimiz Said Ahmadning bir gapini keltiraman: “Til sendan köra aqlliroq. Qaysi sözni işlatiş kerak yoki çiqarib taşlaş kerak özi biladi. Öziga maʼqul bölmagan sözni tupurib taşlaydi”.
— Taniqli şoir Matnazar Abdulhakimning Xorazm şevasining öğuz lahjasida yozilgan “Bir qujoq gul” deb nomlangan kitobi bor. Bugungi kunda bu kitob nafaqat xorazmliklar, butun umumözbek öquvçilari tomonidan sevib öqilmoqda. Yaʼni, şevada kitob yozilişi özbek tilining boy imkoniyatlarini körsatib berdi. Siz bunga nima degan bölar edingiz?
— Şevalar – tilning tirik holati. Adabiy til esa bezak berilgan, sayqallangan, çiroyli qilingan şakli. Aslida tilning taraqqiyotiga ham şevadagi sözlar zamin böladi. Tilning özga tillardan kirgan sözlar bilan boyişidan köra şevadagi sözlar hisobiga boyişi tilning lisoniy manzarasini tirik saqlaydigan hodisadir. Bir paytlar böldiki, şevani laʼnatlaş kerak, şeva tilni buzadi, degan tuşunçalar ustuvorlik qila boşladi.
Yaponiyada şunday tartib bor ekan. Qişloq joylarida şevalar öqitilmas ekan. Lekin Osaka, Tokio kabi katta şaharlardagi maktablarning boşlanğiç sinflarida yapon tili bilan birga şevalar ham örgatiladi. Çunki şaharda şevaning yöq bölib ketiş ehtimoli juda kuçli. Qişloqda esa hamma öz şevasida gaplaşadi, şu uçun u yerda şevalar muhofazaga muhtoj emas. Yapon şevalarini saqlaş uçun boşlanğiç sinfdayoq şevalar öqitiladi. Keyingi yillarda maktab darsliklariga biz ham şevalarni kiritganmiz.
Karim Mahmudov degan faylasuf, falsafa fanlari nomzodi bölgan. Uning faylasuflikdan ham köra oşpazlikda nomi çiqqan, “Özbek taomlari”, “Özbek dasturxoni” degan kitoblari özbek, rus, ingliz tillarida çiqqan. Şu odam Abdulla Qahhor bilan juda yaqin bölgan ekan. Şu bir kuni Qahhorga “Abdulla aka, men yangi ovqat pişirişning xos tartibini tuzdim, birinçi göşt, ikkinçi ikra va hokazolarni solamiz”, debdi. “Ikrang nima” , – debdi A.Qahhor. “Baliqning tuxumi-da” – debdi Karim Mahmudov. Abdulla Qahhor “Baliq tovuqmi, uning tuxumi bölsa”, – debdi. “Uruği” desa, “Ösimlikmi u, sen uni boşqa tildagi variantini olib kelma. Sen biror sözning nomini topmoqçi bölsang, öşa narsa köp böladigan joyga borib örgansang, öşa joydan nomini topasan”, debdi. Karim Mahmudov şu maslahatdan söng Xorazmga, Qoqalpoğistonga boribdi. Şunda baliqxonaga kirsa, odamlarni “uvuldiriq pişir” deganini eşitibdi. Şunday qilib, uvuldiriq sözi izohli luğatimizga kirib kelgan. Tilni boyitiş uçun bitmas-tuganmas, potensial manba bu – şevalar. Şevalar yöqolib ketişidan asralişimiz kerak. Badiiy adabiyotda ham şeva eng yaxşi yordamçi hisoblanadi. Lekin şeva sözlari keragidan ortiq köp bölsa ham bölmaydi. Masalan, Jumaniyoz Şaripovning “Xorazm” degan romani bor edi. Unda Xorazm şevasidagi sözlar keragidan ortiq köp işlatilgan. Tilning qadimiyligi, ohori, jozibasini ham şeva körsatadi.
Gözal BEGIM suhbatlaşdi.
