Yuragi to'xtab qolgan bemor

Uning hayoti Yaratganning inoyati va surxondaryolik shifokorlarning

mahorati tufayli saqlab qolindi

 

Mamlakatimizning   eng chekka hududlaridan bo'lgan Termiz shahrida 2006 yilda   viloyat kordiologiya markazi tashkil   etilganda odamlarning quvonchi cheksiz bo'lgani bejiz emas edi. Chunki yurak va yurak qon-tomir   kasalligidan aziyat chekayotgan bemorlar   poy­taxtga yoki boshqa uzoq yurtlarga borib davolanishga majbur bo'lishardi.

Buning uchun qanchadan-qancha xarajat talab qilinar, bu ham yetmagandek, haftalab, oylab vaqt davolashda bemor bilan birga uning yaqin   qarindoshlari   ham ovorai sarson   bo'lishardi. Termiz shahrida kordiologiya markazining ochilishi ana shunday ortiqcha tashvishlarga barham berdi.

O'tgan   yillar mobaynida markazga malakali   yetuk mutaxassislar   jalb etildi. Keyingi to'rt yil ichida esa 15 milliard so'mlik eng so'ng­­gi rusumdagi   zamonaviy tibbiy   asbob-us­kunalar keltirilib o'rnatildi. Tajribali   kordiolog-shifokorlar sa'y-harakatlari hamda ishlash, izlanish uchun   yaratilgan   shart-sha­roitlar o'z natijasini berdi.

Quvonchlisi, shu yil Yangi   yilning ilk haftasida   yurak   miokardidan   azob chekayotgan 63   yoshli ayol   jarrohlik   amaliyotidan omon-eson chiqdi.

— To'g'risi, meni operatsiya qilishadi, deb olib kelishganda juda qo'rqqandim. Mendan ko'ra   ham o'g'il-qizlarim qattiq   xavotirda edilar. Operatsiya yaxshi   o'tdi, hushim o'zimda. O'shanda hamma narsani ko'rib, sezib turgan bo'lsam-da, shifokorlarning daldasi tufayli meni   qo'rquv   tark etdi, — deydi   Termiz   tumanining “Guliston”   mahallasida istiqomat qiluvchi   uch   qiz, ikki o'g'ilning onasi Noroy aya Nazarova. — Operatsiyadan so'ng o'zimni   qayta tug'ilganday his etdim.   Ikki kun deganda uyga javob berishdi.   Buning uchun Bahodir   G'afforov boshliq shifokorlardan va shunday noyob uskunalar bilan shifoxonani ta'minlagan   davlatimizdan     minnatdorman.

— Bilasizmi, aslida yurak   sohasida qilinadigan bunday   jarrohlik amaliyotlari   zamonaviy   tibbiyot olamida yangilik   emas. Mamlakatimizning   Toshkent,   Samarqand, Qarshi shaharlarida   hamda vodiy viloyatlarida yurak va yurak qon-tomir kasalliklari bo'yicha   jarrohlik amaliyotlari allaqachon   yo'lga   qo'yilgan.

Respublika   kordiologiya markazidan kelgan tajribali mutaxassis   Baxtiyor Otamurodov, markazimizning mohir shifokorlari Kamol   Yusupov,   Shavkat Ermatov,   Nuriddin Xudoynazarovlar bilan   birgalikda Termizda ilk bor yurak   jarrohlik amaliyotini ko'ngildagidek   o'tkazganimizdan   xursandmiz, — deydi viloyat   kordiologiya markazi direktori   Bahodir G'afforov.

Shu o'rinda   mohir kordiolog-jarroh Bahodir   G'afforov haqida ayrim ma'lumotlarni   aytib o'tishni lozim topdik. U 1973 yil Boysun tumanidagi   Yakkatol qishlog'ida tug'ilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasini tugatgan.   Ke­yinchalik, Toshkent   kordiologiya ilmiy   tekshirish   institutida   klinik ardinaturani o'tagach, o'tkir miokard infarkti laboratoriyasida   ilmiy xodim va   kordioreanimator shifokor bo'lib ishladi. Rossiyaning Novosibir shahrida 2008-2009   yillarda kordiologiya yo'nalishida malaka oshirdi.   2012   yildan buyon   Surxondaryo viloyat kordiologiya markazi direktori bo'lib ishlab kelmoqda.

Shifokorlarning aytishicha, sog'lom inson yuragi daqiqada o'rtacha 70 martagacha urishi kerak. Kuni kecha markazga olib kelingan o'ta og'ir holatdagi yana bir bemor yuragi esa bor-yo'g'i daqiqada 35-36 marta urardi. Shoshilinch konsilum o'tkazildi. Bemor yuragi deyarli urishdan to'xtagan bir paytda, ya'ni koma holatida jarrohlik amaliyoti   o'tkazildi. Mohir kordiolog-jarroh Bahodir   G'afforov boshchiligida   shifokorlar muvaffaqiyat bilan bemor yuragiga (sun'iy yurak) elektrokardiostimulyator o'rnatishdi. Bu amaliyot tufayli   yana bir inson hayoti saqlab qolindi.

Yuqorida aytganimizdek, yurak xastaligidan aziyat   chekayotgan Surxon vohasidagi yuzlab bemorlar uchun viloyat   kordiologiya   markazi   benihoyat   katta imkoniyat va   imtiyozdir.

Biz esa el-yurt salomatligi yo'lida tunu kun fidokorona mehnat qilayotgan shifokorlarga qo'lingiz dard ko'rmasin, salomatlik posponlari deymiz.

Safar   OMON,

“Hurriyat”   muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 1 =