Muhabbat va sadoqat maktabi

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli shoir, tarjimon va mutasavvif olim Mirzo Kenjabek bilan suhbat

— Mirzo aka, avvalo Sizni gazetamiz jamoasi va mushtariylari nomidan Yangi yil bayrami bilan tabriklaymiz.

— Bu yilgi milodiy yangi yilning birinchi kuni hijriy 1441 yil, jumodul-avval oyi­ning 5-kuniga to'g'ri kelmoqda. Hijriy-qamariy taqvim harakatlanib turuvchi, ya'ni har yili o'n-o'n ikki kun surilib turuvchi sana bo'lgani bois, bu ikki yil bir-biriga yaqin kelib qolgan vaqtlar ham bo'ladi. Masalan, 2009 yilning birinchi kuni hijriy 1430 yilning to'rtinchi kuniga muvofiq kelgan edi.

Vaqt o'lchovlarida ulkan hikmatlar bor. Muqaddas va muborak Qur'oni karimning Tavba surasi, 36-oyatida oylarning sanog'i — Haq taolo osmon va yerni yaratgan kundan buyon o'n ikki oy ekanligi ta'kidlangan. Bir yilning o'n ikki oy bo'lishida va hijriy-qamariy yilning harakatlanib turishida ham ulkan ma'nolar bor. Ulug' vatandoshimiz Faqih Abul-Lays Samarqandiy «Shunday qilib, to dunyo turgunicha hojilar arafa kuni Arafot tog'ida turmaydigan, ya'ni arafa kuni bo'lmaydigan yoki ikki hayit yoxud juma bo'lmaydigan biror kun qolmaydi» deganlar. Yaratgan Zotning buyuk adolati vaqtga nisbatan ham amalga oshar ekan. Haq taolo ba'zi manzillarni muqaddas va sharafli qilganidek, ba'zi vaqtlarni ham sharafli va muqaddas qilib qo'ygan. Demak, to dunyo yashar ekan, sharafli va muqaddas bo'l­maydigan biror oy, biror kun, biror tun qolmaydi.

Suhbatimiz quruq va jonsiz bo'lib qolmasligi uchun ma'rifatga uyg'un bo'lgan vaqt hikmatlarini eslab o'tdik. Tabrik masalasiga kelsak, bizni tabriklash kerakmi yoki unumli foydalanmay qolgan yillarimiz, oy va kunlarimiz uchun hamdardlik bildirish kerakmi — o'ylab ko'rishimiz kerak. Nima bo'lganda ham, har bir yil, har bir oy va kun butun xalqimiz uchun xayrli va barakotli bo'lishini tilaymiz.

— Yurtimizning katta ijodkorlaridan biri sifatida so'nggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, o'zgarishlar haqidagi fikringizni bilmoqchi edik?

— «Katta ijodkor» degan tavsifga o'zimni loyiq sanamayman. Bu — nisbiy ta'rif. Fariduddin Attorning «Tazkirat ul-avliyo» kitobida Shayx Abu Ali Daqqoq rahmatullohi alayhning go'zal so'zlari keltirilgan: «Xalqni o'z o'lchoving bilan o'lchama, ammo o'zingni eranlar — ulug' avliyolar o'lchovi bilan o'lchab, tekshir; toki ularning fazilati-yu o'zingning tubanligingni bilgaysan!».

Shunga ko'ra,»Tazkirat ul avliyo» kitobini tarjima qilganimdan beri kamina o'zimni eng ulug' zotlar o'lchovi bilan «tekshi­rish»­ga odatlanganman.

Keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, o'zgarishlar haqida gapirsak, aytish mumkinki, davrimizning har bir kuni yoki har bir oyi bir necha yillarga teng bo'lyapti. Bu so'zda aslo mubolag'a yo'q. Ya'ni, o'n yil, yigirma yillar ichida qilinmagan ishlar oylar, haftalar va ba'zan kunlar ichida hal bo'lmoqda. Bu holat bir necha nuqtada ko'zga tashlanadi.

Ana shunday ulug'vor ishlarning eng muhimlaridan biri yurtimizdagi obodonlik jarayonidir. Poytaxtimiz Toshkent jamolining tobora o'zgarib borayotgani, yer usti «metro»si va ko'priklar qurilishi, shahar ichida shaharchalar barpo etilayotgani — bugunning va kelajakning haqqoniy bahosiga sazovor ishlardir. Termiz, Buxoro, Namangan, Andijon, Mo'ynoq va boshqa shaharlardagi obodonlik ishlari ham tabrik va tahsinga loyiqdir.

Bir qiziq voqeani eslab o'tayin. Tarixda necha yuzlab buyuk Termiziylar o'tgan. Shulardan eng ulug'lari ikki nafar: muborak qabrlari Amudaryo yoqasida bo'lgan hazrati Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy va fayzli maqbaralari Sherobod tumanida bo'lgan hazrati Imom Abu Iso Muhammad Termiziy.

Mustaqillik yillarida hazrati Hakim Termiziy maqbaralariga munosib e'tibor qaratildi. Lekin istiqlolning 25 yili ichida hazrati Imom Termiziyning maqbaralarida yanada e'tiborga ehtiyoj sezilar edi. Holbuki, dunyoning ko'plab mamlakatlarida Termiziy deganda avvalo, hadis ilmining buyuk imomi — hazrati Abu Iso Muhammad Termiziy tushuniladi. Biz muftiy hazratlari — Shayx Usmonxon ibn Temurxon Alimov bilan bu haqda, hech yo'qsa, u yerda masjid barpo qilish haqida ko'p gaplashar edik. Lekin u kishi nihoyatda kamtarin xislatli inson bo'lgani bois, bu gaplarni yurtning rahbariga yetkazishdan o'zlarini tiyar edilar.

O'ylab qarasam, har ishda hikmat bor ekan. U bebaho allomai zamon maqbaralarini obod etish Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga nasib etgan ekan!

2016 yilning oxirida davlatimiz rahbari  Termiz shahriga borib, ma'naviy faoliyatni hazrati Imom Termiziy maqbaralarini obod etishdan boshladi. Yodgorlik qaytadan ta'mirlanib, ziyoratchilar uchun alohida kutish ko'shki va boshqa sharoitlar barpo qilindi, u yerda go'zal yangi masjid qurilib, yuksak maqomdagi kutubxona, majlislar bo'lmasi insho etildi.

2017 yilda esa Xalqaro Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi tuzildi, so'ng Termiz shahri o'rtasida naziri yo'q yangi masjid barpo etilib, Xalq­aro Imom Termiziy markazi imorati qurilishi rejalashtirildi.

Ma'naviyat va ma'rifat sohasida qilingan xayrli ishlar ko'p. Shulardan muhimlari buyuk shaxslar, olim, adib va shoirlar qadr-qimmatining o'rniga qo'yilishidir.

Adabiyotga, ijod ahliga bo'lgan e'tibor va xayrixohlik yaqin tarixda misli ko'rilmagan darajada yuksaldi.

Ziyolilar yaxshi bilishadi, jamiyatimizda «qora ro'yxat» degan balo bor edi. Insonlarning qalbini yaxshilikka moyil qilish o'rniga,  xalq ichidan dushman qidirish, har bir iymonli-e'tiqodli, ibodatli insonni jamiyatga dushman deb bilish va g'anim qilib ko'rsatish, obro'li shaxslarni sindirish va badnom qilish avj olgandi. Holbuki, buning o'zi ma'naviy bir terror, cheksiz yovuzlik, millatni ma'nan o'ldirishdan o'zga narsa emas edi.

Davlatimiz rahbari turli ayblov usullaridan xalqimizni qutqardi, minglab mahbuslarni afv etib, qamoqlardan ozod qildi, yana ularni ish bilan, uy-joy bilan ta'minlash, haj va umralarga yuborish ishlarini belgiladi, muxtasar qilib aytganda, jamiyatdan, erkin yashashdan umidini uzgan kishilarni hayotga qaytardi.

Yana eng muhim bir voqeani eslamoqchiman. Hayotda aldanib, jihod degan tushuncha bilan urush o'choqlariga o'zini urgan, Suriya hududlarida sarson yurgan yurtdoshlarimizni, xususan, ayollar va bolalarni vatanga qaytarish siyosat sohasidagi mislsiz shijoatdir. Butun xal­qimiz «oynai jahon» orqali ko'rgandir, havo yo'lida samolyotdan tushgan zahoti yerni o'pgan — Vatan tuprog'iga yuzini surgan insonning holatini eslang! Bu voqealar vijdoni bor insonni beparvo qoldirmaydi.

Hazrat Navoiy aytganlaridek:

Kimki bir ko'ngli

                sinuqning xotirin

                               shod aylagay,

Oncha borkim,

                Ka'ba vayron bo'lsa,

                               obod aylagay…

Xuroson shahanshohi Husayn Boyqaro hazrati Alisher Navoiyni «Turk tilining o'lik jasadiga ruh kiygizdi» deb ulug'lagan va bu bilan turkiy-o'zbek tilining yangi hayotini boshlab berganini e'tirof etgan. O'zbek tili mavqeiga oid qaror va farmonlar ham tilimiz hayoti va rivojida yangi bir davrni boshlab beradi, deb umid qilamiz.

— Xabaringiz bor, poytaxtimizning Eski shahar hududida o'zbek romanchiligi maktabi asoschisi, buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriy muzeyi va «Turon» milliy kutubxonasi hamda Abdulla Qodiriy uy-muzeyining ochilishida ishtirok etgan Prezidentimiz bir guruh ziyolilar bilan yurakdan suhbat qurdi. Unda Yurtboshimiz Qodiriy shaxsiyatiga, ijodiga yuksak baho berdi. «Bizning barcha sa'y-harakatlarimiz, olib borayotgan ishlarimiz avvalo, ma'naviyatga xizmat qilishi» kerakligini ta'kidlaganlarida barcha ijod ahli g'ururlandi, desak xato bo'lmas…

— Ha, ochiq aytganda, Abdulla Qodiriy adib bo'lib yetishganidan va qayta oqlanganidan beri bugungidek e'tibor va sharafga noil bo'lgan emas. Uning zurriyoti — o'g'li Habibulloh Qodiriy, nevarasi Xondamir Qodiriyning «Qodiriy» degan nisba (familiya) ostida yashashi ham hech qachon oson bo'lgan emas. Davlat rahbarining bir adib shaxsiyati va ijodiga bo'lgan e'tibori adabiyotga, va umuman, ijod ahliga bo'lgan e'tiborning bir namunasidir.

Abdulla Qodiriy uy-muze­yining ochilishi, Toshkentning Eski shahar qismida adib nomidagi «Turon» milliy kutubxonasi va adabiy muzeyining tashkil etilishi tarixda misli ko'rilmagan ulkan hodisadir.

Men dorulfunun talabasi bo'lib yurgan kezlarimda «Turon» kutubxonasini sevar edim. Kutubxona Chorsu bozorining ichida edi. Eskigina imoratda saqlangan minglab kitoblar, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat qadami yetgan g'ishtin zinalar men uchun benihoyat qadrli edi. Mazkur kutubxonaning buyuk adib nomi bilan qayta tiklanishi yillar davomida toptalgan haqiqat va adolatning qayta tiklanishidir. Bu KITOBga bo'lgan e'tibor va ehtiromning amaliy ko'rinishidir.

Biz — Sirojiddin Sayyid, ulug' adibning nevarasi Xondamir Qodiriy, marhum shoir va jurnalist Habibulloh Xotam­qul, marhuma yozuvchi Jamila Ergasheva, sport sharhlovchisi Rixsitilla Umarov, marhum alloma va shoir To'g'on Ernazarov domlaning o'g'li — Aziz Ernazarov va kamina — Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetida birga o'qiganmiz. Xondamir Qodiriyning siniqligi va kamgapligi bizni hayratga solar edi. Bu siniqlik va mahzunlikning siri Xondamirning uy-muzeyi ochilgan kundagi nutqida ochildi: Qodiriy nisbasi bilan yashash va buyuk adibning sha'nini muhofaza qilish ularga oson bo'lmagan ekan!

— Bugun bizga xalq uchun, Vatan uchun yonib-kuyadigan, kerak bo'lsa, jonini ayamaydigan Qodiriylar, Cho'lponlar yetishmayapti, dedi Prezidentimiz. Vatan, millat kelajagi uchun qayg'uradigan, borini bag'ishlaydigan ijodkorlar millatimizning baxti, g'ururidir. Shunday emasmi? 

— Prezidentimiz so'zlarini men shunday tushunamanki, iste'dod xususida, g'oya va maqsad bobida, Vatan va Millatga fido bo'lish borasida, subut, ya'ni iymon-e'tiqodda sobit­qadamlik bobida biz bu kun Qodiriydek, Cho'lpondek shaxslarga muhtojmiz. Darhaqiqat, yetishmayapti shunday zotlar!

«Daraxt yiqilganda bo'yi ko'rinadi», degan maqol bor. Qodiriydek, Cho'lpondek, Fitratdek ulug'larning qadriga yetishimiz uchun o'rtada «o'lim» ishtirokchi bo'ldi. Buyuk rus sho­iri Aleksandr Pushkin tirikligida xo'rlandi, ta'qib etildi, surgun qilindi. Shoir yakkama-yakka otishmada o'ldirilgach, uni tahqirlagan hukmdor: «Rossiyam ovozidan ayrildi!» — deb dod soldi.

Ya'ni, bir narsani mulohaza qilaman: Qodiriydek, Cho'lpondek insonlar bor bo'lgan taqdirda ham, biz ularning qadriga yetarmidik? Yoki jamiyatdan chetlatib, ustoz Abdulla Oripov «Nechun tomoshaga bunchalar o'chsan!?» deganidek, tomoshabin bo'lib o'tarmidik!

Qodiriydek, Cho'lpondek xalq uchun yonib-kuyish degani, kerak bo'lsa, jonini berish degani — qalamning kuchini puch va behuda g'oyalarga sarflamaslik degani, har qanday sharoitda ham haq so'zni aytish degani, tarixni buzmaslik va xaspo'shlamaslik degani, o'zi noloyiq bo'lsada unday shaxslarni ko'tar-ko'tar qilmaslik degani, hamisha qalbi ozor bo'lmas deganidir!

Darhaqiqat, qani bunday fidoyi shaxslar!

— Shunday ekan, bugungi o'zbek adabiyoti haqida bir ijodkor sifatida nima deya olasiz? Nega odamlar qo'lma-qo'l bo'lib o'qiydigan kitoblar juda kam yozilyapti, deyishmoqda? Yoki odamlar kitob o'qimay qo'ydimi, yo haqiqatan ham zabardast asarlar yaratilmayaptimi?

— Bugungi o'zbek adabiyoti haqida gapirganda, aytish mumkinki, o'tgan XX asrning 60-yillaridan qayta uyg'ongan o'zbek she'riyati Cho'lponlar saviyasi va darajasidan ancha yuksalgan. Faqat san'at jihatidan emas, balki tagdor mazmun, g'oya va maqsad jihatidan ham Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Cho'lpon Ergash, Rauf Parfi, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Xurshid Davron, Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur she'riyati muayyan yuksaklikka erishgan.

Lekin romanchilik masalasiga kelsak… Cho'lpon «Kecha va kunduz» romanining «Kecha» qismi bilan g'oya bobida Abdulla Qodiriy bilan yelkadoshdir. Oybekning mafkuraviy tazyiqlar iskanjasida bitilgan «Navoiy» romani, Odil Yoqubovning «Ulug'bek xazinasi», «Ko'hna dunyo» asarlari, Pirimqul Qodirovning Bobur va Boburiylarga oid turkum kitoblari ulkan ma'rifat mahsullaridir.

Buyuk adib Shukur Xolmirzayevning o'z romanlaridan ko'ngli to'lmas edi. Hikoya bobida esa u, mening nazarimda, Abdulla Qodiriydan necha chandon yuksaklikka chiqib, jahon adabiyoti mezoniga erishgan. Qissa bobida Tog'oy Murod o'zbek adabiyotida boshqalar erishmagan yuksaklikka erishdi. Roman bobida esa yagona karvonboshi hamon Abdulla Qodiriydir!

Qo'lma-qo'l bo'lib o'qiydigan kitoblar yozilgan yoki yozilmagan bo'lsa ham, ulug' va taniqli adiblarning qo'lma-qo'l bo'lib o'qiladigan asarlari nashr etilib turibdi. Ochiq aytish kerak, endi kirill va lotin imlosida o'qigan odamlar orasida muayyan uzilish, ko'rinmas jarlik paydo bo'la boshladi. Ketma-ket yuz bergan imlo o'zgarishlari o'z oqibatini ko'rsata boshladi.

Barcha ma'naviy halokatlarning oldini olish chorasi milliy ta'lim-tarbiyaga, islomiy ma'rifatga, jahonshumul dunyoqarashga e'tiborni kuchaytirishdir.

— Albatta, hozirgi yoshlar orasida havas qiladiganlari ko'p, ayniqsa, fan bahslarida, sport sohasida yuqori natijalarni qo'lga kiritayapti yoshlarimiz. Ammo bugungi  yoshlar katta qismining qo'lida eng qimmatbaho telefon, kompyuter, ba'zi o'smirlar hatto uyquga yotganida telefonini yostig'ining ostiga qo'yib yotadi. Turli fayllardan nimani xohlasa, shuni tomosha qilayapti. Ular tabiiyki, kitobdan, kitobxonlikdan yiroqdadirlar. Prezidentimiz yoshlarni kitobxonlikka qaytarish borasida chora-tadbirlar belgiladi, amaliy ishlar qilinmoqda. Siz yana nimalar qilinishi kerak deb o'ylaysiz?

— Davlatimiz rahbarining kitob va kitobxonlik borasida qayg'urib, ketma-ket chora-tadbirlar ko'rayotgani bejiz emas. Hech qanday xalqaro aloqa, hech qanday ijtimoiy tarmoq, hech qanday tomosha manbalari kitobning o'rnini bosa olmaydi.

Men muhtaram Prezidentimizning kitob nashrlarini takomillashtirish chora-tadbirlari, kitobxonlik saviyasini tarbiyalash haqidagi qaror va farmonlarini sharhlab, ketma-ket maqolalar yozdim. «XXI asr», «Adabiyot ziyosi» gazetalarida chop etilgan «Kitobga qaytish — vijdonga qaytishdir», «Yoshlarga dil so'zlarim» kabi turkum maqolalarim bu masalaning mohiyatini o'ta muhim ekanidandir.

Ayniqsa, yoshlarda kitobxonlik ishtiyoqini uyg'otish va rivojlantirish suv bilan havodek zarur! Millatni halokatdan saqlab qolishning eng muhim yo'li, milliy tafakkurni muhofaza qilishning eng to'g'ri vositasi — kitobxonlik malakasini oshirishdir. Buning uchun har bir oila kitobxonlikka qaytmog'i kerak bo'ladi.

— Yuksak ma'naviyat, albatta, yuksak tarbiya mahsulidir. Lekin, bu borada ham muammolar kam emas. Deylik, o'z otasiga yoki o'zidan yoshi kattalarga gap qaytaradigan, hatto qo'l ko'taradigan yoshlar yo'q emas. Sizningcha, bu kunlarga qaysi yo'ldan yurib yetib keldik? Bu holatni fojia deb o'ylaysizmi? Agar fojia bo'lsa, yechimi nimalarda ko'rinadi?

— Biz faqat yoshlar haqida emas, adabiy muhitda o'zini «buyuk» deb biladigan qalam ahllarining axloqi haqida ham ko'proq o'ylashimiz kerak. Zero, adabiyot — adab maktabi, muhabbat va sadoqat maktabidir. Demak, avvalo tarbiyat qiluvchining o'zi tarbiyali bo'lishi kerak.

Prezidentimizning «Bugungi kunda Qodiriylar, Cho'lponlar yetishmayapti» degan so'zlarini eslasam, ko'p narsalar xayolimga keladi. Tarbiyani ziyoliman degan shaxslarning botin olamini tuzatishdan boshlashimiz kerakka o'xshaydi.

— Buyuk bobolarimiz: Imom Buxoriy, Abu Iso at-Termiziy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi yana yuzlab millatimizning ulug' shaxslari bilan faxrlanib kelamiz. Albatta, ular biz uchun ibrat maktabi. Buni butun dunyo e'tirof qilayapti. To'g'ri, ular merosini uzoq vaqt o'rganmadik. Mustaqillik sharofati bilan, keyingi yillarda bobolarimiz yaratgan ma'naviy boylikdan to'la foydalanish imkoniga ega bo'ldik. Siz ertamizni nimalarda ko'rayapsiz? «Oqqan daryo yana oqadi», deganlaridek, bizdan bobolarimiz singari kamolga yetishgan insonlar yetishib chiqishiga ishonasizmi?

— Biz o'tgan ulug'larimizning nomini sanash va ularning avlodimiz deb maqtanishni odat qilib oldik. Haqiqiy avlod — o'tgan buyuklarning merosidan bahramand bo'layotgan avloddir. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ming-minglab o'rganilmagan manbalar, qo'lyozmalar, toshbosma asarlar yotibdi. Hayotda xazinaning atrofini ilon o'rab yotadi. Bizning buyuk xazinalarimiz atrofini o'rab yotgan ilon qanday ilon ekan? Bu jaholat va nodonlik iloni! Bu ilmsizlik va kibr iloni! Bu loqaydlik va xiyonat iloni! Bu aldov va nayrang iloni! Bu soxtakorlik va xudbinlik iloni!

Tasavvur qiling, yaqin o'tmishda Fanlar akademiyasi tasarrufidagi bir necha ilmiy-tadqiqot dargohlarini, jumladan, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy nomlaridagi ilmiy-tad­qiqot institutlarini oddiy Ilmiy markazga aylantirib olgan edik. Prezidentimiz o'z faoliyatining ilk davridayoq bu mudhish falokatning oldini olib, u ilm dargohlarini asliga qaytardi.

Men necha-necha maqolalarimda o'quv dargohlarida matnshunoslik va manbashunoslik fakultetlarini ochish, Matnshunoslik va manbashunoslik ins­tituti yoki universitetini tashkil etish haqida gapiraman. Axir, buyuk xazinani o'rganadigan va xalqqa yetkazadigan olim shaxslarni yetishtirish juda muhim.

Prezidentimiz aytganlaridek, «Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish» milliy o'zlikni saqlash, xalqimizning qadimiy salohiyatini himoya qilishning yagona chorasi ilm, ma'rifat va ma'naviyatdir. Quruq va soxta gaplar zamoni o'tdi. Har kunni g'animat bilib, amaliy faoliyatga o'tishimiz kerak.

— Siz Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy hadislarini nashrga tayyorlagansiz, izohi bilan. Va yana Mirzo Boburning «Mubayyan» asarini nasriy bayon qilib, unga sharh tayyorladingiz, bu ulkan mehnatingiz bilan o'zbek adabiyotini nodir, durdona asarlar bilan boyitdingiz… Ayting-chi, hozirda yana qaysi asarlar ustida ishlayapsiz?

— Ko'p shukrki, rahmati cheksiz Yaratgan Zot menga ulug' ne'matlar ato qildi, jumladan, umrni behuda o'tkazmaslik qayg'usini qalbimga joyladi. Buyuk ma'rifiy manbalarimizni tarjima qilib, sharhlab, nas­riy bayon etib xalqimizga yetkazish saodatini menga nasib etdi.

Kamina hazrati Imom Buxoriy asarlari tarjimasiga muharrirlik qildim, hazrati Imom Termiziyning «Sunani Termiziy» asari ikki jildi hamda «Ash-shamoil al-Muhammadiyya» kitobini bugungi o'zbek yozuviga o'girib, nashr ettirdik. O'zingiz aytganingizdek, Bobur mirzoning «Mubayyan» asari nasriy bayonini tuzdim. Bu qalbimga taskin beradigan ishlarimdir.

Lekin tazkira janri adabiyotimizda unutilgan edi. Tazkiranavislik oson ish emas. Ulug' adiblarimiz — Oybekning «Navoiy» romani, Odil Yoqubovning «Ulug'bek xazinasi», Pirimqul Qodirovning «Bobur» turkumlari — badiiy adabiyot. Lekin tazkirada badiiy to'qimaga ruxsat berilmaydi. Tazkira — ilmiy dalil-hujjat va hayotiy haqiqatga asoslanadi. Mening «Termiz tazkirasi», «Buyuk Termiziylar», «Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda», «Oshiq Mashrab va tasavvuf olami» asarlarim buyuk so'z ustozlarining asarlari yoniga tazkira namunalari bo'lib qo'shilganiga ko'p shukr qilaman. «Xushxabar» she'riy kitobiga esa O'zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Say­yid, Mahmud Toir sermazmun taqrizlar yozib, matbuotda chop ettirdilar.

Bu ojizona mehnatlarimni muhtaram Prezidentimiz qadr­ladi va hech kutmaganimda meni «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi» unvoni bilan taqdirladilar. Lekin adabiyot olamida bu asarlar munosib bahosini olgani yo'q. Kamina hozirgi kunda she'riy, ilmiy-ma'rifiy ijod bilan, ana shu tazkiranavislik ishini davom ettirmoqdaman. Xudo xohlasa, yaqin orada yangi kitoblarim nashr bo'ladi.

— Mana, go'yoki ko'z ochib yumguncha 2019 yil ham o'tdi. Yangi — 2020 yil qadam ranjida qildi. Bayram  tilaklaringiz…   

— Hazrat Navoiy saodatli jamiyat vasfi va talabini yuksak maqomda she'riy ifoda qilganlar. Mening doimiy tilaklarim go'yo ana shu satrlarda darj etilgandek. Bu  elning shod va mamlakatning obod bo'lishi tilagidir:

To hirsu havas xirmani

                barbod o'lmas,

To nafsu havo qasri

                baraftod o'lmas,

To zulmu sitam jonig'a

                bedod o'lmas,

El shod o'lmas,

                mamlakat obod o'lmas!..

A.Pardayev suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 6 =