Har kungi mavzu, har kungi muammo

Go'dagini bag'riga olib unga ko'krak tutgan ayol dunyo kelajagining tayanchi, deyish mumkin. Zero, hadisi sharifda aytilganidek, “Qariyalar, dalada o'tlab yurgan qo'y-qo'zi va emizikli ayollar” hayot barqarorligi, osoyishtaligi, bardavomligining sababchilaridir.

O'ylasam, umrimning ona shahrim Marg'ilondagi qadrdon mahallada, qarindosh-urug' yoshi kattalar orasida o'tgan davridan qolgan eng e'tiborli, chiroyli xotiralardan biri bu – homilador ayollarga va ular ko'zi yorigandan keyin chaqalog'ini ona suti bilan to'ydirib o'stirishi uchun atrofidagilarning ko'rsatgan g'amxo'rligi bilan bog'liq: yilning qaysi fasli bo'lishidan qat'i nazar, yangi tumsa (tuqqan) ayolni kamida yigirma kun (kichik chilla) qo'lini sovuq suvga urdirmay issiq ovqatlar bilan boqilardi, qo'ni-qo'shnilar navbat bilan chaqaloqli ayolga atab qilingan tansiq taomlarni chiqarishardi, bola ko'p yig'lab bezovta bo'lsa, buning sababi, avvalo, ona suti yetishmayotganidan emasmikin, degan savoldan izlanib, emizikli ayolning osoyishtaligi, yeyish-ichishiga yana ham ko'proq e'tibor qaratilardi, suti kamdek tuyulgan ayollarning ko'kragiga tandirdan yangi uzilgan issiq nonni boylab qo'yishar, bundan ayolning suti sezilarli darajada ko'payganini aytishardi – bu udumlar ikki dunyo o'rtasida turib misoli hayotga yangidan kelgan ayol hamda o'zi uchun eng bexatar joy bo'lgan ona qornidan sinovlari ko'p yorug' dunyoga kelgan murg'ak jon sog'ligini tiklab, o'ziga kelib olishi uchun asrlar davomida sinalgan an'analar edi.

Asrimiz boshlarida Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning mamlakatimiz tug'uruqxonalari, ayollar maslahatxonalari faoliyatiga joriy etilgan “Bexatar onalik” dasturi bo'­yicha chaqaloq dunyoga kelishi bilan ona bag'riga beriladigan, ona unga ko'krak tutadigan bo'ldi. Momolarimiz, katta avlod onalarimiz uchun oddiy holat bo'lib kelgan bu talab-qoida XX asr sobiq ittifoq tibbiyoti joriy etgan tartiblar (qarang, chaqaloq bir necha kun davomida onasidan alohida saqlanib, bu paytda ayolga o'z sutini sog'ib tashlash buyurilar, bolasi esa necha xil ayollardan sog'ib olingan aralash sutlar bilan boqilardi!) tufayli ko'p joylarda, ayniqsa, markaziy shaharlarda yo'qolib ketgandi.

— Ona farzandli bo'lgach, 20 daqiqa ichida bolani emizishi kerak, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi Nigora Rahimova. – Hatto, jarrohlik yo'li bilan tug'ilgan bolani ham bu ne'matdan mahrum qilib bo'lmaydi, chunki tug'uruq jarayonida yutilgan homila suvlaridan oshqozon tizimini himoyalash zarur. Bir necha tomchi og'iz suti bolaning qornini to'yg'izish uchun emas, mikroblarni dezinfeksiyalash, ona organizmidagi kasalliklarga qarshi kurashuvchi antitelalar bilan bolani emlash uchun xizmat qiladi. Bu esa go'dakni 6 oy davomida qizamiq, ko'kyo'tal, suvchechak kabi xavfli kasalliklardan asraydi. Ona sutidagi foydali moddalarni bironta sun'iy bo'tqadan topolmaysiz.

Yurtimiz tug'uruqxonalarida chaqaloqlar dunyoga kelishi bilan ona bag'riga berilib, ona sutidan bahramand bo'lishi qat'iy joriy etilgandan uch-to'rt yil o'tishi bilan ayollar og'iz sutidan bahramand bo'lib, dastlabki yarim-bir yilda faqat o'z onasining suti bilan katta bo'lgan bolalari oldin tug'ilgan (ya'ni, ilgarigi tartiblarga ko'ra, hayotining dastlabki bir necha kunida onasi va o'z onasining sutidan ajratib qo'yilgan) o'g'il-qizlariga nisbatan sog'lom va baquvvat katta bo'lishayotganini e'tirof eta boshladilar. Buning boisi – ona suti ilohiy ne'mat ekani va uning mo''jizalarini zamonaviy fan tasdiqlamoqda.

Mutaxassis olimlar izlanishlari xulosasiga ko'ra, ona suti — go'dak vujudidagi har qanday tanqislikni qondiruvchi universal taom. Go'dak labini ko'krakka tekkizganda, ona organizmi bola jismi ehtiyojmand bo'lgan moddalarni aniqlab, uni yetkazib berarkan. Hatto, ona organizmi chala tug'ilgan, kasalmand yoki oddiy suvsagan murg'ak uchun individual ravishda turlicha, ularning o'ziga munosib sut ishlab chiqaradi. Ona suti tarkibi o'sib borayotgan bolaning jismida bo'ladigan fiziologik o'zgarishlardan kelib chiqadigan yangi ta­lablarni qondirishga moslashib o'zgarib borarkan.

Internet xabarlariga ko'ra, Amerikada ikki ayol bir vaqtda ko'zi yorib, biri o'g'il, ikkinchisi qiz farzand ko'rishadi. Hamshiralarning e'tiborsizligi tufayli qaysi chaqaloq qay bir ayolga tegishli ekanini aniqlash muammo bo'lib qoladi. Bu chalkashliklardan xabardor bo'lgan onalar (garchi ko'z yorigan vaqtidayoq bolasi qiz yoki o'g'il ekanini eshitgan bo'lsalar-da)ning ikkalasi ham “O'g'il – meniki” deb so'zlarida turib oladilar. Qarangki, DNK tahlillarida ikkila tarafning ham ko'rsatkichlari bir-biriga juda yaqin, o'xshash chiqqani bois, shifokorlar xulosa qilishga ikkilanadilar. Muammo yechimiga jalb qilingan oliy toifadagi mutaxassislar ham ko'p o'ylanishgach, bu masalada shayxdan maslahat so'raydilar. “Ikkala onaning suti tarkibini o'rganinglar, qay birining suti to'yimliroq, tarkibi boyroq bo'lsa, u – o'g'il chaqaloqning onasi bo'ladi”, deydi shayx. Shifokorlar shunday qilishadi. Tekshirilganda, haqiqatan ham, bir onaning suti ikkinchisiga nisbatan ancha suyuq, tarkibida quvvatli elementlar oz edi. Bu jarayonlardan xabardor bo'lib yotgan onalardan biri qiz chaqaloq o'ziniki ekanini tan oladi, u – suti nisbatan suyuq bo'lgan ayol edi. Shunda oliy darajadagi shifokorlar shayxdan nimaga asoslanib bunday maslahat berganini so'raydilar.

“Qur'oni karimning Niso surasi 11-oyatida aniq aytilgan, – javob beradi shayx. – Ya'ni, “Alloh farzandlaringizga (meros taqsimida) bir o'g'il uchun ikki qiz ulushi barobarida (berishni) buyuradi…” Bandalariga o'g'il bolalar ulushini ikki barobar miqdorida taqsimlashni buyurgan Parvardigori olamning O'zi ularning rizqu nasibasi hissasini ham balandroq qilganini tushunish mantiqan qiyin emas”.

Bu haqiqatga o'zimiz ham ko'p guvoh bo'lganmiz: o'g'il bolaga homilador bo'lgan ayollarning aksariyati quvvatli ovqatlar yegisi keladi; qizaloqqa nisbatan o'g'il chaqaloqlar tezroq, ko'proq emishini onalar yaxshi bilishadi.

Endi… yuqoridagi dalillar nuqtai nazaridan mulohaza qiladigan bo'lsak, oy-kuni yetib dunyoga kelgan yoki chala tug'ilgan, gulbarg­dek nozik jismida o'z onasi organizmining o'ziga xosliklari bilan bog'liq ravishda talabu ehtiyojlari o'ziga xos bo'lgan har biri mitti (ha, faqat mitti, xolos!) olam – o'g'ilu qiz chaqaloqlarning barchasiga qutisida falon oylikdan falon oylikkacha bo'lgan go'daklar uchun mazmunidagi yozuv bo'lgan sun'iy ovqatlar (bolalar “kasha”si)ni yediraverish — beparvolik, bilimsizlik, loqaydlik. Bolaga bemehrlik desam, kimlarningdir dili og'rishi mumkin. Axir, biz — kattalar qay bir taom tanamiz, ruhiyatimizni yengilu quvvatli qilishini, yana boshqasi esa aksincha ekanini yaxshi bilamiz-ku. Har biri ota-onasi, ajdodlarining irsiyati, jismoniy o'ziga xosliklarini meros qilib dunyoga keladigan judayam nozik bolaga mehribon Alloh shifoyu quvvat qilib yaratib qo'ygan ona suti bo'la turib, bandasi o'ylab topgan sun'iy ovqatni berish yaxshimi?!

Yoz kunlaridan biri qishloqdagi qarindoshimizning yig'inida onasi ko'tarib kelgan yetti-sakkiz oylik qizaloqning yig'isi hech tinmadi. Bola notinch, asabiy, oz-oz suv ichardi-da, yana g'ingshib betoqat bo'lardi. Hech narsaga ko'nmayotgan qizchaning boshdan-oyoq juda chiroyli, ammo sun'iy matolardan tikilgan kiyimchalari meni o'ylantirib qo'ydi. “Birorta tinch xonaga kirib, bolaning kiyimlarini yechib tashlab ko'ring-chi”, dedim. O'ziyam rosa toliqqan juvon qizini ko'tarib chiqib ketdi-da, birozdan keyin kulimsirab kirib keldi: “Kiyimlarini yechib tashlab emizgandim, uxlab qoldi”. Bu dunyoda hamma narsa, har voqea-hodisada ibrat bor. O'shanda tushundimki, haligi qizaloq issiq kunda nozik badanini toza havodan to'sib turgan, matodan ko'ra chiroyli qafasga o'xshagan kiyimlarining ozoridan betoqat, notinch bo'lgan. To'qqiz oy homilalik davrida onasining qornida malhamdek ozuqalardan qon orqali bahramand bo'lib yotgan go'dak dunyoga kelgach, uning nozikdan-da nozik, nafisdan-da nafis, hali to'la shakllanib ham ulgurmagan oshqozon-ichak tizimiga yetti yot ozuqaning kirib borishi, nazarimda, go'dakning egniga kiydirilgan sun'iy matolardan ancha og'irroq ozoru azob beradi; bu hol jismoniy-ruhiy rivojlanishiga ta'sir etishi turgan gap.

Zamon, odamlar, sharoit, imkoniyatlar tinmay yangilanib, o'zgarib bormoqda. Lekin chaqaloq uchun ona sutidan ham munosibroq, foydaliroq, uning har jihatdan yaxshi ulg'ayishiga vosita bo'ladigan ne'mat yo'qligi quyosh nuru harorat, suv va havo hayot manbai ekani kabi o'zgarmas haqiqat bo'lib qolaverishini bilamiz-u… Statistik ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda emizish yoshida bo'lgan farzandli ayollarning deyarli yarmi bolasini sun'iy ovqatlar bilan boqishadi. Sababi: kimgadir suti kamdek tuyulgani uchun dilbandini to'lig'icha sun'iy ovqatlantirishga o'tkazib qo'ya qoladi; yana kim o'qishidan yoki ishidan, vaqtincha bo'lsa-da, ajralgisi kelmaydi; birov semirib (yoki ozib) ketmaslik uchun; davralardan, faol hayotdan chetlashib qolishni istamay, go'dagiga istagan paytida istagan odam shishachada bo'tqa tutishini tashkil qilib qo'yadiganlar ko'payib boryapti.

Bolani sun'iy ovqatlantirishga o'tganda, ayrimlar o'ylagandek, onaning “elkasidan tog' qulamaydi”, – deydi neonatolog shifokor Dilfuza Malikova. – Aksincha, bo'tqani kerakli haroratda, turli sharoitlarda tayyorlash ortiqcha ishni ko'paytiradi, xolos. Bo'tqa solinadigan idish, so'rg'ich ko'p hollarda infeksiya o'chog'iga aylanishining yomon, xavfli oqibatlariga tez-tez duch kelamiz. Yana shuni ta'kidlagim keladi, yosh onalar bolasini sabr-toqat, mehr bilan to'g'ri emizishni bilmaganidan ham suti kamayib ketadi. Ona suti avval suv, keyin oqsil va yog' qismidan iborat, uchinchi “porsiya” eng foydalisidir. Shoshma-shosharlik bilan emizilganda, go'dak nasibasining aynan ana shu qismidan bebahra qoladi. Ayrim bolalar o'yinqaroq bo'ladi. Shuni nazarda tutib, ona shoshilmay, har ikki ko'kragini ham 20-30 daqiqadan emizishi, oraliqda go'dakni kekirtirib, yana emizishda davom etishi kerak. Ikki ko'krakdan chala-chulpa emgan bola, tabiiyki, sutning faqat suyuq qismini ichgani uchun qorni g'uldiraydi, ichi ketadi.

Ona suti fazilatlari, xosiyatlari, afzalliklarini qizlarga, yosh onalarga hijjalab tushuntirish, anglatish, o'rni kelganda ayni boradagi muammolarni bilim, qat'iyat bilan to'g'ri hal etish – har kunimizning dolzarb vazifasi. Zero, eng pokiza, begardu beg'ubor narsalarga nisbatan “ona sutidek halol” degan ibora ishlatiladi.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − twelve =