Dukentdagi ayiq otil(ma)gan

Kuni kecha, aniqrog'i, 2020 yil 2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda ayiqning aholi yashash punktida harakatlangani aks etgan videolavhalar keng tarqaldi. Ma'lum bo'lishicha, bola ayiq aks etgan lavha Toshkent viloyati Angren shahri “Dukent” qo'rg'onidagi “Nav­bahor” mahallasida tas­virga olingan.

Shu kuni ayiqning otib o'ldirilgani haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Hatto, xabarlarga ayiq murdasi va ovchi aks etgan suratlar ham ilova qilindi.

2 noyabr kuni soat 18:24 da “O'zbekiston24” telekanali “Fakt24” axborot dasturida esa bu xabar tasdiqlandi.

Axborot dasturida O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi matbuot kotibi Bun­yod Abdullayev ekoinspektorlar yuborilganini bildirgan. “Fakt24” axborot dasturi suxandonlari ayiq otib qo'yilgani va dastlabki surishtiruv ishlari boshlanganini, shuningdek, batafsil keyingi dasturlarida ma'lumot berishini ta'kidladi.

Ayni shu kuni soat 23:35 da esa Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Bobur To'laganov ayiq otib o'ldirilgani haqidagi axborotlarni rad etib, ayiq tirikligini ma'lum qildi.

– Ushbu holat yuzasidan shu vaqtning o'zida fuqarolar xavfsizligini ta'minlash maqsadida viloyat IIB 2-mintaqaviy hudud PPX xodimlari va Angren shahar IIB tomonidan ushbu ayiq ushlanib, xavfsiz joyga joylashtirilgan. Hozirda ayiq sog'-omon va xodimlar qo'riqlovida. Erta tongdan uni yovvoyi tabiatga qaytarish rejalashtirilgan. Surat ayni vaqtda olindi, – deya izoh qoldirgan Bobur To'laganov.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi bildiruvidan so'ng, 3 noyabr kuni soat 1:45 da Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi rasmiy “Telegram” kanali orqali quyidagilarni ma'lum qildi:

– Davlat ekologiya qo'mitasi huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda holatni o'rgandi. O'rganish natijasiga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto Angren shahri Dukent qo'rg'onida yurgan ayiqqa aloqasi yo'q, foto esa Rossiya Federatsiyasi hududida tasvirga olingan.

Holatga yanada oydinlik kiritish va asl voqeani aniqlash uchun Ang­ren shahri hokimligi Axborot xizmati bilan bog'landim.

– Ayiq bolasi shu kunning o'zida Angren shahridagi “Gurum” mahallasidan topildi. U yemish izlab aholi tomorqasiga borib qolgan. Ayiq bolasiga g'amxo'rlik ko'rsatilgan va tegishli idora xodimlariga topshirilgan, – deydi Angren shahri hokimligi Axborot xizmati rahbari Gulshoda Shoxonova.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmatining qo'shimcha qilishicha, kecha tushdan keyin ayiq bolasi tabiat qo'yniga qo'yib yuborilgan.

Axborot makoni misoli ulkan ummon. Qalqib turgan suv uzra suzayotgan minglarcha, millionlarcha ko'zlar xolis munosabatni, to'g'ri axborotni, muxtasar aytilsa, haqiqatni kutadi. Intiq kutadi. Har qanday axborotni uzatishdan avval, albatta, unga komil ishonch hosil qilish va tekshirish, qayta va qayta tekshirish kerak. Jurnalist kasbining taqozosi – shu.

Otabek ISROILOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =