O'tmayotgan kunlarimga kel!

Muallif haqida:

Dilorom Abdurahmon — “Ko'ngil shafaqlari”(2001), “Tahayyul tongi” (2006), “Ishq yomg'iri” (2012) kabi she'riy to'plamlari, “Nastarin butasi”(2018), “Mangu hayot afsonasi”   (hammualliflikda, 2019) nomli tarjima kitoblari chop etilgan.

Konstantin Paustovs­kiy, Aleksandr Kuprin, Mixail Bulgakov, Marina Svetayeva, Anna Ahmatova, Aleksandr Blok, Gabriela Mistral, Ivan Franko kabi mashhur yozuvchi, shoirlar asarlarini rus tilidan o'zbek tiliga tarjima qilgan.

 

Sog'inch

Ufqlar ortida sirli olam jim,

Tumanlar ortida ranglar olar tin,

Jimlikni buzdimu,

sahardan bugun,

Sen-la yashamoqqa so'radim bir kun.

Bir kun,

sog'inchlar ko'ngilga quyilar,

Bir malak ruhimdan quvilar,

Dunyo devonavor ishqdek tuyilar,

Bag'ringda oqay deb so'radim bir tun.

Bir tun,

malaklar sochimni silab ko'rdilar,

Sog'inchlar ko'zimni so'rab ko'rdilar,

Armonlar ko'nglimni tilab ko'rdilar,

Ishqimni quymoqqa so'radim bir dil.

Bir dil,

etar edi fido bo'lmoqqa,

Bir kun yetar edi umrim bermoqqa,

Bir tun yetar edi ko'zni yummoqqa,

Nigohing yetardi o'zdin kechmoqqa,

Nigohing!..

Nigohing,

ko'ngilga quyilar samodek,

Ruhimda chayqalar moviy daryodek,

Dundan o'tmasmidim senla dunyodek,

Umr o'tayapti,

birgina umr,

O'tmayotgan kunlarimga kel.

                                *   *   *

Xayollaring suvratini chizib beraymi,

Sog'inchlarim dil jomiga suzib beraymi,

Armonlaring ichra oydek kezib yuraymi,

Naylay,

seni armonlarga bergim kelmaydi.

Dunyolarni tor demagil,

vayrona dema,

Va yo g'arib,

bag'ri chil-chil, sadpora dema,

Yolg'iz jonim jahoningda ovvora dema,

Naylay, seni jahonlarga bergim kelmaydi.

Armonlarning sarhadi yo'q,

eta olmaysan,

Ular sirli, va yo kechib keta olmaysan,

Tushlaringda qo'llarimdan tuta olmaysan,

Naylay, seni oqshomlarga bergim kelmaydi.

G'arib dilga sening ishqing panoh bo'ldimi,

Mening ishqim osmonlarda bir oh bo'ldimi,

O'shal ohlar bu dunyoda gunoh bo'ldimi?!.

Naylay, seni osmonlarga bergim kelmaydi,

gunohlarga,

         gumrohlarga bergim kelmaydi.  

                                * * *  

Armonlarning qanoti

yoyiq qushmidi,

Topib,

yo'qotganlarim sirli tushmidi,

Ko'ngilning bo'y-basti go'zal ishqmidi,

Bir g'arib umr bo'lsa,

kechayotibdi.

 

Azizim,

sen yupatma, demagil hazil,

Taqdirning libosi nechun zil-zambil?

Dunyoning hovuri qizil,

qip-qizil,

Bag'rimda nimadir kuyayotibdi.

 

Bu yo'llar azobi rohatmi, og'ir,

Kiprikka tizilgan shabnamlar taqir,

Sen mendan uzoqlab ketmagin, axir,

Ko'ngildan nimadir kechayotibdi.

 

Sevgilim,

dil rozin o'zingga aytay,

Nigohing bekitgan qo'shiqqa qaytay,

Dardli shiviringga qo'shilib ketay,

Ko'zingda qay armon kuyayotibdi,

Ko'nglimda osmonlar sinayotibdi . . .

 

Xayol   manzaralari

Oqshom chog'i muzladi,

Suv yuziga to'kilgan

Majnuntolning ertagi.

Oy ko'rinmas osmonda

qirov tushgan har yonga.

Daraxtzor uxlar karaxt.

Qalin qorlar qoplagan

qoyalar orasida

Ayiqlar tush ko'radi.

Tuman ichra vazmin tun.

Go'yo borliq olar tin,

Kimdir uyg'oq yuradi.

Oppoq tuman tarqalar.

Suv yuzida uyg'onar ,

Majnuntolning ertagi.

Kunlarning yorug'ida

Derazangga chizilgan

Muzlar eriydi sekin.

Yuragingda yaxlagan

Azaliy ishqiy armon

Kurtak ochadi sekin.

Darz ketar   azal muzlik.

Allalaydi yolg'izlik,

Makoningga sig'maysan.

Yomg'ir yog'ib   o'tadi,

Umidvor quchog'ingga

qizg'aldoqlar to'kilar.    

 

Qizg'aldoqlar to'kilar. . .  

Dilorom Abdurahmon

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =