Ishlagan davri nega hisobga olinmadi?

Qiziq, negadir yuqori tashkilot aralashmasa, quyi bo'g'in beo'xshov harakat qilaveradi. Nega o'z vazifasini vijdonan bajargisi kelmaydi? Siz ham angladingiz, albatta, fuqarodan ilinj kutgan, nimadir va'da qilishini ishtizor bo'lib kutgan. Ammo…

 

Qo'qon shahar, Chinobod ko'chasi 8-uyda yashovchi fuqaro Kadir Yuldashev yoshga doir pensiyaga chiqmoqchi ekanligi, lekin ishlagan davri pensiya tayinlashda hisobga olinmagani uchun amaliy yordam berishni so'rab, Qo'qon shahar adliya bo'limiga murojaat qildi.

O'rganish jarayonida, avvalo, byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Qo'qon shahar filiali mutasaddilari fuqaro K.Yuldashevdan zarur bo'lmagan qo'shimcha ma'lumotnomalar talab qilgani aniqlandi.

Qolaversa, Farg'ona viloyat Arxiv ishi hududiy boshqarmasi Qo'qon shahar davlat arxivining ma'lumotnomasiga ko'ra, K.Yuldashevning 2000 yildan 2011 yilgacha ishlagan davri asossiz ravishda pensiya tayinlashda hisobga olinmagan.

Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 81-moddasi birinchi qismida mehnat daftarchasi ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanishi belgilangan.

Alal-oqibat ish sudgacha borib yetdi. Xo'sh, natija-chi? Sud byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Qo'qon shahar filialiga fuqaroning qariyb 11 yillik ishlagan davrini ish stajiga qo'shib hisoblash majburiyatini yukladi. Bunga endi nima deysiz?

Yo Qo'qonda quyi tashkilotlarning boshqa qiladigan ishi yo'qmi? Har qanday nojo'ya ish korrupsiyaga olib borishini, stoliga tirsagini tirab, qoshini kiprigiga tushirib olgan mutasaddilar buni qachon tushunib yetishar ekan?

O'. ISAQOV,

Qo'qon shahar adliya bo'limi yetakchi maslahatchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 15 =