Maqsad chekka hudud aholisini ish bilan ta'minlash
Tadbirkorlik, sanoat, ishlab chiqarish sohalarini rivorlantirish bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir. Bu sohalarni moliyaviy qo'llab-quvvatlashda banklarning o'rni muhim, albatta. Ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlarida tadbirkorlik faoliyatining yo'lga qo'yilishi o'sha hudud iqtisodiyotining ko'tarilishiga, aholi bandligi ta'minlanishiga katta ta'sir ko'rsatadi.
“Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan Jizzax viloyatiga uyushtirilgan ijodiy safarimiz davomida ko'plab xayrli ishlarning guvohi bo'ldik. Birinchi manzilimiz viloyatning Yangiobod tumani markazidagi “Do'stlik” mahallasi bo'ldi. Bu yerda “Qishloq qurilish bank” Yangiobod tuman filialining yangi, zamonaviy binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Mahalla faxriylari, faollar, yoshlar hamda mahalliy tadbirkorlar, bank xodimlari ishtirok etgan marosimda tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev so'zga chiqib, tumanda bank filiallarining ochilishi tadbirkorlik subektlarining rivojlanishiga bog'liq ekanini ta'kidladi. “Qishloq qurilish bank” ma'muriyatiga minnatdorlik bildirdi.
“Qishloq qurilish bank” boshqaruv raisi o'rinbosari Kozim Ismoilov Yangiobod ahlini zamonaviy bank binosi bilan tabriklab, jumladan shunday dedi:
— Bu hududdagi aholining og'irini yengil qilishdan, ularga xizmat ko'rsatishdan juda mamnunmiz. Zamonaviy bank tizimini yaratishdan maqsad tuman ahli va tadbirkorlariga sifatli bank xizmatini ko'rsatish ustuvor vazifamiz ekanligidandir.
Shundan so'ng Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev ishtirokida bank binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Binoning tashqi va ichki ko'rinishi ko'rkam, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Iste'molchilarga sifatli xizmat ko'rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizning chekka tumanlarida ham zamonaviy imkoniyatlarga ega shunday inshootlar qad rostlayotganini ko'rib kishining bahri dili ochiladi.
Mazkur quvonchli tadbirdan so'ng, “Qishloq qurilish bank”dan kredit olib, o'z faoliyatini boshlagan ayrim tadbirkorlar bilan suhbatlashdik.
Lazizjon Murodqulov:
— Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibordan, yurtimizda tadbirkorlik faoliyati qo'llab-quvvatlanayotganidan ruhlanib, 2020 yilda “Qishloq qurilish bank”dan 4 milliard 150 million so'm miqdorida kredit oldim va “Istiqlol bahori tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildim. Olgan mablag'im evaziga 12 ta loyihani amalga oshirmoqchiman. Hozirgacha bir nechta loyihalarimiz ishga tushdi: tuman aholisiga tomorqa xizmatlarini ko'rsatish maqsadida minitraktor, motokultivatorlar olib keldik. Mana, bahor mavsumi ham yaqinlashib qoldi. Ekin yerlariga ishlov berishda xo'jalik ahliga yordam berayotganimizdan baxtiyormiz.
200 tonnalik sovutgichli omborxona ham qurganmiz. Chunki tumanda bunga ehtiyoj bor edi. Omborxonani qurishimizdan maqsad, turli qishloq xo'jalik mahsulotlarini saqlab qo'yib, bozorda taqchillik payti bo'lganda yoki narx-navo qimmatlagan paytda arzon narxda bozorga chiqarishdir. Ko'chatchilik issiqxonalari ham tashkil qildik. Hozirda 17 nafar yoshni ish bilan ta'minlaganmiz, ulardan 8 nafari “ayollar daftari”da turadigan xotin-qizlar.
Joriy yil yakunigacha Xitoy texnologiyasi asosida sutni qayta ishlash kichik korxona faoliyatini yo'lga qo'ymoqchimiz. Bu kuniga 4 tonna sutni qayta ishlash imkonini beradi. Bulardan tashqari, yem ishlab chiqarish, jo'ja ochirish, mevalarni quritish bo'yicha ham loyihalarimiz mavjud. Bu loyihalarimiz 2021 yil oxiriga qadar to'liq amalga oshiriladi. Natijada 41 nafar tuman ahlini doimiy ish bilan ta'minlaymiz. Shuningdek, 100 nafarga yaqin mavsumiy ishchilar ishlashi mumkin bo'ladi.
Adiba Yunusova:
— Yangiobod tumani “Do'stlik” mahallasi Paskisarmish qishlog'idanman. 2018 yilda tadbirkorlik faoliyatini boshladik. Qishlog'imizda maktabgacha ta'lim muassasasi ochish maqsadida “Qishloq qurilish bank”dan imtiyoz asosida 1 foizli 2 milliard 700 million so'm kredit oldik va 100 o'rinli “Ozoda nur” nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini qurdik. Hozirgi kunda bog'chamizda 73 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bog'chani tashkil qilganimizdan so'ng 13 kishini ish bilan ta'minlashga muvaffaq bo'ldik. “Qishloq qurilish bank” xodimlaridan juda ham minnatdorman. Tadbirkorlik faoliyatimizni boshlashda yordamlarini ayashmadi. Endi tumanimiz markazidan ham maktabgacha ta'lim muassasasi ochishni niyat qilganman va albatta, yana “Qishloq qurilish bank” bilan hamkorlikda ishlaymiz.
“Qishloq qurilish bank” ATBning Jizzax viloyati Yangiobod tuman filiali boshqaruvchisi Ixtiyor Hasanov bilan ham suhbatlashdik:
— Yangiobod tumanida faqatgina “Qishloq qurilish bank”ning filiali mavjud. Tumandagi 8 ta mahallada 28 ming 400 nafar aholi istiqomat qiladi. Hozirgi vaqtda hudud bo'yicha bankimizning 8,5 mingta mijozi bor. Mana bugundan bankning yangi binosi ishga tushirildi. Ushbu bino barcha zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Avvalgi binoda mijozlarga xizmat ko'rsatish sifati talabga javob bermas edi. Ushbu filialda xalqaro pul o'tkazmalari xizmati ham yo'lga qo'yildi. Ilgari buning uchun odamlar qo'shni tumanlarga borib kelishga majbur bo'lardi.
Hozirda mahallabay tizimda ish olib bormoqdamiz. Har bir mahallaga ikkitadan xodimimiz biriktirilgan. O'tgan davr mobaynida ikki nafar mijozimizga agroklaster ochishi uchun ko'maklashdik. Natijada “ayollar daftari”, “temir daftar”, “yoshlar daftari”da turadigan bir nechta fuqarolarni ish bilan ta'minlanishiga erishildi. 2021 yilda ham katta loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Masalan, Yangiobodning uzumlari xalq orasida mashhur. Shuning uchun uzumchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 20 milliard so'm mablag' ajratganmiz. Maqsadimiz chekka hududlardagi aholini ish bilan ta'minlash. Yil oxirigacha loyiha to'liq ishga tushadi. Yirik loyihalarimizdan yana biri “Yangiobod-Dashtobod chorva” chorvachilikni rivojlantirish xo'jaligini tashkil qilish bo'lib, buning uchun 6 milliard so'm mablag' ajratilgan. Chet eldan naslli qora mollarni olib kelib ko'paytirishni mo'ljallaganmiz. Ushbu xo'jalik tashkil qilingach 15 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
— Hozirda “temir daftar”ga kirgan 2020 nafar, “ayollar daftari”dagi 289 va “yoshlar daftari”dagi 485 nafar fuqarolarni ish bilan ta'minlash maqsadida tumandagi tadbirkorlar bilan suhbatlashib, yana qanday loyihalari, g'oyalari bor ekanligini so'rab, qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga harakat qilyapmiz, — dedi “Qishloq qurilish bank” departamenti boshlig'i Miraziz Egamberdiyev.
Miraziz Egamberdiyevning ma'lumot berishicha, mahallabay ishlash doirasida bankning respublika vakillari hamda Yangiobod tumanidagi filiali xodimlari bilan birgalikda keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Tumandagi mavjud 8 ta mahallada yashovchi barcha fuqarolarning ahvolini to'liq o'rganish maqsadida tuman hokimiyati bilan birgalikda ishchi guruh tuzilgan.
Bank xodimlari uyma-uy yurib, tadbirkorlik istagini bildirayotganlarga o'zlari xohlagan yo'nalish bo'yicha kerakli maslahatlar berishmoqda, kredit ajratish choralari ko'rilmoqda.
2020 yilda “Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan faqat yoshlarning o'ziga “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida, shuningdek, bankka murojaat qilgan, xizmat ko'rsatish va ishlab chiqarish bo'yicha taklif berganlarga 15 milliard so'm mablag' ajatilgan. 2021 yilda yoshlarni ish bilan band qilish maqsadida 50 milliard so'mga yaqin mablag' ajratish ko'zda tutilgan.
Yangiobod tumanidagi yangilanishlar, tadbirkorlik obektlari bilan tanishganimizdan so'ng, Jizzax shahri tomon yo'l oldik. Chunki u yerda biz “Qishloq qurilish bank”ning mijozlaridan biri “Newland” mas'uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati bilan tanishishni reja qilgan edik.
Jizzax shahri Olmazor mahallasida joylashgan “Newland” MChJ bankning yirik mijozlaridan hisoblanar ekan. Jamiyat asoschisi Farrux Aliqulov 2018 yilda bankdan 3 milliard so'm kredit olib o'z faoliyatini boshlagan. “Farali textile” trikotaj maxsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga asos solgan. Bundan tashqari, tadbirkor maktabgacha ta'lim muassasasini ham tashkil qilgan.
Hozirgi kunda korxonada 350 nafarga yaqin xodim ishlamoqda. Bu yerda 100 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning 90 foizi MDH davlatlariga eksport qilinadi.
— 2020 yilda 3 million dollarlik mahsulotlarni Rossiyaga eksport qildik. Bu yil 10 million dollarlik eksportni amalga oshirish niyatidamiz. Yevropaning Germaniya, Italiya, Fransiya davlatlari bilan shartnoma tuzish arafasida turibmiz, — dedi “Newland” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Farrux Aliqulov.
Qolaversa, tadbirkor G'allaorol, Zafarobod va Zomin tumanlarida korxonasining filiallarini ochmoqchi ekanini ham aytib o'tdi. Aholi ko'p va odamlarga ish kerak bo'lgani uchun shu tumanlarni tanlaganini bildirdi.
Darvoqe, Yangiobodda ham, Jizzax shahrida ham tadbirkorlik obektarida ishlayotgan yoshlar bilan suhbatlashdik. Ular: “Ishsiz edik, ishli bo'ldik. Endi har tong bugun nima qilsam ekan, degan o'ydan qutulib, ishlash uchun keladigan manzilimiz bor”, degan mazmunda javob berdilar.
Qosh qorayavergach poytaxtga qaytishimiz kerakligi yodimizga tushdi. Shunday ishlarga guvoh bo'lganimizdan xursand holda yo'lga otlandik. To'g'risi, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatining rivoj topishida, shu tariqa aholining turli qatlamlari ijtimoiy ahvolining yaxshilanishida banklarning o'rni ham naqadar muhim ekanligiga “Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan qilingan ishlar misolida yana bir bor amin bo'ldik. Ichimizda bundan-da kengroq imkoniyatlar, yengilliklar yaratilishiga umid bog'ladik.
Shahzod ShODMONOV,
“Hurriyat” muxbiri