Uchinchi Renessans sari yana bir qadam

Erishayotgan har bir yutug'imizda, amalga oshirayotgan ezgu ishlarimizda, albatta, sog'liqni saqlash xodimlarining o'z o'rni, mavqei bor. Bu esa hozirgi pandemiya davrida yanada yaqqolroq ko'zga tashlandi, desak xato bo'lmaydi.

Shu bois, mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko'rsatishning to'liq va mukammal tizimini yaratish, yurtdoshlarimiz tibbiyot markazlari va shifoxonalarda xorijga chiqmasdan davolanishlari uchun kerakli barcha sharoitlarni muhayyo qilish bugungi kunda bosh maqsadga aylanmoqda.

Bundan tashqari, yurtimizda Rossiya, AQSh, Germaniya, Hindiston, Turkiya kabi qator xorijiy davlatlarning investorlari ishtirokida ko'p tarmoqli zamonaviy shifoxonalar tashkil etildi. Chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan qishloq vrachlik punktlari va qish­loq oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, tez tibbiy yordam shaxobchalari va ijtimoiy dorixonalar tashkil etilmoqda.

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida sog'liqni saqlash tizimining yangi modeli va Davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlari bo'yicha tajriba-sinov loyihasini ishga tushirish uchun tayyorgarlik ishlari hamda oilaviy shifokor, terapiya va pediatriya bo'yicha yordamchi, hamshira va doyadan iborat guruhlarni tuzish ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimiz 2020 yilning 12 noyabrida “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va Davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorni imzolagandi. Qarorga muvofiq Davlat tibbiy sug'urta tizimini 2021 yilning 1 iyulidan 2022 yilning oxiriga qadar Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aprobatsiyadan o'tkazish bo'yicha soha xodimlariga muhim vazifa va topshiriqlar berilgan edi.

Bu borada Sog'liqni saqlash vazirligi, qolaversa, viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan tegishli milliy va xalqaro tashkilotlar, ilm-fan muassasalari, malakali ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar boshlab yuborildi. Ushbu hamkorlik natijasida “Tibbiy sug'urta to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Muhimi, mamlakatimizda qonunchilik asoslarini ishlab chiqish jarayonida jahonda shakllangan modellar puxta va atroflicha o'rganib chiqildi. Natijada Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya, Latviya, Isroil, Turkiya, Qozog'iston, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasiga e'tibor qaratildi. O'zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bandlik darajalari, soliq stavkalari, oylik daromadlar ham atroflicha o'rganilib, Davlat tibbiy sug'urtaning optimal va ijobiy baholanib kelinayotgan byudjet modeli tanlab olindi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge o'tgan   yili mamlakatimizga tashrifi chog'ida yurtimizda sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar, jumladan, Davlat tibbiy sug'urta tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni e'tirof etgan edi.

Xans Klyuge janoblari bilan o'tkazilgan o'zaro muloqotlar chog'ida Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ekspertlari tibbiy xizmatlarning yangi modellari bo'yicha boshlangan qo'shma pilot loyihasini to'liq joriy etishda har tomonlama amaliy ko'mak berishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Qolaversa, ushbu uchrashuvda nafaqat Davlat tibbiy sug'urtasini joriy etish, balki tibbiyot sohasini moliyalashtirish jarayonini takomillashtirish, hududlarda sog'liqni saqlashni tashkil etishning klaster modelini shakllantirish, sohani raqamlashtirish, yuqumli bo'lmagan kasalliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish borasida ham JSST Yevropa mintaqaviy byurosi bilan davomli hamkorlik qilishga kelishib olingandi.

Shunga binoan, tajriba-sinov tariqasida tanlangan Sirdaryo viloyatidagi shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida yangi sug'urta tizimi va uni tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu loyihani ishga tushirish maqsadida o'tgan yili turkiyalik va germaniyalik mutaxassislar bilan o'zaro kelishuvlar imzolandi.

Xo'sh, endi sug'urtalash tizimi bizga nima beradi? Aniq, lo'nda qilib aytganda, birinchidan, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va kafolati yanada oshadi. Ikkinchidan, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimoli kamayib, aholining o'rtacha umr ko'rish darajasini uzaytirish imkonini beradi. Qolaversa, tez tibbiy yordam tizimining transport, barcha tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan ta'minlanishi sezilarli darajada yaxshilanadi va buning natijasida, tibbiyot xodimlarining oylik maosh­lari bosqichma-bosqich oshirilib boriladi.

Yana bir jihati, tibbiy sug'urtalashda sug'urtalanuvchi sug'urta tashkiloti bilan kelishilgan sug'urta mukofoti evaziga tibbiy xizmatdan foydalanadi. Sug'urtalanuvchi esa shartnomada kelishilgan summani sug'urta tashkilotiga o'tkazadi. Sug'urta tashkiloti sug'urtalanuvchining tibbiy xarajatlarini shartnomada ko'rsatilgan miqdorda qoplab beradi.

Davlat tibbiy sug'urta uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi elektronlashtirilgan tarzda tibbiyot muassasalarida joriy etiladi. Buning natijasida bemor va soha xodimlari o'rtasida yuz berishi mumkin bo'lgan har xil tushunmovchiliklarning oldi olinib, kafolatlangan tibbiy xizmat yo'lga qo'­yiladi.

Ikkinchi bosqichda 2023 yilga kelib tibbiy xizmat ko'rsatishning kafolatlangan turi Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Farg'ona viloyatlarida, uchinchi bosqichda, ya'ni 2025 yildan butun mamlakatni qamrab oladi.

Bu tizimni yurtimizda joriy qilish natijasida davlat va xususiy tibbiyot muassasalari o'rtasida raqobat muhiti vujudga keladi. Qolaversa, bemorni bitta tibbiy muassasaga bog'lab qo'ymaydi. Agar fuqaroning qo'lida tibbiy sug'urta polisi bo'lsa, mamlakatdagi o'zi xohlagan klinikada davolanishi, o'zi istagan shifokordan tibbiy maslahat olishi mumkin. Xastalik bo'yicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, vrach qabuliga yozilish, mutaxassis yozib bergan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Eng asosiysi, fuqarolarda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish uchun zarur pul jamg'armalari paydo bo'ladi.

Yana bir quvonarli tomoni, Respublikamizda Davlat tibbiy sug'urta jamg'armasi tashkil etildi. U dastlabki ish faoliyatini Sirdaryoda bosh­laydi. Sirdaryo viloyat hokimi ushbu yangi bo'lim uchun Guliston shahar hokimligi binosidan maxsus xona ajratib berdi.

Sirdaryolik tibbiyot xodimlarining bosh maqsadi yangi joriy qilinayotgan Davlat sug'urta tibbiyoti tizimi orqali sohada samaradorlikka va yaxshi natijalarga erishish, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishdir.

G'ulom PRIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 11 =