“O'ynovchi-trener”lardan biri

Hamma kasblarning ham o'ziga tortadigan ohanrabosi bor, lekin ular ichida jurnalistikaniki boshqacha.   Yozganlaring peshma-pesh chiqib tursa, ko'cha-ko'yda seni tanishsa, havas bilan qarashsa, bunga ne yetsin. Mamlakatni kezib yurasan, yangiliklarni birinchi bo'lib eshitasan, mashhur kishilar suhbatdoshing bo'ladi. Muammolar yechimiga doir tahliliy maqolalar yozganingda, takliflaring inobatga olinganida salkam qahramonga aylanasan. Odamlar fidoyi, rostgo'y jurnalistlarga ishonishadi, hech kimga aytmagan dil izhorlarini senga bayon qilishadi.

Shundaylikka shundayku-ya, ammo o'z ixtiyorimiz bilan tanlagan kasbimizning mashaqqatli jihatlari boshqa kasblarnikidan qolishmaydi. Jurnalist voizdek   chechan, zargardek tiniqko'z, hakamdek xolis, tabibdek zukko bo'lishi, o'z ixtiyorini qog'ozu qalam hukmiga topshirishi kerak. O'zing yaxshi bilgan, ich-ichingdan ishongan mavzularnigina qalamga olishga to'g'ri keladi. Bugun kimnidir gumburlatib maqtasang-gu, qo'lbola qahramoning ertaga bir hunar ko'rsatib, yuzingni qora qilsa yoki bugun o'z bilganingcha emas, sud hukmi asosida bir “muttaham”ning kirdikorlarini elga oshkor qilsang-u, ertaga oqlanib ketsa, bundan yomoni yo'q.

Ustoz jurnalist, publitsist-adib Ahmadjon Meliboyev, mana, ellik yildan oshdiki, ayni shu talablarga qat'iy amal qilishga harakat qiladi. Talabalik yillaridan boshlangan sermahsul ijodi sira to'xtamaydi. Har yili o'ttiz-qirqta maqola, bir-ikkita kitob nashr ettiradi. Qaysi lavozimda ishlamasin, kasbini unutmay yurt kezadi, mavzu, qahramon izlaydi. Har yili yangi o'quv yilining birinchi kunlari jurnalistika fakultetiga qabul qilingan yoshlarga: “Tug'ilgan tumaningizni, qishlog'ingizni ayting, taniqli odamlari, urf-odatlari, qiziq-qiziq voqealaridan bahslashamiz, yutqizsam, hozirning o'zida bahoyingizni qo'yib beraman”, deydi va hech qachon yutqizmaydi. Mamlakatimizda Ahmadjon aka bormagan, biror jihatini qalamga olmagan, ichakuzdi latifa aytib kuldirmagan joy deyarli qolgan emas. “Bir joyga borgan muxbir guvohnomasini ko'rsatib, darhol so'roq-istakni bosh­lamasligi kerak. Bunday qilsa, odamlar ko'nglidagi gapni   ayt­maydi, yashiradi. Har qanday murakkab sharoitda ham muloqotni samimiy suhbatdan boshlagan ma'qul”, deydi ustoz o'zi tashkil etgan “Mahorat maktabi” tinglovchilariga.

Ahmadjon aka bo'lajak kasbdoshlariga mo'ljallab ko'plab kitoblar yozdi. “Bir zaminda yashaymiz”, “Umidli dunyo”, “Yolg'iz yashab bo'lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi?”, “Umr uchar yulduz”, “Torning cho'michdan farqi”, “Suvora sog'inchi”, “Qirq beshinchi bekat”, “Qabohat to'ri” publitsistik to'plamlari, “Jurnalistika: kasb, ijod, mahorat”, “Jurnalistika saboqlari” o'quv-qo'llanmalari, “Chingiz Aytmatov: Davr. Inson. Haqiqat” monografiyasi, yuzlab ilmiy, badiiy-publitsistik maqolalari talabalar uchun o'ziga xos xazinaga aylangan. Bunday sermahsullik samarasi o'laroq, ustoz “Ofarin” milliy mukofoti, xalqaro “Oltin qalam” va jurnalistika sohasida Oliy o'quv yurtlari o'rtasida o'tkazilgan tanlovlarda g'olib bo'ldi, “Shuhrat” medali, “Do'stlik” ordeniga munosib ko'rildi. O'zbekiston Milliy universitetida “Chingiz Aytmatov va O'zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyati yo'lga qo'yilib, bugungi kunda u Ahmadjon aka rahbarligida dunyoga mashhur adib hayoti va ijodini o'rganish bo'yicha o'ziga xos ilmiy markazga aylanib bormoqda. Universitetimiz dotsentining Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro Akademiya a'zoligiga saylangani biz uchun faxrlidir.

Istiqlol arafasi va uning dastlabki yillarida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligini mamlakatning mashhur nashriga aylantirgan bosh muharrir bugun “Jahon adabiyoti” jurnaliga boshchilik qilmoqda. Ahmadjon akani millatlararo munosabatlarni mustahkamlash, do'stlik, ijodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga munosib hissa qo'shayotgan adib, kuyunchak jamoat arbobi sifatida qo'shni mamlakatlarda ham yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi.

Ahmadjon aka ustoz Saydi Umirov haqida yozgan bir maqolasida butun umrini jurnalistikaga bag'ishlagan ustozni “O'ynovchi trener” deb atagan edi. Bu iborani o'zining qutlug' 75 yoshini qarshilayotgan kasbdoshimizning o'ziga ham tatbiq etsak, mubolag'a bo'lmaydi. Hozirjavoblik, kuchli mantiqiy tahlil, keng qamrov, ta'sirchan badiiy ifoda va obrazli mushohada, til boyligi, xalqona yumor ruhi Ahmadjon aka qalamiga mansub maqolalarga xos xislatlardir. “Evropaga shovlab oqqan shon”, “Milliarderning afsusi samimiy edimi?”, “Gap ko'rshapalakdami?”, “Suvda oqib kelayotgan po'stin” kabi ijtimoiy-publitsistik maqolalarning har birini, og'ir pandemiya sharoitida yozilgan “Tojdor ajal hamlasi” kitobini mukammal jurnalistik asar deyish mumkin.

Jur'at va shijoatingiz bardavom bo'lsin. Biz sizdan yangi-yangi asarlar kutib qolamiz, ustoz!

Shavkat Miralimov,

                                                   To'lqin Eshbek

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + seventeen =