Umrining har kuni — bir bahor yoki bir tovuq puliga bir qop un…

Shunday insonlar bilan ko'rishasanki, yuragingda iftixor uyg'onadi. Yoningdagi suhbatdoshingga havas qilasan. Beixtiyor unga o'xshaging keladi…

Karmanalik Rayhon Saidova bilan bor yo'g'i bir marta suhbatlashdik. Ammo mana shu birgina suhbat men uchun unutilmas xotiralardan biri bo'ldi.

Rayhon opa “Paxtaobod” mahallasida yashaydi. Qariyb 22 yildan buyon issiqxonada sabzavot yetishtiradi. 20 sotixlik yeriga yettita issiqxona qurgan bu ayol ekin-tikinlarining urug'idan unib chiqishi, o'sishi, hosilga kirish vaqtini daqiqama-daqiqa hisobini oladi. Aprel boshlanishi bilan el dasturxonini o'z mahsulotlari bilan to'ldiradi.

O'g'lining sunnat to'yiga tushgan to'yonalaru sarpolar evaziga issiqxona qurdirgan Rayhon opani o'zi suygan, mehrini bergan zamin izzatladi. Opaning mehnati e'tirof etilib, 2019 yilda “Eng namunali tomorqachi” deb topildi.

Aslida tadbirkorning har barmog'idan baraka tomadi. Sababi, u qiyinchilikdan qo'rqmaydi, har qanday muvaffaqiyatsizlikni yengib o'tadi, mehnatdan, mashaqqatdan qochmaydi.

Shu boisdan ham bugungi kunda tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish masalalari mamlakat miq­yosida eng muhim jarayonga ko'tarildi.

Joylarda tadbirkor va fermerlar fao­liyatini o'rganish, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning mahoratlarini yoyish maqsadida davlat va hukumat vakillari, shu­ningdek, deputatlar xalq orasidadirlar.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi spikeri o'rinbosari A.Xaitov Navoiy viloyati Karmana tuman “Paxtaobod” mahallasida istiqomat qiluvchi R.Saidova xonadonida bo'lib, mehnatidan dong taratgan ayol bilan suhbatda bo'ldi.

— Birinchi issiqxonamni qurganimga qariyb 25 yil bo'lyapti. 10 yil pomidor ekdim. 14 yildan buyon bodring yetishtirmoqdaman. Bodring tez yetiluvchan va yaxshi daromad beruvchi ekin. Har kuni kamida bozorga 250-300 kilogramm bodring topshirib kelaman.

Pomidordan foyda ko'rmadim, desam noto'g'ri bo'lar, lekin o'n yillik foydamni bodring yetishtirib bir yilda topdim. Tomorqamdan bir yilda to'rt marta foydalanaman. Yiliga bod­ringdan 45-50 million so'm sof foyda ko'ryapman.

Keyinroq parrandachilikka ham qiziqish uyg'ondi. 7 yil davomida broyler tovuq boqdim.Tadbirkorlikning bu turi menga yiliga 20 million so'm foyda berdi. Eng katta tovug'im 9 kilogramm chiqqan. O'sha kuni uyda un tugagan ekan. Qani nima bo'larkan, deb o'sha 9 kilolik tovuqni bozorga oborib sotdim. Buni qarangki, bitta tovuqning puliga bir qop un oldim. Endi quyonchilik bilan ham shug'ullanmoqchiman. Tomorqaniyam, tadbirkorlikniyam o'zimda ekin-tikin tufayli aylanayotgan daromad orqasidan qildim. Kredit ham, qarz ham ko'targan emasman. Qo'ni-qo'shnilarimni ham tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanishga o'rgatganman. Bizning mahallamizda hech kim yerini qarovsiz qoldirmaydi. Farzandlarim ham o'z oilasida tomorqa tadbirkorligi bilan shug'ullanadi, — deydi R.Saidova.

Ortiqcha ishchi kuchidan foydalanmay ter to'kib, mehnat qilayotgan   Rayhon opa mana shu yettita issiqxonasiga har yili 21 ming tup bodring ekadi. Uch aylantirib hosil olish uchun o'zini ham, tuproqni ham tindirmaydi.

Namunali tomorqachi Rayhon Saidova yashaydigan “Paxtaobod” mahallasida biror xonadon yo'qki, tomorqasiga issiqxona qurilmagan bo'lsa. Mahallaning keksayu yosh bari-barisi ro'zg'oridagi butlik uchun Rayhon opani alqaydi. Qizu nabiralariga uni misol keltirib, namuna qilib ko'rsatadi.

Dehqonning bisoti – Yer! Dehqon nima topsa, tup­roqdan topadi. Rayhon opaning ham butun boyligi — uning tomorqasi. Tomorqa uni, oilasini yedirdi, ichirdi, kiyintirdi. Baxt va davlat ato etdi. Opaning fe'lidagi bahor havosiday quvnoqlik, qalbidagi tong nasimiday diloromlik to'qlikdan, to'qlik bo'lganda ham, halol to'qlikdandir ehtimol.

Uning yonidan har gal ko'ksimni to'ldirgan munavvar hislar bilan qaytar ekanman, ko'z o'ngimda birgina bolasini boqish uchun davlatdan pul so'rab, nolayu fig'on qilgan yosh yigit, yaxshi yeb-ichish ilinjida davlatmand erkaklarning nishxurdlariga aylanayotgan go'zal sanamlar gavdalanadi.

Shundan bo'lsa kerakda, xalq orasida “halolidan bersin, beminnatidan bersin” deb duo qilinadi.

Har qancha mehnat, har qancha mashaqqat ko'rgan esa-da, nasibasi butun, rizqi ulug' Rayhon opada hayotga shukuh va dunyoning yam-yashil ramzi bo'lmish tiriklikka ishtiyoq shu qadar kuchliki, beixtiyor aytging keladi:

BU AYoL UMRINING HAR DAMI — BIR BAHOR…

M.Pirnafasova.

Navoiy viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 19 =