Qalbimda shukr va hayajon

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o'tgan yil 29 dekabr kuni qilgan Oliy Majlisga Murojaatnomasi O'zbekiston Milliy televideniesi orqali to'g'ridan-to'g'ri olib ko'rsatildi.

O'zbekistonning bir fuqarosi sifatida Murojaatnomani tinglar ekanman, avvalambor, shu kunlarni ko'rayotganimdan, shu yurt farzandi ekanligimdan qalbimda shukronalik hissini tuydim.

Murojaatnomani tinglab, har bir inson yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlarni amalga oshirish yo'lida tinmay harakat qilishi lozimligini chuqur his qildim.

Prezidentimiz har bir sohaga nafaqat birma-bir to'xtaldi, balki muammolarni bartaraf qilish borasida ham o'z taklif va ko'rsatmalarini bildirdi.

Aytaylik, maktabdagi ta'lim sifatini tubdan yaxshilash uchun bu yil 30 ta yangi maktab qurilishi va 320 ta maktabni ta'mirlash va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida byudjetdan 2 trillion so'm ajratilishi, ehtiyojmand oila qizlari uchun ajratilgan kvotalar soni ikki barobar oshirilishi, kambag'allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta'minlash bo'­yicha qilinayotgan ishlar xususida gapirdi.

Prezident eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning OAVga munosabatini tanqid qilib, bu sohada islohotlarni yangi bosqichga ko'tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo'llab-quvvatlanish zarurligi xususida ham alohida so'z yuritdilar.

Davlatimiz rahbari afg'on muammosiga to'xtalar ekan, u yerda tinchlik saqlanishi tarafdorimiz dedi. Bu muammo doimiy e'tiborda ekanligi, Afg'onistonda vaziyat barqarorlashuvi va tinchlik o'rnatish yo'lida O'zbekiston hukumati amaliy yordam berishda davom etishini ma'lum qildi.

Murojaatnomada tilga olingan tadbirkorlikda, jamiyatda, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning rolini yanada oshirish, muammolarini hal qilish, ehtiyojmand oila farzandlarining oliy o'quv yurtlariga kirishi uchun 2021 yilda byudjet hisobidan ta'lim olish kvotasining oshirilishini eshitib, gapning ochig'i, yuragim quvonchdan, haya­jondan hapqirib ketdi. Ayniqsa, qiz bolalarga bu borada alohida g'amxo'rlik ko'rsatilishi tahsinga loyiq.

Chunki, millatning ertasi, yurtning kelajagi bo'lgan farzandlar tar­biyasi ayolga — onaga bog'liq. Ilmli, salohiyatli onalar jamiyatimizda qancha ko'p bo'lsa, yurtimizning ertasi yanada charog'on bo'ladi. Farzandlarimiz ilmli, salohiyatli, sog'lom, baquvvat bo'lib voyaga yetishadi. Salohiyatli, ilmli farzandlari bor yurtning kelajagi esa porloqdir.

Prezidentimiz bugungi kunda olti milliondan ortiq xotin-qizlar muammosi o'rganilgani, 17 milliondan ziyod opa-singil, momolarimiz doimiy e'tiborda ekanligi haqida so'zlab, xotin-qizlarning davlat bosh­qaruvidagi rolini yanada oshirish bo'yicha so'z yuritib, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil qilish bo'yicha taklif berdi.

Bu so'zlar millat onalarining, xotin-qizlarning qalblarini beixtiyor to'lqinlantirdi, yorug' kelajakka bo'lgan ishonchini yanada nurlantirdi. Olisdagi umidini, orzusini, niyatini yaqinlashtirdi. Axir, bular uchun quvonmay bo'ladimi?!

Ayollar tadbirkorligi haqida so'z ketsa, doimo bundan o'ttiz yillar avvalgi xotiralar yodimga tushadi. O'shanda Narpay tumanida kutubxona mudirasi bo'lib ishlardim. Xo'jaqo'rg'on qishlog'ida joylashgan kutubxonaga yoshlar, qishloq ayollari kirib turishardi. Ular o'zlarini qiynayotgan muammolar, ro'zg'ordagi yetishmovchi­liklar, erlari tomonidan kamsitilishlari xususida gapirishardi. Xalq tili bilan aytganda, dardlarini to'kishib, yengil tortishardi.

Ularni ish, hunar bilan band qilish maqsadida xo'jaligimiz raisi rahmatli Abdunazar Ahmedovning qabuliga kirdim. U kishi so'zlarimni bo'lmay oxirigacha tingladi. Men qishloqda gilamchilik, chopon, belbog' tikish, atlas to'qish kabi qator sexlarni tashkil qilish lozimligi, shunda   uyda o'tirgan ayollar ham ish bilan band bo'lishini, ular ham ro'zg'origa moddiy tarafdan yordam be­rishlari xususidagi mulohazalarimni, takliflarimni bildirdim.

Rais navbatdagi yig'ilishda “Gilamchilik sexi” uchun zarur bo'ladigan asboblar, to'qish dastgohlari va xom­ashyo yetkazib berish xususida mutasaddilarga ko'rsatmalar berdi.

Bugun islohotlar, o'zgarishlar davri. O'zbekistonimiz yangi davrga qadam qo'ymoqda. Shu kelajagi porloq O'zbekiston o'zimizniki ekanidan yanada g'ururlanamiz, albatta.

Endi har bir katta-yu kichik o'z mehnati, tashabbusi, g'oyalari bilan Vatan ravnaqi yo'lida yanada yurakdan mehnat qilishi kerak.

Oygul UBAYDULLO qizi,

shoira

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =