Sen turkiy dunyoning ğolib xayoli

Rauf PARFI

Muallif haqida: Rauf Parfi 1943 yil Toşkent viloyatining Şöralisoy qişloğida  tuğilgan. Özbekiston xalq şoiri.

Şoirning  “Karvon yöli” (1968), “Aks-sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1974), “Közlar” (1976), “Qaytiş” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2001) şeʼriy töplamlari çop etilgan.

Rauf Parfi Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Kaladzening “Dengiz xayo­li” va boşqa jahon şeʼriyati klassiklarining şeʼrlarini özbek tiliga tarjima qilgan.

Şoir  2005  yili vafot etgan.

 

Şu ojiz holimda şoirmanmi men?

                                                     Çölpon

 

Ona tilim, sen ruhimning qanoti,

Abutturk nafasi, Oltoy çeçagi.

Xun davridan omon keldi Ğiroting,

Qutluğ Enasoyning ezgu ertagi.

 

Örxun böylarida toşga aylanding,

Köklarga sançilding, Turon bölding Sen,

Mangulik safarga qaçon şaylanding?

Qaçon bu alamga — kuçga tölding Sen?

 

Porloq osmoningda quzğunlar uçdi.

E voh, yoğiylaring soldi yağmoni.

Yoğiylaring jigar qoningni içdi.

Jigar-qon jaranggi tutdi jahonni,

 

Onasen. Keçirding, qonidan keçding,

Biroq keçirmading aslo yolğonni.

Dunyo oq emasdir, yöq, qora bardoş,

Kuyib yodimizdan keçganlar aytsin.

 

Sözlarida zahar, közlarida toş,

Elidan, tilidan keçganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hasrati

Kunlar gizli tuğyon, bosib kelar şeʼr.

 

Neçuk qismat erur, şoir qismati?!

Tuşlarimni buzar hazrat Alişer…

Yillar bahorimni uçirdi çalqib,

Muzlarga köçirdi ötluq yozimni.

 

Axtardim muhitda xas kabi qalqib —

Men öz Yulduzimni, öz Quyoşimni…

Yulduz sen, Quyoş sen, sen ona xalqim,

Sen uçun sindirdim sinmas sozimni.

 

Oh, şoir qismati, yarqiroq, gulgun,

Zavqlarga tölar u, bir sözni izlar.

Dunyoda heç bir zot bilmas, ne uçun,

Ayriça kular u, ayriça bözlar.

 

Yölsizlik yöldoşi, tolei nigun

Heç qaçon töyarmi axir yovuzlar.

Bu xalq duşmani, deb tutsalar bir kun,

Baribir, u xalqning nomidan sözlar.

 

Boşida qora qiş, oppoq bahorlar,

Yuragi yarimu butun iymoni,

Talotum olamni şivirlab çorlar.

Tani omonatdir, naqd erur joni,

 

Kökrak qafasida lovullab porlar

Buyuk muhabbatning qonli nişoni.

 

ONA TILIM

1. Abut-Turk tarixdan balki bir hikmat

Biroq sen borsan-ku Turon elinda.

Şoir, Söz aytmakka sen şoşma faqat,

Uluğ Alişerning qutluğ tilinda.

 

Ul olis quyoşdir kuyinib yonar,

Olis xotirotlar öçmas falakda.

Haqdan, Haqiqatdan köring, kim tonar?

Dunyoviy alamning tiyği yurakda.

 

Vatan deb atalgan beşik, onajon,

Men uçun yopilgan eşik, onajon,

Men sokin sollanib ilğab borarman.

 

Vatan deb atalgan tobut qöynida,

Çuvalgan bulutni qordek qorarman,

Ruhimning panjasi çaqmoq böynida.

 

2. Heç zot uza bilmas uzilgan jonni,

Haqiqatni uza bilmas heç qaçon.

Elim, ona tilim, ruhimning qoni,

Bir imdod sörayman sendan, onajon.

 

Çayonzor yölidir borar yöllarim,

Tanim yonmaktadir işqsiz oçunda,

Köklarga töqinar söngak qöllarim,

Oyoqlarim mening tuproq içinda.

 

Barçaning boşida birdek beomon,

Manxus zamonlarning ölik şamoli, —

Buzğun yigirmançi asr aʼmoli…

 

Mening ona tilim, munis, mehribon,

Sen Turkiy Dunyoning ğolib xayoli —

Seni yozajakman, tirilgan jahon.

 

3. Uluğ Turkistonim, oltin dalalar,

Oftob soçqi soçar boş uzra balqib,

U sening tilingda aytar allalar,

Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.

 

Navoiy baytiga öxşaydi yöllar,

Bu toşlar Hamzaning qotili, hayhot!

Nahotki umrbod örtasa öylar,

Umrbod zanjirband etsa xotirot?!

 

Zanjirbandman, ona tilim Ona Sözingga,

Kundayin sölarman, oydek tölarman,

Mil kabi tortarman Seni közimga.

 

Men ğarib bandangman. Bir Söz tilarman,

Boşimni qöyarman Sening izingga,

Qudsiya anfosin aytib ölarman.

 

TURKISTON YODI

Naqadar uzundir, oğirdir bu yöl,

Dalalar yastanib yotar kök kabi.

Tiğlab xotiramni osmon — çeki yöq,

Tizginsiz bu şiddat kenglik asabi.

 

Bu kenglikda öylar meni ğijimlar,

Ul öz qofiyasin sudrab keladir.

Qança qoçsang şunça qilgay hujumlar,

Öq singari xotiramni tiladir.

 

Tegramda ziç havo — ona Turkiston,

Oʼrgay tomirimni kör hayajonim.

Bu maydon içinda men tökmagan qon,

Mening uni deya ayagan jonim.

 

Yana yiroqlarga çorlaydir moziy,

Vatan tuşunçasi kelar yetaklab

Ayrilgan, xörlangan ulus ovozin,

Şoirning beşigi aytar ertaklar.

 

Yassaviy maqbari munğaymiş mağrur.

Tovuşga aylandi har bir ğişt rangi.

“Dunyo mening deganlar…” Nido kelur.

“Karkas quşdek…” Qadim sözlar jaranggi.

 

“Oʼlğon daʼvo qilganlar…” Sözlar şoir.

“Oqni qaro deganlar…” Ayting, kimlar?!

Maqbara boşimga yiqilar hozir,

Yana tovuş: “Harom yegan hokimlar…”

 

Parçin-parçin böldi yodim simlari,

Simlar — közlarimga mil tortgan çizgu.

Ötgan uluğlarni eslayman barin,

Xotirot mozori — Turkiston mangu.

 

Keça sodiq öğling ötdi dunyodan,

Saxiy inson edi, u şoir edi.

Sançilib yaşaydi bir umr yodda,

Ketayotib, men yiğlab, böldim, dedi.

 

Yiğla endi közim, sen-da yiğlab ol,

Töysin köz yoşingga bu turkiy stam.

Töysin, Vatan yodi çidar bemalol.

 

O, sabr daraxti, qutluğ Turkiston.

Naqadar uzundir, oğirdir bu yöl.

 

ABDURAUF FITRAT

Nega seni çulğab oldi bunça tikonlar?

Nega çiqdi yuragingdan yuzga bu doğlar?

                                             Abdurauf FITRAT

 

I. Ajab mudhiş qaro tun kafan tutar,

Bir zamon tinmaydir, izğirar şamol.

Daryo köpiradir, odamni yutar,

Ul gözaldir, ul irgançdir, ul xayol.

Riyozat qamçisi kabi savaydir

Alkan yomğir buzğun tanizorimni…

Uluğ Turkistonni kimlar sevmaydir?!

Firavnlar sevmas mening borimni.

Firoqning nağmasin çalar nay siniq,

Isrofning içindan silqir bu navo,

Taralar, huv, çökkan toğlardan tiniq.

Riyolar, rişvatlar… Zaharli havo.

Azon tovuşini tinglayman oğir.

Turkiston. Qora tun. Şamol va yomğir.

 

II. Aytadir oy dardin bulut qöynida,

Bulutlar hurpaygan, na-da qoradir.

Dorlari muhaqqah azlom böynida,

Unutilgan, xörlangan xalq boradir.

Raqam qildi menga manfur jaholat,

Alam ortgan karvon borar munğayib.

Urinadir, surinadir, bu holat

Faqat paydo bölur va birdan ğoyib.

Fasihalar körinar soçlari olov,

Ivirsir arvohlar közi-qöli qon…

Turkiston, Turkiston, mukarram yalov…

Rad etdimmi seni, qoldimmi bejon?

Alamim şaʼmlari söndimi, ona?

Tilagim yulduzi töndimi, ona?

 

III. Ayriliq şamşiri boşimda sindi,

Borliğim çopildi, içdim qonimni,

Dunyo tarixini öqib yukindim,

Uyqudan uyğotdim Turkistonimni.

Rizqimizni axir kimlarga berdik,

Axir odam edik, muhtoj, notavon.

Ular xirmon-xirmon, biz nuşqurt terdik,

Faryodimiz yetib bormas heç qaçon.

Falokat ustiga falokat tutdi,

Intiqom, intiqom, dedim, yugurdim…

Turkiston, Turkiston, Turkiston ötdi –

Razolat qabrinda boş egib turdim.

Ay uluğ toğlarim, ay şonli Turon,

Tokay uyğonmassan, ay qonli Turon.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan