YPX xodimi endi qanday ishlaydi?

Kuni kecha Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yo'l harakati xavfsizligi tizimida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va galdagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Ichki ishlar vaziri o'rinbosari Azizbek Ikromov 2020 yil 1 yanvardan boshlab YPX xodimi xizmat vazifasini bajarishda bodikameralardan foydalanilishini ma'lum qildi. Muxbirimiz A.Ikromov bilan suhbatlashdi.

— Bodikameralarning ishlash tartibi haqida gapirib bersangiz?

— YPX xodimlarini bodikameralar bilan to'liq ta'minlashdan oldin sinov jarayonini amalga oshirdik. Xitoyning «Xaytera» kompa­niyasi tomonidan ishlab chiqilgan bodikameraning 50 donasi Toshkent shahrida YPX va PPX xodimlari tomonidan test sinovlaridan o'tkazildi. Hozirda «Xaytera» kompaniyasidan 6 ming 193ta bodikamera xarid qilindi. Bu qurilmalarga tegishli dasturlar o'rnatildi, maxsus sim kartalar bilan ta'minlandi va himoyalangan VPN-kanallari orqali aloqa yo'lga qo'yildi. Birgina Toshkent shahriga 2 ming 876ta bodikamera ajratildi.

Bodikamerani YPX xodimi boshqarmaydi va uni o'chirish imkoniga ega emas. Barchasi markaziy server orqali nazorat qilinadi. Bir marta quvvat olganda, 8 soat uzluksiz ishlaydi. Quvvat tugaganda, avtomatik quvvatlagichga ulangan holda ishlashi mumkin. Bodikamera 25-30 metrgacha masofadagi ob'yektni tasvirga oladi va olingan ma'lumotlar bir oygacha saqlanadi.

— 2018-2019 yillarda Respublika bo'yicha qancha yo'l transport hodisasi ro'y berdi hamda oqibatda nechta odam jabr ko'rdi?

— Ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida yo'l transport hodisasi o'tgan yilgidan ko'ra, kamaydi deb bemalol ayta olaman. Raqamlarga murojaat qiladigan bo'l­sak, 2019 yilning o'tgan 11 oyida 2018 yilning shu davriga nisbatan respublika bo'yicha sodir etilgan yo'l-transport hodisalari 11,9 foizga (8077 tadan 7115 taga), ularda halok bo'lganlar soni 11,6 foizga (2066 tadan 1826 taga), jarohatlanganlar soni 13,7 foizga (7564 nafardan 6531 nafarga) kamayishiga erishildi. Bizning eng katta maqsadimiz ham yo'llarda avtohalokatlarning oldini olishdan iborat.

— Bugungi kunda ko'chalarda, tashkilotlar oldiga haddan ziyod avtotransport vositalarining to'xtashi taqiqlanadi belgilari qo'yilgan. Avval bo'lib o'tgan matbuot anjumanida YPX rahbariyati yil yakuniga qadar yo'l belgilarini, jumladan, taqiqlangan belgilarni qisqartiramiz degan mazmunda axborot berishgandi. Xo'sh, bugun qanday natijaga erishildi?

— Bugungi kunda amalda ushbu belgilarni kamaytirish ustida ish olib boryapmiz. Shu payt­gacha bunday taqiqlarning 34 tasini eskirgan holatda ekanligidan olib tashlaganmiz.

— Yangi yil bayrami arafasidamiz. Shodiyona kunlari hamma ham yosh bolalari bilan jamoat transportidan foydalanishni afzal ko'rmaydi. Shaxsiy avtomashinalarni qo'yish uchun joy tayyorlandimi? Umuman olganda bu borada qanday chora-tadbirlar ko'rilmoqda?

— Bu bizni ham o'ylantirgan eng katta masala hisoblanadi. Bosh rejamizda fuqarolar eng ko'p tashrif buyuradigan hududlar yaqiniga, ya'ni poytaxt bo'yicha 13 ta manzilda avtoturargoh faoliyati yo'lga qo'yiladi. Jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 10 dan ziyod ko'chalar berkiladi. Bundan tashqari, rejamizda tor yo'llarni kengaytirish va rivojlantirish, avtoturargohlarni ko'paytirish kabi vazifalar bor. Amalda buning natijasini qisqa fursatda yurtdoshlarimiz ko'rishadi.

Ma'lumot uchun: YPX xodimlari bodikameralar 2020 yilning 1 yanvar kunidan boshlab respublika miqyosida amaliyotda qo'llanila boshlaydi.

Feruza Berdiyeva,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =