Yangi yildan umidimiz ko'p

Tarix zarvaraqlariga muhrlangan 2021 yil mamlakatimizda ko'pgina jabhalar qatorida so'z va matbuot erkinligini ta'minlash, jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash borasida ham juda samarali yil bo'ldi. “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb e'lon qilingan 2022 yilning ham ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun qadami qutlug' kelishiga, qonuniy faoliyat yuritayotgan OAV vakillari bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo'lishiga ishonchimiz komil.

Albatta, o'tgan yil har qancha yutuqlarga boy bo'lsa-da, bizning yangi yildan umidimiz ijodiy rejalarimiz katta — jurnalistika sohasi yanada ravnaq topishini, matbuot tom ma'noda jamiyat ko'zgusiga aylanishiga ishonamiz. Media sohasining barcha vakillari shu ezgu maqsad yo'lida islohotlarning oldingi safida bo'lishiga barcha asoslarimiz bor.

Darhaqiqat, 2021 yilda o'zbek jurnalistikasida tub o'zgarish­lar, sezilarli siljishlar kuzatilgani, so'z erkinligining amaldagi isboti bo'y ko'rsatdi. Ayniqsa, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ilk bor nafaqat markazda, balki, barcha hududlarda yangi formatda, barcha qalam ahli ishtirokida keng nishonlangani e'tirofga molik bo'ldi.

Birgina o'tgan yilning o'zida Prezident farmoniga binoan 100 nafardan ortiq jurnalistlar va bir nechta blogerlar davlatimizning yuksak mukofotlari – orden va medallar bilan, 1000 nafarga yaqin jurnalistlar “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangani soha vakillariga qaratilayotgan alohida e'tiborning yorqin dalilidir.

Shubhasiz bu davlatimiz rahbari tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga bildirilgan yuksak ishonchdan dalolat beradi. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini xolis va tezkor yoritib borish, xalqimizga yetkazish har birimizdan zimmamizdagi mas'uliyatli vazifani chuqur his qilishni talab etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so'z erkinligi ta'minlanishida sobitligi, sohaga oid qonunchilik normalarining takomillashtirilishi, qolaversa, matbuot ahlining har jihatdan qo'llab-quvvatlanishi o'z natijasini berdi. Ya'ni ularda zamon bilan hamnafas bo'lish, bir qadam oldinda yurish hissi va mas'uliyatini oshirdi.

O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Xalqaro press-klub, Milliy matbuot markazida o'tkazilgan tadbirlarda turli vazirlik va idoralar bevosita rahbarlari sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muntazam axborot berish amaliyoti shakllandi va ular jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob bermoqdalar. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovni esa nafaqat mamlakatimiz, balki xorijlik jurnalistlar ham hurmat bilan tilgan olishadi.

Har hafta dushanba kuni O'zbekiston Milliy matbuot markazida o'tgan hamda boshlangan hafta davomida Yurtboshimiz ishtirok etadigan yoki raisligida o'tkaziladigan yig'ilishlar, qabullar va tashriflar haqida – o'zbek, rus va ing­liz tillarida jurnalistlar ishtirokida brifinglar o'tkazilishi, ijtimoiy tarmoqlarda ham tezkor yoritilishi yo'lga qo'yilgani keng jamoatchilik, jumladan, xalqaro tashkilotlar vakillari, yurtimiz OAV xodimlari e'tirofiga sazovor bo'lmoqda.

“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida yurtdoshlarimizning og'irini yengil qilish, vatandoshlarimizning hayot darajasini yaxshilashga kirishilganini har qancha e'tirof qilsak arziydi. Negaki, bunday sa'y-harakatlar barcha sohada jamoatchilik nazoratining kuchayishiga olib keldi.

Bugun turli darajadagi amaldorlarning ish faoliyatiga ommaviy axborot vositalarida xolisona baholar berilmoqda, kamchiliklarini oshkora tanqid qilish bilan birga ularni hal etish yo'llari ham ko'rsatib o'tilmoqda.

Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor berilayotgani diqqatga molik. Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo'lsa, 2021 yilda bu raqam 2410 taga yetdi. Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllandi. Buning tasdig'ini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish ko'rsatkichi yil sayin oshib borayotganidan ham ko'rish mumkin.

Mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalariga ko'rsatilayotgan e'tibor yildan-yilga oshib borayotgani, yurtimizda kechayotgan keng qamrovli tarixiy islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishda jurnalist mas'uliyati xususida so'z yuritganda, mamnuniyat bilan ayta olamizki, ommaviy axborot vositalari bugungi real voqeliklarni ochiq-oydin yoritish bilan cheklanib qolmasdan, istiqbolda nimalar kutayotganini yaqqol tasavvur qilishimizga ham ko'maklashmoqda va ertangi kunga ishonchimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ma'lumki, 2021 yilda yurtimiz kelajagiga daxldor muhim siyosiy jarayon — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi juda ko'tarinki ruhda o'tdi. “O'zbekiston 24” telekanali muxbirlarining Prezident sayloviga oid chet ellardan tayyorlangan reportajlari, lavhalarini ko'rib, rosti, g'ururlandik. Ular dunyoning turli burchaklaridan, xususan, AQSh, Fransiya, Angliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Quvayt, BAA va boshqa mamlakatlarda tahsil olayotgan, ishlayotgan va yashayotgan yurtdoshlarimizning saylovga jalb etilayotgani, O'zbekistonda bo'layotgan muhim siyosiy jarayonga xorijlik ekspertlarning nuqtai nazarlari xususida jonli ko'rsatuvlarni million-million teletomoshabinlar hukmiga havola etib keldilar. Holbuki, bunday imkoniyatlarni 5-6 yil avval tasavvur qilish ham qiyin edi.

O'sha kezlarda dunyoda kechayotgan voqealar haqida “Jahon” axborot agentligi muxbirlarining ahyon-ahyonda xabarlari berilardi. Bugun esa “Dunyo” nomi bilan bu agentlik ham o'z faoliyatini jonlantirdi. Tokioda bo'lib o'tgan Yozgi olimpiadadan sportchilarimiz yutuqlari haqidagi mujdalarini birinchi manba — o'zimizning jurnalistlarimizdan oldik. E'tiborli jihati, qo'shni mamlakatlar telekanallari ham O'zbekiston telekanallari tomonidan efirga uzatilgan ko'rsatuvlardan foydalanishayotganini havas bilan ta'kidlashdi.

Yana bir muhim masala: bugun matbuotda biron-bir cheklov yo'q. Aksincha, so'z erkinligini ta'minlashda, qo'llab-quvvatlash borasida yangidan-yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ayniqsa, elektron ommaviy axborot vositalari, saytlar, telegram kanallari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jurnalist va blogerlarni qo'llab-quvvatlash uchun Milliy masme­diani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi samarali faoliyat olib bormoqda.

Matbuot xodimlari nafaqat yangiliklarni yoritishda, balki xalqqa naf keltiradigan jamoat ishlarida ham hamisha peshqadamlar safida bo'lib kelgan. Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt, buta ko'chatlarini ekish va shu orqali shaharlarda yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilib, 2021 yilning 2 noyabridan 10 dekabriga qadar daraxt ekish bo'yicha “Dolzarb 40 kunlik” e'lon qilindi   va bu jarayonda ham jurnalistlar ibrat ko'rsatdi. Xususan, O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasining ijod ahliga Murojaatnomasi e'lon qilindi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Jurnalistlar bog'i”ni yaratishga da'vat etildi. Toshkent shahridagi “Bog'ishamol” ko'chasi bo'ylab ko'chat ekish tadbiri uyushqoqlik bilan o'tkazildi. Uyushmaning Andijon, Samarqand, Buxoro va Qoraqalpog'iston Respub­likasi bo'limlari ham hududlarda “Jurnalistlar bog'i”ni barpo etishda jonbozlik ko'rsatishdi.

Ayniqsa, 2021 yil yakunlanishi arafasida tarqalgan quvonchli xabar ommaviy axborot vositalari xodimlarini behad ruhlantirdi. Toshkent shahri markazidagi O'zbekiston matbuoti va jurnalistikasi ramzi bo'lgan “Matbuot uyi” binosining uzil-kesil sotuvdan olingani, u OAV, aynan bosma nashrlar ixtiyorida qoldirilishi ma'lum qilingani Yangi yilga chinakam sovg'a bo'ldi.

Shu o'rinda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida muhtasar so'z: joriy davrda davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strate­giyasiga asosan “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar hamda Uyushmaning 2021 yilgi ish rejasi, tegishli dastur va “Yo'l xarita”lari ijrosi doirasida o'tgan bir yil mobaynida 157 ta davra suhbati, 87 ta taqdimot, 29 ta seminar, 46 ta media-tur, 59 ta uchrashuvlar hamda respublika darajasida 3 ta ko'rik-tanlov, hududlar kesimida 36 ta ko'rik-tanlovlar o'tkazildi hamda 2 ta hamkorlik memorandumi imzolandi.

Xabaringiz bor, 2021 yili Prezidentimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo'llagan tabrigida jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, tajriba almashishini yo'lga qo'yish maqsadida hududlarda mintaqaviy seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish bo'yicha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga bir qator vazifalar qo'yilgandi. Shundan kelib chiqib, uyushma tomonidan hududlarda o'nlab mintaqaviy seminarlar tashkil etildi.

Xususan, Sirdaryoda o'tkazilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida mintaqaviy seminarda Jizzax va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Buxoro viloyatida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. 2021yil 24 sentyabrda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida Urganch shahrida “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. 2021 yil 12 noyabrda esa O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Samarqand viloyat hokimligi hamda uyushmaning viloyat bo'limi hamkorligida Samarqandda “Mamlakatdagi islohotlarni yoritishda janrlar va jurnalist mahoratining ahamiyati” mavzusida mintaqaviy seminar bo'lib o'tdi. Unda Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyati jurnalistlari ishtirok etishdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, bunday mintaqaviy seminar ishtirokchilari nafaqat nazariy bilimlarini oshirish, bugungi kunda ommaviy axborot vositalariga qo'yilgan talablar va tamoyillardan voqif bo'lish, balki o'zaro tajriba almashib, viloyatlardagi nashrlarning holati, jurnalistlarga yaratilgan shart-sharoitlar, hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo'lishmoqda.

Xullas, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yakunlangan, ya'ni endilikda tarixga aylangan 2021 yil davomida amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilar ekanmiz, 2022 yilda rejalashtirilgan ustuvor vazifalar belgilab olinganini, ommaviy axborot vositalari xodimlari joriy yilda yuksak marralarni ko'zlab bir maqsad yo'lida yakdil va hamfikr bo'lib, Yangi O'zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo'shmog'iga ishonchimiz komil.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =