“O‘ZTRANSGAZ”da “suhbat”dan o'tolmadim, nega?

Harakat qildim, ammo… Menimcha, bu gal Mahmud Qoshg'ariy bobo tirilib kelsayam bu ishga o'tishi amrimahol edi! Bu idoraning “Davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchi”si sersavol odam ekan. “Aybi borning oyog'i qaltiraydi”, deganlaridek, doim xavotirda yuradilar chog'i. Anjancha aytganda — ishanavuring.

 

“Xo'sh, muddaoing nima? Namuncha menga tirg'alding?” — demoqchimisiz Baxtiyor aka? Unda eshiting: keyingi paytlarda Senatda ham, ijtimoiy tarmoqlaru rasmiy kanallarda ham gazchilar haqida tanqidiy fikrlar, achchiq gaplar tez-tez aytilmoqda. Rostini aytsam, yaqindan bilgim kelgandi, mabodo ishga olinsam odamlarga yordamim tegarmikin degandim. Ammo men o'ylagandek bo'lmadi…

Sinov “suhbat”imiz esa   uzoq cho'zildi. “Tergov”ning jiddiyligidan “O‘ztransgaz” o'z sohasi qolib, o'zbek tili va jurnalistikada inqilob qilmoqchi-yov, degan xayolga ham bordim. Raisning Davlat tili masalalari bo'­yicha maslahatchisi adashim — Baxtiyor Mamatkarimov “ziyrak amaldor” ekan, o'zi bilgan, o'zi bilmagan savollari ham juda ko'p. Lekin bir narsaga tushunolmadim: o'zi bu nima? Suhbatmi, si­novmi, imtihonmi yoki tergovmidi? Odamning saviyasi uning gaplaridan ma'lum deganlaridek, “ziyrak rahbar”ning savoli: “X” bilan “H”ni bitta qisa bo'miydimi? A, manimcha bo'ladi” (bu gapni bir necha marta takrorladi). “Tezkor ma'lumot yetkazish uchun multfilm qib ko'rsatish kere, multfilm odamlarga ta'sir qiladi…” (Shunga o'xshash poyma-poy savollar), qabilida bo'ldi. Endi xayolimdan bosh­­qa fikr o'ta boshladi: “rahbarlarga rosa yolchiy boshladik-da”…

Nazarimda, asosiy savollar qatori “qo'shimcha”lariga ham javob berdim. Endi natijani e'lon qilsa ham bo'lardi. Ammo meni xufiya (razvedka)ga ishga olayotgandek, sinchkov amaldor yana savolga tutadi. Hatto futboldan ham bir-ikki so'z ochdi. U “Og'ushta” so'zini hech eshitmagan ekan, ma'nosini surishtiraverdi. Darrov ma'nosini tushuntirdim. U odam esa bir oldidagi qog'ozga, bir menga qaraydi. Asabim buzildi: bo'ldi-da, shartta “ha” yoki “yo'q” deb qo'ya qolsa bo'ladi-ku! Xafa bo'larmidim? Hecham-da!

Nihoyat, bir qarorga keldi, shekilli, so'rab qoldi:

— Siz o'zingizni qanday odam, deb hi­soblaysiz?

— Men o'zimni vatanparvar, deb hisoblayman!

Kutilmaganda “imtihonchi janob”, bu javobimdan negadir xuddi yovdan qo'rqandek, qalqib tushdi. Qog'ozdan shosha-pisha bosh ko'tarib, dedi:

— Ha, men ham shunday deb o'ylagandim! Mana, yozgan kitoblaringizdan ko'rinib turibdi…

Hammasi ma'lum edi. “Mehrobdan chayon”da Musulmonqul Anvarga deganidek, “iqrorsen, tonmaysen — o'bdan ish! O'luvdan ham qaytmaysanmi?!” Eh, vatanparvar — bu so'z shunchalik qo'rqinchlimi?..

Fe'li-ruhiyatiga ko'ra, keskin, ters toifali odamlar bir-birini tezda, deyarli so'zsiz bilib olishadi. “Jini suymaydi”, deganlari — shu bo'lsa kerak. Ko'hna hind donishmandlik kitobi “Kalila va Dimna”da bu haqda qiziq gaplar bor: “Xasis saxiyni ko'rsa, johil olim bilan majlisga tushsa, ahmoq oqil bilan suhbat qursa, yuraklari siqilib, qonlari qaynab ketadi”. Vatanparvar bo'lsang — joyingni bil, “bo'tta nima bor, sanga!” — shu so'z aytilmay amaldorning ichida qolib ketdi. Ammo bu so'zni yuz-ko'zi aytib turdi…

Albatta, B.Mamatkarimovni iste'dodsiz yoki johil deb ayblamoqchi emasman, aslo. Bunday de­yishdan yiroqman. Shunday bo'lsa-da “suhbat” maroqli kechdi (yonidagi xodim ham e'tirof etdi). Ammo, rosti menga yaxshilik qildi! Kelgusidagi xijolatpazlik, asabiylik, vijdon qiynog'i va hatto noxush ziddiyatdan kaminani xalos etdi. Deylik, o'sha lavozimga o'tganimda nima bo'lardi? Aniqki, ularni himoya qilish — “xizmat vazifam” bo'lardi!

O'zi nohaqlik, g'irromlik kabi illatlarni ko'rganda, o'zimni ko'rmaganga olishim qiyin. Ulug' shoirimiz Erkin Vohidov yozganidek:

Amaldor boshliqni so'kkanim uchun,

Uch yil yotar bo'lsam — yotganim bo'lsin.

Uning yo'q obro'sin to'kkanim uchun,

To'lov bersam, borim sotganim bo'lsin! —

Bugungi “matbuot kotibi” kim? Bir adibimiz yozmish: “Matbuot kotiblari amaldorlarni jurnalistlardan to'sib turuvchi bir g'ovkim, qayoqdan bosh suqsangiz ham shu g'ovga borib urilaverasiz”. Jurnalist Amir Turdibek esa: “Matbuot kotiblari tashkilotga rahbarning ustidan kimdir yozganda yoki murojaat tushganda yoxud ijtimoiy tarmoqlarda biron-bir noxush xabar tarqalganda jonini jabborga berib, ko'ksini qalqon qilib o'rtaga chiqishi, “yurist” va “advokatlik” vazifasini qoyilmaqom tarzda bajarishi, umuman, rahbarining boshidan mag'zava ag'darilmasligi uchun “to'pponcha” bo'lishi kerak”, qabilida yozadi.

Gazchilar o'z ishini eplay olmagani uchun, (ayniqsa, shu ayozli kunlarda) el-ulusning haqli e'tirozi, behisob shikoyatlari, nadomatlariga nishon bo'lishayotir. Yoki unday emasmi? Agar men ham ishga olinganimda taqsirlarning el-yurt oldida yolg'on-yashiq gaplariyu va'dalarini xaspo'shlab, “aslida mundoq demoqchi edilar”, deya ertak to'qishim kerak edi!

Yaqinda bulturgi TV lavhasi ijtimoiy tarmoqda yana qayta tarqaldi. Unda “O‘zbekneftgaz” AJ mutasaddilaridan biri: “Bu yil (2019) har bir xonadonda gaz yonadi, har bir uy isiydi, gaz uzilmaydi. Biz bugundan yangicha ish rejimiga o'tdik, ya'ni har bir quduqni yayov aylanib chiqib, nazorat qilayapmiz… albatta buni ustidan chiqamiz”, deydi. Qiziq, bunday ijrosi bo'sh gaplar kimga, nega kerak? Buning uchun kimdir javob bermaydimi?

Bu odam bilan “suhbatimiz” asnosida 15 yillar burun ishlagan bir yosh mutaxassisni esladim: “Tumanimizga, qishlog'imizga gaz quvuri o'tkazish lo­yihasini ishlayapman, — degandi u quvonib. — So'ng­­ra bu loyihamni Xonnazar bobom nomi bilan atayman! Endi nihoyat bizning qishlog'imizga ham gaz keladi…”

Ming afsus. Loyihasi qog'ozda qolib ketdi. O'zi tirikchilik ilinjida qaydadir yuribdi. Chunki el-­yurtni o'ylaydigan halol mutaxassisga yo'l bermaysiz. Tumanga “Xonnazar bobo” nomidagi gaz quvuri tortilishi u yoqda tursin, aksiga olib necha yuz yillik azim daraxtlar kesilib, sandalga o'tin bo'lib ketdi.

“Gaz yetkazib berish muammolariga kelsak, bizdagidek gaz yetkazib berish tizimi dunyoda yo'q, bu samarasiz tizim, yo'qotish­lar haddan tashqari ko'p”, dedi energetika vaziri o'rinbosari Sherzod Xo'jayev, yaqinda Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. Yo'qotishlarning o'rnini aholi hisobidan qoplashmayaptimi ishqilib…

Aslida, yoshing ellikdan o'tgach “suhbat”, sinov imtihoni kabilar nisbiy narsa bo'lib qolar ekan. Qozoq bovurlarimizda: “Molim — jonimga sadaqa, jonim — orimga sadaqa”, degan gap bor. Bilaman, siz ham buni tushunasiz adash, ammo bilmaslikka olasiz, go'yo shu bilan oriyatli bo'lib qoladigandek.

Baxtiyor HAYDAROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + twelve =