“Farg'ona qizi” filmi nega tanqidga uchragan edi?

O'zbek kinosi tarixidan

 

Nabi G'aniyev suratga olgan “Farg'ona qizi” badiiy filmi “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida nega tanqidga uchragandi? Albatta, o'sha davr taqozosi bilan! Xayriyatki, filmga tegishli muhim hujjat — rejissyor ssenariysi saqlanib qolingan.

Rejissyorning “Nasriddin sarguzashtlari” kinokomediyasi ham sobiq ittifoqning o'sha vaqtlarda bosh nashri bo'lgan “Pravda” gazetasida chop etilgan maqolada qattiq e'tirozga uchragandi. Biz filmning milliy ma'naviyat bulog'idan sug'orilganini “Xo'ja Nas­riddin Shayxontohurda” nomli kitobimizda batafsil yoritgandik. Ammo “Farg'ona qizi” yurtimizda oylar davomida namoyish etilganiga qaramay, munaqqidlarning e'tiboridan chetda qolib ketdi.

Etmish uch yil muqaddam yozilgan, muhim tarixiy ahamiyatga ega mazkur “rejissyor ssenariy”­­si yozilgan qog'oz sarg'ayib ketgan, 127 betdan iborat, matn rus tilida, o'zbekcha so'zlar uchramaydi. Hatto qahramonlarning ismu shariflari ham ruscha: Dilbar, Alimdjan, Sabir, Djalal-aka, Djabar ata… Ssenariyning birinchi varag'iga negadir ikki familiya yozilgan: N.G'aniyev, M.Melkumov. Aslida adabiy ssenariyning bunday rejissura imkoniyatlari nazarda tutilib yoziladigan ko'rinishni rejissyorning o'zi tayyorlaydi, yozadi va badiiy kengash muhokamasiga qo'yadi. “Tohir va Zuhra” filmiga asos bo'lgan rejissyor ssenariyga ham birgina Nabi G'aniyevning imzosi qo'yilgan.

Bu tafsilotni keltirayotganimizning sababi shuki, endigina topilgan kino yodgorligi sinchiklab o'rganilganida muhim axborot olgandek bo'ldik. Uning yozilish uslubi, bayon mo'lligi, ekranda namoyon bo'lishi nazarda tutilib, ta'riflanadigan tas­vir kambag'alligi, axborot darajasida qolgani hamda ovoz vositalari bilan bog'lanishida yuzakilikka yo'l qo'yilgani e'tiroz uyg'otadi. Shundan so'ng, Nabi G'aniyev emas, unga adabiy-ssenariy bo'yicha sherik-muallif Mixail Melkumov tayyorlaganmikin, deb o'yladik. O'sha yillari ssenariylar faqat rus tilida yozilishi va 3000 km. naridagi “Markazga” tasdiq uchun yuborilardi-da.

Birinchi sahifadagi yozuv diqqatimizni tortdi: “tov. Kaydalovu. Soyuz Sovetskix xudojnikov. Pushkinskoe. 25”. Film titrlarida bu rassomning ismi sharifi keltirilmagan. “Rassom V.Sanchenko” deb ko'rsatilgan. Demak, rejissyor musavvirlik san'atini Moskvada (VXITEMAS)da o'rganib, ijodini rassom sifatida boshlagan. Alisher Navoiy portretini chizib tanilgan (1940 y.) Vladimir Kaydalovni suratga olish guruhiga kiritish niyatida bo'lgan. Keyinchalik (1957) O'zbekiston xalq rassomi unvonini olishga muyassar bo'lgan bu san'atkor “kadr ortida” qolgan ko'rinadi — film uchun ishlangan birorta eskiz hozircha topilmadi. Sababi nimada ekan? Kimnidir rejissyor ssenariysining badiiy saviyasi qoniqtirmaganmikin? Unda Farg'ona vodiysi yoki 40-yillardagi Toshkent ko'rinish­lariga yetarli dramaturgik “yuk”, his-tuyg'u berilmaganidanmikin?

Farg'onalik qiz – Dilbar rolini o'ynagan Yulduz Rizayevaning qiyofasi, ijrosi yana bir rassom — Chingiz Axmarovni qiziqtirgan-ku! Chingiz aka o'ttiz besh yoshida o'n to'qqizga qadam qo'ygan Yulduzxonni izlab Shayxontohurdagi kino shirkatiga borgan, aktrisani zo'r-bazo'r ko'ndirib port­retini chizgan. Hozirgi kunda mashhur aktrisaning o'sha portreti xonadonining to'ridan o'rin olgan.

Biz varaqlayotgan muhim hujjatning birinchi betiga “Na krutom povorote” (“Keskin burilish damlarida”) 1947 y. deb yozilgan. Tagiga chizib qo'yilgan… O'sha payt­lari qishloq xo'jaligida keskin burilish sodir bo'layotganini rejissyor ssenariysi, filmda, sarlavhada ta'kidlashi zarur edi. Asar davr silsilalari “mutlaq haqiqat” ekanligining badiiy ifodasini ta'minlashi talab etilardi. Kino tarixida, umuman, badiiy ijodda to'qima haqiqat o'zining badiiy ifodasini topgan hollar ham bo'lgandir, mushtariy qayd etar.

Ammo 1947 yilning kuz oyi­­da paxta rejasi bajarilgan bo'lishi, qurultoy o'tkazilishi va bu tantanalarda Dilbar — Yu.Rizayeva ishtirok etishi jarayonlari suratga olinishi mo'ljallangan. Paxta rejasi to'lmaydi. Qurultoy A.Navoiy nomidagi hashamatli binoda emas, Xadra dahasidagi “Rodina” kinoteatrida o'tkaziladi. Shuning uchun aslida yo'q “yutuqlar”ni ko'rsatishi talab etilgan ssenariyga oddiy axborot uzatadigan kadrlar ham kirib qoldi. N.G'aniyev esa badiiylik qonuniyatlaridan kelib chiqib, voqealarni “pardozlab”, ziddiyatlarni “tekislab” ko'rsatishga ko'nmagani film­­da ko'zga tashlandi.

“Rejissyor ssenariysi” deb atalgan, lekin rejissyor N.G'aniyev suratga olmagan, umuman voz kechgan kadrlar o'lchami yuz metrdan ortiq kino tasmani tashkil etadi. Tasmadagi soxtalik bilan tanishganimizda filmga ajratilgan metraj (manbada 1-6-betlar) fab­rika va zavodda, yengil va yuk tashuvchi avtomobillar, tekstil kombinat binosi, temir yo'l (!) arg'imchoq uchayotgan qizaloq, shahar ko'chasi (Taras Shevchenko), hashamatli turar-joylar, bolalar o'yin­gohi, istirohat bog'i (M.Gorkiy nomidagi), afishalarni yelimlayotganlar, Toshkentning markaziy xiyoboni va bong urayotgan ulkan soat, Pushkin maydoni, univermag vitrinalari, pionerlar saroyi, haykallar, osmondagi samolyot, favvoralar — bularni barchasini qo'shiq aytib, onasiga savol berib, kuzatib borayotgan Farg'ona qizi — Dilbar nigohida aks etib borishi kerak bo'lgan.

Toshkentning o'sha 40-yillardagi birorta kattaroq binosi, birorta uzunroq ko'chasi, stadioni chetda qolmagan. Ammo eng qizig'i, bularning birortasini ham rejissyor filmga kiritmagan. “Qahramon”lar Dilbar va uning onasi usti ochiq “Vilis” mashinasiga o'tirib, to'g'ri mehmonxonaga olib boriladi. Ekspozitsiya ixchamlandi. “Sotsialistik turmush afzallik­lari”ni ko'rsatish niyatida ssenariyning bu ko'rinishiga kiritilgan kadrlar (ularni yuzaki chizilgan plakat desak to'g'ri bo'ladi)dan ma'lumki, nazorat o'ta kuchli bo'lgan og'ir damlarni tasavvur etsa bo'ladi.

Keyingi epizodlar ham adabiy jihatdan ancha bo'sh, paxta terim mashinasi ishlab chiqarilishi texnologiyasi, bu sohada bo'ladigan eksperimentlar, nihoyat, qish­loq qizi Dilbarning qurultoy tantanalari o'tadigan binoga kirish istagini ta'riflovchi kadrlar “rejissyor ssenariysi” deb atalgan 127 sahifadan iborat, qalin muqovali, biz uchun ko'proq ma'lumotnoma xizmatini o'tagan manbada batafsil yozilgan.

Bu “epizodlarni” ayovsiz qis­qartirgan Nabi G'aniyev voqeani dalaga, paxta yetishtiriladigan makonga ko'chiradi. Tasvirda traktorchi Polvon (artist Rahim Pirmuhamedov) ashula aytib, dala-dashtning o'rtasidan o'tib boradi. Ketmon chopayotgan dehqonlar orasidagi zveno boshlig'i Dilbarxon va hazilkash Polvon aka o'rtasida hazil-mutoyiba bo'lib o'tadi. “Xabar keldi: chiroyli qizlarga 1000 so'm mukofot, o'rtachalariga 500 so'm berish, kampirlarga jarima solinar emish”, (davr emas, odatlar o'xshash) degan iborasiga: Dilbarxon: “Tilini tiymaganlarga kattaroq jarima solinishi ham yozilgandir”, deydi.

Rejissyor konflikt vaziyatga tezroq o'tish niyatida Polvon va Jabbor ota orasida kelishmovchilik vujudga kelishini ta'minlash yo'lidan boradi. Dilbarning otasi Jabborali o'zining brigadasi yerini haydashga undaydi. Polvon esa to'qqizinchi brigadaga yuborilganini aytadi. Dahanaki jang bo'ladi. Dilbar xo'jalik raisi — onasini boshlab kelib, masalani hal qilmoqchi bo'ladi. Bu o'rinda Jabbor ota (art. Asad Ismatov) qaysar, o'z bilganidan qaytmaydigan shaxs sifatida namoyon bo'la boshlasa-da, bartaraf etilishi oson bo'lgan konf­likt uzoq davom etishi, xo'jalik majlisida, hatto uyda ham (Jab­bor va rais) er-xotin o'rtasida ham davom etishi zerikarli ko'rinadi, aktyorlar uchun ajratilgan material oz ko'rinadi. Bamisoli bo'ron suvga to'la piyolada bo'layotgandek qabul qilinadi.

Yangi topilmaning 1-31-kadrlaridagi bayon, qaydlar badiiylikdan yiroq bo'lgani sababli, rejissyor mavzu chegarasida obrazli ifodalarga o'rin izlagani seziladi. O'tgan asrning 40-50-yillari dolzarb mavzuni filmda yoritish naqadar og'ir bo'lganini, sotsialistik tuzumning “afzalliklarini hatto komediya janridagi filmlarda ham ko'rsatish talab etilgani, bu talablar darajasida asar yaratish qattiq nazorat qilingani, badiiy ijodni qolipga solish bejizga bo'lmagani, balki “og'a”miz bosh qahramon qilib olinmagan filmlar taqiqlangani ayonlashadi.

Buni “markazning” ko'rsatmasi bilan bo'lgani tufayli kino amaliyotiga hamda bu jarayonni yoritadigan OAVga ta'sir ko'rsatganini ssenariylar va filmlar muhokamalari stenogrammalari, matbuot sahifalaridan o'rin olgan “taqriz” va tanqidiy materiallar bilan tanishganimizda ham ko'rish mumkin.

Eng qizig'i, “Nasriddin sarguzashtlari” yoki jahon kino olamida haligacha qadrlanib kelinayotgan “Tohir va Zuhra” filmidan ham nuqson izlangan. (Moskvada film muhokamasi o'tkazilib qator kamchiliklar tilga olingani stenogrammalarga muhrlanib qolingan. Jumladan, “Tohir va Zuhra” sevgi haqida, lekin filmda sevgi ochiq-oydin ko'rsatilmagan, deb da'vo qilingan). Bu notiqning Sharq folklorida axloq, his-tuyg'u ifodasi nihoyatda nozik, pardali bir tarzda ta'riflanishidan bexabar ekanligini ko'rsatadi.

Bunday fojiali voqealar yurtimizda sodir bo'lgani faqat ijod jarayoniga emas, muayyan shaxslarning faoliyatiga, umriga zavol bo'lganidan xabardormiz.

Nabi G'aniyev maslakdosh do's­ti Abdulla Qodiriy singari birorta tanqidiy chiqishlarga o'zining munosabatini bildirmagan. Chidam, iroda ila bardosh bergan. Arab alifbosida chop etilgan “Yer yuzi” jurnalida “Soyabonli arava” (1927 y.) nomli ovozsiz o'zbek filmini suratga olish jarayoni haqida hikoya qilingan. O'n sakkiz yildan keyin o'sha maqolasidagi voqeani eslab, “Tohir va Zuhra” filmiga aktyorlarni izlash yengil bo'lmagani hamda tarixiy afsonaning ahamiyati haqida fikr yuritgan. Bu mulohazalarning rus tilidagi nusxasini “Milliy kutubxona”ning (Rossiya, Moskva) fondida saqlangan “Xronika sovetskogo kino” (“Sovet kinosi solnomasi” jurnali sahifalaridan topdik). Nabi aka qoldirgan bu juda muhim axborot, orttirilgan tajribaning ta'rif va tavsifi, suratga olish maydonida sodir bo'lgan voqea­larga bo'lgan munosabati milliy kinematografiyamizning yigirmanchi va qirqinchi yillardagi muhitini idrok etish, anglashda asosiy omillardan biri bo'ldi.

Etmish uch yil muqaddam yaratilgan asarni xaspo'shlash, davr talablari, ziddiyatlarini hisobga olib “siylab” baholash niyatida emasmiz. Xuddi shu talab­larga rioya qilinmay, ssenariydagi balandparvoz gaplardan voz kechib, suratga olingan bir qator epizodlar rejissyorning malakasini, sezgirligini, texnikaning qudratini tasvirlarda hamda Polvon — traktorchi, choyxonachi — aktyor Soib Xo'jayev va agronom Olimjon (M.Yunusov), Tohir rolini o'ynab shuhrat qozongan aktyor G'ulom Tojia'loyev (Sobirjon) ishtirokida epizodlarda hal qilinadi.

Nabi aka hamkasb do'sti Ergash Hamrayev bilan 30-yillarning mashhur “Chapayev” filmidan mamnun bo'lgani matbuotda e'lon qilingan edi. Buni eslaganimiz boi­­si mazkur asar ta'sirida bo'lgan o'zek rejissyoriga katta va kichik choynaklar “g'o'za”, “traktor”, “traktorchi” sifatida xizmat qilganida ko'rinadi. Yana bir muhim   tafovut – chapayevdagidek bir kishi – afsonaviy qahramon emas, uch personaj – hajv ustalari Soib aka va Rahim aka bilan birga sahnada rollar o'ynab tanilgan Maxsum Yusupov ham ishtirok etadi.

Bunday epizodlar orqali rejissyor yana bir o'rinda Yulduz Rizayeva o'z qahramoni Dilbarning samimiyatini, yoshlik g'ururini, lirik kayfiyat ustun kelganida erka, nozik tabiatli qiz, jiddiy holatda katta ishlarga qo'l urishga qodir paxtakor ekanligini ko'rsata olgan. Yillar o'tib Yulduz opa betob bo'lganlarida qizlari Shahnoza:

— Ko'nglingiz nimani istaydi, ayting, bajo keltiraman, — deb so'raganida ona ko'zlariga yosh olib:

— “Farg'ona qizi”ni ko'rsam deyman… Shiddat bilan o'tib ketdi o'sha baxtli damlar. Ona yurtim Farg'onada olinganidanmi, har qalay, juda erkin tutganman o'zimni. Yonimdagi qadr­don aktyorlarni aytmaysanmi! Filmdagi onam — Xadicha opa, Asad aka — padari buzrukvorim, dugonam — Irodaxon, barchamizga rahnamo Nabi aka…

O'sha kezlari tasvir va ovozni videotasmaga ko'chirish endigina yo'lga qo'yilmoqda edi. Men hamisha ardoqlab kelgan Yulduz, ya'ni Zuhra va Dilbarni istagini bajarishda qizlari Shahnozaxonga ko'maklashganimdan xur­sand­man. Lekin o'sha kunlarni eslab: videotasmani nega Yulduz opamiz bilan birga ko'rmaganman? — deb o'zimdan xafa bo'laman. Har kadr, epizod qadrli bo'lgan, ijod jarayonini eslagandir. Yozib olmaymanmi?

Ikkinchi jahon urushidan keyin suratga olingan, dolzarb mavzuga bag'ishlangan bu birinchi o'zbek badiiy filmi shahrimizda oylar davomida Xadra dahasidagi “Vatan” (“Rodina”) kinoteat­rida ko'rsatilganiga guvohman. Bugun bu asarni qayta ko'rib, sinchiklab tahlil qilganimizda, suratga olish jarayo­­ni qattiq nazorat ostida bo'lganini, sotsialis­tik tuzumning faqat yutuqlari ko'rsatilishi talab etilgani, ssenariyga axborot darajasidagi epizodlar kiritilgani, ammo xonadonlarda kam uchraydigan radiopriemnikda “Ushshoq”ning Yunus Rajabiy ijrosida yangrashi, shahrimizning Madaniyat va istirohat bog'ida tanho yurgan Dilbar “Tanovar” ashulasini aytib yurishi kimlargadir yoqmay qolgani ham ma'lum. “Qizil O'zbekis­ton” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida mazkur asar ijtimoiy-siyosiy talablar darajasida emasligini qattiq tanqid ostiga olib, o'z sahifasida maqola chop etgan.

Gazetadagi ayrim da'volarni eslab o'taylik: “Avvalo, shuni aytish kerakki, filmga sovet san'atining ruhiga singib ketgan partiyaviylik prinsipi yetishmaydi. Kolxoz qishlog'i sotsialistik xo'jaligining misl­siz darajada rivojlanishiga bevosita rahbarlik qiluvchi partiya tashkiloti va qishloq kom­munistlarining roli avtorlarning e'tiboridan chetda qolgan. Partiya rahbarligini asarning ruhiga singdirish sovet san'atining asosiy burchidir… Filmda komsomol brigadasi bor, ammo uni boshqaruvchi komsomol tashkiloti, unga rahbarlik qiluvchi kolxoz partiya tashkiloti ko'rinmaydi. Bu esa filmning eng katta nuqsonidir… “Farg'ona qizi” filmida o'zbek dehqonlariga rus xalqi va shuningdek, shaharning yordami juda yuzaki, siyqalangan priyom orqali berilgan… Bu talablarning hammasi, bir so'z bilan ayt­ganda, san'at asari g'oyaviy, partiyaviy asar bo'lishi, xalqimizni kommunizm ruhida tarbiya­lashda qudratli qurol bo'lishi kerak… “Farg'ona qizi” filmi anchagina muvaffaqiyatlarga qaramay, partiyamizning bu muhim talabi nuqtai nazaridan qaraganda jid­­diy tan­qidga sazovordir. Film­­ni yaratgan ijodiy kollektiv bundan zarur xulosalar chiqarib olishlari kerak” (“Qizil O'zbekiston”, 1948 yil, 20 noyabr).

“Qizil O'zbekiston”da chop etilgan mazkur kattagina maqoladan yana ikki jumlani keltiramiz: “Avtorlar tomonidan katta e'tibor va ixlos bilan yaratilgan kolxoz raisi Jamol opa rolida O'zbekiston xalq artisti Xadicha Aminova bu soddadil, ammo ishning ko'zini biladigan donishmand, tajribakor o'zbek ayolining haqiqiy xarakterini to'la ochib berolmagan. To'g'ri, u ba'zan erkin, maroqli o'ynaydi. Ammo hozirgi kundagi kolxoz raisi rolini ijro etayotganini (!) ko'p joyda unutib qo'yadi”. Aslida bu obrazning ssenariydagi ta'rifi yuzaki ko'rinadi.

“Qor haqida kapalak mulohaza qilar ekanda!” — Nabi aka aytgan bu so'zlar bizga fikr yo'nalishini belgilab berdi. Ba'zida u gap faqat o'tmishda hukm surgan kino muhitiga tegishlimikin, deb o'ylab qolaman. Bugun-chi, milliy kinomiz ahvoli qanday? Kino ko'chasiga adashib kirganlar kinoga mayl qo'yib, kinofilm qilish hollari uchramayaptimi hozir? Siz nima deysiz?..

Hamidulla AKBAROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + one =