Yerning egizak singlisi
Insoniyat yaralibdiki, koinotning cheksiz-chegarasiz sirlariga qiziqadi. Osmondagi Oy va Quyosh, sanoqsiz yulduzlar sinoatini bilishni istaydi. Shu bois, dunyoda ne-ne buyuklar, masalan, buyuk bobolarimiz Al Xorazmiy, Ulug'bek singari ulug' zotlar astranomiya ilm-faniga beqiyos hissa qo'shganlar.
Quyidagi maqola Venera sayyorasi haqida. Uni e'lon qilishdan maqsad esa Yangi yil kunlarida mushtariylarimiz bilan falakiyot ummoni xususida ozgina ma'lumotga ega bo'lishdir.
Venera — (arablarda Zuhro) Quyoshdan ikkinchi sayyora hisoblanadi. U Yerning jon qo'shnisi, o'lchami, tarkibi va og'irlik kuchi hamda Quyoshdan uzoqligi Yernikiga o'xshash bo'lgan sayyora. Binobarin, Venerani ko'pincha sayyoramizning egizak singlisi, deb ham atashadi. Lekin amalda Venera Yerdan keskin farq qiladi.
Venera ayollarning sevgi timsoli bo'lib, qadimgi rimliklarning sevgi ma'budi nomi bilan atalgan. Quyosh tizimidagi qolgan barcha sayyoralarga erkak ma'budlar nomi berilgan.
Venera nega sirli?
Venera kosmosga uchishlar davri boshlangunicha eng sirli sayyora hisoblangan. Chunki u haqda ma'lumotlar oz edi. Quyuq bulutlar bilan qoplanganligi sabab quyosh nuri sayyora sirtigacha yetib bormay, atmosferadan qaytadi. Shuning uchun uning sirtini ko'rib bo'lmaydi va Venera yarqirab erta tongda Sharq tomonda, kechqurun G'arb tomonda ko'rinib turadi. Uni Zuhro yulduzi, deganlar. Otashin shoirimiz Abdulla Oripov yozganday: “Zuhra yulduz miltirab xira xanda otganda…”
Venera atmosferasi qanday?
Olimlar fikricha, Venera atmosferasi Yernikidan yuzlab marotaba zich va qalin (qalinligi 60 kilometrga yetadi) bo'lib, asosan karbonat angidrid 95 foiz va 3,5 foizini azot tashkil etadi. Quyosh Venera sirtini Oy Yer sirtini oydin kechada yoritganidan kamroq yoritadi. Lekin Venera sirti shunchalik qizib ketadiki, undagi temperatura 500 gradusgacha ko'tariladi. Bunga asosiy sabab atmosferadagi karbonat angidrid va suv bug'lari tomonidan yuzaga keltirilgan parnik effektidir. Bu sayyorada havo bosimi 92 atmosferani tashkil etadi.
Venera Merkuriyga nisbatan issiqroqmi?
Venera Yer atmosferasiga nisbatan qalinroq atmosferaga ega bo'lgan sayyoradir. Uning atmosferasi asosan, karbonat angidriddan iborat. Bu parnik effektini yuzaga keltirib, sayyorada katta miqdordagi issiqlikni tutib turadi. Shuning uchun Merkuriy Quyoshga yaqinroq bo'lishiga qaramasdan, Venera unga nisbatan qaynoqroq.
Veneraning kuni yiliga nisbatan uzunroq…
Venera orbitasi bo'ylab tez harakatlanadi va Quyosh atrofida 225 Yer kunida bir marta to'liq aylanib chiqadi. O'z o'qi atrofida esa juda sekin harakatlanadi. Taxminan 243 kunda bir marta… Shuning uchun Veneraning kunlari yiliga nisbatan uzunroq bo'ladi. Quyoshdan o'rtacha uzoqligi 0,723 astronomik birlik (108,3 mln. km), massasi quyosh massasining 0,9528 ulushini tashkil etadi, o'rtacha zichligi 5,27 g/sm3 (Yerniki 5,5 g/sm3) orbita ekssentrisiteta — 0,0068 (ya'ni Quyosh atrofida aylanish yo'li deyarli doira), orbita tekisligi ekliptika bilan 3°23’7 burchak tashkil etadi. Venera orbitasida 35 km/sek tezlik bilan harakatlanib, Quyosh atrofini 224 sutka 14 soat 49 min. (0,62 yil) da to'la bir marta aylanib chiqadi.
Venera vulqonlari…
Aniqlanishicha, vulqonlar Yerdagiga nisbatan Venerada ko'proq. Sayyora sathining qariyb 80 foizi yassi vulqonli tekisliklardan iborat ekan. Unda ikkita tog' tizmalarida vulqon mavjud. Shulardan bittasi Maksvel Montes cho'qqisida sayyora sathidan 11 kilometr balandlikda joylashgan (Kavkazdagi Everest tog'ining dengiz sathidan balandligi 8848 metrdir).
O'rganish…
Venera kosmik apparatlar yordamida juda jadal o'rganilgan. Birinchi bor sobiq ittifoq tomonidan 1961 yili 12 fevralda “Venera-1” kosmik apparati Veneraga uchirilgan. Lekin bu missiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan. “Venera-1”dan tortib “Venera-15”gacha, “Vega”, “Mariner”, “Magellan” va hokazo kosmik apparatlar va zondlar orqali sayyora sirti atroflicha tadqiq qilingan.
NASA rahbari Jim Braydenstayn Venera sayyorasida fosfin bulutlarini aniqlab, hayot alomatlari mavjudligiga ishora qilgan Kardiff va Manchester olimlarining kashfiyotiga munosabat bildiradi.
“Venerada hayot bormi? Anaerob biologiyaning ikkilamchi mahsuli bo'lmish fosfinning aniqlanishi Yerdan tashqarida hayot borligi haqida ishonchli dalil to'plash tomon jiddiy qadamdir”, dedi Braydenstayn.
Uning ta'kidlashicha, Veneraga “birinchi darajali” e'tibor qaratish vaqti keldi.
Fosfin — rangsiz, juda zaharli gaz. Yerda u anaerob, ya'ni kislorod talab qilmaydigan mikroorganizmlar tomonidan ishlab chiqiladi.
Venerada hayot alomatlari borligini isbotlash uchun ilgari ham urinishlar bo'lgan. Masalan, Rossiya FA Kosmik tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Leonid Ksanfomaliti 2012 yili yozgan maqolada “Venera-13” qo'ndiriluvchi stansiyasi moduli olgan suratlar tahlil qilib berilgan. Rus olimi suratlarga tushib qolgan ayrim ob'yektlarni hasharotsimon mavjudotlarga o'xshatgan.
Astronomlar Venera sayyorasida hayot asari borligi mumkinligini nazardan soqit qilishmayapti. Olimlarga ko'ra, sayyora yuzasidagi bulutlarda tirik organizmlar suzib yurgan bo'lishining favqulodda ehtimoli bor. Atmosferada aniqlangan gaz ana shunday farazlarga yetaklaydi. Ammo bu gazning qaerdan kelganini hozircha izohlay olishmayapti. Bu gaz fosfin bo'lib, u bitta fosfor va uchta vodorod atomidan iborat molekuladir.
Olimlar fikriga ko'ra, Venera yuzasidagi bulutlarda tirik organizmlar suzib yurgan bo'lishining favqulodda ehtimoli bor.
Venera bulutlari
Ular juda qalin va hatto 95 foizgacha oltingugurt kislotasidan iborat. Bu esa Yerdagi jonzotlarni yoki hayot asarini tashkil etuvchi hujayrali tuzilmalar uchun halokatlidir. Massachusets Texnologiya institutidan doktor Uilyam Beyns tadqiqotchilar jamoasidagi bioximik. U mazkur sayyorada uchrashi mumkin bo'lgan turli molekula birikmalarini o'rgangan.
Doktor Beyns vulqonlar, chaqmoq va hatto meteoritlar fosfinning vujudga kelishida biror rol o'ynagan yoki o'ynamaganini tadqiq qilgan.
Olimning aytishicha, u o'rgangan barcha kimyoviy reaksiyalar Venerada aniqlangan miqdordagi fosfinni vujudga keltirish uchun kuchsizlik qiladi. Uning ishonishicha, oltingugurt kislotasida yashab qolish uchun Zuhradagi havo mikroblari yoki qandaydir noma'lum, mutlaqo farqli biokimyoviy xususiyatga ega bo'lishi lozim, yoki o'ziga xos zirhga (himoya qoplamasiga) ega bo'lishi kerak. “Prinsipial jihatdan olganda, suvsevar tiriklik oltingugurt kislotasi tomchisi ichidagi o'zining himoyalovchi qobig'i ichidagina yashashi mumkin”, deydi u “Tungi osmon”dagi chiqishida.
“Biz bu o'rinda o'zini teflondan ham mustahkamroq nima bilandir o'rab olgan bakteriya haqida gapiryapmiz. Ammo ular qanday oziqlanadi? Ular gazni qanday almashadi? Bunisi haqiqiy jumboq”.
AQSh fazo agentligi – NASA olimlardan 2030-yillarda yuborilajak bayroqdor missiya loyihasini ishlab chiqishni so'ramoqda. Bayroqdorlar NASAning eng katta, eng qimmat loyihalaridan sanaladi. Ushbu loyihaga ko'ra, Venera bulutlari bo'ylab suzadigan aerobot – uskunalar o'rnatilgan pufak g'oyasi ilgari surilgan. “Ruslar Vega pufagi bilan buni qilib ko'rishgan (1985), deydi tadqiqot jamoasi a'zosi professor Sara Siger. U oltingugurt kislotasidan himoyalash uchun teflon bilan qoplangan edi va bir necha kun suzib, o'lchovlarni olgan”.
Xullas, olimlar bu sirli sayyoraning tilsimotini ochishga jon-jahdlari bilan kirishishgan. Venerada hayot mavjud bo'lsa ham, bo'lmasa ham Zuhro shaklida tasavvurimizda yaralgan ilhomlantiruvchi, muhabbat ulashuvchi obraz maqomida qolaveradi. Axir, barcha sayyoralarning vazifasi ham tiriklikni ta'minlash emas-ku?! Ehtimol, bu fikr ham bahstalabdir.
Manbalar asosida Muyassar IBROHIMOVA tayyorladi.