Xalq qabulxonalari: Eldan qolar gap yo'q

Ota-bobolarimiz “Xalq so'zi — haq so'z”, deya bejiz aytishmaydi. Afsuski, uzoq yillar mobaynida ushbu hikmatli iboraning mag'zini go'yo chaqolmagandek, burch va majburiyatni idrok etolmaydigan, omma arziga quloq tutishni o'ziga ep ko'rmagan mutasaddilarning “qosh-qovog'i”ga qarab turmush kechirdik.

Buning oqibatida atrofimizda muammolar qalashib ketdi, xato va qusurlar bolalab ketdi. Ko'pgina mutasaddilar o'z fursatida yechim topmagan, bartaraf etilmagan muammolar gazak otishini fahmlashdek salohiyatdan ojiz qoldik.

Ammo elda oqil-dono, omilkor, ertani ko'ra-biladigan insonlar ham kam emas. Odamlar qalbini tark etayozgan umid  uchqunlari ana shunday benazir insonlar poyqadami bois qayta alangaladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi asosida uch yil muqaddam yurtimiz bo'ylab shakllangan Xalq qabulxonalari jamiyatning og'riqli muammosini muvaffaqiyatli suratda bartaraf etish garoviga aylandi. Mamlakatning alohida nufuzli ijtimoiy-huquqiy bo'g'ini sifatida shakllangan mazkur tizim jamiyatni inson huquqlari, bozor va tadbirkorlik munosabatlari sohasida katta ravnaq va istiqbollar sari yetakladi.

Davlatimiz rahbari yangi tizimni vujudga keltirishdek xayru savob ishni amalga oshirish bilan cheklanganlari yo'q. Bo'g'in faoliyatining barcha nozik jihatlari, vakolat doirasi, harakat miqyoslari, ish tartibi va majburiyatlarni oqilona tarzda belgilab berdilar. Omma dardi, tashvishiga sherik bo'lib yashamoq, xalq davlat idoralariga emas, davlatning o'zi xalqqa xizmat qilmog'ini ta'minlamoq demokratik jamiyatning strategik vazifalari qatoriga kirishini ham birinchi bo'lib  u kishi o'rtaga tashladilar.

Jamiyat turmushi, inson ovozi, arzi va shikoyatiga qaysiki idorada ko'proq quloq tutilsa, dardiga malham qo'yilsa, ko'mak va madadga bel bog'lab kirishilgan bo'lsa, omad o'sha tarafda ekanligini aniq-ravshan ko'rsatdilar. Ammo shuni ham ta'kidlash zarurki, kelib tushayotgan murojaatlarning kam qismi, deylik, 10-15 foizini qanoatlantirish bilan cheklanayotgan mahkamalar bunday yuqori martaba va hurmatga umid bog'lamasalar ham  bo'laveradi. Ariza va shikoyatlarni qanoatlantirish miqyoslarini  sun'iy ravishda va zo'rma-zo'rakilik bilan oshirib va bo'rttirib ko'rsatishdan tiyilmoq zarur. Murojaatlar o'zining asos­­li va mantiqiyligi, haqqoniyligi, ko'tarilgan masalaning  qonuniyligi, dolzarbligiga ko'ra hal etilmog'i kerak.

O'tgan yili Xorazmning chekka tumanlaridan bo'lgan Shovotda Xalq qabulxonasiga jami 840 ta murojaat kelib tushdi. Yil yakuniga kelib, murojaatlarning 659 tasi yoki 78,5 foizi qanoatlantirildi, o'z yechimini topdi. Bu eldosh­larimiz adolat, haqiqat, odillik, qonuniylik namunalarini ayrim mutasaddi idoralardan ko'ra, O'zbekiston Respub­likasi Prezidentining Xalq qabulxonalaridan  ko'proq topayotganligini yaqqol tasdiqlaydi.

Xalq qabulxonalari o'tgan davr ichida yana bir sinovdan ham muvaffaqiyatli o'tdi. Ba'zi odamlar o'ylaganidek, Xalq qabulxonalari ariza va shikoyatlar bosimi  ostida qolib ketmadi. Aksincha, xato va qusurlar, kamchilik va nuqsonlarni izlab topish, bartaraf qilish yo'li bilan jamiyat taraqqiyoti eshiklarini yanada keng va ravon  ochishda tizimning o'rni va roli katta bo'ldi.

Yuvilgan qalb dog'i insonni ko'tarinki kayfiyatga, ko'tarinki kayfiyat esa ijtimoiy faollikka yetaklaydi. Ravnaq omillari ana shunday tizimda vujudga keladi. Ko'ngli o'ksik, turmushi nochor kishining ishida unum ham, qut-baraka ham, sifat va samara ham bo'lmaydi. Albatta, har bir insonning bu boradagi erk va erkinligi, haq-huquq va qonuniy manfaatlari davlat himoyasidadir.

O'tgan yili tuman Xalq qabulxonasiga O'zbekiston qishlog'i fuqarolaridan biri oilasini boqish uchun ishga joylashishda yordam ko'rsatilishini so'rab, murojaat qildi. Fuqaroning arizasini o'rganish asnosida bandlik masalasi tumanning uzoq va chekka  qish­loqlari aholisi uchun birmuncha katta muammoga aylangani va dolzarbligicha qolayotgani ma'lum bo'ldi. Shundan so'ng, odamlarni ishlash uchun tuman yoxud viloyat markaziga yo'llagandan ko'ra, ularning bandligini shu yerning o'zida ish bilan ta'minlashning afzalligi joylarda tushuntirildi. Murojaat qilgan shaxs ish bilan ta'minlandi.

Tumanning Paxtakor mahallasida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan 10 yildan buyon boshpanasiz yashab kelayotgan 2-guruh nogironi D.Safarovaning murojaati tuman hokimligi tarafidan o'rganildi. Pirovardida uning ruhan dardli qalbi malham topdi. Xalq qabulxonasining aralashuvi va tuman hokimligining beg'araz ko'magi tufayli ehtiyojmand xonadonning murodi hosil bo'ldi. Oila  2 xonali yangi xonadonga ko'chib o'tdi.

Ochig'ini  aytganda, murojaatlarning ko'pligi yutuq sifatida izohlanmasligi kerak. Aksincha, bu o'sha hududdagi muammo va kamchiliklardan dalolat. O'tgan yili Xalq qabulxonasiga kelib  tushgan jami 840 ta murojaatning 203 tasi yoki 24,2 foizi uy-joy, yer munosabatlari,122 tasi, ya'ni 14 foizi tabiiy gaz, elektr ener­giyasi, suv va issiqlik ta'minoti, 91 tasi esa moddiy yordam masalalariga borib taqaldi. Ular qat'iy nazoratga olinayapti. Tegish­li idora va tashkilot rahbarlari nomiga aniq talab va takliflar yo'l­lanayapti. Javobgarlik va ma'­­­­muriy-intizomiy jazo choralari belgilanayapti.

Hasanboy Muhammadjonov,

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

Shovot tuman Xalq qabulxonasi rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 4 =