Termiziylar xazinasi…
Ma'lumki, islom olamining mo''tabar va ulug' allomalaridan biri bo'lgan Abu Iso Muhammad at-Termiziy hazratlari Sharq olamining benazir mutafakkiri sifatida e'zozlanib kelinadi. Bu zoti sharifning asarlari bugungi kunda ham musulmon davlatlari dorilfununlarida darslik sifatida qo'llaniladi.
Hazratning Sherobod tumanidagi qadim Bug' qishlog'ida abadiy qo'nim topgan joylari sobiq ittifoq davrida ko'rimsiz va xaroba bir go'sha edi. Mustaqillik yillarida qayta ta'mirlanib, muhtasham ziyoratgohga aylandi. Allomani hadis ilmining yetuk bilimdoni ekanligi, ayniqsa, payg'ambarimiz hadislarini to'plashda tutgan yo'llari islom olamida mashhur qildi. Va eng ishonchli manbalarni jamlashda buyuk hadisshunoslar qatoridan munosib joy oldi.
Abu Iso at-Termiziyning ilmu salohiyatiga ustozi Imom Buxoriyning quyidagi gaplari ham dalil bo'ladi: “Sen mendan bahra topganingdan ko'ra, men sendan ko'proq bahra oldim”. Ustoz va shogird o'rtasidagi mehr-oqibat zanjiri shu qadar mustahkam bo'lganki, tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Imom Buxoriy qazo qilganlarida, imom Termiziy qattiq aziyat chekib, yig'laganlaridan u kishining ko'zlari ko'r bo'lib qolgan ekan.
Ulug' allomaning bizga qoldirgan ma'naviy merosini o'rganish va tadqiq etish ishlarini yo'lga qo'yish maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 14 fevralda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori qabul qilindi. Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Termiz shahrida sharqona me'moriy ansambli qisqa vaqt ichida bunyod etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan qulayliklar, ko'rsatilgan g'amxo'rliklarga javoban xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida qanday ishlar amalga oshirilayotganligini bilish uchun markazning ilmiy xodimi, islomshunos olim, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Jo'rabek Cho'tmatov bilan suhbatlashdik.
— Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bunyod etilishi voha ahliga juda katta ma'naviy tuhfa bo'ldi. Biz ham nafaqat yurtimiz, balki islom olami ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadigan, dunyo ilmida mustahkam asosga ega bo'ladigan muassasa sifatida shakllantirishga qat'iy bel bog'laganmiz. Markazning eng asosiy yo'nalishlaridan biri, Termiziy allomalar merosini chuqur o'rganishdir. Ayniqsa, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” kitoblari turli davrlarda yuzlab atoqli olimlar, shayxlar va avliyolar tomonidan tafsir etilgan. “Mening uchun Termiziyning kitobi Buxoriy va Muslim kitoblaridan ko'ra foydaliroq bo'ldi. Chunki Buxoriy va Muslimdan faqat ilm ahligina istifoda etadi. Termiziydan esa har kishi foydalanishi mumkin”, deydi shayxul islom abu Ismoil Abdulloh al Ansoriy “Taboqat us-sufiya” kitobida.
Bugungi kungacha markaz olimlari Termiziylar hayoti va ijodiga bag'ishlangan o'ndan ortiq nodir kitoblarni arab tilidan o'zbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirdi. Bizning oldimizda mamlakatimizda, xorijiy davlatlarning kutubxona va qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan Termiziy allomalar asarlari nusxalarini hamda ular haqida bitilgan kitoblarni to'plash barobarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish vazifasi turibdi.
2018 yilda markazimiz Hakim Termiziyning hali o'rganilmagan Qur'on tafsiriga oid arab tilidagi asarini Turkiyaning Burdur shahridan ksero va elektron nusxalarini keltirishga muvaffaq bo'lgan edi. Bugungi kunda ushbu asarni tadqiq etish ishlari yakunlanish arafasida ekanligini mamnuniyat bilan qayd etishimiz mumkin.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi Hakim Termiziyning Turkiya davlatidagi Ismoil Soib kutubxonasidan keltirilgan bir qancha qo'lyozmalarining elektron nusxalarini xalqaro ilmiy-tadqiqot markazimizga taqdim etdi. Bular “Riyozat un-nafs” (Nafs riyozati), “Bayan al-ilm” (Ilm bayoni), “Mas'ala fiy an-niya” (Niyat masalasi), “Mas'ala fiy zikr al-munfaridin” (Oliy darajali valiylar zikri haqida masala), “Bab foidat azizat vajizat” (Qisqa va foydali bob), “Javob kitob Usmon ibn Sa'id min ar-Ray” (Usmon ibn Saidning Raydan kelgan maktubiga javob), “Al akyas va al mug'tarin” (Ziyraklar va aldanganlar), “Al farq bayn al ayat va al karamot” (Oyat, mo''jiza va karomat orasidagi farq), “Kitob al-huquq” (Haqlar haqida kitob), “Masoil at-ta'bir” (Ta'bir masalalari), “Manozil al ibod minal iboda” (Bandalarning ibodatdagi manzillari) kabi noyob asarlardir.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, jamoamiz Termiziylar asarlarini nafaqat o'zbek tilida, agar islom dunyosida muhim yangilik bo'lsa, arab tilida nashr etishni ham maqsad qilgan. Olimlarimiz ushbu asarlar ustida tadqiqot olib borishmoqda. Markazimiz Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tayyorlagan “Termizlik olimlar asarlarining jahon fondlaridagi qo'lyozmalari katalogi”da dunyoning 44 mamlakatida saqlanayotgan Termiziy allomalarning ko'plab qo'lyozmalari haqida ma'lumotlar to'plandi. Bugungi kunda markazimiz ushbu nusxalar saqlanayotgan xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan muzokaralar olib bormoqda, — deydi Jo'rabek Cho'tmatov.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi va say'-harakatlari bilan ulug' ajdodlarimizning ibratli hayoti, ma'naviy me'rosini chuqur o'rganuvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari buyuk ajdodlarimizning dunyo bo'ylab sochilib yotgan o'nlab, yuzlab ma'naviy xazinalarini izlab topib, yana uni xalqimizga tortiq etayotgani igna bilan quduq qazishdan-da qiyin ish ekanligini Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi faoliyati bilan tanishganimizda ko'rib, amin bo'ldik.
Markaz tomonidan o'tgan uch yil davomida olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar, arab, fors tilidan o'zbekchaga mohirlik bilan o'girilgan asarlar, yozilgan yangi kitoblar, milliy ma'naviy merosimiz borasidagi targ'ibot-tashviqot ishlari tahsinga loyiqdir. Aslida ham, buyuk allomalar ilmiy merosini va qiymatini hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydi. Shu qatori, Termiziylar xazinasi, bizga qoldirgan merosi ham dunyo qadar boqiy va tuganmasdir…
Safar OMON,
“Hurriyat” muxbiri