Erkin so'z aytish fikrati uyg'ondi
Prezidentimizning o'tgan yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini xalqimiz zo'r ishtiyoq bilan eshitdi, butun dunyo jamoatchiligi e'tibor bilan kuzatdi.
Mana, 2020 yil ham ortda qoldi. Mamlakatimiz rahbarining keng qamrovli nutqidan hayotimizdagi biror-bir soha, tarmoq chetda qolgani yo'q. Ushbu katta anjumanda ishtirok etib davlatimiz rahbarining Murojaatnomasini diqqat bilan eshitar ekanman, qatnashchilarning nechog'li og'ir kechgan 2020 yilda yurtimizda amalga oshirilgan ulkan ishlar sarhisobidan, yangi 2021 yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ezgu vazifalardan dillari yorishib ketganining guvohi bo'ldim.
Darhaqiqat, nechog'li sinovli kechgan bo'lsa-da, 2020 yilda ham mamlakatimizda ishlab chiqarishning barcha sohalarida uzluksiz faoliyat davom etdi. Yangi sanoat korxonalari barpo etildi. Yangi ish o'rinlari yaratildi. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar jahon bozorida yuqori baholanmoqda. Shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlik tizimini takomillashtirish, quvvatini oshirish hisobiga ichki bozorni kundalik ehtiyoj mahsulotlari bilan to'ldirish ishlari to'xtab qolmadi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida: “Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun – shunga e'tibor bering – har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bugungi kunga qadar dunyo bo'yicha 500 millionta ish o'rni yo'qotilgan”, dedi. Bunday og'ir va qaltis vaziyat dunyo xalqlarining xotirjamligini, tinchligini buzgani haqiqat. Davlatimizda esa olib borilgan ishonchli chora-tadbirlar tufayli sinovli damlar nisbatan yengil o'tmoqda. Odamlarda ertangi yorug' kunga ishonch ruhi saqlanib qolayapti.
Albatta, bunday og'ir sharoitda aholining bandligini ta'minlash, ezgu yumushlarga yo'naltirib turish, bajarayotgan vazifasidan rozi qilish aholi orasida ruhan tetiklikni va mustahkam irodani tarbiyalaydi.
Bundan tashqari, hududlarda bozor iqtisodiyotining zamonaviy tizimiga o'tish ishlari ham rivojlanib bordi. Garchi avvalida ayrim odamlar orasida yangi tizim — klaster ba'zi tushunmovchiliklarni keltirib chiqargan bo'lsa-da, bora-bora o'z mahsulotini dunyo bozoriga olib chiqishning eng qulay va oson usuli ekanligini tushunib yetishdi. O'tgan yil nainki, sanoat ishlab chiqarishida, balki qishloq xo'jaligi mahsulotlarini chetga eksport qilish hajmi bir necha barobarga ortdi. Murojaatnomada ta'kidlanganidek, pandemiya sharoiti ta'siriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilingan.
Ko'rilayotgan chora-tadbirlarning asl mohiyatida aholini ijtimoiy himoya qilish, bozorlarimizni kerakli kundalik ehtiyoj mollari bilan to'ldirib borish singari mas'uliyatli vazifalar bor.
Albatta, bugungi global taraqqiyot davrida har qanday yutuqqa ilmiy yondashuvsiz erishib bo'lmaydi. Bu borada mamlakatimizda o'sib kelayotgan o'quvchi-yoshlarning ta'lim-tarbiyasiga, o'qish, o'zlashtirishiga alohida e'tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda o'qituvchilarning obro'sini yanada ko'tarish, jamiyatda ustoz degan nomga, munosib mavqega ega bo'lishlari yo'lida bir qancha ishlar amalga oshirildi. O'qituvchilarning ish haqlari oshirilib, ularni uy-joy bilan ta'minlash va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishlari uchun qulayliklar yaratildi. Murojaatnomada: “Jamiyatda o'qituvchi kasbi eng nufuzli va obro'li kasb bo'lishi kerak”, deyildi.
Shuningdek, Prezidentimiz: “Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, dedi.
Mamlakatimizdagi maktablarda ta'lim tizimini tubdan isloh qilish ishlari boshlab yuborilgan. Eng birinchi navbatda, o'qituvchilarning ish sohasiga yondashishlarida olayotgan ish haqi yetarli bo'lmay, boshqa yumushlar bilan chalg'ib qolmasliklari uchun ularning oyliklari ikki barobarga oshirilgandi. Endilikda Murojaatnomada bir viloyatdan ikkinchi viloyatga borib ishlayotgan o'qituvchilar ish haqi 100 foiz yoki o'zi yashayotgan tumandan boshqa tumandagi ta'lim dargohiga borib o'quvchilarga dars berayotgan o'qituvchilar maoshiga 50 foiz ustama belgilanishi aytildi.
Ta'limga qaratilayotgan bunday e'tibor Yangi O'zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda o'ta muhim ahamiyatga ega. Kelajakni esa ilmli, yetuk kadrlar nurli qila oladi.
Prezidentimiz Murojaatnomada Ommaviy axborot vositalariga ham katta e'tibor qaratib: “Navbatdagi muhim masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e'tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da'vat etib, undab kelayotganini alohida ta'kidlab o'tmoqchiman. Ular tom ma'noda “to'rtinchi hokimiyatga” aylanib bormoqda.
Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko'plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so'z erkinligi bu — davr talabi, bu — O'zbekistondagi islohotlarning talabi”, — deya qat'iy ta'kidladi.
Shuningdek, “Bundan buyon har bir davlat organi o'z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo'lga qo'yishi zarur va shart”, dedi mamlakat rahbari.
Endigi vazifa nimada? Prezident talabi yurtimiz hayotida o'z aksini topishida, albatta. Axir, matbuotdan o'zini olib qochadigan rahbar nafaqat qo'rqoq, balki ertasi yo'q kimsadir ham.
Ma'lumki, Prezidentimiz o'smir-yoshlarni yetuk insonlar bo'lib voyaga yetishiga, jamiyatning yetakchi, jonfido a'zosi bo'lishiga doimo g'amxo'rlik qilib kelmoqda. Bu galgi Murojaatnomalarida ham yoshlar masalasiga alohida to'xtaldilar. Shu o'rinda aytib o'tish kerakki, Murojaatnomada: “Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o'z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o'zlashtirishi lozim”, dedi Prezidentimiz.
Buning uchun, mamlakatimizda o'smir-yoshlarning ilm sirlarini o'qib-o'zlashtirishi, o'zlari istagan kasb egasi bo'lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan va yaratilmoqda. Murojaatnomada bu yil qo'shimcha ravishda yana 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o'z faoliyatini boshlashi, shuningdek, fizika bo'yicha Ahmad Farg'oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etilishi aytildi.
Yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonch, albatta, kelajakda o'z mahsulini beradi. Prezidentimiz O'zbekiston yoshlari forumida so'zlagan nutqida: “Sizlarni O'zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman”, degan edi.
Zero, xalqimizda: “Yoshlikda olgan bilim toshga o'yilgan naqshdir”, degan maqol bor. Yoshlarning shijoatini, kuch-g'ayratini ilm olib, kasb egallashga safarbar etish kelajakda ular orasidan dunyo ilmiga munosib hissa qo'sha oladigan ulug' olimlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Prezidentimiz tomonidan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishini taklif etdi. Albatta, bunda hozirgi pandemiya sharoitida, birinchi navbatda, aholi salomatligi qanchalik muhim masala bo'lsa, yangilanayotgan yurt istiqbolini yaratish yosh avlodga e'tibor bilanligi kunday ravshan haqiqatdir.
Yana shuni ham aytish kerak, bu yil mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga 30 yil to'ladi. Tarixan katta sana bo'lmasa-da, o'tgan yillar O'zbekiston uchun ulkan evrilishlar, yuksalishlar, eng muhimi, dunyo bilan bo'ylashishga loyiq salohiyatli davlat barpo etishda mustahkam poydevor vazifasini o'tadi.
Yurtboshimiz 2021 yilda davlat mustaqilligiga 30 yil to'lishi munosabati bilan: “Albatta, bu tarixiy sanani siz, azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu g'oya asosida keng bayram qilamiz”, deya ishonch bildirdi.
Bu yorug' ishonch, ulug' saodatli kunlar mehnatkash va tanti elimizga esh bo'lsin!
Yusuf JO'RAYEV