Ibrohim Abdurahmonov: innovatsiya — barcha soha uchun birdek zarur

Bugungi tezkor davr jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanishni taqozo etmoqda. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirish, mamlakatning munosib kelajagini barpo etish uchun bu juda muhim.

Ayni paytda har bir soha innovatsion g'oya va texnologiyalar asosida rivoj topishi mumkinligi o'z isbotini topayotir.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan “Hurriyat” muxbirlari ana shu mavzuda suhbatlashdi.

Suhbatdosh haqida: 1992–1997 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Biologiya fanlari doktori, professor, akademik. 2001 yili Amerika Qo'shma Shtatlarining Texas qishloq xo'jaligi va mexanika universitetini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1993–1997 yillar O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genetika institutida boshlagan. 2017 yildan O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

— Ibrohim Yulchiyevich, davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 noyabrdagi farmoni hamda o'sha yili 30 noyabrdagi qarori asosida mazkur vazirlik ish boshlagandi. Farmonda yangi g'oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mavjud imkoniyatdan yetarlicha foydalanmaslik mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgani qayd etilgan va shu bilan bog'liq ko'plab muammolar sanab o'tilgandi. O'tgan vaqt ichida mazkur muammolar yechimi borasida nimalar qilishga ulgurildi?

— Haqiqatan, sohada muammolar ko'p edi va bu qisqa vaqtda oson hal bo'ladigan ish emas, albatta. Innovatsion rivojlanish vazirligi MDH davlatlarida ham, O'rta Osiyo hududida ham shu paytgacha bo'lmagan. Bunday vazirlik Arab Amirliklari, Kanada va Yangi Zelandiya kabi rivojlangan mamlakatlarda mavjud bo'lgan. Yurtimizdagi iqtisodiy o'sish yetarli emasligi, innovatsion iqtisodiyotni davlatimizga olib kirishga bo'lgan ehtiyoj tufayli ushbu vazirlik tashkil etildi. Vazirlikning asosiy maqsadi, bir so'z bilan aytganda, iqtisodiyotni yuqori ko'tarish. Mamlakatimizdagi eng katta muammolardan biri ishlab chiqarish bilan ilmning muvofiq kelmasligi, uzviylikning yo'qligida. Bunday muammo faqat bizda bor, deb aytolmayman, rivojlangan davlatlarda ham kuzatiladi bu holat. Ilmiy ishlanmalar, ixtirolar ko'p bo'lgan, ammo amaliyotga tatbiq qilinmagan. Ilmiy ishni, albatta, to'g'ridan-to'g'ri iqtisodiyotga yo'naltirib bo'lmaydi. Loyihani standart holga keltirguncha katta mablag' zarur bo'ladi. Shuning uchun tadbirkorlar ilmiy ishlarni sotib olishga yoki amaliyotda qo'llashga qo'rqardi. Sababi, hali sinovdan o'tmagan mahsulotning sotilmay qolish ehtimoli yuqori bo'ladi. Har bitta yangi ishlanmani amaliyotga qo'llash va shunga monand texnologiya yaratish esa doim qiyin bo'lgan.

Biz ishni innovatsion rivojlanish strategiyamizni belgilab olishdan boshladik va bu oson bo'lgani yo'q, albatta. 2018 yil sentyabr oyida uch yillik strategiyamizni tuzib, tasdiqladik. Unda asosiy urg'uni inson kapitaliga qaratdik. Strategiyadagi yana bir muhim vazifamiz 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingi bo'yicha jahonning 50 ta ilg'or mamlakati tarkibiga kirish etib belgilangan. Davlatimiz aholisining 60 foizdan ko'prog'ini yoshlar tashkil etadi. Asosiy mablag'ni mana shu yoshlar innovatsion ishlariga yo'naltirishni ma'qul ko'rdik. Yoshlarning innovatsion g'oyalarini qo'llab-quvvatlasak, rivojlantirsak, ularga sharoit yaratsak, ertaga davlatga biz sarf qilgandan ham ko'ra ko'proq foyda olib kelishi aniq. Shuning uchun asosiy e'tiborni ta'lim tizimiga qaratyapmiz.

Oldimizga qo'ygan asosiy vazifalarimizdan yana biri ilmiy tashkilotlarimizni rivojlantirishdan iborat. Chunki innovatsiya aynan shu yerda yaraladi…

— Vazirlik ilmiy-tadqiqot, ta'lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi. Ayni paytga qadar qanday yangi loyihalar ustida ish olib borildi va borilmoqda?

— Avvalo, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida” hamda “Innovatsion faoliyat to'g'risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilganini ta'kidlab o'tmoqchiman. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi qonun orqali respublikamizda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni tartibga solishning qonuniy asosi yaratildi. Ular ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanuvchilarni huquqiy kafolatlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarning sifati, samaradorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shular asosida, birinchi navbatda, fanni moliyalashtirish tizimini o'zgartirdik. Ta'lim sohasi uchun ajratiladigan va uch-to'rt yilda bir marta o'tkaziladigan grantlar uchun tanlov tizimini butunlay boshqacha yo'nalishda tuzdik. Endi ilmiy loyihalar tanlovlari har oy e'lon qilinadi va g'oliblarga loyihalarni amalga oshirishlari uchun pul mablag'lari taqdim etiladi. Avval ixtirolar uchun ajratilgan pullarning hammasi qog'oz bilan boshlanib, qog'oz bilan tugardi. Hech kim olimlarga ilmni mahsulot ko'rinishigacha yetkazish kerak, degan talabni qo'ymasdi. Ilmiy ishlarning nomlari aksariyat hollarda “optimallashtirish”, “muqobillashtirish”, “tahlili” kabi so'zlar bilan tugardi. Endilikda olimlarga bo'lgan rag'bat ham, e'tibor ham o'zgardi, shu bilan birga ilmiy ishlarning natijalari ilmiy ishlanmaga aylanishi va bu ishlanmalar o'z navbatida tijoratlashtirilib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga foyda keltirishi nazarda tutilmoqda. Hozirda har bir loyiha uchun o'rtacha 500 million so'm miqdorida pul mablag'lari ajratilib, shundan 40 foizi moddiy-texnik bazani rivojlantirishga sarflanmoqda. Oldingi eski tizimda olim bir milliard so'm daromad olib keladigan lo­yihani taqdim etgan bo'lsa, 20 million so'm atrofida pul bilan taqdirlanardi. Keyinchalik o'sha ishlanmasidan qayta keladigan daromadga sherik ham bo'lmasdi. Endilikda shunday imkoniyat beryapmizki, olim o'zining loyihasi asosida bemalol korxona tashkil etib, unga rahbar ham bo'la olsin. Muhimi, qaysidir sohaga yangilik, novatorlik g'oyalari kirib kelishi kerak. Joriy yilda 116 milliard so'm pul mablag'i evaziga yuzdan ortiq loyihalarni ishga tushirdik. Qolaversa, “startap” lo­yihalari moliyalashtirilib, ilmiy ishlar to'g'ridan-to'g'ri biznesga yo'naltirilmoqda. Kichik korxonalar yangi, shu paytgacha respublikamizda mavjud bo'lmagan mahsulotlar ishlab chiqarishni, xizmatlar ko'rsatishni boshladi. Bunday samarali innovatsion ishlanmalardan biri – bug'lanishning oldini olish va rezervuarlardagi neft mahsulotlarining to'satdan olovini o'chirishga mo'ljallangan takomillashtirilgan suzuvchi pontonlardir. Yangi konstruksiyali pontondan foydalanilganda 2000 kvadrat metr hajmli rezervuarda yiliga 240 tonna yengil uglevodorod tejaladi. Hozirda suzuvchi pontonlardan foydalanish bo'yicha tajriba ishlab chiqarish testlari muvaffaqiyatli o'tib, ular “O'zbekneftgaz” AJning gaz-neft­ni qayta ishlash korxonalariga joriy etildi. Bugungi kunga qadar 150 ming dona suzuvchi ponton ishlab chiqarildi va buyurtmachilarga yetkazib berildi. Mana shunday iqtisodiyotimizga foyda keltiradigan loyihalarga 30 milliarddan ziyod pul sarflab, o'ttizdan ziyod korxonani ishga tushirdik. Bugungi kunda biz pul sarflagan korxonalar foyda ko'ra boshladi. Misol uchun O'zbekiston Fanlar akademiyasining Mikro­biologiya ins­tituti va “Green biotech” MChJ qo'shma korxonasi innovatsion kompaniyasi tomonidan “Fosstim” va “Rizokom” deb nomlangan kuchli bioo'g'it va biostimulyatorlarning yangi avlodi yaratildi va uni tajribaviy ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi. Uning ishlab chiqarish quvvati 2 mln. gektardan ortiq yerni ta'minlashga yetadi. 2019 yilda mazkur bioo'g'itlar bug'doy ekinlarida sinovdan o'tkazilib, kutilgandan ortiq ijobiy natijalar olindi: kimyoviy va mineral o'g'itlar sarfi qisqardi, tuproq va o'simliklarning fosforlanish, sho'rlanish, metatoksin bilan ifloslanish darajasi pasaydi va sho'rlangan yerlarning unumdorligi ko'tarildi hamda atrof-muhit holati yaxshilandi. Sug'orish suvining sarfi 30 foizga kamaydi va bunda qishloq xo'jaligi ekinlarining hosildorligi 30-50 foiz ko'paydi. Bularning barchasi qishloq xo'jaligi mahsulotlari eks­portining oshirilishiga olib keldi. Mazkur loyihani moliyalashtirish uchun 9,6 mlrd. so'm investitsiya kiritilgan bo'lib, ishlanmadan kutilayotgan yillik daromad 7,5 mlrd. so'mni tashkil qiladi. Hozir FA Mikrobiologiya ilmiy tadqiqot institutining o'rtacha yillik daromadi 472,5 mln. so'mligini inobatga olsak, innovatsion mahsulotdan olinadigan foydaning ko'lamini tasavvur qilish mushkul emas.

Shu kabi ko'pgina innovatsion g'oyalarni amalga oshirish uchun Jahon bankidan imtiyozli, uzoq yillarga mo'ljallangan 50 million dollarlik kredit ajratildi. Ushbu mablag'ni to'g'ri taqsimlab, sohani yanada rivojlantirish, Global innovatsion indeksga kirish oliy maqsadimizdir.

Ayni paytda hududlar rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan muammolardan biri olimlarning kamligi, yetishmasligidir. Shuning uchun hududiy dasturlarni ishlab chiqdik. Hozir Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida xususiy kapital asosida innovatsion markazlar tashkil etishga kirishildi. Endi har bir hudud o'z iqtidorli yoshlari bilan o'zi shug'ullanadi. Moliyalashtirish tizimi esa mahalliy tashkilot va hokimiyatlarga yuklandi. Chunki har bir viloyatning o'z innovatsion hududi, iqtidorli yoshlari, olimlari va eng asosiysi sifatli ta'lim tizimiga ega maktabi bo'lishi kerak…

— Bugun qaysi sohada innovatsion g'oyalarga ko'proq ehtiyoj sezilayotir?

— Innovatsiya barcha soha uchun birdek zarur. Chunki bir soha ikkinchisi bilan bevosita uzviy bog'liq. Ulardagi ana shu bog'liqlik bir butun bo'lib jamiyat rivojlanadi. Qisqasi, yangi g'oya hech bir soha uchun ortiqchalik qilmaydi, aksincha. Ilm-fan deysizmi, ta'lim yoki sog'liqni saqlash tizimimi, xullas, endi kechagi eski tizim bilan ishlab bo'lmaydi. Masalan, qishloq xo'jaligi tizimiga klasterlar olib kirildi. Shu bois, paxta, guruch va bug'doydan mo'l hosil olinmoqda. Mahsulotlarimizni bemalol xorijga sota olyapmiz. Yoki Sirdaryo viloyatida xorijiy investorni jalb etgan holda “Peng-sheng klasteri”, “Bek-klaster” negizida urug'chilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etildi. Namangan viloyatida esa “Momiq sochiqlar urug'chilik klasteri” faoliyatini yo'lga qo'yish asosida qishloq xo'jaligiga xususiy investitsiyalar jalb qilindi. Bosh­qa sohalar uchun ham ana shunday yangiliklarga ehtiyoj bor.

— Ijtimoiy sohadagi rivojlanish, jumladan, ta'lim va sog'liqni saqlash tizimiga innovatsiyalarni joriy etish borasida qanday yangiliklar bor?

— Avvalo shuni aytish kerakki, shu paytga qadar oliy ta'lim bilan ilm o'rtasida uzviy bog'liqlik bo'lmagani uchun biz ko'p narsani boy berdik, deb o'ylayman. Fanlar akademiyasi bilan oliy o'quv yurtlari bir-biriga uyg'un bo'lib ishlashi zarur. Mana, bugun shunga intilyapmiz. Yangiliklar ko'p. Masalan, ta'lim tizimida “forsayt” markazlarini tashkil qilyapmiz. Ushbu tizim ta'limdagi muammolarning kelajagini ishlab chiqadi.

Urganch davlat universiteti olimlari tomonidan “Aqlli maktab” dasturi ishlab chiqildi. Sinov tariqasida Farg'ona viloyatining 10 ta maktabiga ushbu dasturni kiritdik. Xo'sh, bu nima degani? Hamma o'quvchilarda kundalik bor, ammo bir o'quvchi matematikadan dushanba kuni “2” baho olsa, juma kuniga borib bahosi a'loga ko'tarilishi mumkin. Ya'ni bunda “Aqlli dars jadvali” yordamga keladi va bu bolaning intellektini belgilab beradi.

Bundan tashqari, “Oflayn” rejimida “Wi-Fi” tizimi orqali ishlovchi, Internet va Milliy kutubxona elektron ma'lumotlari bazasi mavjud 100 dona “Q-Box” axborot resurs moslamalarini olis hududlardagi ta'lim muassasalariga o'rnatdik. Mazkur moslama respublikamizning chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar, OTMlar va boshqa ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan o'quvchi hamda talabalarga “Wi-Fi” tizimi shaklida ta'lim dasturlarini va ma'lumotlar bazasini o'z ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi “Wi-Fi” uskunasiga ulangandek kirib, o'zi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan ma'lumotlarga ega bo'lish imkoniyatini taqdim etadi.

Sog'liqni saqlash borasida ham bir qancha innovatsion loyihalarni qo'llashni boshladik. “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini ishlab chiqdik. “Aqlli tibbiyot” tizimi diagnostika, profilaktika va davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutadi. Shuningdek, biotexnologiya, farmakologiya va nanotexnologiya sohasidagi so'nggi yutuqlardan foydalanishni ta'minlaydi. Inson tanasiga o'rnatilgan chip yoki maxsus braslet orqali bemorning umumiy holati, nafas olishi, qon bosimi, yurak urishi kabi ma'lumotlar tibbiyot muassasasiga borib turadi. Bu orqali shifokorlar kasallikning oldini olishga yoki zarur hollarda o'z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko'rsatishga muvaffaq bo'ladilar.

Teletibbiyot dasturimiz ham bor. Unga ko'ra, ilk manzil qilib Mo'ynoqni tanladik. Bu yerda innovatsion poliklinika qurildi. Aholisi 35 mingdan ziyod bo'lgan ushbu hududda tibbiyot bo'yicha kadr­lar yetishmaydi. Innovatsion poliklinikaning ahamiyatli tomoni shundaki, masofadan turib, poytaxtdagi eng malakali shifokorlar bemorga tashxis qo'ya oladi. Keyinchalik bu tizimni ham keng yo'lga qo'ymoqchimiz. Keyin­chalik nafaqat mahalliy shifokorlar, balki xorijdagi tajribali mutaxassislar ham masofadan turib bemorlarga maslahatlar berishlari, uzoqda jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishlari mumkin bo'ladi.

Bundan tashqari, vazirligimiz huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi faoliyat yuritmoqda. Vazirlik huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazida mavjud 260 dan ortiq allergenlarni DNK-chip texnolo­giyasi yordamida tahlil qilish va genetik pasport berish tizimi yo'lga qo'yildi. Allergenlarni aerobiologik monitoring tizimi texnologiyasi transferi qilindi. 4 ta eng so'nggi avlod “VPPS 2010” gul changi qopqonlari o'rnatildi. Ulardan ikkitasini Toshkent shahrining Olmazor va Mirzo Ulug'bek tumanlariga joylashtirdik. Bu qurilma 80 km. radiusdagi gullagan daraxtlar haqida ma'lumot yig'adi va maxsus bazaga kiritadi. Aerobiologik monitoring laboratoriyasida o'z navbatida havodagi allergen turlarini, allergen o'simliklar gulchangining aerobiologik monitoringini va changlanish prognozini aniqlash ishlari olib borilyapti.

— Jahon fani yutuqlari, xorijiy tajribani o'zlashtirish bo'yicha yana qanday ishlar olib borilmoqda? Innovatsion g'oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo'yicha xalqaro hamkorlik masalalari haqida ham to'xtalsangiz?

— To'g'ri, jahon fani yutuqlari va xorijiy tajriba biz uchun muhim. Shu bois, oltita davlat bilan hamkorlikda ishlash borasida shartnoma tuzilgan. Shartnomaga ko'ra, olimlarni moliyalashtirish har bir davlatning o'z zimmasida. Ammo yaratilgan innovatsiyalardan teng foydalanamiz. Vazirli-gimiz huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'laridan bir yarim yil ichida 300 ga yaqin olimni xorijga malaka oshirishga yubordik. Ular bilim olish qatorida o'sha davlatning eng ko'p foyda beradigan innovatsion loyihalarini o'rganishdi. Yaqinda bir guruh yoshlarni Belarus davlatiga jo'natdik. Bu masalada hududiy dasturlarimiz ham bor, eng chekka tumanlardagi olimlar ham bunday yangilikdan bahramand. Qolaversa, rag'bat faqat yosh olimlar uchungina emas, katta yoshli olimlar ham chet davlatlarga borib tajriba almashib kel­yapti. Umuman, yangilik yarataman degan ishtiyoq bilan ko'zi yonib turgan odam borki, u innovatsion loyiha bilan qaytib kelishiga yoki boshqa ixtiro qilishiga ko'zimiz yetsa, hamkor davlatlarga jo'natyapmiz.

Joriy yilning oktyabr oyida o'tkazilgan “InnoWeek-2019” innovatsion g'oyalar haftaligi doirasida tashkil etilgan Xalqaro innovatsion-investitsion forumida 108,7 mln. dollarga teng anglashuv memorandumlari va investitsiya shartnomalari imzolandi.

Bu yil o'tkazilgan robototexnika musobaqasi ilk marotaba Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o'rtasida o'tkazildi. Mazkur musobaqada IHTga a'zo 25 davlatdan jamoalar qatnashdi. Mazkur xalqaro musobaqada yurtimiz yoshlarining jamoaviy hisobda birinchi o'rinni egallagani bizda iqtidorli yoshlar ko'pligining dalolatidir.

Qolaversa, bugungi kunda vazirligimizda 6 nafar xorijlik maslahatchilar faoliyat yuritmoqda. AQSh, Germaniya, Koreya, Qozog'iston, Avstriya davlatlaridan kelgan xalqaro maslahatchilar doimiy tarzda o'z mamlakatlaridagi eng ilg'or innovatsion texnika va uskunalar haqidagi ma'lumotni bizga yetkazib turadi.

— Oxirgi 25 yillikda davlatimizga investitsiya kirib kelishi juda qiyin bo'lgan. Ishni boshlagan kezlaringizda xorijiy investorlarni jalb qilish oson bo'lmagandir?

— Haqsiz, investorlarni sohaga jalb qilish faqat biz uchun emas, hamma soha rahbarlariga qiyin bo'ldi, aslida bu hozir ham oson emas. Chunki chet davlatlar shu yillar ichida respublikamiz reytingi, oliy o'quv yurtlarimiz, fanimiz yutuqlari, moddiy-texnika bazamiz qay ahvoldaligidan bexabar bo'lgan. Bu esa ularga inves­titsiya kiritishga to'sqinlik qilgan. Shuning uchun ishni, eng avvalo, normativ bazamizni rivojlantirishdan boshladik.

2018 yilda Bratislavada o'tgan xalqaro anjumanda Jahon banki mutasaddilari bilan suhbat chog'ida ulardan ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish uchun mablag' so'ragandik. Ular “Faoliyatingizni kuzatamiz” deyishdi. Dar­haqiqat, bir yarim yil davomida ishlarimizni, davlatimiz salohiyatini kuzatishdi. Ayni kunlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Jahon banki bir to'xtamga kelib, O'zbekiston ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo'yicha loyiha tayyorlamoqda. Lo­yihani moliyalashtirish ishlari 2020 yilning boshidan boshlanishi kutilmoqda. Yanvar oyidan boshlab Jahon bankining pul mablag'lari ilmiy loyihalarni tijoratlashtirish, ilm-fan va sanoat hamkorligini o'zida mujassam etuvchi ishlanmalar moliyalashtirish uchun yo'naltiriladi.

— Bugungi kunda ko'pgina sohalarda munosib kadrlar yetishmasligi sir emas. Iqtidorli, uddaburon, ko'p tillarni mukammal biladigan, ish yuritish qobiliyatiga ega kadrlar vazirlikda yetarlimi?

— Kadrlar masalasi bizda ham muammo. Vazirlik tashkil etilganidan beri ko'p kadrlar ishga jalb qilindi, ular orasida talablarimizga javob bermaganlari ham bo'ldi. Innovatsiya jiddiy tartib talab etadi. Bu ishda iste'doddan tashqari intizom ham yuqori bo'lishi lozim. Biz har kuni yangilik bilan ishlaydigan odamlarmiz. Prezidentimiz aytganlaridek, “Innovatsiyada bugun — muhim. Ertaga u eskirishi mumkin”. Dunyo juda tez rivojlanmoqda. Bugungi kunda bir qadam oldinda yurmasangiz, ko'p narsadan bexabar qolishingiz mumkin. Bizga ham bir qadam oldinda yuradigan kadrlar zarur. Hozir o'zimizda bor yoshlarni tarbiyalayapmiz. Sohaga ko'niktiryapmiz. Vazirligimiz rahbarligidagi o'rinbosarlardan biri Arab Amirliklarida kadrlar bilan ishlash texnikasini o'rganmoqda. Bizda ishlaydigan kadrlar “innovatsiya ofitserlari” bo'lishi lozim. Bir so'z bilan aytganda, “ensiklopedik” kadrlar bizning yutug'imiz bo'ladi. Sababi, ta'lim, sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligida ham birdek tafakkur qiladigan, bilimi, salohiyati yetadigan yoshlar bo'lishi lozim. Yuqorida aytganimdek, vazirligimizning ishi murakkab…

— Bugun vazirlar matbuotdan uzoqlashib ketdi, degan qarashlar yo'q emas va bu qarashlarda to'g'risini aytganda lof yo'q. Siz bir vazir sifatida bu fikrni qanday izohlaysiz?

— Men matbuotga eng ko'p intervyu beradigan vazir bo'lsam kerak. OAVga munosabatimni shundan ham bilsa bo'ladi. Mana, bugun matbuot xizmatlari takomillashdi, bizning matbuot kotibimiz ham OAVda tez-tez chiqishimni so'rab turadi. Imkon qadar matbuotda chiqishlar qilishga harakat qilamiz. O'zbek matbuoti qatori xorijnikini ham o'qib boraman. Olim sifatida qator ilmiy jurnallarda muharrirman. O'zim ham monografiyalar yozib turaman. Qanday ko'rinishda bo'lmasin ommaviy axborot vositalarini kuzatib bormagan rahbar to'laqonli rahbar bo'lolmaydi…

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

“Hurriyat” muxbirlari

Xolida Fayziyeva

va Feruza Rahimova

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =