Chidaganga chiqargan-da

Bundoq olib qarasak, yoshlar baribir imtiyozi bo'lgan, manfaatli tomonlari ko'proq sohani tanlashadi. Yoshlar deganimning boisi, kasb tanlash yoshlikda bo'ladi-ku shuning uchun… Ammo yoshi kattalar safida ham bir sohada ishlab turib, boshqa bir foydaliroq ish chiqib qolsa, hech o'ylanmay yoshligidan qilib kelgan, qilayotgan ishini shart tashlab yuboradiganlari ham yo'q emas.

Endi jurnalistikani olsak. Juda bir mashaqqatli ishki asti qo'yaverasiz. Televidenie va radioda ishlash qandaydir ko'ngilochar ko'rsatuvlar va eshittirishlar bilan zavqli bo'lishi mumkin ammo gazetchilikka temirdan asab kerak ekan. To'g'ri-da, televideniega chiqib olib, yangi kiygan kiyim-boshingiz va o'zingizga yarashgan soch turmagingiz bilan qanchasining xayolini o'g'irlashingiz mumkin. (Ko'p kursdoshlarim shu haqida gapirishadi.) Uning ustiga odam o'ziga-o'zi termulib o'tirsa ham mazza bo'lsa kerag-a? Nutqingiz ustida ishlaysiz. Ustozingiz dakki berib, ha deb uni to'g'irla, buni to'g'irla deb urishaverganidan keyin biroz vaqt o'tib, “mexanizatsiyalashtirilmaganliklaringizdandirda” degan so'zni ham qiynalmay bittada aytadigan bo'lasiz va buni o'zingiz ham sezasiz.

Ammo… gazetada bular qayoqda deysiz! Yonip-pishib yozgan maqolangizni hech bir hissiyotsiz “bo'sh”, “juda bo'sh” deb baholab, “va” bog'lovchisini bo'yab uning o'rniga “hamda” ni yozib berishsa tepa sochingiz bir tikka bo'ladi-ki. Uning ustiga doim bir xil yozayotganga o'xshaysiz. “Mexanizatsiyalashtirilmaganliklaringizdandirda”ni bir qaytarib olib, avval qiynalib, 3-4 urinishda aytardim, endi bir urinishda zo'r aytyapman deb o'zingizdagi o'zgarishni yaqqol payqay olmaysiz. Buning ustiga tez gapirganda bir-ikki vergul, ko'p nuqta va yana ayrim tinish belgilari tashlab ketilsa, teleradio muxbirlarining ishidan bularni hamma ham anglay olmaydi. Qaytanga ayrim so'zlarni chiroyli chiqishi uchun atay o'zgartirib aytishni o'rgatisharkan. Agar gazetada “B” ning o'rniga “P” ketib qolsami. Dabdala qilishadi-da o'ziyam. Ish og'ir rostdan, juda og'ir.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining innovatsion rivojlanish, axborot siyosati texnologiyalari masalalari qo'mitasi a'zolari ishtirokida o'tkazilayotgan bir tadbirda jurnalistlar foydasiga o'zgartirilgan bir qancha qonunlar haqida ma'lumot berilib, yana qanday ishlar qilinsa foydali bo'ladi deb so'ralgandi bir akamiz gazetada ishlab zerikkan ekanmi shart turib gapira ketdi: – Janob deputatlar, jurnalis­tikani bilasizlar qanaqa og'irligini. Ho'o'o'v o'sha suv ombori ochilib ketganda ham qattiq karantin bo'lganda ham biz jurnalistlar harbiylar qatori ishladik. Yugurdik-eldik. Ha endi bizni ham hech bo'lmasa, 50 yoshdami yo 55 yoshdami “pensiya”ga chiqadigan qilib qo'yinglar.

Uning bu gapini eshitib, zalda g'ala-g'ovur gaplar boshlandi: – O'zi yozganlarimizdan sal ko'nglimiz to'lib, ijod qilgunimizcha 40 yoshga kirib qolamiz-ku, 50 yoshda pensiyaning nima keragi bor?

Umri shu gazetchilikda o'tgan ustoz- jurnalistlardan biri turdi-da, taklif bergan akamizga javoban shunday dedi: – Siz jurnalistikaga faqat foydani ko'zlab kelgansiz chog'i. Erta kunda nafaqaga chiqishning nima keragi bor. Yon-atrofingizga bundoq qarasangiz o'sha nafaqaga chiqqan faxriylarimiz ham maqola yozishdan to'xtashgani yo'q. Qaytanga yosh o'tgandan keyin yaxshi yozarkan odam. Menga qolsa gazetaga jurnalistlarni 40 yoshdan keyin ishga olish kerak.

Men ham shu ustozning gapiga qo'shilaman. Negaki, biror narsani o'rganganimni o'zimda his qilganim yo'q hali. Endi his qila boshlaganimda esa pensiyaga chiqib ketsam qanday bo'larkin? Ammo bu faqat gazetaga aloqador. Sababi shundoq ham teleradio xodimlari 50 yoshdan oshsayoq “ko'rinishingiz to'g'ri kelmay qoldi,” deb almashtiralaverarmish. Balki shuning uchun ham bugun televidenieda “yoshlarbop” ya'ni faqat odamlar bir-biriga aytib mazax qiladigan reklamalar ko'payib ketayotgandir? O'zimizning gazetadan qo'ymasin. Yozganlarimni qancha chizib-bo'yasa ham endi sen xunuk­lashib qolding, bizga to'g'ri kelmaysan demaydi. Anavi 50 yoshdan pensiya so'ragan akamiz bo'lsa, rostdan ham nimadir umid qilib kirgan shekilli jurnalistikaga. Bu soha esa fido­yilarniki, chidaganlargina ishlay oladi.

Kamol QAYSAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − six =